www.ziyouz.com kutubxonasi
62
Qurbon oldin ketar, jallod keyinro
1991
* * *
Shudgorda qarg‘alar to‘dasin ko‘rsang,
Sira ajablanma, bo‘lma hangu mang.
Sen yerni ag‘darib, shudgor qilgan chog‘
Yuzaga chiqqandi qurtu chuvalchang.
1991
* * *
Bahor! Sendan xushnud jami kor ahli
Xususan shod erur xoksor ahli.
Chunki tashrifingdan dil erib, zora,
Odamga o‘xshasa amaldor ahli.
1991
* * *
Bolaga o‘xshaydi, deydilar xalqni,
Bu gapni aytganlar, ehtimol haqdir.
Lekin takrorlayman men ham bir haq
Axir, bolalarning o‘zi ham xalqdir.
1991
* * *
Har gal ayyomlarni aylarman tavob,
Garchand biri moddiy, o‘zgasi sarob.
Sho‘rlik ona zamin birlikka zor-ku,
Unga talpinish ham, demak, zo‘r savob!
1991
* * *
Tabiat kimga ko‘p yo oz beribdi,
Kimgadir xala cho‘p yo soz beribdi.
Vo ajab, mana bu mashshoq gadoyga,
Tengi yo‘q shohona ovoz beribdi.
1991
* * *
Ranjima toleing kulmasa agar,
Inson borin ko‘rar, o‘lmasa agar.
Shoir ham ijoddan qolmagay aslo,
Nogoh paymonasi to‘lmasa agar.
1991
Saylanma. Abdulla Oripov
Do'stlaringiz bilan baham: |