15-Amaliy ish
GEOLOGIK KARTALARGA ASOSLANIB, GEOLOGIK KESMALAR TUZISHNI
O’RGANISH
Ishning maqsadi:
Talabalarga geologik kartalarga asoslanib, geologik kesmalar tuzishni
o’rgatish
Kerakli asbob va materiallar
.
1. Millimetrovka qog’oz
2. Shartli belgilar chizmalari
3. Joyning sxematik geologik xaritasi
4. To’rtlamchi davr yotqiziqlar xaritasi
Umumiy tushuncha
Geologik kartalarda tasvirlangan tog’ jinslari va qatlamlarning yotish holatlari,
tabaqalanishi, litologik tarkibining chuqurlik bo’ylab o’zgarishi hamda maydonning yuza sathi
haqida to’laroq tasavvurga ega bo’lish maqsadida, geologik kesmalar chiziladi.
Geologik kesmalar joylarning geologik tuzilishini to’la xarakterlaydigan qilib tuziladi.
Buning uchun maydonda qatlamlarning gorizontal va monoklinal holatda yotgan bo’laklari
hamda bukilmalar, uzilmalar va otqindi jinslar tarqalagan qismlari ajratiladi. Kesma chizig’i
yo’nalishi qatlamlarning cho’ziqlik chizig’iga, yotish chizig’iga va daryo vodiylariga ko’ndalang
qilib tanlanadi. Shunda qatlamlarning yotish holati va qalinligi kesmalarda aniq ko’rinadi.
Tanlangan yo’nalish bo’yicha kesma tuzish uchun dastlab bu yo’nalishdagi ikki nuqta
geologik kartada to’g’ri chiziq bilan tutashtiriladi. (3- rasm,a).
Chiziq uzunligi tuziladigan kesma uzunligiga mos kelishi kerak. Bu chiziq kesma chiziq deb
ataladi va uning har ikkala uchi shartli harflar (A-B) yoki raqamlar (1-1) bilan belgilanadi.
Geologik kesma tuzishdan oldin millimetrovka qog’ozga kesmaning topografik asosi
chizib chiqiladi. Uning gorizontal va vertikal masshtablari karta masshtabiga mos kelishi zarur.
Agar yer yuzasi relyefining o’zgarish amplitudasi katta bo’lsa, u holda vertikal masshtab
gorizontal masshtabga nisbatan ancha yirik qilib olinadi. Qatlamlar bukilmalar hosil qilgan
bo’lsa, ularning vertikal masshtabini o’zgartirib bo’lmaydi, chunki kesmada tasvirlanayotgan
bukilmalarning shakli butunlay o’zgarib ketishi mumkun. Bunday hollarda gorizontal va vertikal
masshtablar bir xil bo’ladi.
Chizilgan geologik kesmaning tepasiga uning nomi, masshatabi, tuzilgan yili, ostiga esa
shartli
belgilar, kesma tuzuvchining familyasi va boshqa kerakli ma’lumotlar yoziladi.
Kesmani tuzish uchun kartada belgilangan kesma chizig’i ustiga millimetrovka qog’ozi
qo’yiladi. Qog’ozga kesma chizig’i bilan gorizontal chiziqlar kesishgan nuqtalar tushiriladi. Bu
nuqtalarning absolyut balandliklari aniqlanib, nuqta yoniga yozib qo’yiladi. So’ngra qabul
qilingan vertikal masshtab bo’yicha kesma chizig’iga parallel chiziqlar o’tkaziladi. Kesma
chizig’ining gorizontallar bilan kesishgan joyidan parallel chiziqlarga perpendikulyar chiziqlar
chiqarilib, ularning o’zaro kesishgan nuqtalari vertikal masshtab bo’yicha belgilanadi. Shundan
so’ng, nuqtalar o’zaro tutashtirilib, berilgan yo’nalishdagi kesmaning topografik asosi, ya’ni yer
yuzasining relyefi tuziladi. (3- rasm, b).
Kesma chizig’i bilan stratigrafik bo’linmalarning kesishishidan hosil bo’lgan chegaralar
nuqtalar bilan belgilab chiqiladi va kesmaning topografik asosiga tushiriladi. Agar maydonda
to’rtlamchi davr yotqiziqlari va to’rtlamchi davrgacha hosil bo’lgan yotqiziqlar uchrasa ularning
qalinligi burg’ quduqlari yordamida aniqlanadi. So’ngra jins qatlamlari vertikal masshtab
bo’yicha kesmaga tushiriladi. Bir xil genetik turga yoshga mansub bo’lgan jinslar chegarasi
o’zaro tutashtiriladi. Tub joy jinslarning va uzilmalarning yotish holatlari aniq o’lchovlar
yordamida kesmada ko’rsatiladi.
Kesmada tasvirlanadigan to’rtlamchi davr yotqiziqlarining genetik turiga va yoshiga
qarab rang tanlanadi. Jinslar esa litologik tarkibi bo’yicha shartli belgilarda aks ettiriladi (1-
rasm, v). Maydonda tarqalgan qatlamlar burmalangan bo’lsa, ularni kesmalarda tasvirlash uchun
dastlab bukilma asosida joylashgan qatlamlar ko’rsatilib, so’ngra boshqa qatlamlar chiziladi.
Antiklinal va sinklinal bukilmalarning o’qlari yuzasini, uzilmalarning yotish holatlarini
ko’rsatish orqali kesmaga aniqlik kiritiladi. Geologik kesmalarda dastavval uzilmalarning yotish
holatlari ko’rsatilib, so’ngra qatlamlarning yotishi ularga moslab tushiriladi ( 3-rasmga qarang).