10-MAVZU.
MANTIQ
ILMINING
PREDMETI,
ASOSIY QONUNLARI.
TUSHUNCHA TAFAKKUR SHAKLI SIFATIDA
136
takrorlanib turuvchi xususiyatlariga va munosabatlariga qaratishimizga imkon
beradi. Xususan, turli kishilarga xos individual belgilarni (xulq-atvor, temperament,
qiziqish va shu kabilar) e’tibordan chetda qoldirgan holda, ular uchun umumiy,
muhim belgilarni, masalan, ongga ega bo‘lish, maqsadga muvofiq holda mehnat
qilish, ijtimoiy munosabatlarga kirishish kabi xislatlarni ajratib olib, «inson»
tushunchasini hosil qilish mumkin. Umumiy belgilarni aniqlash predmetlar
o‘rtasidagi munosabatlarni, bog‘lanish usullarini o‘rnatishni taqozo etadi. Turli xil
predmetlar fikrlash jarayonida o‘xshash va muhim belgilariga ko‘ra sinflarga
birlashtiriladi va shu tariqa ularning mohiyatini tushunish, ularni xarakterlaydigan
qonuniyatlarni bilish imkoniyati tug‘iladi. Masalan, yuqorida keltirilgan «inson»
tushunchasida barcha kishilar bitta mantiqiy sinfga birlashtirilib, ular o‘rtasidagi
muhim bog‘lanishlar (masalan, ijtimoiy munosabatlar) bilib olinadi.
Tafakkur borliqni nafaqat bevosita, balki bilvosita tarzda ham aks ettira oladi.
Unda yangi bilimlar tajribaga har safar bevosita murojaat etmasdan, mavjud
bilimlarga tayangan holda hosil qilishi mumkin. Fikrlash bunda predmet va
hodisalar o‘rtasidagi aloqadorlikka asoslanadi. Masalan, bolaning xulq-atvoriga
qarab uning qanday muhitda tarbiya olganligi haqida fikr yuritish mumkin.
Tafakkurning mazkur xususiyati, ayniqsa, xulosaviy fikr hosil qilishda aniq
namoyon bo‘ladi.
Tafakkur insonning ijodiy faoliyatidan iborat. Unda bilish jarayoni borliqda real
analogiga ega bo‘lmagan narsalar – yuqori darajada ideallashgan ob’ektlar (masalan,
absolyut qattiq jism, ideal gaz kabi tushunchalar)ni yaratish, turli xil formal
sistemalarni qurish bilan kechadi. Ular yordamida predmet va hodisalarning eng
murakkab xususiyatlarini o‘rganish, hodisalarni oldindan ko‘rish, bashoratlar qilish
imkoniyati vujudga keladi.
Tafakkur til bilan uzviy aloqada mavjud. Fikr ideal hodisadir. U faqat tilda –
moddiy hodisada (tovush to‘lqinlarida, grafik chiziqlarda) reallashadi, boshqa
kishilar bevosita qabul qila oladigan, his etadigan shaklga kiradi va odamlarning
o‘zaro fikr almashish vositasiga aylanadi. Boshqacha aytganda, til fikrning bevosita
voqe bo‘lish shaklidir.
Tafakkur uch xil shaklda: tushuncha, hukm (mulohaza) va xulosa chiqarish shaklida
mavjud.
Tafakkur shakli fikrning mazmunini tashkil etuvchi elementlarning bog‘lanish usuli,
uning strukturasi (tuzilishi)dir. Fikrlash elementlari deganda, predmetning fikrda
ifoda qilingan belgilari haqidagi axborotlar tushuniladi. Tafakkur shaklining
tabiatini konkret misollar yordamida ko‘rib chiqamiz.
Ma’lumki, ayrim predmetlar, ularning sinfi (to‘plami) kishilar tafakkurida turli xil
mazmunga ega bo‘lgan tushunchalarda aks ettiriladi. Masalan, «davlat»
tushunchasida o‘zining maydoniga, aholisiga, boshqaruv vositalariga ega bo‘lgan
siyosiy tashkilot aks ettiriladi. “Milliy g‘oya” tushunchasida esa millatning, xalqning
kelajak bilan bog‘liq orzu-havaslari, maqsadlari, tub manfaatlari ifoda etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |