O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
FARMONI
INFLATSION TARGETLASH REJIMIGA BOSQICHMA-BOSQICH O‘TISH ORQALI PUL-KREDIT
SIYOSATINI TAKOMILLASHTIRISH TO‘G‘RISIDA
Inflatsiya darajasini yanada pasaytirish borasidagi chora-tadbirlarning amalga oshirilishi aholi
turmush darajasini yaxshilash va barqaror iqtisodiy o‘sish uchun sharoitlar yaratishga qaratilgan
iqtisodiy islohotlar samaradorligini ta’minlashning muhim omili hisoblanadi.
Xalqaro tajriba bozor iqtisodiyoti sharoitida pul-kredit siyosatini yuritishning samarali
usullaridan biri inflatsion targetlash rejimi ekanligini ko‘rsatmoqda, bunda pul-kredit bozoridagi
markaziy bankning faol ishtiroki, shuningdek, iqtisodiy rivojlanishning muntazam tahlili va davlat
siyosati rejalarining keng yoritib borilishi inflatsiyaning miqdoriy maqsadlariga erishishni
ta’minlaydi.
Shu bilan birga, inflatsion targetlash rejimini joriy etish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy
banki va Vazirlar Mahkamasining quyidagi yo‘nalishlarga qaratilgan muvofiqlashtirilgan
tayyorgarlik ishlarini talab etadi:
inflatsiyaning nomonetar omillari rolini bosqichma-bosqich pasaytirish, shu jumladan,
tariflarni tartibga solishni isloh qilish, iqtisodiyotning real sektorida tarkibiy iqtisodiy islohotlar
samaradorligini ta’minlash va ichki bozorni iste’mol tovarlari bilan to‘ldirish;
Markaziy bankning makroiqtisodiy tahlil va kommunikatsiya siyosati sifatini oshirish;
regulyatorning kredit bozoriga samarali ta’sir etishini ta’minlab beruvchi, pul bozorini tartibga
solishning yangi instrumentlarini joriy etish.
Makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash uchun iqtisodiyotni tartibga solishning bozor
mexanizmlari va instrumentlarini qo‘llashni kengaytirish, shuningdek, pul-kredit siyosati
samaradorligini tubdan oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki inflatsiya darajasini 2021-yilda 10 foizgacha
pasaytirish hamda 2023-yilda 5 foiz darajadagi doimiy inflatsion maqsadni (target) o‘rnatish yo‘li
bilan 2020-yilning 1-yanvaridan boshlab pul-kredit siyosati mexanizmlarini bosqichma-bosqich
inflatsion targetlash rejimiga o‘tkazishni ta’minlasin.
2. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki pul-kredit siyosatining asosiy
tamoyillari etib belgilansin:
inflatsiyaning doimiy amal qiladigan maqsadini belgilash va uni keng jamoatchilikka
yetkazish;
pul bozoridagi foiz stavkalarini tartibga solish va inflatsion jarayonlarni boshqarish maqsadida
pul-kredit siyosatining keng qamrovli instrumentlarini qo‘llash;
pul-kredit siyosati sohasida obyektiv qarorlar qabul qilish maqsadida ichki va tashqi
bozorlarda mavjud bo‘lgan ochiq ma’lumotlarni hisobga olgan holda batafsil makroiqtisodiy tahlil
va prognozlarni amalga oshirish;
pul-kredit siyosati maqsadlarini keng jamoatchilikka yetkazish, makroiqtisodiy holatning
oldindan ko‘ra bilinishini ta’minlash va bozor ishtirokchilari ishonchini shakllantirish maqsadida
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining kommunikatsiya siyosatini takomillashtirish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Markaziy banki inflatsion targetlash
rejimiga to‘liq o‘tish uchun sharoitlar yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini
ta’minlasin, xususan:
muvofiqlashtirilgan monetar-fiskal va monopoliyaga qarshi siyosat yuritish;
raqobatdosh bozor iqtisodiyotiga o‘tishni tezlashtirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar
raqobatbardoshligini oshirish hamda tovarlar va xizmatlarning to‘laqonli bozorlarini shakllantirish
orqali iqtisodiyot tarmoqlarida tarkibiy islohotlarni amalga oshirishni davom ettirish;
monopoliyaga qarshi kurashish va narxlarni tartibga solishning zamonaviy usullariga o‘tishga,
shuningdek, ishlab chiqarish infratuzilmasini kengaytirishga yo‘naltirilgan tartibga solinadigan
narxlarni bosqichma-bosqich erkinlashtirish;
jamg‘armalarni investitsiyalarga transformatsiya qilish uchun moliyaviy vositachilik
institutlarini rivojlantirish maqsadida bank tizimi hamda moliya bozorlarini isloh etish, shuningdek,
moliyaviy oqimlarni uzoq muddatli rejalashtirish uchun imkoniyat yaratish.
4. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Markaziy bankining inflatsiyani pasaytirish va
narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi harakatlari konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda —
Konsepsiya)
1-ilovaga
muvofiq;
2020-yilda inflatsiyani pasaytirish va narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”
(keyingi o‘rinlarda — “Yo‘l xaritasi”)
2-ilovaga
muvofiq ma’qullansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki quyidagilarni joriy etish orqali pul-kredit siyosati
instrumentlari, mexanizmlari va jarayonlarini inflatsion targetlash rejimi standartlariga
muvofiqlashtirish choralarini ko‘rsin:
2020-yilning 1-yanvariga qadar pul bozori foiz stavkalariga ta’sir ko‘rsatuvchi bozor
instrumentlari, shu jumladan Markaziy bank obligatsiyalari, overnayt depozitlar, doimiy tusdagi
depozit auksionlari, davlat qimmatli qog‘ozlari va xorijiy valyuta garovi ostida kredit auksionlari va
overnayt kreditlari;
2020-yil davomida foiz va valyuta xatarlarini boshqarishda hosilaviy instrumentlar (svop,
opsion va fyucherslar) va tijorat banklarining valyuta kursi shakllanishidagi rolining bosqichma-
bosqich oshirib borilishi;
bir oy muddatda Markaziy bankning banklararo pul bozoriga muntazam intervensiyasi orqali
moslashuvchan foiz siyosatini amalga oshirishda asosiy foiz stavkasining foiz koridori mexanizmi;
2020-yilning 1-apreliga qadar xalqaro moliya institutlarining texnik ko‘magi hamda ilg‘or
xalqaro tajriba asosida ekonometrik modellashtirish instrumentlarini rivojlantirishni nazarda
tutuvchi makroiqtisodiy tahlil va prognozlash tizimi;
ikki oy muddatda Markaziy bank tomonidan iqtisodiyotdagi joriy holat, inflatsion
jarayonlarning asosiy omillari va pul-kredit siyosati choralarining o‘z vaqtida yoritilishini ko‘zda
tutuvchi kommunikatsion siyosatning zamonaviy tamoyillari;
inflatsiya va inflatsion kutilmalar omillarini doimiy o‘rganib borish, xalqaro moliya institutlari
va boshqa davlatlar markaziy banklari texnik ko‘magini jalb etish orqali ilg‘or xorijiy tajribani
o‘rganish.
6. Inflatsiya darajasini pasaytirish va narxlar barqarorligini ta’minlash borasidagi chora-
tadbirlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha komissiya (keyingi o‘rinlarda — Komissiya)
3-ilovaga
muvofiq
tarkibda tashkil etilsin.
Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
inflatsiya omillari va narxlar oshishiga olib kelayotgan sabablarni bevosita joyiga chiqqan
holda tahlil etish va tanqidiy baholab borish;
barcha vazirlik va idoralar sa’y-harakatlarini iqtisodiyotda inflatsiya darajasini pasaytirish
hamda amalga oshirilayotgan siyosatning o‘zaro muvofiqligini ta’minlashga qaratish;
respublika pul-kredit siyosatini inflatsion targetlash rejimiga o‘tkazishga qaratilgan chora-
tadbirlarning o‘z vaqtida va samarali ijro etilishidagi kamchilik va muammolarni aniqlash,
shuningdek, ularni bartaraf etish hamda ushbu sohadagi vakolatli organ va tashkilotlar
rahbarlarining mas’uliyatini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
vakolatli organ va tashkilotlar rahbarlari va boshqa vakillari ishtirokida har oyda kamida ikki
marta ichki bozorda narxlarni barqarorlashtirish va inflatsiyani pasaytirishga qaratilgan chora-
tadbirlar ijrosini muhokama qilishni tashkillashtirish, shuningdek, amalga oshirilgan ishlar
to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borish.
7. Belgilansinki:
2020-yil 1-yanvardan boshlab tijorat banklari tomonidan (milliy valyutada) yangidan
beriladigan barcha turdagi kreditlar, shu jumladan davlat dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlar
bo‘yicha foiz stavkalari Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan kam bo‘lmagan
darajada belgilanadi, ipotekani kreditlash bo‘yicha davlat dasturlari hamda paxta xomashyosi va
boshoqli don ekinlarini yetishtirish uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi
korxonalarga ajratiladigan kreditlar bundan mustasno;
2021-yil 1-yanvardan, zarur hollarda, foiz xarajatlarining ma’lum bir qismini kompensatsiya
qilish mexanizmlarini joriy etish orqali tijorat banklariga foiz stavkalarini mustaqil belgilash
huquqini bergan holda kreditlarni imtiyozli foiz stavkalarida berish amaliyoti bekor qilinadi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
2020-yilning 1-fevraliga qadar Energetika vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi,
Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-
2021-yillarda tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni, inflatsiya maqsadlariga ta’sirini hisobga olgan
holda erkinlashtirish grafigini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga
tasdiqlash uchun kiritsin;
umumiy fiskal balans taqchilligini 2022-yilda 1,5 foizdan oshmaydigan darajagacha
bosqichma-bosqich kamaytirishni ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining belgilangan parametrlar doirasidagi qat’iy
ijrosini, shuningdek, Markaziy bank bilan birgalikda soliq-budjet va pul-kredit siyosati muvofiqligini
ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi Moliya vazirligi va Markaziy
bank bilan birgalikda 2020-yilning 1-iyuliga qadar norezidentlarga moliya bozoriga kirishga ruxsat
berish shartlari, mexanizmlari va muddatlari bo‘yicha takliflarni yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan
salbiy oqibatlarini bartaraf qilishning aniq mexanizmlari va instrumentlarini ishlab chiqqan holda
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Markaziy banki:
Konsepsiya va “Yo‘l xaritasi”ning sifatli va o‘z vaqtida ijro etilishini;
“2019 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasida tarkibiy islohotlar asosiy yo‘nalishlarining
“Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishni ta’minlash bo‘yicha Iqtisodiy kengash yig‘ilishlarida soliq-budjet va
pul-kredit siyosati muvofiqligi hamda tarkibiy islohotlarning amalga oshirilishi holati masalalarini
ko‘rib chiqish va muhokama qilishni;
jahon bozorlaridagi real vaziyatning rivojlanishi va tarkibiy iqtisodiy islohotlarning amaliy
natijalaridan kelib chiqqan holda moslashuvchan makroiqtisodiy siyosat yuritish, shuningdek,
inflatsiyaning uzoq muddatli maqsadli ko‘rsatkichi (targeti) darajasigacha pasayishini;
“Yo‘l xaritasi”ning amalga oshirilishi va narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan
choralar samaradorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shuningdek, inflatsiya bo‘yicha qo‘yilgan
maqsadga erishish omillari va xatarlarini ko‘rsatgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Administratsiyasiga har chorakda ma’lumot kiritib borishni ta’minlasin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Moliya vazirligi
va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan birgalikda 2020-yilning 1-apreliga qadar Jahon
bankining texnik ko‘magi asosida ishlab chiqilayotgan Moliyaviy ommaboplikni oshirish milliy
strategiyasi doirasida moliyaviy savodxonlikni oshirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar rejasini ishlab
chiqsin va tasdiqlasin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Moliya vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu
Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.
Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi M.B. Nurmuratov zimmasiga yuklansin.
Do'stlaringiz bilan baham: |