«Man zalla fi nafsihi rafa’allohu qadrahu va man azza fi nafsihi azallahu fi a’yuni
ibodihi»*.
Asadbek bu hikmatdan bexabar edi. Bola chog‘ida, bunday hikmatlar qalbiga
muhrlanishi lozim bo‘lgan pallada otasi urushda edi. Onasi tirikchilik tashvishidan
ortmasdi. Mahalladagi qari-qartanglar ham bolalarga odob o‘rgatish yumushiga befarq
bo‘lib qolgan edilar. Go‘yo ular urush tamom bo‘lganidan keyin ham hayot davom
etajagini, jamiyat yaxshi xulq egalariga muhtoj bo‘lajagini unutgan edilar. Barcha o‘z
qayg‘usi, o‘z tashvishi bilan band edi. Keyinchalik og‘ir zamonlar o‘tdi. Qorin to‘ydi.