turkiy xalqlar o’rtasida yaratilgan ayrim qahramonlik eposlarida, masalan, «Alpomish»,
«Kuntug’mish» dostonlarida yoki Yusuf Xos Hojibning «Qutadg’u bilig» asarida o’z
qadimiyligini to’la saqlagan (O’gdilmish, O’zg’urmish). Bizning milodimizda ham turk
xoqonlari orasida Bilga va mish nomi bilan atalganlari bor. Masalan, VII-VIII asrlarda
yashagan turk xoqonlaridan birining nomi Bilgadir. U 732 yilda vafot ettan va
turkiylarning mamlakatiga 20 yil xoqonlik qilgan. Yoki Oltin O’rda xoni To’xtamish nomida
shunday belgi mavjud.
5.
Doston qahramonining nomi Gilgamish hamda Bilgamis shaklida
qo’llanilgan.
«s» va «sh» harflarining almashinuvi turkiy xalqlar tilida saqlangan. Masalan,
qirg’izlarning «Manas» eposi «Manash» deb ham yuritilgan. «s» va «sh»
almashinuvi, xususan, hozirgi qozoq tilida keng ishlatiladigan hodisadir.
6.
«Gilgamish» dostonida xudolar obrazi yaratilgan. Gilgamish madad
so’raydigan Quyosh xudosining nomi O’tu. Gilgamish o’rmonga jo’nash oldidan
osmonga qo’llarini cho’zib, unga iltijo qiladi:
O’tu, men toqqa ketyapman, sen mening yordamchim bo’l! Toqqa
kedr kesmoqqa boryapman, sen mening yordamchim bo’l!
Dostonning akkad nusxasida Quyosh xudosi Shamash nomi bilan
berilgan. O’tuning turkiy tilga yaqin tomonlari bor. Birinchidan, O’tu ma’lum
ma’noda o’tni, issiqlikni, haroratni anglatadi. Quyosh shunday xususiyatga ega.
Ikkinchidan, turkiylar islom diniga qadar ko’kka, osmon jismlariga
sig’inishgan. Ya’ni, Ko’k tangri turkiylarning muqaddas dinidir yoki
massagetlarning yagona xudosi quyoshdir. Shu sababli Quyosh turkiylar
uchun muqaddasdir. Eng qadimgi davrlardan Yusuf Xos Hojibning «Qutadg’u
bilig» asarigacha Quyosh turkiy xalqlarning adabiyotida (so’nggi davr
adabiyotlarida ham) yaxshilik, ezgulikning muqaddas obrazi sifatida ko’rindi.
Ko’kni ulug’lash, ko’kni tangri deb tushunish barcha turkiy xalqlarga xos
xususiyatdir. Masalan, qadimgi buryat va mo’g’ul mifologiyasida ham boqiy Ko’k
osmon – Xuxe Munxen tengri insonni qo’riqlaydigan kuch sifatida tasvirlangan.
Bu esa shumer mifologiyasidagi osmon xudosi An, Oy xudosi Nannar va boshqa
sayyoralar to’g’risida berilgan tasvirlarga mushtarakdir.
«Gilgamish» dostonida va shumer mifologiyasida O’tnapishtim obrazi
uchraydi. Rivoyat qilishlaricha, dunyoni to’fon bosganida faqat diyonatli
O’tnapishtimdan boshqa odamlar halok bo’ladi. U xudo Enkining maslahati
asosida hamma joyi bekitilgan quti yasab, oilasi va xizmatkorlari bilan omon
qoladi (bu rivoyat turkiylar otasi Nuhning kemasini ham eslatadi). Dunyoda
bir kishi ham sog’-salomat qolmagan to’fondan jon saqlash balo-qazolardan
toblanish belgisidir. Bunday odamlarga nisbatan hozirda ham «o’tta yonmas»,
«olovda pishgan» iboralari qo’llaniladi. O’tna pishdim nomi o’zbek tilidagi
«o’tta pishmoq»ning ma’nosiga yaqin anglashiladiki, bu qahramon harakatiga
mos tushadi.
Shumerlar osmon davlatida yashaydigan xudolarni sut, non, kiyim–
bosh bilan ta’minlash zarur deb tushunadi. Shu sababli donishmandlik xudosi
Enki loydan odam yasaydi. Bu shumerlar edi. Gilgamish ham loydan
yasalgan. Odamlar osmondagi o’z rahnamolariga sig’inishi, ularga zaruriy
narsalarni tayyorlab berishi va buning uchun mehnat qilishi kerak edi. Shumer
xalqining mifologiyasidagi bu ta’limot Ko’k tangri dini haqidagi tushunchadan
uzoq emas.
Shumerlarning «Gilgamish» ruhidagi yana bir qahramonlik eposi Etana
nomi bilan bog’lanadi. Etana ham Gilgamish singari inson umrini
yashartiradigan mo’jizaviy o’tni qidiradi. U o’tni axtarib, burgutning bo’yniga
minadi, osmonning o’n to’rtinchi qavatiga ko’tariladi. Etana pastga qaraydiyu,
yuragi uvishib ketadi. Yer sira ko’rinmas edi. Shunda vahimaga tushib, qo’lini
burgutning bo’ynidan olib yuboradi va yerga qulaganicha, halok bo’ladi.
O’zbek tilida «etana polvon», «etanasi chiqib» kabi birikmalar, kinoyali gaplar
yo’q emas. Bu so’zlarning ma’nosi shumeriylar qahramoni Etana polvon
harakatiga yaqinligi bilan e’tiborni tortadi.
Etana haqidagi dostonning asosiy voqyeasi insonning burgutga minib
uchishidir. Qushlar yordamida osmonga parvoz etish voqyealari qadimgi
turkiy eposlarda, jumladan, «Go’ro’g’li» turkumidagi dostonlarda, «Semurg’»
afsonasida yoki Nosiriddin Rabg’uziyning «Qissasi Rabg’uziy» asarida
tasvirlangan.
Shumer xalqi jahon antik adabiyotining birinchi asoschisidir. Bu
xalqdan bizgacha ko’plab lirik she’rlar, masallar, xudolar sha’niga bitilgan
qasidalar yetib kelgan.
Shunday qilib, shumer adabiyoti tilini, asarlarida aks etgan diniy ta’limot, urf –
odatlarni keyingi asrlarda yashagan turkiy xalqlarga o’xshashlik tomonlar bor
deb hisoblash mumkin.