1
BAG‘RIKENGLIK DIYORI
Saminova N.X.,
Toshkent Farmatsevtika Instituti
“Ijtimoiy fanlar” kafedrasi Dinshunoslik fani o‘qituvchisi
O‘rta Osiyo mintaqasida, xususan, O‘zbekiston azaldan turli urf-odat,
madaniyat, til, turmush tarziga ega bo‘lgan, xilma-xil dinlar e’tiqod qiluvchi bir-
biriga o‘xshash bo‘lmagan bir necha xalqlar yashagan o‘lkadir. O‘zbekiston
jo‘g‘rofiy nuqtai nazardan muhim savdo yo‘llari chorrahasida joylashgan bo‘lib,
ko‘plab davlatlar bilan iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy aloqalar olib borgan. Bu
jarayonlar natijasida yerli xalqning diniy va madaniy hayotiga katta ta’sir
ko‘rsatgan. Aynan shu omillar xalqimizning nafaqat ma’naviy-ma’rifiy balki diniy
bag‘rikengligining ma’naviy asosini tashkil qiladi.
Yurtimiz zaminida qadim zamondan islom dini bilan bir qartorda boshqa
dinlar, madaniyatlar yonma-yon yashab, rivojlanib va bu jamiyatning ma’naviy
yuksalishiga muayyan hissa qo‘shdi.
Asrlar davomida yirik shaharlarimizda masjid, cherkov va sinagogalarning
mavjud bo‘lishi, turli millat va dinga mansub qavmlarning o‘z diniy amallarini erkin
ado etib kelayotgani buning tasdig‘idir. Tariximizning eng murakkab, og‘ir
davrlarida ham ular o‘rtasida diniy asosda mojarolar bo‘lmagani xalqimizning diniy
bag‘rikenglik borasida katta tajriba to‘plaganidan dalolat beradi.
Bag‘rikenglik xalqimizga xos xislat bo‘lib, bir zumda paydo bo‘lgan emas, u
biz uchun an’anaviydir. Vatanimiz tarixiga qisqacha nazar tashlasak, hozirgi
O‘zbekiston hududi insonlarda ilk diniy tasavvurlar va aqidalar paydo bo‘lgan eng
qadimgi o‘lkalardan biri ekaniga guvoh bo‘lamiz. Tosh asrining o‘rtalarida
ajdodlarimiz orasida turli hayvonlar va Quyoshga topinish, keyinroq fetishizm,
animizm, totemizm, afsungarlik (magiya) tarqaldi. Ana shunday sharoitda ham
boshqa ta’limot e’tiqodchilariga adovat ko‘zi bilan nazar solmadilar.
O‘zbekistondagi dinlararo bag‘rikenglik va millatlararo hamjihatlik o‘zining
chuqur tarixiy ildizlariga ega. Yurtimiz hududi ming yillar davomida Buyuk Ipak
yo‘lining muhim qismi bo‘lib kelgan. Bu yerda savdo-sotiq, ilm-fan, madaniyat
markazlari vujudga kelgan. Ularning rivojlanishida xalqimizga xos bag‘rikenglik,
mehmondo‘stlik, o‘zga madaniyat vakillariga hurmat tuyg‘ulari asosiy omillardan
bo‘lgan. Shuning uchun o‘lkamizda turli xalqlarning urf-odat va an’analari o‘zaro
uyg‘unlikda rivojlanib borgan.
Mamlakatimiz istiqlolga erishgan dastlabki kunlardanoq millatlar o‘rtasida
totuvlik, jinslar o‘rtasida tenglik, boshqa xalqlar urf-odatlarini hurmat qilish, e’tiqod
erkinligi kabi masalalarga davlat siyosati darajasida ahamiyat berildi va huquqiy
2
jihatdan kafolatlandi. Shuningdek, Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 72-
sessiyasida ishtirok etib, o‘z nutqlarida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb
nomlangan maxsus rezolyutsiyani qabul qilish taklifi bilan murojaat qildilar.
Ushbu
tashabbusdan so‘ng qisqa muddatda hujjat loyihasi tayyorlandi hamda 2018 yil 12
dekabr kuni BMT Bosh Assambeliyasining yalpi sessiyasida muhokama qilinib,
ishtirokchi davlatlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.
Darhaqiqat, bugun O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat, 16 ta diniy konfessiya
vakillari do‘stona hayot kechirmoqda.
BMT tomonidan 1995 yil – Xalqaro bag‘rikenglik yili deb e’lon qilindi va uni
amalga oshirilishida muvofiqlashtiruvchi tashkilot – YUNESKO deb topilgan. Shu
yili YUNESKO Bosh konferensiyasi “Bag‘rikenglik tamoyillari Deklaratsiyasi” ni
qabul qildi.
“Bag‘rikenglik tamoyillari Deklaratsiyasi”da bag‘rikenglik tushunchasiga
aniqlik kiritilib, turli shart-sharoitlarda davlat va shaxs munosabatlari, huquq va
vazifalari belgilab berildi. “Bag‘rikenglik tamoyillari Deklaratsiyasi”da
bag‘rikenglik tushunchasiga shunday ta’rif berilgan: “Bag‘rikenglik – bizning
dunyomizdagi turli boy madaniyatlarni, o‘zini ifodalashning va insonning
alohidaligini namoyon qilishning xilma-xil usullarini hurmat qilish, qabul qilish va
to‘g‘ri tushunishni anglatadi. Uni bilim, samimiyat, ochiq muloqot hamda hur fikr,
vijdon va e’tiqod vujudga keltiradi. Bag‘rikenglik – turli tumanlikdagi birlikdir. Bu
faqat ma’naviy burchgina emas, balki siyosiy va huquqiy ehtiyoj hamdir.
Bag‘rikenglik – tinchlikka erishishni musharraf qilguvchi va urush
madaniyatsizligidan tinchlik madaniyatiga eltuvchidir”.
“Bag‘rikenglik” tushunchasi ilmiy faoliyat va ijtimoiy hayotning turli
sohalari, jumladan, siyosat va siyosatshunoslik, sotsiologiya, filosofiya, ilohiyot,
ijtimoiy axloq, qiyosiy dinshunoslik kabi sohalarda keng istifoda etiladigan
tushunchalardan biri hisoblanadi. Lotincha tolerare, ya’ni “chidamoq”, “sabr
qilmoq” ma’nosini anglatgan bu so‘z, asosan bir insonning boshqa inson
dunyoqarashiga toqat qilishini bildirsada, etimologik tahlil uning tom ma’nosini
doim ham ochib beravermaydi.
Shu o‘rinda YUNESKO “Bag‘rikenglik tamoyillari Deklaratsiyasi”da
“tolerant” ya’ni “bag‘rikenglik” tushunchasiga berilgan ta’riflarni keltirib
o‘tmoqchiman:
Bag‘rikenglik – yon berish, andisha yoki xushomad emas. Bag‘rikenglik –
eng avvalo, insonning universal huquqlari va asosiy erkinliklarini tan olish asosida
shakllangan faol munosabatdir. Hech qanday vaziyatda ham bag‘rikenglik ana shu
asosiy qadriyatlarga tajovuzlarning bahonasi bo‘lib xizmat qilmaydi.
Bag‘rikenglikni alohida shaxslar, guruhlar va davlatlar namoyon qilishi lozim.
3
Bag‘rikenglik – inson huquqlarini qaror toptirish, plyuralizm (shu
shujumladan, madaniy plyuralizm), demokratiya va huquqning tantanasi uchun
ko‘maklashish majburuyatidir. Bag‘rikenglik – aqidabozlikdan, haqiqatni
mutlaqlashtirishdan voz kechishni anglatuvchi va inson huquqlari sohasidagi
xalqaro-huquqiy hujjatlarda o‘rnatilgan qoidalarni tasdiqlovchi tushunchadir.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, bugungi kunda kishilik jamiyati turli
etnik hamda diniy nizolar va ziddiyatlar, to‘qnashuvlar girdobi ostida qolgan
davrda, bir tomondan, insoniyat o‘zining bir butunligini, ikkinchi tomondan, alohida
olingan har bir jamiyatda ichki birlik, totuvlik va hamkorlik bo‘lgandagina mavjud
muammolarni hal qilish, yangilari paydo bo‘lishining oldini olish va taraqqiyotni
ta’minlash mumkinligini tobora chuqur anglab bormoqda. Shu nuqtai nazardan
qaraganda, jamiyatda ijtimoiy bag‘rikenglik muhitini qaror toptirish muhim
ahamiyatga ega. Bag‘rikenglik omillarini avvalo oilada farzandlar tarbiyasida ham
singdirib borish, o‘sib kelayotgan yosh avlodda Vatan kelajagiga daxldorlik hissi
shakllanishiga xizmat qiladi.