Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
www.ziyouz.com kutubxonasi
77
Andijon ko‘chalari tahlikali bir sukutga cho‘mgan. Jimjit kechada ark darvozasining
g‘iyqillab ochilgani uzoqlarga eshitildi. Darvozaxonadan tushgan xira yorug‘da arkdan
chiqib kelayotgan bir to‘p qurolli otliqlar ko‘rindi. Oldinda erkakcha to‘n va bo‘rk kiygan,
beliga kamar bog‘lab, xanjar osgan Xonzoda begim. Uning navkarlari orasida kelayotgan
mavlono Fazliddin ham to‘nining ustidan harbiycha kamar bog‘lab,
beliga qilich taqib
olgan.
Samarqanddan qaytgan chopar Boburning hayot bilan o‘lim orasida behush bo‘lib
yotganini aytib bergandan keyin qal’a himoyachilarining bir qismi fitnachilar tomonga
qochib o‘tib ketdi. Qo‘rg‘on devorlarining har bir gazini qo‘riqlab turishga odam
yetishmay qoldi. Qorong‘i tunda dushmanning devorga narvon qo‘yib, oshib tushish
xavfi kuchaydi. O‘n olti yoshida sho‘xlik
bilan yigitcha kiyinib, chavgon o‘ynab yurgan
Xonzoda begim endi chinakamiga qurollanib, hayot-mamotlari qil ustida turgan qal’a
himoyachilariga ko‘makka boryapti.
Quyuq qorong‘ilikda otlarning taqalari ko‘cha toshlariga urilib uchqun chiqaradi. Havodan
yomg‘ir
hidi keladi, mayin shabada esadi. Mavlono Fazliddin bahor kirganini, qal’a
ichidagi bog‘chalarda o‘rik va bodom gullaganini esladi va atrofiga sinchiklab qaradi,
ammo bironta oqargan narsa ko‘ziga chalinmadi. Tun butun borliqqa qop-qora parda
tortib qo‘ygan edi.
Mavlono Fazliddin mana shu shaharda qurmoqchi bo‘lgan
madrasa va saroy tarhini
Xonzoda begimga ko‘rsatib, uning maqtovini eshitgan yorug‘ kunlarini esladi-yu,
yuragini armon g‘ijimlab o‘tdi. Bobur Samarqandni olgani haqida xabar kelgandan keyin
mavlono Fazliddin orzusi endi amalga oshishiga astoydil ishongan edi. Xonzoda begim
ham uni bir necha marta o‘z
huzuriga chaqirib, bo‘lajak qurilishlarga qayerdan o‘rin
tanlash va tayyorgarlik ishlarini qanday boshlash haqida uzoq-uzoq gaplashgan edi.
Arkdan chiqqan otliqlar qorong‘ida tusmol bilan qal’aning Mirzo darvozasi tomonga borar
ekanlar, mavlono Fazliddin oldinda xomush ketayotgan Xonzoda begimning o‘sha
suhbatlar paytidagi ma’sum va shod qiyofasini eslay boshladi.
Odatda Xonzoda begim uni kanizlari bilan istiqomat qiladigan olti xonalik sirkor uyning
tashqi bo‘lmasida qabul qilar edi. Begim erkaklar bilan gaplashganda maxsus ishlangan
ipak pardaning ortida o‘ltiradi. Loyihaning ba’zi joylarini so‘z
bilan izohlash mushkul
bo‘lib qolsa, Xonzoda begim oradagi pardani ochib:
— Qani, gumbaz bilan minoralar orasida nelar bo‘lur? — deb so‘raydi.
Ular ikkovi ikki tomondan qog‘oz ustiga engashganlarida goh nafaslari bir-birlarinikiga
qo‘shilib ketganday bo‘ladi. Mavlono Fazliddin O‘shda, qoyatosh ustida bi-rinchi marta
boshdan kechirgan ajoyib tuyg‘u yana borlig‘ini mast qiladi. U ishdan boshqa narsa
haqida gap ochishga qo‘rqadi, atroflarida yuradigan kanizlarga
hayajonini sezdirmaslikka
tirishadi. Qutlug‘ Nigor xonim duch kelib qolsa, egilib ta’zim qilish bilan ko‘zini undan
yashiradi. Biroq so‘nggi marta uchrashganlarida Xonzoda begimning o‘zi to‘satdan:
— Mavlono, nechun shu yoshgacha uylanmagansiz?— deb so‘rab qoldi.
Qiz asilzodalarga xos bir nazokat bilan o‘zini erkin tutib kulimsirayotgan bo‘lsa ham,
ko‘zining hayodan yaltillab ketganini mavlono Fazliddin payqadi. Mavlono siri ochilib
qolishidan qo‘rqib, hazil bilan qutulmoqchi bo‘ldi:
— Begim, faqir dunyodan toq o‘tmoqchimen.
— Menga o‘xshabmi?
— Yo‘q, begimning toq o‘tishlariga aqlim bovar qilmaydir.
— Ne sababdan?
— Axir siz... bu dunyoda...
ne-ne shahzodalar, asilzodalar bor.
— Bo‘lsa bordir. Ammo mavlono o‘zlari bilgan shahzodayu asilzodalarning qaysi biriga...
meni munosib ko‘rurlar?