Quyosh tutilganida o‘qiladigan namoz
Quyosh tutilganida nafl namozga o‘xshash ikki rakat namoz o‘qish sunnatdir. Bu namoz azon va
iqomatsiz, xutbasiz, maxfiy qiroat bilan, juma imomi, davlat boshlig‘ining vakili imomligida o‘qiladi.
Har ikki rakatning ruku va sajdalarini uzunroq qilish sunnatdir. Namozdan so‘ng imom qiblaga qarab
o‘tirib yoki jamoatga qarab tik turib, quyosh ochilguncha duo qiladi, jamoat omin deb turadi. Imom
bo‘lmasa quyosh tutilganidagi namoz jamoatsiz o‘qiladi.
Izoh: Rivoyatga ko‘ra, Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, davrlarida bir kuni quyosh
tutiladi, u kishi xalqni to‘plab, ikki rakat namoz o‘qitdi. Bu namozda uzoq qiyomda turgandan so‘ng
ruku qildilar, rukuda uzoq vaqt qoldilar, so‘ng sajda qildilar, uzoq, muddatli bir sajdadan so‘ng
ikkinchi rakatga turdilar, ikkinchi rakat ham shuncha cho‘zildi va namoz tugadi, quyosh ochildi.
Bu haqda Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam: "Bu Allohning qullarini o‘z qudrati bilan
qo‘rqitishi — ibrat olinadigan hodisadir. Quyosh tutilishini ko‘rsangiz, eng yaqin farz namozga
o‘xshash namoz o‘qingizlar ", deganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |