101
IV – BOB. GEOGRAFIYA TA’LIMI JARAYONINING
TARKIBIY QISMLARI
4.1. Geografik tushunchalarni shakllantirish masalalari
Maktab geografiyasi mazmuni bilimlar (tushuncha, sabab – oqibat
aloqadorligi, qonuniyatlar, nazariy tasavvur, faktlar) ko‘nikmalar, malakalar hamda
dunyoqarash g‘oyalarini o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari ta’lim mazmunida
o‘quvchilarning ijodiy faoliyat tajribalari ham katta rol o‘ynaydi.
Bilim ko‘nikmalarning tabiat va jamiyat hodisalari haqida hosil qilgan
to‘g‘ri ma’lumotlardir. Bilim ijtimoiy mehnat va tafakkur mahsuli bo‘lib, mavjud
olamning obyektiv, qonuniy aloqalarini til vositasi bilan ifoda qiladi. Bilim bilish
bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, uning natijasi va tarkibiy qismidir. Obyekt va hodisalar
haqidagi bilimlar nisbiy bo‘lib, u mutlaq emas. U doimo rivojlanib boradi. Chunki
har bir yangi avlod o‘zidan oldingi avlod bilimlarini o‘zlashtiradi, yangi – yangi
hodisalarni chuqur o‘rganib, uni boyitadi, olg‘a siljitadi. Geografik bilimlar
kundalik tajriba, ilmiy kuzatish, nazariyalar orqali to‘planadi.
Bilimlar ikki guruhga ajratiladi:
1.
Nazariy bilimlar.
2.
Emperik bilimlar.
Nazariy bilimlarga narsa va hodisalarning mohiyati va o‘ziga xos
xususiyatlari ichki aloqadorligi va munosabatlari kiradi. Ilmiy bilimlar
umumlashgan bilimlar bo‘lib, o‘z ichiga nazariya, qonun, qonuniyat, sabab –
oqibat kabi tushunchalarni qamrab oladi. Emperik bilimlar obyekt va hodisalarning
tashqi xususiyatlariga oid bilimlarni aks ettiradi, bularga tasavvur va faktlar kiradi.
Maktab geografiyasining ilmiy darajasini oshirish munosabati bilan uning
mazmunida emperik bilimlarga nisbatan nazariy ilmlar hajmi ko‘paymoqda.
Geografiya kurslarining barchasida asosiy o‘rinni umumiy tushunchalar egallaydi
(relyef shakllari, iqlim turlari, iqtisodiy hududlar TIChKlar, TXMlar va h.k.). Har
bir geografiya kursidagi mavzular bilimlar tarkibiy jihatdan ancha murakkab
bo‘lib, sinfdan-sinfga murakkablashib boradi. Ayniqsa, bu ijtimoiy-iqtisodiy
geografiya kurslarida yaqqol namoyon bo‘lib, tushunchalar har bir mavzuda
ko‘plab uchraydi. Bular umumgeografik tushunchalar faktlarda, iqtisodiy,
ekologik, tarixiy, statistik va boshqa tushunchalar tarzida bo‘lishi mumkin.
Demak, o‘quv materiallari hajmi o‘quvchilar o‘zlashtirishi uchun ancha
murakkablik tug‘diradi. Shu tufayli bilimlarni puxta egallash uchun ularni
aniqlashtirish, umumlashtirish, induksiya, deduksiya va tahlildan unumli
foydalanish kerak. Har bir geografiya o‘qituvchisi bilimlarni egallash yo‘llarini
102
puxta bilishi lozim. Inson voqelikni bilish jarayonida narsalarni bir-biri bilan
qiyoslaydi. Ularni taqqoslaydi, o‘xshashligi va farqlarini aniqlaydi; tahlil va sintez
yo‘li bilan narsa va hodisalarning mohiyatini ochadi, fikran ularning belgilarini
ajratadi va umumlashtiradi. Natijada voqelikdagi narsa va hodisalar to‘g‘risida
tushuncha hosil bo‘ladi. Tushuncha narsa va hodisalarning umumiy va muhim
belgilarini aks ettiruvchi fikrdir. Tushunchalar mohiyati jihatidan aniq va abstrakt
(mavhum) tushunchalarga ajratiladi. Bir butun narsaga aloqador tushuncha aniq
tushuncha deyiladi.
Masalan: Avstraliya, Antraktika, Ural, Briz, Passat va h.k. Moddiy
borlikdagi narsalardan fikran ajratib olingan ba’zi xususiyat sifat, holatlarga,
shuningdek, narsalar o‘rtasidagi ichki munosabatlarga qonuniyatlarga qaratilgan
tushunchalar abstrakt (mavhum) tushuncha deb ataladi. Masalan: kenglik, uzunlik,
balandlik, tog‘lik, ixtisoslik, bozor va h.k. Geografik tushunchalar qo‘llash
jihatidan ikki turga bo‘linadi.
1.
Umumiy tushunchalar.
2.
Yakka tushunchalar.
Umumiy tushunchalar bir jinsda bo‘lgan ko‘p narsa va hodisalarni
gavdalantiradi. Umumiy tushunchalarga alohida narsa va hodisalar kirmaydi, balki,
bir xil nom bilan ataluvchi narsa va hodisalar kiradi. Masalan; daryo, iqlim, tabiat
zonasi, iqtisodiy rayon va hokazo. Umumiy tushunchalar mazmuniga ta’rif berish
va ularga xos bo‘lgan belgilarni aniqlash jarayonida kelib chiqadi. Yakka
tushunchalar, yakka obyekt va hodisa haqidagi geografik nom bilan ataluvchi
tushunchadir. Masalan, Oltoy tog‘lari, Amudaryo, Pomir, Markaziy Osiyo hududi,
Fransiya Respublikasi, Afg‘oniston va hokazo.
Yakka (mintaqaviy) tushunchalar o‘ziga xos yig‘ma tushunchalardan iborat
bo‘ladi. Masalan, «Osiyo» yakka tushunchasi o‘z ichiga juda ko‘p yakka
tushunchalarni qamrab oladi. «Osiyo tog‘lari», «Osiyo iqlimi», «Osiyo daryolari»,
«Osiyo ko‘llari» va hokazo. Yakka tushunchalar mazmuni ularga geografik ta’rif
berish orqali ochiladi. Geografik tushunchalarni shakllantirish uzoq va murakkab
jarayon hisoblanadi. Tushunchalarni egallash negizida yangi tushunchalarni
egallash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi va tushunchalar o‘rtasida to‘g‘ri
aloqadorlik o‘rnatishni ta’minlaydi. Tushunchani egallash deganda uning mazmuni
hamda u bilan bog‘liq bo‘lgan tasavvurlarni egallash tushuniladi. Geografiya
kursidagi har bir tushuncha o‘quvchilar ongida turli metodlar, yo‘llar bilan
shakllantiriladi. Bu har bir narsa, voqea, hodisa mazmunini belgilaydi. Geografik
tushunchalarni egallashning eng asosiy tomoni shundaki, ularga ta’rif bermay turib
ularni egallab bo‘lmaydi. Tushunchalarni shakllantirish bosqichlari va yo‘llari:
103
Induktiv fikrlash
1.
Geografik obyekt va hodisalar.
2.
Ularni taqqoslash orqali tushuncha belgilarini ajratish.
3.
Umumlashtirish.
4.
Tushunchaga ta’rif berish bo‘yicha bajariladigan ishlar.
5.
Tushuncha haqidagi bilimni amalda qo‘llash.
Deduktiv fikrlash
1.
Tushunchaning ta’rifini berish.
2.
Tushunchaga xos bo‘lgan belgilarni ajratish va egallash.
3.
Tushuncha aloqadorligini aniqlash.
4.
Mashqlar orqali tushuncha belgilarini mustahkamlash.
5.
Yangicha o‘quv vaziyatda tushunchani qo‘llash.
Yuqoridagilarga erishish uchun o‘quvchilarda bilish faoliyatini tashkil qilish
zarur. O‘quvchilardagi bu faoliyat tabiiy, iqtisodiy bilim manbalariga, jumladan,
karta, statistik ma’lumotlar, kuzatish natijalarga tayanmasdan tashkil qilib
bo‘lmaydi. Geografik tushunchalarni egallashdagi ikkinchi muhim xususiyat ilmiy
tushunchalarning bir-biri bilan bog‘lanib, tizim (sistema) hosil qilinganligidir.
Masalan, maktab tabiiy geografiya kurslari Yer yuzi tabiati, geografik qobiqlar
tarkibi va rivojlanishiga oid bo‘lgan yagona bilimlar tizimiga ega. Shu tufayli ham
tabiiy geografik tushunchalar mantiqan va geografik mazmun jihatdan bir-biri
bilan chambarchas bog‘liq. Bunga misol tariqasida «tabiiy hududiy kompleks»,
«geografik qobiq», «tabiat qismlari» va boshqalarni keltirish mumkin. Geografik
tushunchalarni shakllantirish uzoq muddat talab qiladigan jarayon bo‘lib, bir necha
kurs davomida o‘qitiladi va o‘rganiladi. Masalan: ekologiya tushunchasini
shakllanish bunga misol bo‘ladi. U quyi sinflardan boshlanib, yuqori sinflargacha
davom etadi.
Geografik tushunchalarni shakllantirish jarayoni boshqarilish xususiyatiga
ega bo‘lib, uni o‘qituvchi amalga oshiradi. O‘qituvchi darslik va dasturlar asosida
tushunchalarni ajratadi, ularni egallash, mustahkamlash va amalda qo‘llash
bosqichlarini belgilaydi hamda o‘quvchilarning tushuncha mazmunini qanday
egallash zarurligini ta’minlaydi. Geografik tushunchalar ta’lim jarayonida sekin-
asta rivojlanadi. Darsda shu narsaga e’tibor berish kerakki, umumiy tushunchalarni
shakllantirish yakka tushunchalarga tayanmasdan amalga oshmaydi. Masalan,
O‘zbekiston iqlimi tushunchasini qaysi paytda yaxshi shakllantirishi mumkin,
qachonki o‘quvchilarda iqlim hosil qiluvchi omillar haqida tushunchalar mavjud
bo‘lsa. Quyida O‘rta Osiyo tabiati tushunchasini shakllantirish jarayonini misol
tariqasida keltiramiz. Tahlil va mavhumlikdan foydalanib o‘quvchilar xayolan
104
O‘rta Osiyoni qismlarga bo‘ladilar. O‘rta Osiyoning tog‘li qismi va ularning
elementlarini (relyefi, iqlimi, o‘simlik va hayvonot olami) bilan tanishish
o‘quvchilarni O‘rta Osiyoning tabiat element belgilari bilan doimiy tarzda
aloqadorlikda ekanligini bilib olishga yordam beradi. O‘rta Osiyo tabiatining
relyefi, iqlimi, o‘simliklari va boshqa elementlarini boshqa hududlar bilan
qiyoslash orqali ularning o‘ziga xos bo‘lgan umumiy xususiyatlarini ajratadilar.
Keyinchalik esa deduktiv yo‘l bilan tabiat elementlari haqidagi umumiy
tushunchalarga tayanib ular o‘rtasidagi aloqadorlik va bog‘liqlikni ajratadilar.
O‘rta Osiyo tabiatini boshqa hududlar tabiati bilan taqqoslash orqali O‘rta Osiyo
tabiiy kompleksi degan to‘liq tushunchani egallaydilar.
Geografik obyektlarni ko‘rgazmali qurollarsiz va kartasiz ularga xos bo‘lgan
belgilarni ajratish birmuncha qiyinlashtiradi. Karta va ko‘rgazmali qurollar
o‘rganilayotgan obyektlarga doir belgilarni o‘zida mujassamlashtirgan bo‘lishi
kerak. Shu tufayli ham karta yakka tushunchalarni shakllantiruvchi asosiy manba
hisoblanadi. Faqat karta orqaligina istalgan geografik obyektning geografik o‘rniga
xos bo‘lgan belgilarni ajratish va shu hududning ichki xususiyatlarini ajratish
imkoniyatlari tug‘iladi.
Taqqoslash geografik tushunchalarni shakllantirishda katta ahamiyatga ega.
O‘quvchilar tanish obyektlarni o‘rganilayotgan obyektlar bilan taqqoslash orqali
ularga xos bo‘lgan belgi va xususiyatlarni bilib oladilar. Amudaryo va Sirdaryoni
taqqoslashda har ikkala daryoning shimol tomon oqishini, uzunligi deyarli
tengligini, ularning tog‘lardan boshlanishini, to‘yinishini hamda deyarli bir xil
ekanligini aniqlaydilar. Obyektlar elementlarini oddiy qiyoslash orqali o‘qituvchi
murakkabroq taqqoslashga o‘tadi. Masalan, nima uchun ularning shimolga oqishi
sabablarini, Amudaryo suvining nima sababdan Sirdaryoga nisbatan loyqa
ekanligini, kemalar qatnovidagi farqi kabi ko‘plab xususiyatlarni ajratadi.
Tushuncha quyidagi hollarda o‘quvchilar tomonidan egallangan hisoblanadi.
1. O‘quvchi tushunchaga ta’rif bera olsa (agar u umumiy tushuncha bo‘lsa).
2. Tushuncha mazmuniga xos bo‘lgan belgilarni ajrata olsa, tushuncha
belgilari o‘rtasidagi aloqadorlik va bog‘liqlikni farqlay olsa.
3. O‘rganilayotgan geografik obyekt yoki hodisa haqida o‘quvchi obrazli
tasavvurga ega bo‘lsa.
4. O‘quv vazifalarini bajarishda tushunchani mustaqil qo‘llay olsa.
5. Tushunchaning muvaffaqiyatli o‘zlashtirilishi uchun o‘quvchilar e’tiborini
tushuncha belgilarini tahlil qilishga qaratish kerak.
Faoliyatning bunday tashkil qilinishi o‘quvchilarni obyekt va hodisalardagi
eng muhim va ikkinchi darajali belgilarni ajratishga, ularni taqqoslashga va
guruhlashga o‘rgatadi.
105
Bunda ekskursiyalar, joyda amaliy ishlar uyushtirish katta rol o‘ynaydi.
O‘quvchilarning umumiy tushunchalarni mustaqil qo‘llay olish uchun reproduktiv
metod va ijodiy muammoli topshiriqlarni (qisman o‘zgaruvchan va tadqiqot
metodlar) bajarishga o‘rgatish kerak.
Geografiya ta’limida bilimlarni amalda qo‘llash o‘ziga xos xususiyatlarga
ega. Bu quyidagi yo‘nalishlarda bo‘lishi mumkin.
1. Amaliy topshiriqlarni, masalan, yer osti suvlarining harakatini, chuqurligini
aniqlash, daryoning suv sarfi, o‘rtacha chuqurlikni aniqlash va boshqalarni.
2. Geografik bilimlarni tabiat hodisalari va voqealarni tushuntirishda (yil
fasllarning almashishi yoki siyosiy kartalardagi o‘zgarishlar) ishlatish mumkin.
3. Bilimlarni qo‘llashda ilgari egallangan bilimlarni va yangi bilimlarni
egallash jarayonida ham ishlatish mumkin. Ijtimoiy-iqtisodiy geografik
tushunchalarni shakllantirish ham o‘ziga xos bo‘lib, odatda u 3 ta bo‘g‘indan
iborat bo‘ladi.
1. Kirish: O‘quvchilar bu bo‘g‘inda dastlab mamlakat yoki hududning boshqa
mamlakatlar va hududlar o‘rtasida tutgan o‘rni, maydoni va aholisi, tabiiy
boyliklar bilan ta’minlanganligi, xalq xo‘jaligidagi ixtisoslik tarmoqlarining tutgan
o‘rniga oid ma’lumotlar bilan tanishadilar.
2. Mamlakat yoki hududning iqtisodiy geografik ta’rifiga ega bo‘lgan
qatorlari bilan tanishadilar. Shu bo‘g‘inda to‘liq tushunchaga ega bo‘ladilar.
3. Mamlakat yoki rayonni boshqa rayon va mamlakatlarga qiyoslash orqali
tushunchani amalda qo‘llashga erishadi. Har bir bo‘g‘in yechimi o‘quvchilarning
har xil tarzda ishlashini talab qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |