XULOSA
XVII-XVIII asrlarda qulay ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda dastlab Angliyada klassik
iqtisodiy maktab kurtaklari paydo bo`la boshladi. Bu yangi iqtisodiy g`oyalar V.Petti nomi bilan
bog`liq (burjua inqilobi, manufaktura va savdoning rivojlanganligi, agrar islohot, dehqonlarning
chegaralanishi, mustamlakachilik siyosati, qulay tarixiy, tabiiy va geografik hamda iqlimiy
sharoitlar).
Klassik iqtisodiy maktabning shakllanishi avvalgi g`oya merkantilizmdan prinsipial
farq qiladi, agar merkantilizmda boylikning asosi muomala sohasi (javohir, oltin, kumush, pul,
savdo saldosi)da vujudga keladi deb qaralgan bo`lsa, endi boylik ishlab chiqarish sohasida
vujudga keladi deb isbotlab berildi. V.Petti yangi kapitalistik jamiyatni, erkin tadbirkorlikni,
kapitalistlarni himoya qildi, xususiy mulkni "muqaddas" va "dahlsiz" deb bildi. U iqtisodiy
tadqiqotda tabiiy fanlarni, ya'ni mavhum usullarni qo`llab har bir masalaning ichki bog`liqligiga
asosiy e'tiborni qaratdi, matematik va statistik usullardan keng foydalandi.
V.Petti "tabiiy baho" (qiymat), "siyosiy baho" tushunchalarini kiritdi, tovar qiymatining
unga sarflangan mehnat miqdori bilan o`lchanishi g`oyasiga, ya'ni qiymatning mehnat
nazariyasiga asos soldi. "Mehnat boylikning otasi, yer esa uning onasidir" degan fikrni bildirdi.
Qiymatni aynan almashuv qiymati (pul) shaklida tushundi.
Ish haqi ishchilarga tirikchilik uchun zarur bo`lgan jismoniy minimum, ya'ni "yashash,
mehnat qilish va ko`payish" uchun kerak darajada to`lansa bas, degan g`oyani ilgari surdi.
Kapitalistlarning foydasini imkoni boricha oshirishni, ishchilarning soliq to`lashlarini zarur deb
bildi.
Pulning roli va uning mamlakatdagi miqdori masalalarini asosan to`g`ri hal etdi, ya'ni
pul miqdori ishlab chiqarilgan mahsulot miqdoriga to`g`ri, pulning aylanish oborotiga esa teskari
proporsionalligini aniqladi. Pulning me'yorda bo`lishini qo`llab-quvvatladi.
Yer va renta masalalarini ancha puxta ishlab chiqdi. Ish haqi va rentaning bir-biriga
qarama-qarshiligini isbotladi (yer bahosini to`g`ri hal etmadi).
Petti "Siyosiy arifmetika" va boshqa asarlarida statistika, aniqrog`i demografik
statistika faniga asos soldi. "Aholi - boylik asosi" masalasini to`g`ri qo`ydi. Milliy daromad
masalasini qo`ydi va uni qisman hal etdi.
Fransiyadagi klassik iqtisodiy maktabning dastlabki vakili P.Buagilber ham muhim
g`oyalarni ilgari surdi. Bu mamlakat ahvoli Angliyanikidan ancha katta farq qilardi. Shu sababli
iqtisodiy qarashlarda o`ziga xoslik seziladi. Agar Petti ko`proq sanoat va savdoni qo`llagan
bo`lsa, Buagilber asosan qishloq xo`jaligi sohasini tadqiq etdi va o`zining muhim xulosalarini
chiqardi. Qiymatni aynan iste'mol qiymati shaklida tushundi. "Proporsional baholar" tarafdori
edi, erkin tadbirkorlik, raqobat va erkin baholarni qo`lladi. Ortiqcha ishlab chiqarish inqirozini
to`g`ri tushuntirib berdi, pulga salbiy munosabatda bo`ldi, oltin va kumushlarni yovuzlik sababi
deb bildi. Noto`g`ri ravishda faqat qishloq xo`jaligini qo`llab-quvvatladi, sanoat va savdoga kam
e'tibor qildi. Buagilberning iqtisodiy islohotlari bo`yicha takliflari o`z davri uchun nihoyatda
ahamiyatlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |