www.ziyouz.com
kutubxonasi
12
Nazarimda, dunyoda Duyshendan o‘tar olim, undan o‘tar aqlli odam yo‘q edi.
Shu orada qish ham kirib qoldi.
Birinchi qor tushguncha tepaning etagida shildirab oqib turgan ariqdan qo‘l ushlashib kechib o‘tib
yurdik. Keyin ariqning suvi oyoqni kesib yuboradigan bo‘lib, kichkina bolalarning ko‘zidan tirqirab
yosh ham chiqib ketdi. Endi bolalar turnaday tizilib turishardi. Duyshen ularni galma-galdan bittasini
yelkasiga olib, ikkinchisini qo‘lida ko‘tarib ariqdan o‘tkazib qo‘yardi.
Shularni hozir o‘ylab ketib, ko‘rgan ko‘zimga ham ishongim kelmay qoldi. Odamlar o‘sha vaqtda
johilligidanmi deyman yoki bo‘lmasa aqli kaltalik qilganmi, haytovur, Duyshendan kulishardi. Tog‘da
qishlab, har zamon tegirmonga kelgan boylarni asti qo‘yavering. Ustlarida pochapo‘stin, boshlarida
suvsar telpak, ostlarida semiz otlarini o‘ynatib, kechuv yonida bizga duch kelganlarida Duyshenni
kalaka qilganlari-qilgandi:
–
Manavi, bittasini qo‘liga, bittasini orqalab olgan jo‘jabirday kim o‘zi? - deb qamchisi bilan
turtib o‘tmay qo‘ymasdi birontasi.
Boshqa biri:
– Attang, bunaqa mehnatkashligini bilganimda, kichik xotinlikka olardim-ku! - deya xoxolab
kulib, hamma yog‘imizga loy sachratib o‘tib ketishardi.
O‘shanda xo‘rligim kelib yig‘laguday bo‘lardim, g‘azabim qaynab, kuchim yetsa otning
tizginidan ushlab, «Muallimimizning sadaqasi ketgur, uyatsiz, ahmoqlar!» - deb yuzlariga tik boqib
qichqirgim kelardi.
Biroq norasida qizning gapiga kim ham quloq solardi. Achchiq-achchiq ko‘z yoshlarimni ichimga
yutib qolaverardim. Duyshen bo‘lsa hech nima ko‘rmagan, hech nima eshitmaganday, bu sassiq
gaplarga parvo ham qilmasdi. Qaytanga, biron qiziq gap o‘ylab topib, bizlarni alahsitish payidan
bo‘lardi.
Ko‘prik solishga yog‘och topish uchun Duyshen har qancha harakat qilsa ham, bo‘lmadi. Bir kuni
maktabdan qaytayotganimizda, bolalarni ariqdan o‘tkazib qo‘ydik-da, Duyshen ikkalamiz ariq bo‘yida
qoldik. Suv kechishdan qutulpsh uchun tosh va chimdan hatlamchi yasamoqchi bo‘ldik.
Rostini aytganda, ovuldagilarning o‘zlari insof qilishsa, shu yerga ikkita-uchta taxta olib kelib
tashlashsa, ko‘prik ham bitardi-qo‘yardi, lekin u zamonlarda o‘qishning ma’nosiga aqli yetmagan
xaloyiq, Duyshenni anchayin bekorchi afandi deb bilishardi. Chidasang o‘qit, bizni tinch qo‘y,
deganday, ot kechgan yerga ko‘prik solib o‘rganmagan odamlar, bizning mushkulimizni oson qilish
yetti uxlab tushlariga ham kelmabdi-ya! Lekin ular, tanalariga bir o‘ylab ko‘rishsa bo‘lardi: nima
uchun boshqalardan ortiq bo‘lsa borki, lekin kam yeri bo‘lmagan, aqli hushi joyida bu navqiron
yigitiing shuncha azob-uqubat, xo‘rliklariga qaramay, tirishib-tirmashib ularning bolalarini o‘qitib,
qo‘lidan kelganicha ularga ilm berayotganining vaji nima edi?
Biz o‘sha kuni ariqqa hatlamchi solayotganimizda birinchi qor tushgan edi. Suyak-suyaklardan
o‘tib oyoq-qo‘lni qaqshatgan muzdek suvda Duyshenning oyoq yalang bo‘lib olib, katta-katta xarsang
toshlarni ko‘tarib yurganiga hali-hali aqlim yetmaydi. Ariqning o‘rta yeridan zo‘rg‘a qadam tashlab
borardik, suv oyog‘imni kesib ketay derdi, bir vaqt boldirimning tomiri tortishib, alamiga chidolmay
qoldim, nomus kuchli, na baqirishimni bilaman, na qaddimni rostlay olaman. Ko‘zim tinib yiqilib
ketayotgan ekanman. Duyshen ko‘rib qoldi, qo‘lidagi toshni irg‘itib yuborib yonimga yugurib keldi,
dast ko‘tarib, ariqdan olib chiqdi-da, yerda yotgan shineliga qo‘ydi. U goh tirishib, ko‘karib qolgan
oyoqlarimni uqalar, goh muzlab qolgan qo‘llarimni kaftlari orasiga olib ishqalar, goh og‘ziga yaqin
olib borib nafasi bilan ilitardi.
– Qo‘y, Oltinoy, sadag‘ang ketay, sen shu yerda isinib o‘tiraver, - deb Duyshen yalinganday
bo‘ldi,– men o‘zim hozir bitkazaman...
Hatlamchini bitirgandan keyin, Duyshen etigini kiyib turib, sovuqdan hurpaygan avzoyimni
ko‘rib miyig‘ida kulib qo‘ydi:
– Isidingmi, hasharchi qiz? Shinelni yopinib ol, ha balli! - dedi. Bir ozdan keyin: – Huv o‘shanda
Chingiz Aytmatov. Birinchi muallim (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |