www.ziyouz.com kutubxonasi
9
boshqa narsa emasligini yaxshi bilib ol.
Yuqorida sanalgan savollarga farqli va hatto bir-biriga zid javoblar o‘rtaga tashlansa, bulardan
faqatgina bittasi to‘g‘ri, qolganlari yanglishdir. Ana shu yagona va o‘zgarmas haqiqatni qanday
topasan?
Bu savolning javobiga o‘tishdan oldin haqiqatning topilishini qiyinlashtiradigan sabablar haqida bir
og‘iz so‘z yuritmoqchiman.
Bulardan birinchisi, insonning shaxsiy qanoati, nafsoniy tuyg‘ulari, o‘zining qusurlari va xususiy
hayoti... Haqiqatda badan xizmatchi, ruh esa xo‘jayin maqomidadir. Ruhini badaniga xizmat qildirgan
va dunyoga kelish g‘oyalarini bir qism nafsoniy hislarda izlagan insonning haqni topishi qiyinlashadi.
Ikkinchisi, oila hayoti.... Oila qurish va naslni davom ettirish, hayotning bir qonuni va bu dunyo
imtihoning bir jabhasidir. Bu haqiqatdan g‘aflatda qolib, turmush qurishni eng buyuk g‘oya deb
o‘ylagan va butun xizmatini va g‘ayratini oila a’zolarining tirikchiligiga yoxud uy ashyolarining tadorik
va tanzimiga sarflagan inson haqiqatni topishda ancha mashaqqatga duch keladi.
Uchinchisi, jamiyat hayoti... Yodingda bo‘lsa, o‘tgan maktubimda bu mavzuda ba’zi narsalar yozgan
edim. Unga shularni ham ilova etmoqchiman: Mol-dunyo, unvon, obro‘, mansab, martaba kabi dunyo
hayotining jozibador, dabdabali jihatlariga ham bir lutf va ehson sifatida, hamda bir imtihon vositasi
sifatida qaralishi kerak (Ya’ni, bular biron kishiga ehson etilgan bo‘lsa, albatta bir sinov-imtihon
uchundir). Kecha xizmatda boshqalar edi. Vazifalarini haqqi-rost ado etgan-etmaganliklaridan imtihon
qilindilar. Endi esa xizmatga biz chaqirildik.
Masalaga bunday baho bermaydigan, misol uchun, boy bo‘lishni hayotning haqiqiy g‘oyasi va
dunyoning yaratilish hikmati deb hisoblagan insonning haqiqatni topishi juda qiyin bo‘ladi.
Mavzuimizning yana bir muhim tomoni bor. Uni alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.
Haqiqatni topish boshqa, unda yashash boshqadir. Bugun jamiyatimizda fikr va ishonchlari haq
bo‘lgani holda buni harakat va amallarida aks ettirmayotgan bir guruh kimsalar mavjud. Boshlari
g‘ovlab ketgan ba’zi bechoralar ularga qarab: «Shularning ishlari haqiqatmi?» yoki «Bular ketayotgan
yo‘l ham to‘g‘ri bo‘libdimi?» kabi gaplar qiladilar. Aslida, bu so‘zlar asossizdir. Haqiqat kimning qo‘lida
bo‘lishidan qat’i nazar haqiqatdir. U shaxsning boshqa qusur va nuqsonlari esa ayricha baholanmog‘i,
ikkisi bir-biriga qorishtirilmasligi kerak.
Biz ichida yashayotgan jamiyatda ko‘pchilik insonlar moddani, manfaatni, tijoratni oldin
ko‘rmoqda, axloq va fazilatni esa, ancha orqaroqda.
Ana shu buzuq ma’naviy muhit ko‘plab odamga zarar beryapti. Bemorlarni bahona qilib, shifodan
ranjish esa, aqldan emas.
Masalaga bu jihatdan qaramaydigan odamlar qimmatli vaqtlarini oxiri ko‘rinmaydigan, foydasiz
mishmishlar, ma’nosiz gap-so‘zlar bilan zoe qiladilar. Ular bu holatlari bilan naqd tijoratini tashlab,
boshqaning zarari bilan mashg‘ul bo‘lgan axmoq savdogarlarga o‘xshaydilar. Buning oxiri esa,
faqatgina xusrondir, nadomatdir, pushaymonlikdir.
Bu uch to‘siqni nafsini, oila va jamiyat hayotini osha bilgan inson eng keng doira bo‘lmish koinotni
ham to‘g‘ri baholaydi, har hodisani tabiatga bog‘lab, tabiatda bo‘g‘ilib, cho‘kib ketmaydi. Bu oxirgisi,
bir jihatdan, avvalgi uch to‘siqni ichiga oladi.
Biz ko‘rib turgan bu olamga «Koinot kitobi» deyiladi. har sahifasi, har satri, har bir harfi juda ko‘p
ma’nolarga to‘la kitob. Inson u kitobdan bir so‘z, bir jumla. Ammo aqlli, ongli, shuurli jumla. Ilm,
iroda, qudrat, eshitish, ko‘rish kabi sifatlar taqilgan jumla. Ham o‘zini, hamda boshqa yozuvlarni
sinchiklab o‘qiy oladigan jumla. Yozilgan kitobni tomosha qiladigan, undagi sirlarni kashf etishni
istagan g‘ayratli va maroqli jumla. Ana shu jumla haqiqatni topmoqchi bo‘lsa, eng avval o‘zinig
«jumla» ekanini «yozilganini» bilishi kerak, boshqa yozuvlarni ham shunday baholashi lozim. O‘zi ham
ichida yozilgan kitobning satrlari orasida yo‘qolib ketmasligi darkor! Undagi ilm bir Olimdan, hikmat
bir Hakimdan, qudrat bir Qodirdan kelganini anglamog‘i shart. Aks holda inson dunyo hayotining
muammolari va iztiroblari ostida ezilib, qorishiqlik va g‘ala-g‘ovur ichida sarson-sargardon bo‘lib
yuraveradi.
Haqiqat nima?. Alouddin Bashar
Do'stlaringiz bilan baham: |