8-ma’ruza: Ilk islom tarix. Reja



Download 229,94 Kb.
Pdf ko'rish
bet1/11
Sana03.02.2022
Hajmi229,94 Kb.
#427612
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
Bog'liq
8-mavzu



8-ma’ruza: Ilk islom tarix. 
Reja:
1. Islom dini paydo bo‘lishining omillari 
2. Muhammad (sav.)ning Makkadagi faoliyatlari
3. Hijra va Madinada islom davlatining ta’sis etilishi 
4. Ilk islom ta’limotining shakllanishi
 
Tayanch so‘z va iboralar 
Siyosiy omil, iqtisodiy omil, ijtimoiy omil, diniy omil, boshqa omillar, polis 
tizimi, arabiy ildizlar, arab yakkaxudoligi, arab uyg‘onishi, diniy rahnamo, 
Payg‘ambarlik. 
Har qanday dinni ikki hil o‘rganish mumkin: dindor kishi tomonidan o‘zi
uchun va mutaxassis tarafidan ilmiy-nazariy maqsadda. Tabiiyki, ular bir-biridan
farq qiladi. Islomning kelib chiqishi xususida musulmon manbalariga asoslangan
an’anada u ilohiy hodisa, insonlarni to‘g‘ri yo‘lga solish uchun yuborilgan oxirgi
ta’limot deb talqin etiladi. Qur’oni Karimda islomning ildizlariga aniq ishora bor:
«Ayting: Allohga, bizga nozil qilingan narsaga, Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Ya’qub va
avlodlarga nozil qilingan narsalarga hamda Muso, Iso va barcha payg‘ambarlarga
Parvardigori tomonidan ato etilgan narsalarga imon keltirdik. Ulardan birortasini
ajratib qo‘ymaymiz va biz Unga bo‘yinsinuvchilarmiz» (Oli Imron, 84).
Pirovardida Alloh rasul (elchi) etib Muhammad (sav) ni tanladi va o‘zining kalomi
– Qur’onni unga nozil qildi. Payg‘ambar dastlab o‘z hamshaharlarini, so‘ng barcha
arablarni ko‘plab qabila xudolariga sig‘inishdan voz kechish va yagona xudo -
Allohga e’tiqod qilish, solih hayot kechirish, u dunyoda jannatga tushish uchun bu
dunyoda ezgu ishlar qilishga chaqirdi. Qur’onga ko‘ra arablar va yahudiylarning
umumiy bobokaloni Ibrohim Allohga birinchi bo‘lib imon keltirgan zotdir, demak,
Islom batamom yangi e’tiqod emas, balki, Ibrohimning qayta tiklangan dini (millat
Ibrohim hanif) bo‘lib chiqadi.
Islom dinining paydo bo‘lishi tarixi (genezisi)ni ilmiy-nazariy maqsadda
dinshunoslik fani nuqtai – nazaridan o‘rganishda bu jarayonga ta’sir qilishi
mumkin bo‘lgan barcha ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy omillarni hisobga olishga,


soddaroq qilib aytganda, qachon, qayerda va qanday degan savollarga javob
berishga to‘g‘ri keladi. Qachon, qayerda qabilidagi savollarga aniq va deyarli
barcha uchun maqbul javob mavjud: islom YI asr oxiri - YII asr boshida Arabiston
yarim orolida, aniqrog‘i, uning g‘arbiy qismidagi Hijoz o‘lkasida paydo (zuhur)
bo‘ldi. Ammo uchinchi savol bo‘yicha mutaxassislar haligacha yakdil fikrga
kelganlari yo‘q. Ilmiy adabiyotda oxirgi paytlargacha bu masalada asosan ikki
yo‘nalish namoyon bo‘lib keldi. 
Birinchisi - Muhammad payg‘ambarning tarjimai holini bayon etish va
unga yahudiy va xristian dinlarining bevosita ta’sirini ko‘rsatishdan nariga
o‘tmaslik bilan xarakterlanadi. XIX asrda g‘arb sharqshunosligi boshlab bergan,
«yevroposentrizm» kabi g‘arazli maqsadga xizmat qilgan bu yo‘nalish keyinchalik
Rossiyaga o‘tdi va sho‘ro davrida ham tarafdorlarga ega bo‘lib keldi. Xususan,
Markaziy Osiyo tarixi bo‘yicha haligacha ahamiyatini yo‘qotmagan asarlar yozib
qoldirgan akad. V.V.Bartold 1925 yili bir xato fikrni ilgari surgandi: «Barcha
dinlar ichida, - deb yozgandi u, - islom o‘z xalqining o‘tmishi bilan eng kam
bog‘langandir». Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, islom arablarning o‘tmishi
bilan kam bog‘langan ekan, demak, boshqa, tashqi ta’sir bilan ko‘proq bog‘langan
bo‘ladi. 
Ikkinchi yo‘nalish ijtimoiy - iqtisodiy tuzumlar (formasiyalar) haqidagi
ta’limotga asoslangan bo‘lib, go‘yo islom vujudga kelgan paytda arab jamiyati uch
formasiyadan biri-patriarxal, quldorlik yohud feodalizm munosabatlarini boshidan
kechirayotgan bo‘lgan va islom muayyan hukmron ijtimoiy kuchlarning
ideologiyasi sifatida tarkib topgan. Ammo aynan qaysi tuzum hukm surgani
haqidagi bahs 70 yil davom etdi va hech qanday samara bermadi.
Yuqorida zikr etilgan ikkala yo‘nalish ham bugungi kun fani talablariga
javob bera olmaydi. V.V.Bartold fikriga qarshi o‘laroq islom arab xalqining
o‘tmishi bilan chambarchas bog‘liqdir. Demak, avvalo islomdan oldingi
Arabistonning ikki-uch ming yillik tarixini puxta o‘rganmoq darkor. Qolaversa,
Arabiston va umuman qadimgi dunyoda yuz bergan jarayonlar formasion ta’limot


tarafdorlari uqtirib kelgandek emas, balki batamom boshqacha kechdi, deyishga
asoslar bor. 
Gap shundaki, barcha qadimgi dunyo jamiyatlari uch bosqichni bosib o‘tdi.
Birinchi bosqichda mayda, tarqoq davlatlar vujudga kelib, ularning ba’zilari
keyinchalik nisbatan yiriklashdi. Ikkinchi bosqichda iqtisodiy omil ularni
birlashtirishni taqozo etdi: ular tinch yo‘l bilanmi, urushlar vositasidami, albatta,
birlashtirilgan. Natijada, imperiyalar vujudga kelgan. Nihoyat, uchinchi bosqichda
o‘z davrini o‘tab bo‘lgan imperiyalar birin-ketin qulagan. Yuqorida zikr etilgan
qadimgi dunyo jamiyatlarining ikkinchi taraqqiyot bosqichi, ya’ni imperiyalar
davrida, antik dunyo umumjahon jarayonidan bir muncha ajralib, bu yerda o‘ziga
xos antik taraqqiyot yo‘li yuz bergandi. Asosan shahar - davlatlardan tarkib topgan
bu dunyo yunoncha «polis» degan nomni oldi. Ammo antik polis tizimi ham uzoq
yashamadi: o‘z davrini o‘tab bo‘lgan mustaqil polislarning kelajak taraqqiyoti
ularni birlashtirib, xalqaro savdoni barqaror qiladigan, fuqarolar xavfsizligini
ta’minlashga qodir harbiy kuchga ega bo‘lgan imperiyasiz mumkin bo‘lmay qoldi. 
Qadimgi Hijoz shaharlaridagi tuzumni aynan antik polis tizimiga qiyos
qilish mumkin. Vizantiyalik Stefan qadimgi Madinani «Yatrippa polis» deb bejiz
atamagan ko‘rinadi. Qanday bo‘lganda ham YI asr oxiri-YII asr boshida Makka va
Yasrib (Madina) kabi shahar-davlatlar Arabistonda ustunlikka erishdilar. Darvoqe,
formasion ta’limot tarafdorlari uqtirib kelganlaridek, Makkada o‘sha paytda
iqtisodiy krizis avj olgan emas, balki, aksincha, xalqaro savdoning eng yirik
markazlaridan biri bo‘lgani uchun u yerda iqtisodiy hayot jo‘sh urib turgandi.
Shahar-davlatning kelajak taraqqiyoti uchun polis tizimi torlik qila boshlagan,
Hijoz (Makka, Yasrib, Xaybar, Tayma, Dumat al-Jandal, Fadak va h.) va umuman
Arabistonni birlashtirib, yagona imperiyaga aylantirish davr talabi bo‘lib qolgandi.
Azaldan diniy markaz sifatida ma’lum bo‘lgan Makka shahri YI asrdan boshlab
Arabistonning eng yirik siyosiy va savdo markaziga ham aylangach, imperiyani
tuzish bilan muvoziy (parallel) ravishda yuz bergan arablarning diniy tafakkuridagi
buyuk o‘zgarish birinchi navbatda Makkada boshlangani tabiiy holdir. Ayni vaqtda
Arabistonning etnik va madaniy jihatdan birlashuvi, yagona arab tili, og‘zaki va


yozma adabiyot, umumiy ong unsurlarining (elementlarining) o‘lka bo‘ylab
yoyilishi jarayoni kechardi. Bunday harakatlarni boshqargan kishilar o‘z
faoliyatlarini ilohiy ilhom bilan asoslay olgan taqdirdagina muvaffaqiyatga
erishishlari mumkin edi. Demak, Muhammad alayhissalomning diniy va siyosiy
faoliyati umumiy jarayonlarning xususiy va qonuniy ko‘rinishi edi. Shuni alohida
ta’kidlash joizki, Muhammad payg‘ambar bu harakatda yagona emasdi.
Bemalol aytish mumkinki, Arabistonda YI asr oxiri-YII asr boshida o‘ziga
xos uyg‘onish davri boshlandi. Bu narsa g‘assoniylarning Rim tug‘yoniga qarshi
bosh ko‘tarishi, yamanliklarning habashlar hukmidan xalos bo‘lishi va, nihoyat, Zu
qor jangida birinchi bor arab badaviylari Eron muntazam armiyasi ustidan erishgan
g‘alabada namoyon bo‘ldi. Arablarning chet el ta’siriga qarshi kurashida qandaydir
tayanch, hech qachon ajnabiylar hukmi ostida bo‘lmagan mintaqa yetakchilik
qilishi mumkin edi. Bu talabga mazkur vaziyatda Hijoz, yanada aniqrog‘i, faqat
Makka va Yasrib javob bera olar edi. Ammo ayni vaqtda islom arafasidagi Makka
johiliya madaniyati bilan bog‘liq qadriyatlarni ifodalardi, xolos. Zamon, arab
uyg‘onishi endi bu qadriyatlar bilan kifoyalana olmas, yangi g‘oyalarga kuchli
ehtiyoj tug‘ilgandi. Xullas, arablar islohotlar va islohotchilar zarurligini his
qilardilar; muhit bunday islohotni qabul etishga tayyor edi. Eski qadriyatlardan voz
kechib, yangi qadriyatlarga o‘tishga bo‘lgan ishtiyoq diniy, iqtisodiy, ijtimoiy,
siyosiy sohalarda barobar namoyon bo‘ldi. Bu sohalarda kechgan jarayonlarni
bemalol islom dini paydo bo‘lishining omillari sifatida keltirish mumkin. 
Hech shak-shubhasiz, islom arafasida Arabistonda vujudga kelgan diniy
holat bir necha asr davom etgan jarayonning natijasidir. Diniy jihatdan johiliya
arablari asosan vasaniyada, ya’ni ko‘p xudolikda bo‘lganlar. Taraqqiy etgan dinlar
(zardushtiylik, xristianlik, yahudiylik) bilan tanishgach, but - sanamlar ularni
qoniqtirmay qolgani aniq. Masalan, xristianlik va yahudiylik Arabistonning
deyarli barcha qismida tarqalgan bo‘lib, ikkala din o‘rtasida hukmronlik uchun
kuchli kurash ketardi. Agar yaqin kelajakda islom dini g‘alaba qozonmaganda
mazkur ikki dindan biri Arabistonda hukmronlikka erishishi muqarrar edi.
Qadimgi dunyo xalqlarining o‘z e’tiqodlari bilan faxrlanish hissi juda kuchli


bo‘lganini hisobga olsak, arablar yahudiy va nasroniy dinlaridan yuqoriroq
saviyadagi dinga intilganlarini tushunish mumkin. Xalqning ilg‘or vakillari
o‘zlarining bobokalonlari - Ibrohim alayhissalom dinini axtardilar. Atrof dinlardagi
ixtiloflardan yaxshi xabardor bo‘lgan arablar o‘zlariga payg‘ambar kelishini
kutardilar va bu voqea sodir bo‘lgan taqdirda millatlar ichra eng to‘g‘ri yo‘lda
yurguvchi xalq sifatida (qizig‘i shundaki, ayni vaqtda yahudlar Mashiax-ilohiy
xaloskor, xristianlar esa Iisus Xristos-inson sifatidagi xaloskorning qaytib kelishini
kutardilar ) tan olinishini istardilar. 
Qadimgi janubiy va shimoliy arab yozuvlarida “rahmon”, “rahim”, “sami’”,
“halim” kabi so‘zlar xudolarning ismi tarzida berilgan. Aslida bu so‘zlar
xudolarning sifatlarini anglatgan bo‘lsa kerak, chunki ular semantik jihatdan
ko‘pincha moddiy emas, balki ma’naviy tushunchalarni beradi. Islom bu
atamalarni “al-asmo al-husna” /chiroyli ismlar/ nomi bilan Allohga sifat qilib oldi.
Demak, arab politeizmida /ko‘p xudoligida/ xudolarning soni biz o‘ylagandek juda
ko‘p /300 dan ortiq/ emas, aksincha, islom arafasida ularning safi shunchalik
siyraklashgan ediki, arablar yakka xudolik (Tavhid g‘oyasi)ni qabul qilishga
yaqinlashib qolgan edilar. 
Ma’lumki, qadimgi dunyoning muayyan tarixiy
davrida mavjud tuzum va g‘oyaviy muhitga qarshi targ‘ibot bilan maydonga
chiqqan shaxslar o‘zlarini payg‘ambar deb e’lon qilganlar. YI asr oxiri va YII asr
boshlaridagi Arabiston g‘oyaviy muhiti ham payg‘ambarlik harakatini vujudga
keltirdi. Qur’onda Hud, Solih, Shu’ayb singari Tavrotda zikr qilinmagan arab
payg‘ambarlarining ismi keltirilgan. Agar bu ismlar johiliya arablariga tanish
bo‘lmaganida ularni eslatishdan foyda yo‘q edi.
Yana shuni unutmaslik kerakki, islomdan oldin har bir arab qabilasi
o‘zining bir yoki bir necha qohiniga, ya’ni diniy arbobiga ega bo‘lgan. Qohin
erkak kishi bo‘lishi shart emas, ayol-qohinalar ham bor edi. Masalan, quraysh
qabilasida Savdo bint Zuhra ismli qohina hammaga ma’lum edi. Bemalol aytish
mumkinki, ob’yektiv ravishda ba’zi qohinlar o‘z qabiladoshlarini islomga
tayyorlashda muhim rol o‘ynadilar. Ular qabiladoshlari orasida yahudiy dinidagi
kichik payg‘ambarlar maqomiga ega edilar. Qabila a’zolari diniy va dunyoviy


masalalarda qohinlar bilan maslahatlashardilar. Qohinlarning fol ochishda va
odamlar bilan gaplashishda o‘ziga xos tillari, uslublari bor edi. Janr jihatidan
qofiyali nasrga to‘g‘ri keladigan bu uslub “saj’” deb atalardi. Bir necha asr
davomida takomillashib kelgan bu nutq san’ati keyinchalik o‘rta asrlarda ham
rivojlandi. Qolaversa, Makka mushriklarining Muhammadga qo‘ygan ayblari
(ta’nalari)dan biri uning qohin ekanligi, uning so‘zlari qohinlarning so‘zlariga
o‘xshashligi edi. Bunga javoban Qur’onning quyidagi oyatlari tushgan deb
hisoblanadi: “u (ya’ni Qur’on) oliyhimmat rasul tili bilan aytilgan. Sizlarning
kamdan-kamingiz ishonadigan shoir tili bilan emas, sizlarning kamdan-kamingiz
eslab qoladigan qohin tili bilan emas, u olamlarning parvardigoridan tushgan
vahydur”
(Al – Hoqqa, 40-43). Boshqa bir oyatning mazmuni ham shunga yaqin:
“(E, Muhammad) targ‘ibot qil, sen parvardigoring ne’mati tufayli qohin ham
emassan, majnun ham” (At – Tur, 29).
Xuddi shu davrda arab xalqining asrlar uzra hukmron bo‘lib kelgan dinidan
voz kechib, mukammal falsafiy dinga yetishish uchun intilishining ramzi sifatida
hanifchilik (tahannuf) harakati yuzaga keldi. Haniflar ochiqdan-ochiq sanamlarni
masxara qilar, jamiyatda keng tarqalgan ichkilikbozlik, qimor o‘yinlari va boshqa
zararli illatlarga qarshi kurashga chaqirardilar. Qur’onning to‘qqizta surasida
haniflar zikr qilingan. Bu suralarning mazmuniga ko‘ra haniflar «yahudiy ham,
xristian ham, mushrik ham emas, balki Ibrohimni o‘zlariga o‘rnak qilib olgan
kishilardir». Ibn Hishom o‘zining “Sira”sida haniflardan Zayd bin Amr, Varaqa
bin Navfal, Ubaydulloh bin Jahsh, Usmon bin Huvayrislarning qisqacha tarjimai
hollarini keltirib, ular kichik bir guruh (usba) tashkil qilganlari, qurayshlarning
toat-ibodatlari va marosimlarini inkor qilganlarini qayd qiladi.
Qur’onda johiliya arablarining yana bir toifasi tilga olingan: ular - sobiylardir.
«As-Sobi'una» so‘zi Baqara surasida yahudlar va nasroniylardan bevosita keyin
(62-oyat), al-Moida (69-oyat) va al-Haj (17-oyat) suralarida esa ularning o‘rtasida
eslatilgan. Hozirgi kunda ham Iroqning janubida va Suriyaning Havron rayonida
shu nom bilan ataladigan, osmon jismlariga topinadigan diniy jamoalar bor. Ammo
bu jamoalarning Qur’ondagi “sobi’a”ga aloqasi yo‘q . Ular Iroq tarixchisi Abd ar-


Razzoq al-Hasaniyning fikricha, xalifa Ma’mun (813-833) davrida paydo bo‘lgan
diniy toifalardir. O‘rta asr manbalarida «sabo», «sobi», «subot» so‘zlarining
ishlatilishiga e’tibor berilsa, ularning bir narsadan ikkinchi narsaga, aytaylik, bir
dindan chiqib, boshqa dinga o‘tish ma’nosini anglatganini ko‘rish mumkin.
Qurayshiylar rasulullohning o‘zini ham «sobi», sahobalarni esa, «subot» (ya’ni o‘z
qavmining dinidan chiqqanlar) deb ataganlar.
Demak, “sobi’lar” o‘z qavmining ibodatiga qarshi chiqqan, ularning e’tiqodi
bilan kelisha olmagan kishilar edi. Haniflar ham sanamlarga ibodat qilishga qarshi
chiqqanlari uchun mushriklar nazarida ular ham sobi’lar edilar. Ularning
ba’zilariga yahudiy yoki xristian dinlari ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin, ammo bu
shart emas, chunki bunday holat odatda individual tarzda, uzoq o‘y, fikr, shak-
shubhalar natajasida vujudga keladi. Aks holda toshlarga sig‘inish befoyda ekanini
anglagan har bir johiliya arabi yahudiy va xristian dinini osongina qabul qilgan
bo‘lardi. Ko‘rinib turibdiki, islom arafasidagi arab jamiyatida mavjud muqaddas
kitoblardan (Tavrot, Injil, Talmud) xabardor, ba’zi ajnabiy tillarni bilgan hamda
falsafiy va aqidaviy fikrlar ustida bosh qotirgan kishilar talaygina bo‘lgan. 
Islom arafasida diniy tafakkur tez rivojlanganining yorqin dalili – har xil
aqidalarning ko‘pligidir. Johiliya arablarining «dahr» aqidasiga alohida to‘xtash
lozim. Bu aqida insonning taqdiri oldindan belgilanganligi, u erkin iroda yoki
ixtiyor egasi emasligi, peshonasiga «yozilgan» narsa albatta sodir bo‘lajagi va
undan qutulib bo‘lmasligi haqida edi. Aksariyat johiliya arablari shu aqidada
edilar, deb taxmin qilish mumkin. Zero, taqdiri – falakka ishonish ular
dunyoqarashini asosini tashkil qilar etardi. Narigi dunyo borligiga, bu dunyoda
zahmat chekkanga u dunyoda ajr, gunoh ishlar qilganga azob berilishiga ishonch
yo‘q edi. Borliqning egasi, oliy hokimi sifatida muayyan bir xudodan ko‘ra
ko‘proq qandaydir «Dahr», inson irodasi bilan hisoblashmaydigan va undan yuqori
turadigan tasodifiy o‘zgarishlar jarayoni tasavvur qilinardi. Ularning e’tiqodicha,
o‘limdan so‘ng hamma narsa tugaydi, shuning uchun bugungi kun bilan yashab
qolish kerak.


Bunday kayfiyat ayniqsa quraysh zodagonlari orasida kuchli edi. Balki,
nima uchun keyinchalik islom adabiyotida «dahriy» so‘zini «mo‘min»ga nisbatan
antonim sifatida ishlatilganini shu bilan izohlash mumkindir. «Dahriy»lar haqida
Qur’onda quyidagi so‘zlar aytilgan: «ular deydilar: faqat bitta – bu dunyodagi
hayotimiz bor – yashaymiz va o‘lamiz: bizni faqat dahr (vaqt, taqdir, falak) halok
qiladi» (al – Josiya, 24). Arabcha «dahr», «manun - manoyo», «ajal - ojol», «hatf -
hutuf», bizning tilimizda esa «o‘lim», «taqdir», «ajalning yetishi», «falak»
ma’nolarini anglatadigan so‘zlar bilan ifodalangan bu aqidaga ko‘ra insonning
taqdiri uning qo‘lida emas ekan, o‘z navbatida bu hol qayerdadir eng qudratli,
undan qudratlisi bo‘lmagan bir kuch mavjudligini taqozo etadi. Chunki kuchli
taqdirlovchi bo‘lmasa, taqdir o‘z – o‘zidan sodir bo‘lmaydi. Johiliya she’riyatida
bu kuchning insonga nisbatan fe’li – a’moliga ishoralar bor, ammo biron marta
ham uning ismi berilmagan. 
Makkadagi markaziy ibodatxona - Ka’bada arablarning uch yuzdan ortiq
sanamlari joylashtirilgan, ularning ichida eng mashhurlari – Hubal va «Allohning
qizlari» nomini olgan al – Lot, Manot va al – Uzzalar edi.
Bundan bir yarim asr muqaddam nemis olimi Maks Myuller politeizm
bilan monoteizm o‘rtasidagi o‘tkinchi bir bosqich to‘g‘risida yozgandi; genoteizm
deb atalgan bu davrda inson boshqa ko‘p xudolarning mavjudligiga ishongan holda
muayyan bir bosh xudoga sig‘inadi. Tavhid (yakkaxudolik) g‘oyasiga intilish,
bilishimizcha, ko‘p qadimgi xalqlarga xos narsa. Buning natijasi o‘laroq qadimgi
yahudlarda Yaxve, yunonlarda Zevs, rimlilarda Yupiter, turkiy xalqlarda Tangri va
slavyanlarda Perun tushunchasi vujudga kelgan. Arablarda bu g‘oya «Alloh» nomi
va uning rasuli Muhammad faoliyatida o‘zining to‘la ifodasini topdi. 
«Alloh» tushunchasi dastlab arablarda qachon paydo bo‘lganini aniq
aytish qiyin. Islom arafasida “Alloh” arablar xudolarining eng ulug‘i (Johiliya
she’riyatida Alloh bilan qasam ichish iboralari ko‘p uchraydi), Islomda esa u
yakkayu – yagona, borliqning yaratuvchisi, Qiyomat kunining Parvardigor – egasi,
insonlarga Muhammad (sav) ni o‘zining elchisi sifatida yuborgan Xudodir.
Qur’onda Alloh tomonidan jazolanib yo‘q qilib yuborilgan qavmlar orasida samud


qabilasi eslatiladi. Ana shu samudlarning Ravvafadagi ibodatxonasidan topilgan II-
III asrlarga tegishli yozuvda Alloh ismi aniq-ravshan o‘qiladi. Matn tarjimasi
quyidagicha: «Bu - Allohning kohini, robatulik Magiduning o‘g‘li Sha'udat bizning
xojamiz-noib janoblarining homiyligida Allohga - Samud xudosiga atab qurgan
uy». Demak, milodning II-III asrlarida, ya’ni islom ta’limotidan qariyb 5 asr oldin
samudlar o‘zlarining bosh xudosini Alloh deb ataganlar. 
«Alloh» Makka ahlining bosh xudosi maqomida bo‘lgan degan fikr ham
bor. Qur’onning qurayshiylarga qaratilgan quyidagi oyatlari buning tasdig‘i
bo‘lishi mumkin: «Chindan ham sen ulardan «Osmonlar va Yerni barpo qilgan,
Quyosh va Oyni odamlarga xizmat qildirgan kim?»...»Kim samodan suv tushirib,
o‘lgan yerni qayta tiriltiradi» deb so‘rasang, ular «Alloh» deydilar (Ankabut, 61-
63). Al-An’om surasining 148-oyatida: «Mushriklar albatta aytadilar: «Agar Alloh
xohlaganida na biz va na ota-bobolarimiz mushrik bo‘lmasdik», degan so‘zlarni
uchratamiz. Bunday so‘zlarni aytishi mumkin bo‘lganlar, albatta, Alloh to‘g‘risida
tuzukkina tushunchaga ega bo‘lganlar.
Nihoyat, manba’larga ko‘ra, Makka zodagonlari islom arafasida savdo-sulh
bitimlari va boshqa har qanday huquqiy hujjatlarni «bismika Allohumma» iborasi
bilan boshlashni odat qilganlar. Bu arablarning hayotida bevosita islom arafasida
juda katta o‘zgarish yuz berganidan dalolatdir. Zero, mazkur iboradagi
«Allohumma» so‘zi aniq-ravshan yagona xudoga ishora qiladi va semantik
jihatdan «Alloh» so‘zidan farq qilmaydi (bu yerda «umma» so‘z yasovchi suffiks
emas, balki «qotib» qolgan morfemadir). Milodiy 615 yili Qurayshiy zadogonlar
Hoshimiylar xonadonini Makkaning chekkasi «Sha’b Abu Tolibga» badarg‘a
qilganlarida teriga yozilgan, keyinchalik qurt yeb ketgan hujjatning tepasiga
«bismika Allohumma» deb yozib qo‘yilgandi. Hijraning 6-yili (628 y.) aynan shu
ibora bilan bog‘liq qiziq voqea yuz berdi. Muhammad payg‘ambar va Makka
mushriklarining vakili Suhayl ibn Umar o‘rtasida Hudaybiya bitimi yozilayotgan
paytda rasululloh «Bismillohir Rahmonir Rahim» bilan boshlashni buyurdi. Ammo
Suhayl bunga e’tiroz bildirib, «bismika Allohumma» deb yozishni talab qildi.
Kotiblik qilayotgan Ali b. Abu Tolib qanchalik norozilik bildirmasin, Muhammad


(sav) sulhga erishish maqsadida bu talabni qabul qildi. Gap shundaki, Suhayl
«Alloh» so‘ziga emas, balki, butun iboraga qarshi edi, chunki «Bismillohir
Rahmonir Rahim» sof islom iborasi bo‘lib, uni mushrik qabul qilishga tayyor
emasdi. Demak, Makka ahli to‘lig‘icha diniy jihatdan johil, xalq va xoliq
tushunchalaridan bexabar deyish juda ham to‘g‘ri emas ekan. Ularning ma’lum
qismi yagona xudoning mavjudligiga iqror bo‘lgan, islom tavhidiga juda yaqin
bo‘lgan g‘oyalarga e’tiqod qilgan kishilar bo‘lib chiqyapti.
Iqtisodiy omilga kelsak, YI asr oxiri - YII asr boshida xalqaro savdoda
qadim zamonlardan beri yetakchi bo‘lib kelgan Yaman o‘rnini Hijoz egalladi.
Qusay islohotlaridan so‘ng o‘tgan deyarli 1,5 asr davomida Makkadagi ijtimoiy –
iqtisodiy hayot tartibga tushgan va barqaror edi. Xalqaro savdo tufayli qo‘shni
mamlakatlar bilan yaxshi aloqalar o‘rnatgan Makka na Vizantiya, Eron,
Habashiston kabi yirik davlatlar va na Himyar, laxmiylar va g‘assoniylar singari
qardosh sulolalarning ta’siriga tushmagan edi. Makkaning boshqa o‘lkalardan
farqli imtiyozi - uning Arabiston uchun umumiy diniy markaz bo‘lgani, u yerda
Ka’ba kabi muqaddas ibodatxonaning mavjudligi, arablarning an’anaviy unga
ziyorati, shu bilan bog‘liq marosimlar, bundan kelib tushadigan foydalar va
hokazolarning barchasi ichki savdoda Makkaning tub aholisi – quraysh qabilasini
boshqa qabilalar orasida eng nufuzli maqomga ko‘targan bo‘lsa, uzoq davom etgan
Vizantiya – Eron nizosi Makkaga tashqi savdoda ham yuqori martabaga erishish
imkoniyatini berdi. 
Ma’lumki, bo‘lg‘uvsi payg‘ambarning bobosi Abd al – Muttalib ancha
vaqtdan beri yaroqsiz holga kelib qolgan Zamzam qudug‘ini o‘z hisobidan qayta
tikladi. Ayni shu paytda Makka aristokratiyasi savdo yo‘llaridagi badaviy qabilalar
bilan yangicha munosabat o‘rnatdi: ilgari qabila boshliqlariga karvonga hujum
qilmaslik evaziga tovon (ju’l) to‘langan bo‘lsa, endi ular bilan savdodan olinadigan
foydaga sheriklik haqida bitim (ilof)ga kelishildi. Bu esa badaviylarni oddiy
qo‘riqchilardan sheriklar (kompanonlar)ga aylantirdi. Qur’onning quraysh surasida
“ilof” so‘zi ikki marta keladi: Li ilaafi Quraysh * Ilaafihim rihlatash shita’i vas
sayf * falya’budu Rabba hazal Bayt * Allazi at’amahum min ju’iv va amanahum


min xavf. 
(
Quraysh (aholisi)ga qulay qilib qo‘ygani uchun, * ya’ni ularga qishda
(Yamanga) va yozda (Shomga) safar qilishni qulay qilib qo‘ygani uchun * mana
shu Uy (Ka’ba)ning Parvardigoriga ibodat qilsinlar! * Zero, (U) ularni ochlikdan
(qutqarib) taomlantirdi va xavf (va xatar)dan xotirjam qildi
).
Az – Zamaxshariy
o‘zining “Kashshof”ida bu o‘rinda shunday yozadi: “Qurayshning yilda ikki safari
bo‘lardi: qishda Yamanga va yozda Shom (Suriya)ga. Boshqalarga nisbatan doimo
g‘azot va talon – tarojlar uyushtirilgan holda ular (qurayshiylar) Alloh haramining
ahli va uyining valiysi bo‘lgani bois hech to‘sqinlikka uchramasdilar. Safarlari va
savdolari bexatar kechardi”. Darhaqiqat, badaviylar uchun karvonlarga hujum
qilish oddiy hayot tarziga aylanib qolgan bir paytda islom arafasida Quraysh
karvonlariga biron marta tajovuz qilingani haqida ma’lumot uchramaydi. Demak
chindan ham “ilof” Qurayshga berilgan o‘ziga xos Allohning marhamati, desa
bo‘ladi. Arab tili lug‘atlarida “ilof” so‘zining o‘zagi bilan bog‘liq masdar (harakat
nomi) “ulfat” (ya’ni o‘zbekchadagi ulfatchilik qilish) deb berilgani hisobga olinsa,
haqiqatan ham Qur’onning bu surasida qandaydir bitim, kelishuv haqida gap
ketyapti. Bu fikrni tasdiqlaydigan Qur’oni karimning al – Qasas surasi 57 oyatida
ham shunday fikr bor: Avalam numakkin lahum haraman aminan yujba ilayhi
samarotukulli shay’in rizqan min ladunna va lakinna aksarahum la ya’lamun (Axir,
Biz ularga osoyishta Haramni maqom qilib bermadikmi?! Barcha narsaning
hosillari Bizning dargohimizdan rizq bo‘lgan holda o‘sha joyga yig‘iladi – ku!
Lekin, ularning aksariyati (buni) bilmaslar). 
Makka karvonlari Vizantiyaga qarashli Eylat, G azza va Busro shaharlariga
ʻ
borardilar va Vizantiya hukumatiga boj to‘lardilar. Muhammad (sav) payg‘ambar
ikki marta (12 va 24 yoshlarida) Shom safarida qatnashganlari ma’lum. Aynan shu
gullab – yashnab turgan xalqaro savdoni yanada rivojlantirish uchun ham Makka
shahar – davlatining imkoniyatlari cheklangan edi. Boshqachasiga aytganda, polis
tizimi torlik qilib qolgandi.
Siyosat sohasida yuz bergan jarayonlar tashqi va ichki ko‘rinishda bo‘ldi.
Tashqi siyosatda arablarga doimo o‘sha davrning ikki buyuk imperiyasi –
Vizantiya va Eron tahdid solib kelardi. Arabistonning janubi, sharqi va shimoli


ularning ta’siri ostiga o‘tib bo‘lgandi. 570 yili habashlarning Makkaga uyushtirgan
yurishlari ham shu siyosatning davomi edi. Habashlar yo‘l – yo‘lakay bir qancha
arab qabilalarining qarshiligini yengdilar, ulardan o‘zlariga askarlar yollab oldilar.
Aynan ana shu yollangan askarlarning Makkaga hujum qilishdan bosh tortishi
yurishning muvaffaqiyatsiz tugashiga muhim sabablardan biri bo‘ldi. Bu o‘z
navbatida Makkaning obro‘sini yanada orttirdi. Hijoz arablari tashqi dushmanga
qarshi uyushish, birlashish zarurligini his qila boshladilar. Natijada qabilalar
o‘rtasidagi ichki nizolarga barham berildi. Qabilalarning turli ittifoqlari tuzildi.
Yilning to‘rt oyi (zul – qa’da, zul – hijja, muharram va rajab) urushlar man’
qilingan (harom) oylar deb e’lon qilindi. 
Arablarda etnik, umumiy til va yozuv birligi ham shakllana boshlagandi.
Birlik uchun faqat milliy rahnamo yetishmasdi. Etnik, til, his - tuyg‘ular birligiga
din yakdilligini qo‘shishni amalga oshirishga qodir shaxsga talab bor edi. Ana
shunday qulay muhitda aynan arablar orasidan, ularning ichida eng obro‘li
qabiladan barcha kutgan islohotchi paydo bo‘ldi. Makkada, quraysh qabilasining
hoshimiylar xonadonidan Muhammad ibn Abdulloh ibn Abdulmuttalib yangi
e’tiqod, yangi ta’limotga da’vat etuvchi payg‘ambar bo‘lib yetishib chiqdi.
Ta’limotning gavharini faqat Alloh yakkayu - yagona iloh ekanini tan olish tashkil
qildi. «Degil: Alloh - yagona. Alloh - abad, o‘zgarmas. Tug‘magan - tug‘ilmagan.
Hech kim Unga teng ermas» (al-Ixlos surasi). Muhammad (sav) Allohga soya
solishi mumkin bo‘lgan barcha sanamlarni inkor etdi. Alloh roziligi uchun solih
amallar va bashariyatga xayrli xizmat qilishdan afzal ish yo‘q bu dunyoda, barcha
insonlar millati, irqi, tili va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar Alloh oldida tengdirlar,
deb e’lon qildi u. Shunday ekan, insonlar bir – biriga birodar, yagona Xudoning
bandasi sifatida huquq va vojibotlarda ham teng bo‘lmoqlari kerak. Payg‘ambar
esa adolat va eng oliy axloqni qaror toptirish uchun kelgan, xolos.

Download 229,94 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish