www.ziyouz.com kutubxonasi
59
— Qani, qani! — marslik finjonni tutish uchun qayta-qayta urindi, biroq hech uddalay olmadi. U
qaddini rostladi, birpas o‘ylab turdi, keyin kamaridan pichoqni sug‘urib oldi.
— Hoy! — qichqirdi Tomas.
— Siz tushunmadingiz, ushlab oling! — dedi marslik va pichog‘ini otdi.
Tomas bir-biriga juftlashgan kaftlarini tutib berdi. Pichoq qo‘llarining orasidan yerga tushdi. Tomas
uni yerdan olmoqchi bo‘ldi, biroq uni tuta olmadi va titrab-qaqshagancha orqaga tisarildi.
U gavdasini osmonga tutib turgan marslikka qaradi.
— Yulduzlar! — dedi Tomas.
— Yulduzlar! — takrorladi marslik Tomasga qarab.
Marslikning gavdasi orqasidan yorqin, oppoq yulduzlar charaqlab turardi, uning vujudi bamisoli
uchqunlar sachrab turgan qirovli nafis meduza qobig‘idek yulduzlar bilan bezatilgandi. Marslikning
ko‘kragi va qorni ustida siyohrang ko‘zlardek yulduzlar jimirlar, bilaklarida javohirot yalt-yalt qilardi.
— Men sizning gavdangizdan naryoqni ko‘rib turibman! — dedi Tomas.
— Men ham sizning gavdangizdan naryoqni ko‘rayapman! — javob berdi marslik bir qadam ortga
chekinib.
Tomas o‘zini paypaslab ko‘rdi, o‘z tanasining haqiqiy issiqligini his qildi va ko‘ngli xotirjam bo‘ldi.
“Hammasi joyida, — o‘yladi u, — men yashayapman”.
Marslik qo‘li bilan o‘zining burni, labini turtib ko‘rdi.
— Men ham jismsiz emasman, — past ovozda dedi u. — Jonim bor!
Tomas unga ma’nodor qaradi.
— Ammo agar men yashayotgan bo‘lsam, demak siz — o‘liksiz.
— Yo‘q, siz o‘liksiz!
— Ro‘yo!
— Arvoh!
Ular barmoqlari bilan bir-birlarini ko‘rsatishar va yulduz nuri xuddi xanjar damidek, xuddi muz
sumalakdek, xuddi tillaqo‘ng‘izdek ularning qo‘llari uchida chaqnar va to‘kilardi. Ular yana o‘z
tuyg‘ularini tekshirib ko‘rishdi va har biri o‘zining to‘rt muchasi soppa-sog‘ligiga va hayajon,
jo‘shqinlik, ehtiros, hayrat bilan chulg‘anganiga amin bo‘ldi, har biri narigisini olisdagi olamlar
yog‘dusini tutib oluvchi va o‘zidan taratuvchi shaffof prizma, bor bo‘lmagan narsa deb bilar edi...
“Men mastman, — dedi o‘zicha Tomas. — Ertaga men bu haqda hech kimga churq etmayman!”
Ular qadimgi tosh yo‘l ustida turishardi va har ikkalasi ham joyidan jilmasdi.
— Qaerdan kelgansiz? — so‘radi nihoyat marslik.
— Yerdan.
— U nima degani?
— U yoqdan. — Tomas bosh irg‘ab osmonga ishora qildi.
— Qachondan beri?
— Biz bir yil avval uchib kelgan edik, nahotki esingizda bo‘lmasa?
— Yo‘q.
— Sizlar esa bu vaqtga kelib tugab-bitgandingiz. Qariyb bitta qolmay. Sizlardan juda kam qolgan
— nahotki shuni ham bilmasangiz?
— Bu to‘g‘ri emas.
— Men sizga aytayapman-ku, tugab-bitgansizlar, deb. Jasadlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.
Xonalarda, barcha uylarda qoraygan jasadlar yotibdi va hammasi o‘lik. Minglab jasad.
— Nimalar deyapsiz, bizlar tirikmiz!
— Mister, barchangizni yuqumli kasallik qirib yuborgan. Qiziq, nahotki bundan bexabarsiz? Siz bir
balo qilib jon saqlab qolgansiz.
— Men jon saqlab qolganim yo‘q, qanday qilib ham jon saqlab qolar edim? Nimalar
deyayotganingizni bilasizmi o‘zi? Men Enial tog‘lari yonidagi kanal yoqalab bayramga ketayotgan
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |