10.6. Gudvill hisobi
Gudvill kompaniya ishbilarmonlik aloqalarining shartli qiymati, jamg‘arilgan nomoddiy
aktivlar «bahosi», sezilmaydigan sarmoya - savdo marjasining nufuzi, amaliy aloqalar tajribasi,
mijozlarning, shuningdek boshqaruv, tashkiliy va texnika resurslarining muqimligi, moliya
dunyosidagi nufuz, mahsulot sotish faoliyati ustidan nazorat mexanizmi va shu kabilarni pul
hisobida «baholash»ni anglatadi.
Gudvill korxona mulkini baholashning pinhona imkoniyatlarini aniqlashga qaratilib,
ob’ektning uzil-kesil baholash qiymatini aniqlash chog‘ida undan foydalanish majburiydir.
Gudvill muomalalarida sotib olinayotgan korxonani baholashda quyidagilarga e’tibor
qaratiladi:
- investorlar uchun korxona joylashuvining foydaliligiga;
- mehnat resurslarining mavjudligi va qiymatiga;
- ishlab chiqarilayotgan mahsulotga (ko‘rsatilayotgan xizmatlarga) bo‘lgan talabga;
- rivojlanish va iqtisodiy ko‘rsatkichlarni o‘zgartirish istiqbollariga va boshqa omillarga.
Buxgalteriya hisobi nuqtai nazaridan gudvill (firma bahosi) xaridor sotib olinayotgan
korxona uchun mazkur korxona aktivlarini alohida sotib olinganida yuzaga keladigan aktivlarning
haqiqiy bozor qiymatidan yuqori narxda to‘lagan holatida yuzaga keladi. Agar xaridor ayrim
ob’ektlarning haqiqiy qiymatidan (xarid qilinayotgan korxona majburiyatlarini chegirgan holda)
yuqori narx to‘lagan bo‘lsa, u holda sezilmaydigan (ko‘zga ko‘rinmaydigan) aktivlar yuzaga
keladi, bundan esa bu ortiqcha to‘lov «firma bahosi»ni tashkil qiladi degan xulosa chiqarish
mumkin. Ya’ni, gudvill faqatgina korxonaning yaxlit oldi-sotdisida aks ettirilishi mumkin, chunki
u mustaqil hisob birligiga ajratilmaydi hamda korxonaning boshqa aktivlari bilan birgalikdagina
amal qiladi.
Gudvillning yuzaga kelish sabablari turli xil bo‘lishi mumkin. Eng ko‘p uchraydiganlari
jumlasiga, odatda, samarali reklama siyosati, alohida ta’sirchan sotish tizimi, boshqaruv
guruhining ustun raqobatchilari mavjudligi, kompaniyaning qulay yoki imtiyozli me’yoriy-
huquqiy ish rejimi va soliqqa tortish shartlari, raqobatchilar egallab ololmaydigan ishlab chiqarish
sirlaridan foydalanish, xodimlarning kasbiy tayyorgarligi va malakasini oshirishga oid noyob
dasturni o‘tkazish va boshqalarni aytib o‘tish lozim. Mazkur omillarning sanab o‘tilishi
gudvillning korxonaning butun faoliyati davomida amal qilishidan, biroq u faqatgina korxona
sotilishida, firma xarid qilinayotgan baho – ob’ektiv ma’lumot asosidagi uni baholash imkoniyati
mavjud bo‘lgan holatdagina aks ettirilishidan dalolat beradi.
Ayrim hollarda gudvill manfiy miqdorga ega bo‘ladi. Bu hol xarid qilingan kompaniya
aktivlari qiymati uning xarid bahosidan ortiq bo‘lganida yuzaga keladi. Bunday vaziyatlar
kamdan-kam hollarda uchraydi, mazkur holatda esa manfiy gudvill summasi qimmatli qog‘ozlarga
investitsiyalarni istisno qilgan holda, firmaning uzoq muddatli aktivlari qiymatiga mutanosib
ravishda taqsimlanadi.
Gudvill buxgalteriya hisobida 0480-«Gudvill» hisobvarag‘ida hisobga olinadi. Korxona
tomonidan gudvill kirim qilinayotganda, aktivlarning haqiqiy va xarid qiymatlari orasidagi farqqa
quyidagicha provodka beriladi:
D-t 0480-«Gudvill»
K-t 8330-«Paylar va ulushlar».
Gudvillga boshqa turdagi nomoddiy aktivlar kabi eskirish hisoblanmaydi. Shu boisdan u
ishlatilganida boshlang‘ich qiymatidan har oyda muayyan summa xarajatlarga qo‘shiladi. Bu
muomalaga hisobda quyidagicha provodka beriladi:
D-t Xarajatlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar
K-t 0480-«Gudvill».
Do'stlaringiz bilan baham: |