QAYRAG‘OCH
Assalom, azizim, qayrag‘och og‘a,
Balki men jiyanman, sen menga tog‘a.
Farqimiz bittadir: sening tiling yo‘q,
Yurarga oyog‘ing, ketar yo‘ling yo‘q.
Lekin baxtlidursan, soya solursan,
Bahra olganlardan duo olursan.
Tog‘ajon, mening-chi, ahvolim mushkul,
Mendan panoh topgan qarg‘aydi nuqul.
Bitta iltimos bor: o‘rin almashsak,
Men ham daraxt kabi yashasam andak.
Sen-chi, bu dunyoga Inson bo‘lib boq,
Mayli, bir kun meni o‘tin qilib yoq.
1981
QIRQ YOSH
Qirq yosh ham keldiyu qo‘limdan tutdi,
Borman na ertakda, na afsonada.
Qirq yilning naq yarmi yo‘llarda o‘tdi,
Yarmi esa o‘tdi bemorxonada.
Shu mo‘’jaz uyimda yonsin deb chiroq,
Ne aziz zotlarga yondoshdim gohi.
Birin aka dedim, birini o‘rtoq,
Ba’zan nom chiqardim: davron maddohi!
Kim alam chekmabdi umrida bir bor .
U meni anglamas, anglamas aslo!
Kim haqqa tashnadir, kim mehrga zor,
Saylanma. Abdulla Oripov
www.ziyouz.com kutubxonasi
9
Men unga umrimni etgumdir fido.
Ming bora roziman ona yurtimdan,
Ko‘rdi u erkalik chog‘larimni ham.
Kimdir tosh otsa ham goho ortimdan,
Qoshimda bosh egdi kelib so‘nggi dam.
Qirq yillik umrimning eng avj pallasi
Kelajak kunlarga munglig‘ qarayman.
Ukajon, navbating yetdi chamasi,
Endi men saflarga qanday yarayman?!
Bir vaqtlar jo‘r bo‘lib o‘tli yoshlikka
Yurardim hech so‘nmas tilagim bilan.
Bugun-chi, dardlashib turibman yakka
Shu majruh, shu xasta yuragim bilan.
Afrosiyob kabi vayrondir dilim,
Cho‘ng larza yuz berdi unda nogahon.
Oh, faqat ko‘milib ketmasin yo‘lim,
Faqat o‘tib tursin ko‘chamdan zamon!
1981, Moskva
XAYRLASHUV
Xayr, ey, bearmon kezgan qirlarim,
Xayr, ey, yiroqqa qochgan so‘qmoqlar.
Xayr, ey, maskanim - tuqqan yerlarim,
Xayr, ey, sahrolar, xayr, ey, tog‘lar.
Endi sizni qayta qucha bilmasman.
Inja diydoringiz endi o‘zgadir.
Shamollar, siz bilan ucha bilmasman,
Chechaklar, endi siz menga beqadr.
Oshno kengliklarga tashlab jim nazar,
Tirqirab keladi ko‘zlarimga yosh.
Shamollar holimdan olganday xabar,
Bir lahza teppamda tinganday quyosh,
Ulardan nogahon tinglayman xitob:
Shoirim, sen qayga qaytmoq bo‘libsan?
Kim seni badarg‘a qilmish, ber javob,
Sen nechun alvido aytmoq bo‘libsan?
Oltin bolaliging o‘tgan tuproqda
Nahot topilmasa senga bir madad?
Nahot onang ruhi qolmish yiroqda,
Nahot bobolaring qo‘llamas minba’d?
Go‘zal bu dunyoga kelib ketmoqlik
Nahotki shuncha jo‘n, shunchalar oson?!
Yulduzlar shivirlar, dillari dog‘lik:
Yo o‘zga sir bormi? Aytgil, qadrdon!
Yo‘q, deyman va lekin sim-sim yig‘layman,
Qirq ko‘zgu keladi qarshimga bot-bot,
Dilbar kunlarimni bir-bir ilg‘ayman,
Misli oinaga boqqanday Farhod.
Saylanma. Abdulla Oripov
www.ziyouz.com kutubxonasi
10
Endi qaytib kelmas u damlar sira,
Shul sabab dilda g‘am, ko‘zlarimda yosh,
Qoldi qaylardadir yoshlik - bokira
Quduq tublariga cho‘kkanday quyosh.
Men ko‘rar endigi bu go‘zal olam,
Sirli u damlarning mavhum soyasi.
Shul sabab qalbimni o‘rtaydi alam,
Shul sabab g‘amimning yo‘q nihoyasi.
Hayajon bu - o‘lim, kulfatdir - qo‘shiq,
Qilt etgan shamoldan titramas yurak.
Unga endi na dard, na quvonch, na ishq,
Balkim to‘ng‘ib qolgan bir orom kerak.
Bir hovuch kul emish otash qismati,
Men ham yona-yona tindim nogahon.
Endi tillarimda vido hasrati,
Endi ko‘zlarimga tiyradir jahon.
Olam tin oladi, tinurman men ham,
Endi u sirlarin so‘ylamas ortiq.
Faqat derazamda bir qushcha beg‘am
Menga qo‘shiqlarin etadi tortiq.
Hayot deb atalgan xush tilak bilan
Kechalar behudud o‘yga tolurman.
Tosh qotgan, nogiron shu yurak bilan
Mo‘ysafid quyoshni qarshi olurman.
1981, Moskva
Do'stlaringiz bilan baham: |