Rejalashtirish tartibga soluvchi jarayon sifatida korxona faoliyatini yaqin va uzoq
istiqbol sari ilgari surish, asoslab berish, muayyanlashtirish va izohlab berishni
rejalarda o‘z aksini topadi. Bozor iqtisodiyotida reja “yot unsur” yoki “yuqoridan”
keluvchi buyruq sifatida qabul qilinishi sababli, hozirgi xo‘jalik yuritish faoliyatida
tushunchalardan foydalaniladi. Demak, rejalashtirish, jumladan, indikativ reja va
prognoz – bu, korxonalarning xo‘jalik faoliyati uchun mahsulot ishlab chiqarish va
uni sotish uchun barcha omillardan foydalanish va tayyorgarlikning o‘z vaqtida
bo‘lishi bilan bog‘liq bo‘lgan qulay sharoitlarni yaratishdir.
Korxonalar faoliyati va iqtisodiyotda rejalashtirishdan tashqari bashorat qilish ham
katta rol o‘ynaydi. Bashorat qilish xo‘jalik faoliyati yurituvchi subyektning
istiqbolda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarni ilmiy asoslagan holda
avvaldan ko‘ra bilishini ifodalaydi.
Bashorat qilish rejalashtirish tavsifida o‘z aksini topadi: ishlab chiqarish va
korxona iqtisodiy hayotining boshqa jihatlarini strategik rejalashtirish - o‘rta va
uzoq muddatli bashoratlar asosida hamda joriy rejalashtirish - qisqa muddatli
bashoratlar asosida ishlab chiqiladi.
Bashorat – bu, korxona, obyekt yoki hodisaning kelajakdagi ahvoli va ularni
amalga oshirish variantlari va muddati to‘g‘risidagi ilmiy jihatdan asoslangan
mulohazadir. Bashoratlarni ishlab chiqish jarayoni bashorat qilish, ya'ni kelajakni
hozirgi paytdan kelib chiqqan holda oldindan ko‘ra bilish deb ataladi.
Rejalashtirish – qaror qabul qilishning uzluksiz bir jarayoni bo‘lib, bu
jarayon davomida korxona faoliyati va rivojlanishining maqsad va vazifalari
atrofda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni inobatga olgan holda vaqt bo‘yicha
aniqlanadi va belgilanadi hamda ularni amalga oshirish uchun resurslar aniqlanadi.
Mazmuniga ko‘ra, rejalashtirish texnik-iqtisodiy va tezkor-ishlab chiqarish
turlariga bo‘linadi.
Texnik-iqtisodiy rejalashtirish korxona faoliyatining barcha (iqtisodiy, texnik,
ijtimoiy va hokazo) jihatlarini qamrab oluvchi rejalashtirish turi bo‘lib, asosan bir
yilga mo‘ljallangan iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish rejasi shaklida amalga
oshiriladi.
Tezkor-ishlab chiqarish rejalashtirish texnik-iqtisodiy rejalashtirishning davomi
bo‘lib, korxona faoliyati yillik rejasini yanada qisqaroq muddatga - sutka, o‘n
kunlik, oyga bo‘lib muayyanlashtirish bilan tavsiflanadi.
Kalendar rejalashtirishda korxona yillik rejasida va birinchi o‘rinda ishlab
chiqarish dasturi(mahsulot tayyorlash rejasi)ni o‘n kunlik, hafta, kun va smena
bo‘yicha aniqlashtirish hamda bu ko‘rsatkichlarni bajaruvchilarga yetkazish ko‘zda
tutilgan.
Dispecherlashtirish oylik, o‘n kunlik, kunlik sutka-smenalik rejalarni
bajarishni tezkor boshqarishda ifodalanadi.
Strategik rejalashtirish xo‘jalik yuritishning bozor tizimidagina vujudga
kelib, 10-15 yillik davrni o‘z ichiga oladi. U korxona rahbariyatining mas'uliyatli
vazifasi hisoblanadi hamda rivojlanishning ustivor yo‘nalishlarini topish va
bozorda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan talabni inobatga olgan holda resurs bilan
ta'minlashga qaratilgan.
Qisqa muddatli rejalashtirishda korxona faoliyati va rivojlanishi 1-3 yilga
mo‘ljallab rejalashtiriladi.
Bozor munosabatlarida raqobatchilikni kuchaytirish hamda xo‘jalik yuritish va
hayotiy jarayonlar dinamikasi hisobiga joriy rejalashtirish amalga oshirilib, unga
choraklarga bo‘lingan yillik rejalar asos qilib olinadi.