Xalqaro vaziyatning o‘zgarishi.
XXI asr bo‘sag‘asida jahon taraqqiyotining mazmuni
tubdan o‘zgardi. Ilgari bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan - SSSR va AQSH yetakchilik qilgan ikki
ijtimoiy-siyosiy tuzum, ikki harbiy-siyosiy blok mavjud edi. Dunyoda «sovuq urush» siyosati
hukmronlik qilardi. Butun insoniyat yadro urushi xavfi ostida yashardi.
XX asrning 90-yillariga kelib, sotsialistik dunyoning yetakchisi bo‘lgan ulkan imperiya -
SSSR parokanda bo‘ldi, sotsialistik sistema halokatga uchradi. Varshava Shartnomasi bloki
tarqalib ketdi. Dunyoda yangi mustaqil davlatlar vujudga keldi. Birgina SSSRning parchalanishi
natijasida 15 ta mustaqil davlat, jumladan, mustaqil O‘zbekiston davlati tashkil etildi. «Sovuq
urush» siyosati barham topdi.
Xalqaro vaziyatda tub o‘zgarishlar sodir bo‘lsa-da, dunyo tinchligiga tahdid soluvchi xavf-
xatarlar, ziddiyatlar saqlanib qoldi. Bu quyidagi hollarda namoyon bo‘lmoqda:
• Turli darajada rivojlangan mamlakatlar o‘rtasida ijtimoiy – iqtisodiy notenglik va ziddiyatlar
yanada o‘sdi. Mamlakatlar o‘rtasida ilmiy-texnikaviy bilimlar, ilg‘or texnologiya, erkin
sarmoyalarni to‘plash va joylashtirishda hamon tafovutlar katta. Dunyoning katta qismida
iqtisodi zaif, aholisi qashshoq yashayotgan mamlakatlar mavjud.
• Bir qator mintaqalarda, hatto bir mamlakat fuqarolari o‘rtasida milliy-etnik va diniy nizolar
kelib chiqib mojarolarga, qonli urushlarga aylanmoqda. Mintaqaviy mojarolar tufayli 30
milliondan ortiq odam o‘zi yashaydigan joylarni tashlab, boshqa mamlakatlarga qochoq sifatida
ketishga majbur bo‘lgan;
• Umumiy, mintaqaviy va milliy xavfsizlikka terrorizm, ayirmachilik va diniy ekstremizm
tahdid qilmoqda. Xalqaro terroristlar, dinni siyosiylashtirish natijasida vujudga kelgan
ekstremistlar, shu jumladan, islom fundamentalistlari odamlar o‘rtasida «haqiqiy» va «soxta»
dindorlik belgilari bo‘yicha qarama-qarshilik chiqarishga, millatlarni parchalashga, islom
sivilizatsiyasi bilan boshqa sivilizatsiyalar o‘rtasida yangi qarama-qarshiliklar, mojarolar keltirib
chiqarishga urinmoqdalar;
• «Sovuq urush» siyosatiga chek qo‘yilishi natijasida yalpi yadro urushi xavfi kamaygan
bo‘lsa-da, bu turdagi ommaviy qirg‘in qurollarning ko‘p miqdorda saqlanayotganligi, yadro
quroliga ega bo‘lgan davlatlar sonining ko‘payib borayotganligi dunyo uzra umumiy xavfsiz-
likka jiddiy tahdid bo‘lib qolmoqda;
• Jahon miqyosida atrof-muhitning ifloslanayotganligi, nosog‘lom ekologik vaziyat,
jumladan, Markaziy Osiyoda Orol dengizining qurib borishi bilan bog‘liq ekologik tanglik in-
soniyat boshiga xavf solib turibdi;
• Tobora kuchayib borayotgan korrupsiya, uyushgan jinoyatchilik, giyohvandlik, yashirin
qurol oldi-sotdisi insoniyatni tashvishlantirmoqda.
Bularning barchasi dunyo hali ham ilgarigidek mo‘rt bo‘lib turganligidan dalolat beradi.
Bizni qurshab tugran olam g‘oyat murakkab va muammoli bo‘lib keldi, hozir ham shunday
bo‘lib qolmoqda.
Bugungi kunda butun insoniyatning taqdiri, ijtimoiy taraqqiyot istiqbollari xalqaro
munosabatlarga bog‘liq bo‘lib qoldi. Xalqaro maydondagi har bir siyosiy tanglik, mojaro barcha
mamlakatlar va xalqlar manfaatiga daxldor bo‘lib qoldi. Hatto, ayrim olingan mamlakat
ichkarisidagi nizoli jarayonlarni, urushlarni bartaraf etish ham jahon hamjamiyatining vazifasiga
aylandi.
Davrimizning muhim xususiyati aholi talab-ehtiyojlarining g‘oyat darajada o‘sganligi bilan
belgilanadi. Alohida olingan bir mamlakat resurslari bilan uning aholisi talablari, ehtiyojlarini
to‘liq qondirib bo‘lmaydi. Hatto rivojlangan mamlakat uchun ham boshqa mamlakatlar bilan
iqtisodiy, madaniy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik qilish obyektiv zaruriyat bo‘lib qoldi.
Hozirgi dunyoda biron-bir mamlakat, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi ham
boshqalardan ajralgan hudud emas. Sayyoramiz yaxlit va bo‘linmasdir. Shu bois, barcha
mamlakatlar, xalqlar bir-biri bilan bog‘langan, o‘zaro aloqadadir.
O‘zbekiston xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish nuqtayi nazaridan va o‘z taraqqiyot istiqbol-
lari jihatidan qulay geografik-strategik im- koniyatlarga ega.
Qadim zamonlarda Sharq bilan G‘arbni bog‘lab turgan Buyuk ipak yo‘li O‘zbekiston
hududi orqali o‘tgan. Bu yerda savdo yo‘llari tutashgan, tashqi aloqalar hamda turli madaniyatlar
tutashib bir- birini boyitgan. Bugungi kunda ham Yevropa va Osiyoni bog‘laydigan yo‘llar
Markaziy Osiyodan, uning o‘rtasida joylashgan O‘zbekistondan o‘tmoqda:
• Markaziy Osiyoda geografik-siyosiy jihatdan markaziy o‘rin tutgan O‘zbekiston ushbu
mintaqada kuchlar nisbati va muvozanatini saqlash, barqarorlikni ta’minlash, hamkorlikni
mustahkamlash imkoniyatlariga ega.
• O‘zbekiston Markaziy Osiyoning transport, energetika, suv tizimi markazida joylashgan.
• Aholi soni, ilmiy-texnikaviy va boshqa imkoniyatlari jihatidan mintaqada yetakchi o‘rinda
turadi.
• Tabiiy iqlim sharoiti qulay, ulkan mineral xomashyo zaxiralari va strategik materiallarga
ega, dehqonchilik madaniyati rivojlangan, oziq-ovqat bilan o‘zini ta’minlashga qodir.
• O‘zbekiston sanoatning bazaviy va zamonaviy tarmoqlariga ega, o‘zini neft, gaz, rangli
metallar bilan ta’minlabgina qolmay, ularni eksport qilish imkoniyatiga ega.
• Yurtimizning jahonga mashhur boy ma’naviy merosi bor, shu tufayli insoniyat
sivilizatsiyasida salmoqli o‘rin egallab, dunyoning ma’naviy va siyosiy jarayonlariga ta’sir
o‘tkazish salohiyatiga ega.
O‘zbekistonda qulay imkoniyatlar bilan bir qatorda geografik-siyosiy jihatdan qiyinchiliklar
tug‘diruvchi omillar ham mavjud. Jumladan:
• O‘zbekiston Fors ko‘rfazi, Kaspiy dengizi havzasi va Qrim havzasining neft va gazga juda
boy konlari joylashgan yarim xalqaning strategik markazida joylashgan. Shu bois, bu hududda
butun dunyoda energiya taqchilligi sharoitida ko‘pgina yirik davlatlarning bir-biriga mos
kelmaydigan manfaatlari o‘zaro to‘qnashmoqda;
•
Yana
bir
noqulaylik
shundan
iboratki,
O‘zbekiston
etnik,
demokratik,
iqtisodiy
va
boshqa
muammolar
yuki
ostida
qolgan
mamlakatlar bilan chegaradoshdir;
• Sovetlar davrida Markaziy Osiyoda, jumladan, O‘zbekistonda kommunikatsiyalar nomaqbul
ravishda shakllantirilgan. Janubiy yo‘nalishda transport kommunikatsiyalari amalda rivoj
topmagan. O‘zbekiston bevosita dengizga chiqa olmaydigan, buning ustiga dengiz
bandargohlaridan eng uzoqda joylashgan mamlakat. Bir necha davlatlar hududidan o‘tadigan olis
yo‘llar, O‘zbekistonning iqtisodiy aloqalarini chegaralaydi, yuk tashishni qimmatlashtirib,
mahsulotlarning raqobatga bardosh berishiga salbiy ta’sir etadi;
•
Suv
resurslarining
cheklanganligi,
ekologik
muammolar,
Orol
fojiasi ham mamlakatimiz uchun noqulay omildir.
Mustaqillikning dastlabki kunlaridayoq O‘zbekistonning milliy manfaatlariga mos
keladigan puxta tashqi siyosiy yo‘lni belgilash, jahon hamjamiyatiga qo‘shilish, xorijiy
mamlakatlar bilan siyosiy diplomatik, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy aloqalar o‘rnatish
masalalari dolzarb vazifa sifatida ko‘ndalang bo‘lib turardi. Bu osongina yechiladigan vazifalar
emas edi. Masalaning murakkabligi shundan iborat ediki, Ittifoq davrida tashqi siyosat yuritish,
tashqi dunyo bilan aloqa qilish, tashqi savdoni tashkil etish Moskva, markaziy hokimiyat
tomonidan olib borilar edi. Respublikalar esa, jumladan, O‘zbekiston ham tashqi dunyodan
ajralgan, to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa qilolmaydigan yopiq mamlakat edi. Shu bois, davlatimiz tashqi
siyosat yuritish tajribasiga ham, jahon diplomatiyasini, tashqi iqtisodiy faoliyatni biladigan
kadrlarga ham ega emas edi. Respublikada bunday kadrlar tayyorlovchi birorta ham o‘quv yurti
yo‘q edi. Vaziyat zudlik bilan tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy aloqalarni shakllantirishni talab
qilmoqda edi.
Prezident Islom Karimovning «O‘zbekistonning o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘li» va
boshqa asarlarida mustaqil tashqi siyosat yuritish qoidalari nazariy va amaliy jihatdan puxta
asoslab berildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 17-moddasida tashqi siyosat qoi-
dalari qonunlashtirildi va u jahondagi ko‘plab mamlakatlar bilan hamkorlik jarayonlari ortga
qaytmasligining huquqiy kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda.O‘zbekistonni xalqaro huquq subyekti
sifatida belgilaydigan, respublikaning tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy aloqalarini tartibga
soladigan qonunlar qabul qilindi. «O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyatining asosiy
prinsiplari to‘g‘risida»gi, «Chet el investitsiyalari va xorijiy investorlar faoliyatining kafolatlari
to‘g‘risida»gi, «Tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risida»gi va boshqa qonunlar hamda normativ
hujjatlar ana shular jumlasidandir. Bular faol va keng ko‘lamli hamkorlik uchun mustahkam
huquqiy kafolat yaratib berdi.
Tashqi aloqalarni ta’minlaydigan vazirliklar va muassasalar tashkil etildi. Tashqi ishlar
vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat
Milliy banki, ixtisoslashtirilgan tashqi savdo firmalari shular jumlasidandir. Jahon iqtisodiyoti va
diplomatiyasi universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat
qurilish akademiyasi va boshqa universitetlarda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyat sohasi
uchun mutaxassis kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
Tashqi siyosatga tinchlik, barqarorlik, hamkorlik yo‘li asos qilib olindi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining asosiy tamoyillari quyidagilardan iborat:
- mafkuraviy qarashlardan qat’iy nazar hamkorlik uchun ochiq- lik, umuminsoniy
qadriyatlarga, tinchlik va xavfsizlikni saqlashga sodiqlik;
- davlatlarning suveren tengligi va chegaralar daxlsizligini hurmat qilish;
- boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik;
- nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish;
- kuch ishlatmaslik va kuch bilan tahdid qilmaslik;
- inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilish;
- ichki milliy qonunlar va huquqiy normalardan xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan
qoidalari va normalarining ustuvorligi;
- davlatning, xalqning oliy manfaatlari, farovonligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida
ittifoqlar tuzish, hamdo‘stliklarga kirish va ulardan ajralib chiqish;
- tajovuzkor harbiy bloklar va uyushmalarga kirmaslik;
- davlatlararo aloqalarda teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlik, davlat milliy
manfaatlarining ustunligi;
- tashqi aloqalarni ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama kelishuvlar asosida
rivojlantirish, bir davlat bilan yaqinlashish hisobiga boshqasidan uzoqlashmaslik.
Mamlakatimizning jahon xalqlari tinchligi va xavfsizligiga mos bo‘lib tushgan
tinchliksevar tashqi siyosati uni jahonda mustaqil davlat sifatida tezda tan olinishini ta’minladi.
O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini dunyodagi nufuzli davlatlar tan oldi,
ularning 130 tasi bilan diplomatik, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy aloqalar
o‘rnatildi. Toshkentda 45 mamlakatning elchixonasi, yigirmaga yaqin xalqaro tashkilot va
moliyaviy muassasa vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, xorijiy mamlakatlar va
xalqaro tashkilotlar huzurida O‘zbekistonning 46 diplomatik va konsullik vakolatxonalari
ochilgan va faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi o‘zining xohish-irodasi va taklifiga ko‘ra 1992-yil 2-martda
jahondagi eng nufuzli xalqaro tashkilot - Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘ldi.
1993-yil 24-avgustda Toshkentda BMTning vakolatxonasi ochildi va ish boshladi.
Mamlakatimiz Prezidenti I.Karimovning BMT Bosh Assambleyasining 1993-yilda bo‘lgan 48-
sessiyasida ishtirok etishi va unda 27-sentabrda qilgan ma’ruzasi O‘zbekistonni jahonga ko‘hna
va yosh, navqiron davlat sifatida namoyon etdi. O‘zbekiston Respublikasi nomidan Markaziy
Osiyoda xavfsizlik, barqarorlik va hamkorlik masalalari bo‘yicha BMT ning Toshkentda doimiy
ishlovchi seminarini chaqirish, narkobiznesga qarshi kurashni kuchaytirish, Orol muammosini
hal etish va boshqa masalalar bo‘yicha bir qator takliflar o‘rtaga qo‘yildi.
O‘zbekiston rahbariyati va BMT rahbarlarining sa’y-harakatlari natijasida O‘zbekiston
BMTning Xalqaro telekommunikatsiya uyushmasi, Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi, Qochoqlar
ishi bo‘yicha oliy qo‘mitasi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi
tashkiloti, Xalqaro atom energiyasi agentligi, Aholi joylashish jamg‘armasi, Narkotik
moddalarni nazorat qilish dasturi, Sanoat taraqqiyoti tashkiloti, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi
tashkiloti singari ixtisoslashgan muassasalarga a’zo bo‘ldi.
O‘zbekistonning tashabbusi bilan va BMT rahnamoligida 1995- yil 15-16-sentabr kunlari
Markaziy Osiyoda xavfsizlik va hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan Toshkent kengash-
seminari bo‘lib o‘tdi. Xalqaro kengashda ishtirok etgan 31 davlat va 6 xalqaro tashkilotdan kel-
gan muxtor vakillar mintaqa xavfsizligini ta’minlash, mojarolarning oldini olish, integratsiya
jarayonlarini chuqurlashtirishning ishonchli tizimini barpo etish masalalari yuzasidan o‘z
fikrlarini, takliflarini aytdilar. Kengash yakunida qabul qilingan Bayonot jahon xalqlarini,
xususan, Markaziy Osiyo xalqlarini, turli siyosiy kuchlarni mintaqaviy xavfsizlikni
mustahkamlashga, iqtisodiy va ekologik hamkorlik tizimlarini barpo etishga chaqirdi.
O‘zbekistonning BMT bilan hamkorligining yorqin sahifalaridan yana biri Markaziy Osiyo
mintaqasini yadro qurolidan xoli zonaga aylantirish masalasida o‘z ifodasini topdi. O‘zbekiston
Prezidenti Islom Karimov BMT Bosh Assambleyasining 48-sessiyasi minbaridan turib so‘zlagan
nutqida Markaziy Osiyoni yadro qurolidan xoli zonaga aylantirish g‘oyasini ilgari surgan edi.
O‘zbekistonning bu tashabbusi xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
1997-yil 15-16-sentabr kunlari Toshkentda
Do'stlaringiz bilan baham: |