www.ziyouz.com
kutubxonasi
20
bilan uch daqiqa kifoya...»
Ha, uch daqiqa kifoya edi. Zaynabga aynan shu uch daqiqa yetmadi. Telefonning qattiq
jiringlashi qora xotinning gaplarini tasdiq etganday bo‘ldi.
2
Olmoniya sari uchib borayotgan Manzura o‘zini dorboz kabi his etardi.
Uch yil avval Asadbek ikki o‘g‘lini xorijga o‘qish uchun yuborish harakatiga tushganida
quvongan edi. «O‘g‘illarim otalari singari qil ko‘prik ustida yashamaydigan bo‘lishadi»,
deb Xudoga shukrlar qildi. Asadbek to‘ng‘ich o‘g‘il tug‘ilganidayoq «Men buni o‘qitib, zo‘r
odam qilaman», degandi. Oradan yil o‘tib keyingi o‘g‘il dunyoga kelganida ham shu
ahdini aytdi. Bu maqsadini tez-tez takrorlab tursa-da, Manzura ishonqiramas edi.
Farzandlari ulg‘aygani sayin «ot o‘rnini toy bosmasa edi» deb cho‘chirdi.
Uning xavotiri o‘rinsiz edi. Asadbek farzandlariga qattiqqo‘l bo‘lmasa-da, erkalatmadi,
o‘qishini nazorat qildi. Yaxshi muallimlarni yollab, o‘g‘illarining vaqtni bekor o‘tkazishiga
yo‘l qo‘ymadi. Fursat yetgach, ikkala o‘g‘lini oldinma-keyin Moskvadagi o‘qishga kiritdi.
Bir tomondan zarning kuchi, ikkinchi tomondan bolalarning idroki zo‘r kelib, Olmoniyada
o‘qish imkoni tug‘ilishi bilan bu imkoniyatdan beto‘xtov foydalanildi.
O‘shanda quvongan Manzura o‘zini dorboz holiga tushajagini fahmlamagan edi. Juda
baland tikilgan, sog‘inch deb ataluvchi bu dorning bir tomonida o‘g‘illari, bir tomonida eri
bilan qizi. U esa uquvsiz dorboz, qo‘lida langar cho‘pi ham yo‘q. Dorning o‘rtasiga kelib
olib, dam oldinga, dam orqaga qaraydi...
Uydan chiqqanidan beri yuragi g‘ash. Eri kasal, qizining yuzlaridan qon qochgan,
ko‘zlariga xastalik buluti ko‘lanka solgan. Qizi sezdirmaslikka harakat qiladi. Lekin
onaning yuragini aldab bo‘lar ekanmi?
Bormayin desa, u tomonda o‘g‘illari... Bahona qidirsa eridan baloga qoladi. Borayin
desa...
Uchoq bulutlar hamlasidan yulqinib chiqib ohista suza boshlagach, uchoq bekasi
patnisdagi billur qadahlarda ichimlik tutdi. Manzura kalta ko‘ylakli bekaga «bu nima?»
degan ma’noda qaragan edi, u izoh berdi:
— Pepsi-kola, pivo, vino.
Manzura: «Kerakmas, ichmayman», deganday bosh chayqadi. Shu paytgacha qosh-
ko‘zlariga zeb berayotgan yosh juvon bo‘yin cho‘zib patnisga qaradi-da:
— Pivo kimniki, finlarnikimi? — deb so‘radi.
— Moskvaniki, — dedi uchoq bekasi.
— Vino-chi?
— Vino ham.
— Fu, — dedi juvon, keyin Manzuradan iltimos qildi: — Pepsini uzatib yuboring.
Manzura «pepsisi qaysi biri ekan?» deb o‘ylanib o‘yiga yetgunicha juvon uning shunday
tumshug‘i ostidan qo‘lini uzatib qadahlardan birini oldi. So‘ng yarmini ichdi-da,
sumkasidan yapaloq shisha idishni olib, qopqog‘ini ochdi. Manzura uning harakatlarini
ko‘z qiri bilan kuzatdi. U yapaloq idishdagi ichimlik xorij konyagi ekanini bilmas edi.
Konyakdan pepsi-kola ustiga quyilib, sumkadan bir qarichli naycha chiqarilib, simira
boshlangach, Manzura kinolarda ko‘rganini eslab, xonimchaning kokteyl ichayotganini
fahmladi. Manzura bunaqa holatni hayotda endi ko‘rishi edi, shu bois «kinoda
ko‘rsatadiganlari to‘g‘ri ekan-da» deb qo‘ydi. Manzuraning u bilan gaplashish istagi yo‘q
edi. Xonimchaning qilig‘i yoqmaganidan yoki ruschani yaxshi bilmaganidan emas, balki
xayol ipining bir uchi erida, qizida, bir uchi hademay uchrashishi lozim bo‘lgan o‘g‘illarida
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |