www.ziyouz.com
kutubxonasi
38
Shunday deb uyga kirib ketdi.
Chuvrindi reja o‘zgarganini fahmladi. Hojasidan «yana nima qilay?» deb so‘ramadi.
Asadbek gapni cho‘zmadimi, demak, bu yog‘i uning fahm-farosatiga bog‘liq. Chuvrindini
Yaratgan fahm-farosatdan qismagani esa Asadbekka ma’lum. Agar hozir Kesakpolvon
bo‘lganida «G‘ilayni bog‘la, Otarchini do‘xtirga olib bor, «uyida kimdir otib ketibdi», de,
qorong‘u tushganida Hosilni ko‘mib kel», deb birma-bir tushuntirgan bo‘lardi.
Chuvrindi tezlik bilan harakat qilib, avval ipak kanop bilan G‘ilayning qo‘l-oyoqlarini
bog‘ladi, so‘ng yelimli tasmani og‘ziga yopishtirdi. Shundan keyingina Elchin ustiga
engashib, biqin tomoni qonga belanganini ko‘rdi.
Halimjon Chuvrindining topshirig‘i bo‘yicha izma-iz yurib kelib, endi eshikning naryog‘ida
amrga mahtal turgan edi. Chuvrindi ichkaridan «mashinani olib kel!» deb baqirgach,
katta ko‘cha tomon yugurdi.
Asadbekning «do‘xtirga olib bor», degani «kuyovimning jonini asrab qol», degan
ma’noni anglatishini Chuvrindi bilardi. Kasalxonaga olib borsa, bundan milisa ogoh
topadi, milisa bildimi, kavla-kavla boshlanadi. Busiz ham Shilimshiq bilan Jamshid(?)ning
o‘limi ularning boshlari uzra balo bulutiday soya tashlab turibdi. Qo‘llari uzun bo‘lgani
bilan hamma yoqqa yetavermasligini boshqalar bilmasa ham Chuvrindi payqaydi.
Ayniqsa, Zohid co‘roqqa chaqirganida, uyiga kelganida yuragi noxushlikni sezdi. Endi
Elchin otilgani bilan shug‘ullanishsa, latta isi kelishi hech gapmas. Yetti qo‘shnidan hech
bo‘lmasa bittasi besh-o‘nta o‘q ovozi eshitganini aytib qo‘yadi. «Xo‘-o‘sh, — deb o‘ylaydi
tergovchi (balki o‘sha prokuraturadagi Zohiddir?), — ikkita o‘q Elchinning biqinida,
qolganlari qani?».
Chuvrindi mashina kelgunicha bir qarorda to‘xtashi shart edi. Elchinni uyiga olib borib,
so‘ng tabibni olib kelish ko‘p vaqt talab qiladi, bu vaqt ichida yarador omonatini topshirib
qo‘yishi hech gap emas. Reja o‘zgarganidan keyin esa, uning o‘lishi sira ham
mumkinmas... Chuvrindi avval Elchinni uyiga olib borishga, Zaynabni ogohlantirganidan
so‘ng kasalxona sari yurishga ahd qildi. Elchinning uyiga borgach, bu rejasini yana
o‘zgartirmoqqa majbur bo‘ldi.
3
Dorining xumori tutib to‘lg‘onayotgan Zaynabni ko‘rgan Chuvrindi masala yanada
murakkablashganini bildi. Hozir Zaynabga gapirish foydasiz edi. Shu sababli Elchinni
kasalxonaga tashlab, so‘ng orqaga qaytishga qaror qildi. Shu bugun, ayniqsa, shu
damda sodiq yigitlariga ehtiyoj sezdi. Zaynabni yolg‘iz tashlab chiqayotganida Jamshidni
qo‘msadi. U bo‘lsa edi, ish bir oz yengillashardi. Zaynabni tabibga olib borishni, eng
muhimi — «Elchinni otgan odamni ko‘rgan» bir-ikki guvoh topishni unga bemalol
ishonsa bo‘lardi. To‘g‘ri, yigitlar orasida ishonchga sazovorlari ham bor, ammo ularni
bunday qaltis ishlarga jalb qilishga ko‘ngli chopmaydi. Yo‘lda ketaturib, Halimjonni
yoniga olganidan picha afsuslandi. Garchi Halimjon qaysi bir jihatlari bilan Jamshidni
eslatsa-da, beg‘ubor ko‘zlari halolligidan darak bersa-da, ba’zan qarashlarida «mendan
ehtiyot bo‘l» degan o‘t chaqnab qoladi. Chuvrindining ziyrak nigohi bu o‘tni ilg‘aydi.
Ilg‘agani uchun ham ehtiyot chorasi haqida o‘ylaydi.
Eng yaqin yoki birinchi duch kelgan kasalxonaga olib borish — kutilmagan falokat
ilonining dumini bosib olish demakdir. Har bir kasalxonada bir-ikki tanishi yoki ishonchli
odamlari bo‘lsa-da, masala ENG ishonchli odamlar yordamida hal etilajagi sababli
shaharning kunbotar tomonidagi yangi kasalxona tomon yurdi.
Chuvrindi orqa o‘rindiqda, Elchinning boshini tizzasiga qo‘ygan holda o‘tirardi. Dam-
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |