7.3. Fransiyada klassik iqtisodiy maktabning vujudga kelishi. P.Buagilberning iqtisodiy
qarashlari
Agar Angliyada klassik iqtisodiy g`oyalarning boshlanishi V.Petti nomi bilan bog`liq
bo`lsa, Fransiyada P.Buagilber bilan boshlanadi, bu g`oyalar Angliyada Rikardo bilan intihosiga
yetgan bo`lsa, Fransiyada Sismondi bilan yakunlanadi.
Fransiyadagi ijtimoiy-iqtisodiy muhit Angliyanikidan keskin farq qilar edi. Fransiyada
feodal munosabatlar hali ham kuchli bo`lib, qirollar ("qirol - quyosh - Ludovik XIV") va uning
atrofidagilar tomonidan qattiq himoya qilingan. Kolber tomonidan olib borilgan siyosat
mamlakat iqtisodiyotining umumiy rivojiga olib kelmadi. U sanoatni, moliyani taraqqiy ettirish
tarafdori edi, ammo bu ish qishloq xo`jaligining ziyoniga o`tkazildi, feodal munosabatlar to`la
saqlab turildi (eslang, Angliya burjua inqilobi XVII asrda bo`lib o`tdi, vaholanki Fransiyada bu
inqilob XVIII asr oxirida ro`y berdi), bu esa iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishga to`siq edi.
Manufakturalar paydo bo`ldi, ammo rivoj topmadi. Sex tizimi saqlangan bo`lib, rivojga to`siq
edi.
Yer masalasi to`la hal etilmadi, "Senyorsiz yer yo`q" tamoyili saqlandi, mayda yer
egaligi, dehqonlarning turli soliq va yig`imlarga mahkum etilganligi ularni bu tizimda yerni
yaxshilash va ishlab chiqarishni rivojlantirishga rag`batlantirmas edi, vaholanki, aholining 3/4
qismi dehqonlar bo`lib, ular bu sohada tushkunlikda edi. Shu sababli, bu sohada islohotlar
o`tkazish zarur bo`lgan, ammo unga shu davrdagi tizim halaqit berardi. Ichki bozor tor bo`lib,
kapitalistik tadbirkorlikning o`sishiga yo`l bermasdi. Bu sinf asosiy soliq to`lovchi sinf edi,
dvoryanlar va dindorlar umuman soliq to`lamagan, shahar burjuaziyasi hali nisbatan kam sonli,
soliqlardan ustalik bilan bosh tortar edi.
Yana bir muhim to`siq - bu urushlar edi. Fransiya olib borgan urushlar tufayli
mablag`larning asosiy qismi shu urushlarga sarflanardi. qirol saroyidagi bazmi jamshidlar ham
davlat xazinasiga katta ziyon keltirar edi.
Demak, Fransiyada XVII asrning ikkinchi yarmida feodal munosabatlar o`zining
cho`qqisiga chiqqan edi (Angliya bilan solishtiring), vaholanki Angliyada burjua inqilobi bo`lib,
kapitalistik munosabatlar tez shakllana boshladi. Fransiyada yuqori tabaqa barcha yerning
egasiga aylandi, dehqonlar shaxsan ozod bo`lsalar ham, feodal majburiyatlar nihoyatda ko`p edi.
Xo`jalikdagi kapitalistik uklad nihoyatda sekin rivojlandi, ichki bozor hiyla tor edi, xalq
xo`jaligida natural xo`jalik asosiy bo`lib, sanoat rivoji past bo`lgan. Faqat zeb-ziynat buyumlari
va parfumeriya mahsulotlari tayyorlash bo`yichagina Fransiya Yevropada yuqori o`rinda edi.
Ana shunday sharoit Fransiyaning XVII asr oxiri - XVIII asr boshidagi sotsial-iqtisodiy
ahvoli klassik iqtisodiyotning Fransiyadagi asoschilaridan biri bo`lgan Pyer Buagilber (1646-
1714) ning iqtisodiy qarashlariga katta ta'sir ko`rsatdi. Pyer Lepezan - iqtisodchining asl
familiyasi bo`lib, de Buagilber - bu oila yer pomest'esining nomi edi. Lekin tarixda Pyer
Buagilber nomi saqlanib qoldi. Pyer Lepezan de Buagilber dvoryan normand oilasidan chiqqan,
u yaxshi ma'lumot olgach, adabiyot bilan shug`ullandi, keyinchalik Ruan okrugida oilaviy kasb-
hunar sudya (hakam) lavozimini egalladi; dehqonlar ishini olib bordi; o`z ko`zi bilan ularning
nochor ahvoliga guvoh bo`ldi; u bu lavozimni umri oxirigacha saqlab qoldi va katta o`g`liga
topshirdi; o`zini "qishloq xo`jaligining advokati - himoyachisi" deb atadi.
Olimning tadqiqot predmetini qisqacha qilib jamoat boyligi konsepsiyasidan iborat
deyish mumkin. Bu boylik pulning fizik massasi bilan emas, balki turli-tuman foydali boylik va
buyumlardan, masalan, non, vino, go`sht, kiyim-kechak va boshqalardan iboratdir. Hatto yerga
va pulga egalikning o`zi boylikni ta'minlaydi. Agar yer ishlanmasa, pul esa hayot uchun zarur
ashyolar (masalan, oziq-ovqat va kiyim-kechak) aralashtirilmasa bunday "boylik" egasi
qashshoqlikka mahkum etiladi.
Shu sababli jamiyatda pulni ko`paytirish emas, balki ishlab chiqarishni o`stirish
masalasi iqtisodiy fanning asosiy vazifasi hisoblanishi kerak.
Olimning tadqiqot uslubiga quyidagilar xos:
·erkin raqobat sharoitida iqtisodiyotda avtomatik mo`'tadillik mavjud bo`ladi;
·tovarlar va xizmatlar qiymati (qimmati) ni belgilashda xarajatlar qoidasiga amal
qilinadi;
·milliy iqtisodiyot manfaatlari uchun shaxsiy manfaatning jamoat manfaatlaridan
ustunligi tan olinadi;
·xo`jalik hayotida pulning mustaqil va ahamiyatli roliga yetarli baho berilmaydi va
boshqalar.
Buagilber sanoat va savdoni kamsitish yo`li bilan qishloq xo`jaligining roli ataylab
mutlaqlashtirgan.
Adam Smitdan ancha oldin shaxsiy manfaat (egoizm)ning jamiyat uchun ahamiyatini
ko`ra bildi.
1691 yilda u Fransiyani og`ir iqtisodiy ahvoldan chiqarish tizimini taklif etdi. Dastlabki
fikrlari bo`yicha turli islohotlar o`tkazib (ular burjua-demokratik xarakterga ega bo`lishi kerak
edi), 1707 yilda esa uning g`oyalari yetilib, quyidagi uch qismdan tarkib topdi:
1. Soliq tizimini o`tkazish. Soliq tizimining dehqonlar mehnatidan manfaatdorlik
tamoyiliga asoslanishi, undan tashqari soliq barchaga tegishli bo`lishi kerak edi.
2. Ichki savdoni har xil cheklashlardan ozod qilish (ichki savdo erkinligi); bu chora
ichki bozorni kengaytirish, mehnat taqsimotining o`sishini ta'minlash, tovar-pul muomalasini
kuchaytirishi kerak edi;
3. Donning erkin sotilishiga yo`l berish, donga tabiiy baho ta'sirini cheklamaslik. Gap
shundaki, mamlakatda donga sun'iy ravishda baho belgilangan bo`lib, ishlab chiqarish harajatlari
qoplanmas edi, don yetishtirish o`smay qo`ygan edi. Buagilberning fikricha, iqtisodiyot erkin
raqobat sharoitida rivojlanishi va tovarlar bozorida "haqiqiy qiymat"ga ega bo`lishi kerak edi. U
davlat bu sohada dehqonlarga homiylik qilishi zarur, deb hisobladi.
Bu islohotlar mamlakat va xalq farovonligini oshirish va xo`jalikni rivojlantirishning
boshlang`ich shartlari bo`lishi kerak edi. Buagilber o`z g`oyasini reklama qilish maqsadida bu
islohot bu oyda qirolga kerak bo`lgan summani yetkazib beradi, degan fikrni tarqatdi. Vazirlar
esa ikki soat davomida kerakli qator qonunlarni tayyorlashi mumkin va xo`jalik "xuddi
hamirturushdagi kabi" tez o`sadi, deydi u. U o`z takliflari bilan bir necha bor murojaat qildi.
Ammo, uning bu harakatlari zoye ketdi. U o`z g`oyalarini kitoblarda bayon etdi va bu kitoblarni
nashr ettirdi. Uning asosiy iqtisodiy asarlari "Fransiyaning to`la tavsifi", "Fransiya to`g`risida
varaka", "Boyliklar tabiati to`g`risida traktat" va boshqalardir. Uning ayrim asarlari, masalan,
1707 y. 2 jildda chiqarilgan "Fransiya ayblari" kitobi ta'qiqlangan. Ularda Fransiyaning shu
davrdagi og`ir iqtisodiy ahvoli to`la yoritib berilgan, ayniqsa qishloq xo`jaligining orqada qolish
sabablari to`g`ri berilgan. Xalq xo`jaligi orqada qolishining bosh sababi - olib borilayotgan
iqtisodiy siyosatning, Kolber (moliya boshlig`i) va boshqalarning merkantilistik qarashlari fosh
etilgan. U faqat sanoat rivojini bir tomonlama qo`llab-quvvatlashga qarshi chiqdi. qishloq
xo`jaligi manfaatlarini himoya qildi, don eksportini cheklashga qarshi chiqdi, soliq tizimini isloh
qilish tarafdori bo`ldi, u ezilgan xalq ommasining ahvolini yaxshilash tarafdori edi (V.Petti bilan
solishtiring). Olib borilayotgan iqtisodiy siyosat xo`jalik hayotining tabiiy rivojiga teskari edi.
Buagilber aytadiki, avvalgi davrdagi to`kin-sochinlikni qaytarish uchun mo’jiza qilish shart
emas, tabiat ustidan bo`layotgan doimiy zo`ravonlikka chek qo`yish yetarlidir. Olimning
fikricha, shunday soliq va iqtisodiy siyosat tadbirlari kerakki, ular tabiatga qarama-qarshi
bo`lmasligi kerak. Bu g`oya shundan iboratki, unga ko`ra iqtisodiyotda shunday qonunlar borki,
ularni bemalol, jazosiz buzish mumkin emas (ekologiyada ham shunday).
Shunga mos ravishda u tabiatning talablari nimadan iborat ekanligini ochib berishga
uringan, obyektiv qonuniyatlarni o`rganishga kirishib, ilmiy tahlil qilish yo`li sari yirik qadam
tashlagan. Ammo shu bilan bir vaqtda u xo`jalikdagi xodisalarni tabiiy va tabiiy bo`lmaganlarga
ajratib, avvalgisini himoya qildi va keyingisini qoraladi. Buagilyber o`zi taklif etgan siyosatni
amalda isbotlovchi nazariyani yaratishga intildi. Uning iqtisodiy qarashlari ko`p jihatdan
V.Pettiga o`xshab, mamlakatning iqtisodiy o`sishi nima bilan bog`liq degan savolga javob topish
edi. Buagilberni ko`proq va asosan Fransiya iqtisodining turg`unlik holati va uning orqaga
ketishi sabablari qiziqtirardi. Bundan u umuman nazariy masalalar, masalan, xalq xo`jaligida
qanday qonuniyatlar harakat qiladi va uning rivojini ta'minlaydi, degan masalaga o`tdi.
Buagilber bu muammoga javob berishda bosh e'tiborni "optimal baho paydo bo`lishi"
masalasiga qaratdi. Uningcha iqtisodiy barqarorlik va taraqqiyotning eng muhim sharti
proporsional va normal baholar hisoblanadi. Xo`sh, bu baholar nimadan iborat? Avvalo, bu
baholar o`rtacha har bir sohadagi ishlab chiqarish harajatlarini qoplashga yordam berishi va
ma'lum kirim, sof foyda keltirishi kerak. Aks holda ishlab chiqarish bo`lmaydi, undan so`ng, bu
shunday baholarki, unda tovarlarni realizatsiya qilish jarayoni bekamu ko`st davom etishi va
barqaror iste'mol talabi qondirilishi kerak. Va nihoyat, bu shunday baholarki, pullarning "o`z
o`rni bo`lib", ular to`lov oborotini bajarishi va odamlar ustidan hukmronlik, zo`ravonlik qila
olmasligi zarur.
Xalq xo`jaligi proporsionalligi ifodalangan baholar qonunini, aslida esa qiymat
qonunini tushunish yangi va ilg`or g`oya edi. Olimning asosiy asarlari shu g`oyalar bilan bog`liq.
Iqtisodiyotda "optimal baholar"ni qanday ta'minlash mumkin? Buagilberning fikricha,
baholarning bunday strukturasi raqobat erkinligi sharoitida stixiyali ravishda tarkib topadi.
Erkin raqobat sharoitining buzilishi Fransiyada donga maksimal baholarning
qo`yilganligidir, deydi u. Uningcha, donga erkin baholar belgilansa, baholar birmuncha oshadi,
bu dehqonlarning da-romadini oshiradi va ularning sanoat tovarlariga talabini ko`taradi, oqibatda
bu mahsulotlarni ishlab chiqarish ortadi va hokazo. Bunday zanjirli reaksiyalar bir vaqtning
o`zida "proporsional baholar" o`rnatilishiga va xo`jalikning ravnaqiga olib keladi.
Demak, Buagilber iqtisodiy erkinlik tarafdori edi va talabga qarshi chiqmaslikni taklif
etadi. Shu bilan birga, u davlatning iqtisodiy funksiyasini inkor etmadi: bu o`sha davr uchun, real
hayotni tushungan amaliyotchi olim uchun tabiiy edi. Uningcha, davlat to`g`ri soliq tizimi orqali
mamlakatda iste'mol va talabni yuqori darajada ta'minlashi mumkin. Agar iste'mol sarflari oqimi
pasaysa, tovarlarni sotish va ishlab chiqarish keskin kamayadi. Agar kambag`allar ko`proq ishlab
topsalar, soliqlarga kam sarf qilsalar, ular o`z daromadlarini tez sarflashga moyildirlar. Boylar
esa, aksincha, o`z daromadlarini saqlashda va demak, mahsulotni sotishda qiyinchilik
tug`dirishiga olib keladi.
Buagilberning bu mulohazalari iqtisodiy ta'limotlarning keyingi yuz yillikdagi rivojiga
katta ta'sir etdi. Jamiyat boyligi va iqtisodiy o`sish bo`yicha prinsipial jihatdan ikki xil qarash
mavjud.
Birinchisi bo`yicha ishlab chiqarishning o`sishi jamg`arish hajmi (ya'ni jamg`arma va
kapital qo`yilmalar)ga bog`liq. Bunda to`lovlarga talab avtomatik ravishda (stixiyali) amalga
oshadi. Bu konsepsiyaga ko`ra, ortiqcha ishlab chiqarish inqirozlari bo`lishi inkor etiladi.
Ikkinchi pozitsiya bo`yicha iste'mol talabi ishlab chiqarishning yuqori sur'atlarda
o`sishini qo`llaydigan omil sifatida qaraladi. Buagilber ma'lum ma'noda mana shu pozitsiya
tarafdori edi va u qonuniy ravishda iqtisodiy inqirozlar muammosini keltirib chiqargan.
Buagilber inqiroz xodisasini xo`jalikning ichki qonuniyatlari bilan emas, balki yomon
davlat siyosati bilan bog`laydi. Uningcha, yaxshi siyosat olib borish yo`li bilan talab
kamomadini hal etish va inqirozlarni chetlab o`tish mumkin. Bu masala juda murakkab bo`lib,
Seyga tegishli (buni keyin qarab chiqamiz) "bozorlar qonuni"ga asos bo`lgan deyish mumkin,
ya'ni erkin mahsulotlar almashuvi tizimida mahsulotlarning ortiqcha ishlab chiqarilishi mumkin
emas (inqirozlar bo`lmaydi). Aksincha, Shumpeterning fikricha, Buagilber iste'mol talabining
yetarli emasligi va jamg`arma ortiqchaligi sababli, o`sha davrdagi tizim uchun inqiroz xavfi
bo`lib, tizim barqarorligiga shubha bildirgan, ya'ni Sey qonunini oldindan tanqid qilgan.
Buagilber o`zining "Boylik, pul va o`lponlarning tabiati to`g`risida mulohaza" asarida
iqtisodiy inqiroz davrida nima ro`y berishini yorqin va obrazli ifodalab beradi, uningcha,
odamlar faqat yetishmovchilikdangina emas, ortiqcha boylikdan ham o`lishi mumkin ekan.
Tasavvur qilingki, deydi u, 10-12 odam bir-biridan ajratilib, zanjirband qilingan. Birida oziq-
ovqat ko`p, ammo boshqa hech narsa yo`q; ikkinchisida esa kiyim-kechak serob, uchinchisida
ichimliklar ko`p va hokazo, ammo ular bu mahsulotlarni almasha olmaydilar. Zanjirlar bu oddiy
insonlarga tushunarsiz inqirozlarni keltirib chiqaruvchi iqtisodiy kuchlardir. Buagilber insoniyat
tarixida XX asrda bir necha bor ro`y bergan yirik iqtisodiy inqirozlarni oldindan ko`ra bilgandek
(ma'lumki, ishsizlik va qashshoqlik sharoitida sutlar dengizga to`kilgan, ekin maydonlariga o`t
qo`yilganligi aniq).
Merkantilistlardan farqli ravishda u boylikning manbayi almashuv sohasi emas, balki
ishlab chiqarish degan edi. Almashuvni esa ishlab chiqarish rivojining sharti sifatidagina qaraydi.
Buagilber V.Pettidan holi, mustaqil ravishda qiymatning mehnat nazariyasiga asos
soldi, u bozor bahosi va "haqiqiy baho"ni farqlagan, "haqiqiy baho mehnat sarfi bilan
belgilanadi", degan. U haqiqiy baho deganda, ishlab chiqarishning turli tarmoqlari o`rtasida
mehnat taqsimotining to`g`ri proporsiyasini tushungan. Shunday proporsional taqsimotning
zaruriy shart-sharoiti sifatida ishlab chiqaruvchilar orasidagi erkin raqobat yotadi.
V.Pettidan farqli ravishda (qiymatni pul shaklida ifodalashni taklif etgan) Buagilber
qiymatning pul shaklini qat'iy ravishda inkor etgan, shunday zaruratga ehtiyoj yo`q degan. Agar
V.Pettining diqqat markazida pullar v boshqa tovarlar o`rtasidagi almashuv munosabatlari turgan
bo`lsa, Buagilberning e'tibori tovarlarning tovarga bevosita munosabati, ya'ni tovarlarning
to`g`ridan-to`g`ri almashuviga qaratilgan edi. Buagilber uchun shu narsa xarakterli ediki, u pulga
keskin qarshi bo`lgan, pulda barcha yovuzlik va ofatlarning manbayi mujassamlangan,
tovarlarning "haqiqiy baho" asosida almashuvi buzilishining sababi ham shunda deydi u. U oltin
va kumushni buyuk yovuzlik deb baholaydi, pulga qarshi mutaassiblik (fanatizm) bilan
kurashadi. Pulning yagona yaxshi tomoni shundaki, u almashuvni osonlashtiradi. Oltin va
kumush o`rnini qog`oz pul bemalol qoplaydi. Ko`rinib turibdiki, olim pulning barcha
funksiyalarini tushunib yetmaydi. Pul umumiy ekvivalent bo`lib, uning rolida qiymatga ega
bo`lgan tovarlargina xizmat qilishi mumkin. Shu sababli uningcha, tovar ishlab chiqarilishini
saqlagan holda, pulni yo`q qilish kerak. Shu yerda u iqtisodiy munosabatlarning ikki shakli
o`rtasidagi chambarchas aloqani tushunmadi, uning bir shaklini (tovar) saqlab, ikkinchi (pul)
shaklini yo`q qilmoqchi edi.
Olim tovar ishlab chiqarishning asl maqsadi faqat iste'molni qondirishda deb xato
o`ylagan (iste'mol va almashuv uchun).
Demak, Buagilberning eng buyuk xizmati shundaki, u qiymatni sarflangan ish vaqtiga
tenglashtirdi. Lekin u tovar ishlab chiqarishning qulay tomonini saqlagan holda uning salbiy
tomonlarini tugatishni orzu qiladi. Agar Pettining iqtisodiy ta'limotida almashuv qiymati asosiy
bo`lsa, Buagilberda iste'mol qiymati bosh rolni o`ynadi. Aslida ularni bir-biridan ajratib
bo`lmaydi.
Buagilber qarashlaridagi cheklanganlik (faqat dehqonlarni himoya qilishi, sanoat va
savdoni yetarlicha baholamasligi), bizningcha tarixan bo`lib, Fransiya kapitalizmi rivojining
xususiyatlaridan kelib chiqadi, nazariy jihatdan orqaga qarash bor. Agar Angliyada sanoat, savdo
va hatto qishloq xo`jaligida kapitalistik munosabatlar to`la g`alaba qozongan bo`lsa, uning
iqtisodiyoti mehnat taqsimoti, raqobat, kapital va ishchi kuchlarining faolligi bilan xarakterlanar
edi; Fransiyada esa bu munosabatlar endi shakllana boshlagan edi, xolos.
Do'stlaringiz bilan baham: |