62
Hozirga qadar davlat tilida ish yuritishning zarurligi hech qanday jarimasiz,
ma‟muriy javobgarliksiz ta‟kidlab kelindi. Biroq arzirli natijaga erishilmadi. Bu
borada “Ma‟muriy javobgarlik to„g„risida”gi kodeksning 42-moddasiga jarima
haqidagi band ayni muddao bo„ldi (shu o„rinda yo„l harakati nazoratini tizimli
tartibda olib borishda qat‟iy belgilangan jarimalarning alohida o„rin tutganligini
ham qayd etib o„tmoqchimiz).
Umumta‟lim jarayonida savodxonlikka, ona tili va adabiyot ta‟limiga, tildan
foydalanish ko„nikma, malakalarini hosil qilishga alohida e‟tibor qaratish lozim.
O„zbek tilini o„qitish tizimini milliy pedagogika negizida, xorij tajribasi asosida
yangilash, zamon talablariga mos adabiyotlar sinfini yaratish, innovatsion
texnologiyalarni qo„llash dolzarb masalalar sirasiga kiradi. O„quvchilarda
lingvistik, nutqiy, kasbiy, kommunikativ, axborotni qabul qilish, o„z-o„zini
rivojlantirish uquvini shakllantirish juda muhim. O„zbek tilida bilimlarni baholash,
avtomatik tahrir, tarjima, til o„rgatish dasturlarini yaratish, “O„zbek tilining Milliy
korpusi”, ko„p jildli “O„zbek shevalari lug„ati”, “Turkiy arxaizmlar lug„ati”ni
tuzish ustuvor vazifalardan biridir. Davlat tilida turli bosqichlar va darajalardagi
sinovlarni joriy etish, ishga qabul qilishda davlat tilini bilish, savodxonlik
darajasini tekshiruvchi tizimni ishlab chiqish ehtiyojga aylandi.
Tabiiyki, davlat tilining takomillashuvi imlo qoidalariga rioya qilinishiga
ham ko„p jihatdan bog„liq. Xo„sh, bugungi kunda imlo qoidalariga oid muammolar
nimalardan iborat?
O„zbek tili tarixi qadim, o„z taraqqiyot bosqichlariga ega bo„lgan muloqot
vositasidir. Bu tilning o„ziga xos xususiyatlari, muayyan tizimga egaligi, qonun-
qoidalari dunyoning rivojlangan tillari qatoridan o„rin olishiga asos bo„la oladi. Bu
tilda yaratilgan katta hajmdagi tarixiy, madaniy, adabiy yodgorliklar uning keng
imkoniyatlarini aks ettiradi.
O„zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeyi va nufuzini oshirishdagi muhim
vazifalardan biri imlo qoidalarini takomillashtirishdan iborat. Hozirda xalqimiz
ikki xil yozuvdan foydalanmoqda. Avvalo, ikki xil yozuvning amalda bo„lishi
maqsadga muvofiq emas. 1993-yilda qabul qilingan lotin yozuvining to„liq joriy
etilishiga to„siq bo„ladigan obyektiv va subyektiv sabablar bor. Shu bois 20 yildan
ortiq muddat davomida lotin yozuvi asosidagi yangi o„zbek alifbosiga to„liq holda
o„tilmadi.
Muammo ikki xil yozuvdan foydalanilayotganida ham emas (o„zbek xalqi
ikki xil yozuvdan foydalanish tajribasini o„tagan: X-XV asrlarda arab yozuvi bilan
bir qatorda uyg„ur yozuvidan foydalanilgan). Muammo har ikki yozuvning o„ziga
tegishli bo„lgan imlo qoidalariga amal qilinmayotgani natijasida yuzaga kelmoqda.
Matbuotda kirill yozuvidagi matnlarda fevral, fakultet, albom so„zlarida
yumshatish belgisini tushirib qoldirish, yil, sanani bildiruvchi raqamlardan keyin -