215
13-Mavzu. Sovet hokimiyatining O‘zbekistonda amalga oshirgan siyosiy, iqtisodiy –
ijtimoiy tadbirlari va uning mustamlakachilik mohiyati.
O`zbekistonda sovet hokimiyatining iqtisodiy va ijtimoiy
siyosati mohiyati
20-yillar tariximizga o`ta murakkab va ziddiyatli, turli ijtimoiy guruh va kuchlar
siyosiy qarama-qarshiligi avj olgan, Turkistonda Markazning imperiyacha munosabatlar
mustahkamlanayotgan, o`lkadagi ochlik, iqtisodiy tanglik, vayronaga aylangan sanoat,
transport, qishloq xo`jaligini tiklash, ya’ni sho`rolarning “tinch sotsialistik qurilish” yo`liga
o`tish davri bo`lib kiradi. Ushbu davrdagi eng dolzarb masalalardan biri bu- hokimiyat
masalasi edi. Milliy muxolif kuchlar esa hokimiyat masalasini birinchi navbatda xalqning
o`z taqdirini o`zi belgilashda ko`rishar edi. Sanoat va qishloq xo`jaligining inqirozi, ochlik,
inqilobcha zo`ravonlikning kuchayishi mahalliy xalq milliy manfaatlarining ochiqdan-ochiq
inkor etilishi Turkistondagi turli ijtimoiy qatlamlar orasida sovet hokimiyatiga nisbatan
ishonchsizlik va norozilikni keltirib chiqarmoqda edi. Aholining aksariyati sovet
hokimiyatini qizil armiyachilarning quroli yordamida zo`rlik bilan olib kirilgan hokimiyat
sifatida tan olmas, ular tashkil etayotgan sovetlar va ularning ijroiya qo`mitalari tub aholi
orasida obro`ga ega emasligi sovet tuzilmalariga qarshi chiqishlarni keltirib chiqarmoqda
edi.
Kommunistik partiya o`zining siyosiy pozisiyalari hamda sovet davlat tuzumini
mustahkamlash bilan birga sovetlarning ijroiya qo‘mitalarini qaytadan tiklash ishlarini olib
bordi. Ushbu tartib joylarda o`lkaning ijtimoiy-siyosiy hayotida demokratik jarayonlarni
kengaytirish, xalq hokimiyatini tiklash shiorlari ostida o‘tdi. Ammo, tarix ko`rsatib
turganidek, aslida bu jarayon tashviqot-mafkuraviy xarakterda bo`lib, jamiyat va davlat
boshqaruvida keng xalq ommasining ishtirokini ko`rsatishdek tuyulardi. Lekin haqiqatda
bunday emas edi. Ko`p joylarda mahalliy aholi saylash huquqidan mahrum edi. Masalan,
“BXSRda sud qurilishi haqida nizom”ning xalq maslahatchilarini saylash tartibi haqidagi 3-
bob 20-moddasida ko`rsatilishicha, taqsimot taxminan maslahatchilarning 25% ishchilardan,
50% qishloqlar va kentlardan, ya’ni dehqonlar va 25% harbiy qismlardan bo`lishi hisobida
edi. Bolsheviklar keng huquqlar va imtiyozlar bergan ishchi va soldatlarning mutlaqo
ko`pchilik qismi ruslar bo`lib, oqibatda, rahbar lavozimlarning aksariyati ulardan tashkil
topgan, milliy ziyolilarning asosiy qismi esa saylov huquqidan umuman mahrum qilingan,
bu erda ziyoli tabaqa umuman odil sudlovga yaqinlashtirilmagan. 1923 yilda Sirdaryo,
Samarqand, Farg‘ona viloyatlarida saylovga xalq sud’yasi va 46624 ta xalq
maslahatchilarining tarkibi 73,5% ishchi, 19% dehqon va 7,5% qizil askarlardan iborat.
Bundan ko`rinib turibdiki, xalqni himoya qilishi kerak bo`lgan sudga birorta mutaxassis
yaqinlashtirilmay, faqat bolsheviklarning siyosatini to`g‘ri, degan kishilar kirgizilgan.
TASSRda esa 1920 yilda aholining 93-97 %ni musulmon aholisi, 3-7 %ni ruslar tashkil
qilgani holda, xalq sud’yalarining 48%ni ruslar, 52%ni musulmonlar, sud hay’ati
a’zolarining 75%ni ruslar, 25%ni musulmonlar tashkil etgan.
Sovet hukumati mahalliy aholiga nisbatan bepisand bo‘lib, aksariyat tarzda ham unga
ishonmas edi. Shuning uchun ham u o`z siyosiy tuzilmalariga milliy xodimlarni nihoyatda
kam jalb qilgan edi.
Partiyaning ushbu mustabidlik yo`nalishi Turkiston xalqi hayotiga salbiy ta’sir qildi,
mahalliy aholi mustaqil huquqlarga ega emas, o`z manfaatlarini himoya qilishga bo`lgan
urinishlar esa “millatchilik” deb baholanib, qatag‘ongacha olib kelingan. XX asrning 20-
yillaridagi Turkistondagi ijtimoiy-siyosiy ahvol mana shunday edi.
1921 yilning bahoriga kelib sovet hokimiyati oldida vayron bo`lgan qishloq xo`jaligini
tiklash vazifasi ko`ndalang bo`lib turdi. Buning asosiy sababi esa dehqonlarning ko`plab
216
ko`tarilishlari bo`ldi. Bu esa siyosatni qaytadan ko‘rib chiqish, sanoat bilan qishloq xo`jaligi
o`rtasida ta’sirchan iqtisodiy aloqalarni yo`lga qo`yish zaruratini keltirib chiqardi.
O`zbekistonda qishloq xo‘jaligi respublika milliy daromadining asosiy qismini
berganligi, dehqonlar esa aholining 80 foizini tashkil etganligi tufayli sovet hokimiyatining
dastlabki yillarida agrar masala markaziy o‘rinni egallardi.
Markazdan farqli o`laroq, O`rta Osiyo respublikalarining 20-yillardagi agrar siyosatida
nisbatan keskin choralar ko`rilgan. 1920-1921 yillardagi yer-suv islohotining amalga
oshirilishi Yangi Iqtisodiy Siyosat (NEP) bilan birga olib borildi. Yangi iqtisodiy siyosatdan
ko‘zlangan maqsad - mahsulot ishlab chiqaruvchi yakka dehqonlarning manfaatini oshirish,
uning yerga egalik qilishini ta’minlash, imtiyozli soliq olish va bozor iqtisodiyoti, tovar-pul
munosabatlariga o`tish edi. Uning asosiy bo‘g‘inlarini oziq-ovqat razvyortkasining oziq-
ovqat solig‘i bilan almashtirilishi, erkin savdo, sanoatda xususiy tashabbuskorlik va
tadbirkorlikning joriy qilinishi tashkil etdi.
Oziq-ovqat razvyortkasining soliq bilan almashtirilishi qishloq xo`jalik ishlab
chiqarishni ko`paytirishning iqtisodiy rag‘batlarini vujudga keltirdi hamda dehqon hosilning
qat’iy belgilangan qismini topshirgach, unga o`z mehnati mahsulini o`zi istaganicha tasarruf
etish huquqi berildi. Yangi iqtisodiy siyosat yo`lining o`ziga xos xususiyati - tovar-pul
munosabatlarining jonlanishi, savdo va ayirboshlashda cheklashlardan ozod bo`lish edi.
Erkin savdoning sog‘lomlashuviga 1922-1924 yillarda o`tkazilgan pul islohoti ma’lum
darajada yordam berdi. Muomalaga kursi oltinga tenglashtirilgan valyuta-chervonestning
chiqarilishi bozor rolining tiklanishida muhim ahamiyatga ega bo`ldi.
Yer-suv islohotini amalga oshirishdan ko`zlangan asosiy maqsad-mahalliy hamda
Turkistondagi boy rus dehqonlarining er va suvga bo`lgan huquqlarini tenglashtirish edi.
Chunki o‘z vaqtida mustamlakachi ma’murlari tomonidan rus dehqonlariga eng yaxshi va
hosildor yerlar ajratilgan edi.
Yer-suv islohotining xarakteri 1920 yil sentabrda bo`lib o`tgan Turkiston Sovetlari IX
- qurultoyining qarorlarida aks etdi. Ushbu dasturning asosida mehnat bilan
shug‘ullanmaydigan boy-quloq xo‘jaliklarini tugatish va ko‘chmanchilarni o‘troq hayotga
o‘tkazish, yersiz va kam yerli dehqonlarni yer bilan ta’minlash va eng asosiysi rus
kelgindilarining
ortiqcha
yerlarini
musodara
qilish
orqali
Rossiya
imperiyasi
mustamlakachilik sarqitlarini yengish yotar edi. Lekin vaqt o`tishi bilan ko`chirib keltirilgan
ruslardan yerlarni musodara qilish bilan bir qatorda vaqf yerlari tortib olindi, boylar,
mannoplar, savdogarlar, diniy xizmatchilar va qishloq hamda ovullarning “mehnat bilan
shug‘ullanmaydigan yuqori tabaqalari” degan boshqa vakillarining yerlari kamaytirildi.
Yer va suvni taqsimlash jarayoni bir tomondan yersiz va kam yerli dehqonlarni yer
bilan ta’minlagan bo‘lsa, ikkinchi tomondan qishloqdagi siyosiy vaziyatni o‘ta
keskinlashtirib, sinfiy ziddiyatlarni kuchaytirdi. Shuningdek, islohot davomida Yettisuv va
Jalolobod tumanlarining ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi aholisini o‘troq hayotga
o‘tkazish siyosati salbiy oqibatlarga olib keldi. Zero, ko‘chmanchilikdan o‘troqchilikka
o‘tish, nafaqat xo‘jalik faoliyat shakllarini o‘zgartiribgina qolmay, balki asrlar davomida
shakllanib kelgan ushbu ijtimoiy guruhning turmush tarzi hamda kasb-hunarining tamomila
o‘zgartirib yuborishi muqarrar edi. Islohotni o‘tkazishning inqilobiy-zo‘ravonlik usullari
Turkiston qishloqlarida ijtimoiy va millatlararo tanglikni vujudga keltirdi.
Yer-suv islohoti 1922 yil kuzida o‘z poyoniga yetdi. Uni amalga oshirish davomida
hamma joylarda, qishloq va ovullarning yersiz va kam yerli mahalliy dehqonlarini
birlashtirgan “Qo‘shchi” uyushmalari tashkil etila boshladi. Lekin shuni ta’kidlash joizki,
“Qo‘shchi” Turkiston dehqonlari uyushgan birinchi tashkilot emas edi. 1918 yildayoq
Toshkent ”Dehqon” ittifoqi vujudga kelgan edi. O‘shanda Toshkent va shahar atrofidagi
tumanlar dehqonlari hamda savdo doiralarining turli qatlamlari yangi hokimiyatning
muayyan keskin choralariga qarshilik ko‘rsatishiga hamda o‘z mulklarini saqlab qolishga
harakat qilgan edi. Tashkilot dehqonlar ommasining ozchilik qismini qamrab olgan bo‘lib,
217
mahalliy xarakterga ega edi. 1919 yili Turkiston respublika va Yer ishlari Xalq
Komissarligining ko‘magi bilan kambag‘allar qo‘mitalari tuzildi. “Qo‘shchi” uyushmasi
kambag‘allarning qo‘mitalari va ittifoqlari o‘rnida vujudga kelgan edi. Ushbu uyushma
qishloq va ovullarda sovet hokimiyatining tayanchi, “mehnatkash dehqonlarni” sinfiy
tarbiyalashning o‘ziga xos maktabi sifatida yer-suv islohoti davomida “mehnat bilan
shug‘ullanmaydigan xo‘jaliklar” va ularning mol-mulkini aniqlashda, sovetlar siyosatidan
norozi bo‘lgan dehqonlar chiqishini bostirishda va ularning oldini olishda ham qatnashdi.
Uyushma kooperatsiya ishiga o‘z hissasini qo‘shgan bo‘lsa ham, uning faoliyatidagi asosiy
e’tibor qishloqning boy qatlamlari bilan kurash olib borish va qishloqni “sotsialistik asosdan
qayta qurish”ga qaratilgan edi.
Markaz Turkiston o‘lkasiga asosiy xom-ashyo bazasi sifatida qarab kelganligi bois,
o‘lka qishloq xo‘jaligining bosh sohasi hisoblangan paxtachilikni rivojlantirishga alohida
e’tiborini qaratgan. Xususan, RKP (b) MKning 1922 yil 11 yanvaridagi “Turkiston
Kompartiyasiga” deb nomlangan xatida, Turkiston Kompartiyasining qishloq xo‘jaligi
sohasidagi faoliyatida birinchi o‘ringa sug‘oriladigan yerlarda ekin maydonlarini tiklash,
paxtachilikni rivojlantirish hamda mavjud sug‘orish tizimini tuzatish masalalari hal etilishi
lozimligi ta’kidlangan edi. Paxtachilikni tiklash va rivojlantirish ishlariga rahbarlik qilish
uchun 1920 yilda Bosh Paxtachilik Qo‘mitasi va paxta yetishtiruvchi respublikalarda unga
bo‘ysunuvchi paxtachilik qo‘mitalari tuzildi. Turkiston respublikasidagi barcha
haydaladigan maydonlar, seleksiya stansiyalari, irrigatsiya inshootlari, Paxtachilik qo‘mitasi
ixtiyoriga o‘tkazildi. Bosh Paxtachilik qo‘mitasi katta vakolatlarga, ya’ni boshqa qishloq
xo‘jalik ekinlari hisobiga chigit ekiladigan maydonlarni kengaytirish, paxta xarid narxlarini
belgilash, markaziy davlat organlarining ruxsatisiz maxsus qabul qilish huquqlariga ega edi.
Paxtaning narxi xukumat tomonidan belgilanishi uning bu masalada yakka hokimligidan
dalolat berar edi. Turkistonlik ko‘pgina arboblar paxtachilikda davlat monopoliyasini
tugatish zarurligini bir necha marotaba ko‘tarib chiqqan edilar. Xususan, Yer ishlari Xalq
komissari S.Asfandiyorov va hukumatning boshqa a’zolari davlatning paxtaga bo‘lgan
yakkaxokimligiga qarshi chiqib, Bosh Paxtachilik qo‘mitasini tugatish masalasini o‘rtaga
tashlagan edi. Biroq, Turkiston respublikasi va RSFSR partiya-davlat apparatining aksariyat
xodimlari paxta monopoliyasi tarafdori edilar. 1922 yilning 1 yanvarida RSFSR Oliy Xalq
Xo‘jaligi Kengashi (OXXK) tomonidan qabul qilingan qarorda esa, “paxtaga davlat
monopoliyasini saqlash” masalasi qat’iyan ko‘tarilgan edi.
Paxtachilikni tiklash ishlari hamda respublikaga don olib keltirishni jadallashtirish
maqsadida, OXXK Yettisuv temir yo‘lini tezroq tugatishga qaror qildi.
1923 yilning yanvarida SSSR Mehnat va Mudofaa Kengashi qabul qilgan qarorda
“Respublika ichida paxtani xarid qilish davlat monopoliyasi bekor qilinsin” deyilgan edi.
Shu bilan bir vaqtda paxtaning qat’iy narxi bekor qilindi.
Turkiston respublikasida paxtachilikni rivojlantirish ishlarini, sug‘orish inshootlarini
tiklamasdan amalga oshirib bo‘lmasdi. Sug‘orish ishlarini tiklashni tezroq amalga oshirish,
dehqonchilik uchun yaroqli yerlarni suv bilan ta’minlash va qishloq xo‘jaligini, birinchi
navbatda esa paxtachilikni rivojlantirish uchun suvdan to‘g‘ri foydalanishni yo‘lga qo‘yish
maqsadida, 1921 yilning fevralida TASSRdagi barcha suvlarni respublika mulki deb e’lon
qilgan suv to‘g‘risida qonun qabul qilindi. Qonunda, suvni taqsimlash odat (boy va
ruhoniylarga beriladigan imtiyozlar) bo‘yicha emas, balki, birinchi navbatda dehqonlar
manfaatini ko‘zlagan holda berilishi kerak deb aytilgan edi. 1921 yilning noyabrida,
aholining daromadlarini sug‘orish ishlarini tiklashga safarbar qilish maqsadida suv solig‘i
joriy qilindi.
Shu yilda TASSRning sug‘orma yer maydoni 1920 yildagi ko‘rsatkichga qaraganda
300 ming desyatinaga ko‘paygan edi. Paxta ekin maydonlari esa deyarli 100 ming
desyatinaga ortdi.
218
Ittifoq hukumati avval boshdanoq yosh O‘zbekiston respublikasi rahbariyati oldiga
“Sovet O‘zbekiston”ini SSSRning asosiy paxta bazasiga aylantirish strategik vazifasini
qo‘ydi. “Oq oltin”ning aksariyat qismi, ya’ni 90%dan ko‘prog‘i “Sovetlar mamlakati”ning
to‘qimachilik markazlariga yuborildi. Masalan, 1922 yilning boshlarida Turkistondan
markazga Krasnovodsk yo‘nalishi bo‘yicha 1150 vagon (63470 ta toy paxta), Orenburg
yo‘nalishi bo‘yicha 1547 vagon (85030 ta toy paxta), hammasi bo‘lib, 2724 vagon (14850 ta
toy paxta) paxta tolasi jo‘natilgan edi. Sovet hukumatining paxta mustaqilligiga erishishga
qaratilgan chora-tadbirlari zoye ketmadi. O‘zbekistonda paxta yetishtirishni ko‘paytirish
sovet hukumatiga har yili chetdan paxta sotib olinishga sarflanadigan 100 mln rubl oltinni
tejash imkonini bergan edi. 1928 yilda esa, O‘zbekiston paxtakorlarining davlatga topshirgan
543,7 ming tonna “oq oltin”i evaziga SSSR paxta yetishtirish bo‘yicha 4-chi o‘ringa chiqdi
va bu bilan paxta mustaqilligiga erishish yo‘lida qo‘yilgan dastlabki qadamlardan biri bo‘ldi.
“Sovetlar mamlakati”ga paxta yetkazib berishda respublikaning salmog‘i 1940 yilda 63%ga
yetdi. Bularning hammasi, o‘sha yillardagi hukumat hujjatlarida rasman e’tirof qilinishicha,
“...Sovet Ittifoqining chetdan paxta keltirishdan ozod bo‘lishida va SSSR to‘qimachilik
sanoatining paxta xom ashyosi bilan to‘la-to‘kis ta’minlanishida hal qiluvchi rol o‘ynaydi”
haqiqatan ham, agar 1925 yilda SSSRga chetdan 103,1 ming tonna, 1930 yilda-57,9 ming
tonna paxta keltirilgan bo‘lsa, 1933 yilda bor yo‘g‘i 24,3 ming tonna paxta keltirildi. O‘zbek
paxtakorlarining mashaqqatli mehnati evaziga esa sovet davlati paxtani chetdan sotib olmay,
paxta yetishtirish bo‘yicha jahonda ikkinchi o‘ringa chiqdi. Mana shu tariqa sobiq SSSR
paxta mustaqilligiga erishdi.
Paxta yakkahokimligini ta’minlash maqsadini amalga oshirish oqibatida qishloq
xo‘jaligining boshqa tarmoqlari, xususan, chorvachilik inqirozga uchradi, g‘alla tayyorlash
keskin kamayib ketdi. Hosildor yerlar miqdori kamaydi. Don, poliz ekinlarining hosildorligi
qisqardi.
Yangi iqtisodiy siyosat tufayli qishloq xo‘jaligida kooperativ va shirkatchilik harakati
avj oldi. 1923 yilda Turkiston respublikasida qishloq xo‘jaligi va kredit kooperatsiyalar
tizimi tashkiliy jihatdan tugal ravishda shakllandi deyish mumkin. Davlatning kooperativ
qurilish siyosati ikki yo‘nalishda olib borildi. Bir tomondan, kooperatsiya mayda tovar
xo‘jaligini sotsializmga jalb qilish vositasi, shaxsiy va jamoa manfaatlarining kelishuv shakli
sifatida baholansa, ikkinchi tomondan kooperatsiyaga xususiy sektorni siqib chiqaruvchi
ijtimoiy qurol deb qaraldi.
Markaz qishloq xo‘jalik krediti- qishloq xo‘jaligining asosiy sarmoyasini (mol-mulki,
urug‘ fondi, qurilishlarni) tiklash uchun foylanish, bu resurslarni chorvachilikni,
paxtachilikni, irrigatsiyani, bog‘dorchilikni va uzumchilikni rivojlantirishga yordam
ko‘rsatishga yo‘naltirdi. 1923 yilda Turkistonda 1169 ta kredit-kooperativ shirkati bo‘lib,
kreditdan foydalanadigan xo‘jaliklar soni 28 mingta edi.
Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini sanoatga kontraktatsiya (shartnoma) asosida yetkazib
berishda qishloq xo‘jalik kooperativlari vositachilik qildi. Mayda tovar dehqon xo‘jaligi
rivojlana boshladi.
Biroq, har kimni ham kooperativga qabul qilishavermasdi. Sinfiy tanlov mavjud edi.
Kambag‘allarga ustivorlik berilardi. Aholining o‘ziga to‘q qatlamlariga nisbatan qat’iy
talablar belgilangan edi. Masalan, “boy”, “quloq”lar toifasidagi shaxslar birinchi to‘lov
sifatida o‘rta hollar to‘laydigan to‘lov miqdoridan ikki barobar, kambag‘allarnikidan esa o‘n
ikki barobar ko‘p haq to‘lashlari kerak bo‘lgan kooperativlarga qabul qilishdagi bunday
sinfiy yondashuv o‘z navbatida, aksariyat qishloq ahli fuqarolik huqularining poymol
etilishiga, ishbilarmon dehqonlarning iqtisodiy rivojlangan jamiyat qurish ishidan sun’iy
begonalashtirilishiga olib keldi.
1927 yildan kooperativ uyushmalarini “davlatlashtirish” siyosati boshlanib, uning
xo‘jalik hisobi asosidagi negizlari tobora ko‘proq qo‘porildi. Dehqon xo‘jaligini
219
yuksaltirishga doir masalalarning hammasi davlatga kelib taqaladigan bo‘lib qoldi (soliq
siyosati, kredit, narxlar va boshqalar).
20-yillar boshlaridagi Turkistonning ijtimoiy-siyosiy hayotining alohida xususiyati-bu
o‘lka mahalliy aholisining milliy o‘z-o‘zini anglashining o‘sganligi deyish mumkin.
Mahalliy aholining keskin noroziligiga birinchi navbatda Markazning uning milliy
manfaatlarini hisobga olmaslik siyosati sabab bo‘ldi. Turkiston tub aholisining kuchayib
borayotgan noroziligi turli shakllarda namoyon bo‘ldi. Shunday norozilik shakllaridan yana
biri hokimiyat pog‘onalaridagi milliy rahbar kadrlardan iborat milliy muxolifat bo‘ldi. Ular
mustabid tuzumga, uning siyosatiga ochiqdan-ochiq qarshi fikr bildirib, mahalliy aholining
manfaatlarini himoya qildilar, markazning shovinistik va imperiyacha siyosatiga qarshi faol
kurash olib bordilar. Mana shunday milliy rahbarlardan davlat va siyosat arbobi, olim va
diplomat Nazir To‘raqulov (1892-1939) bo‘lgan. Nazir To‘raqulov sovet hokimiyatining
turli lavozimlarida ishlab keldi.
Markazning siyosiy rahbariyati o‘zining siyosiy mavqeini saqlab qolish maqsadida
o‘lkadagi vakillariga Turkiston Kompartiyasining VI (1921 yil 11-20 avgust) qurultoyida
milliy muammolarga e’tiborni kuchaytirishni, Turkiston partiya-davlat organlari tarkibida
milliy kadrlarni ko‘paytirishni tavsiya etgan edi. Ushbu ko‘rsatmalar asosida qurultoyda
Turkiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining a’zolari etib bir qancha mahalliy rahbarlar
bilan bir qatorda Nazir To‘raqulov ham saylangan edi. Shu bilan birga Nazir To‘raqulov va
Abdulla Rahimboyevlar RKP(b) MKning Turkiston byurosi tarkibiga kiritildilar. Milliy
rahbarlar Markazning buyuk davlatchilik shovinizmiga qarshi chiqib, Turkkomissiyani yo‘q
qilish talabini bir necha marotaba o‘rtaga tashlagan edilar. Bu davrda TKPga boshchilik qilib
turgan Nazir To‘raqulov ham Turkkomissiya va Turkbyuroning xatti-harakatlariga norozilik
belgisi sifatida ular safidan chiqish to‘g‘risida ariza beradi.
Lekin milliy rahbarlarning vatanparvarlik chiqishlari Markazning keskin noroziligiga
sabab bo‘ldi. Markaz ularga qarshi siyosiy quvg‘inni avj oldiradi. Q.Otaboyev va
A.Rahimboyevlar “qo‘pol xatolari” uchun o‘z lavozimlaridan bo‘shatildi. Lekin sovet
hukumati bir oz vaqt o‘tgandan so‘ng, ularga “o‘z xatolarini tuzatish” imkoniyatini berib,
rahbarlik lavozimlarida ishlashga ruxsat bergan edi. Biroq, milliy rahbarlar o‘lkaning
taraqqiyotini uning mustaqilligida ko‘rdilar va o‘z qarashlarida mustahkam turishda davom
etdilar.
Nazir To‘raqulov nafaqat siyosiy arbob, balki tilshunos olim sifatida ham taniqlidir.
U turk, fors, arab, rus, nemis va fransuz tillarini yaxshi bilgan. Respublika va viloyat
gazetalarida maqolalari bilan qatnashib turgan. Uning noshirlik va elchilik faoliyati
hayotining keyingi davriga to`g‘ri kelgan.
Ko‘pgina milliy rahbarlar qatori Nazir To‘raqulov ham qatag‘onlik to‘lqinidan
qutulib qolmadi va 1939 yilda otib tashlandi.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, 20-yillarning boshlarida o‘lka partiya-davlat
organlarining rahbarlik lavozimlariga milliy kadrlar jalb qilingan edi. Ular orasida taniqli
davlat va jamoat arbobi Qayg‘usiz Otaboyev (1887-1937) ham bor edi. O‘z siyosiy faoliyati
davomida Q.Otaboyev Markazning ayirmachilik, shovinistik siyosatiga qarshi bir necha bor
o‘zining dadil fikrlari bilan chiqdi. U Markaz tomonidan yuborilgan emissarlarning mahalliy
xalqlarga nisbatan qo‘llayotgan usullarini tanqid qilib, Rossiyadan kelgan xodimlar tub
aholining o‘lkani mustaqil boshqara olish qobiliyatiga ishonmayotganliklari, o‘zlari esa
Turkistonning turmush-sharoitlarini yaxshi bilmasdan turib, hokimiyatning ma’sul
lavozimlariga da’vogarlik qilishlari haqida TKP Sovetlarining X qurultoyi minbaridan turib
gapirgan edi.
Q.Otaboyev milliy rahbarlardan birinchilar qatorida qarshilikchilik harakatiga to‘g‘ri
baho bergan. Uning 1922 yil 18 iyulda Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining VI
plenumida qilgan ma’ruzasi keskin tanqidiy va ochiqdan-ochiq qarshilik ruhida edi.
Otaboyev qarshilik harakatiga ”harbiy yo‘l bilan yo‘q qilib bo‘lmaydigan xalq qo‘zg‘oloni”
220
deb baho beradi va ushbu harakat ishtirokchilari bilan siyosiy va iqtisodiy usullarni qo‘llab,
tinch muzokaralar olib borish taklifini kiritadi. Shundan so‘ng, 1922 yilning sentabrida
Samarqand viloyatida bolsheviklar tuzumiga qarshi kurashayotgan Bahrombek qo‘rboshi
bilan teng asoslarda tinchlik shartnomasini imzolagani uchun Q. Otaboyev, A. Rahimboyev,
A. Serg‘oziyevlar lavozimlaridan bo‘shatildi.
Qayg‘usiz Otaboyevning qismati ham o‘sha yillardagi millatparvarlar singari ayanchli
tugadi, u 1937 yilda mustabid tuzum tomonidan nohaq qatag‘onga uchrab, otib tashlanadi.
Yana bir millatparvar rahbarlardan biri, yetuk davlat arbobi Inomjon Xidiraliyevdir
(1891-1928). Inomjon Xidiraliyev ham mahalliy aholining manfaatlarini himoya qilgan
milliy rahbarlardandir. U 1922 yilning oxirida Butunrossiya MIQga maxsus xat bilan
murojaat qilib, “Mahalliy aholining barcha qatlamlarini sovet ishlariga jalb qilishga, bu
ishlarni aholining milliy turmush tarziga moslashtirgan holda amalga oshirishga,
Turkistonda ish yuritishni mahalliy aholi tiliga o‘tkazishga” e’tiborini qaratgan edi.
I.Xidiraliyev fikricha, oktabr to‘ntarishidan so‘ng deyarli 5 yil o‘tgan bo‘lsa ham, quyidan
yuqorigacha boshqaruv apparatlarida asosan yevropalik kishilar o‘tirganligi mahalliy aholida
chorizm mustamlakachilik siyosati sovetlar davrida ham davom etmoqda degan xulosani
keltirib chiqarmoqda. Boshqaruv idoralarida o‘tirgan yevropaliklar asosan Rossiya
sharoitidan kelib chiqqan kishilar bo‘lib, mahalliy aholi tili, urf-odatini bilmaydigan,
dehqonchilik va chorvachilikda mashg‘ul bo‘lgan ko‘plab aholi xususiyatiga mos
mafkuraviy qarashlarni tushunmaydigan shaxslardir. Bu esa o‘z navbatida chorizm davridagi
byurokratik davlat apparatiga o‘xshab qolgan boshqaruv apparatini tez orada mahalliy
xalqlar ruhiyati va turmushiga moslashtirishni taqozo qiladi. Xidiraliyevning ushbu takliflari
bilan Markaz qisman bo‘lsa ham hisoblashishga majbur bo‘ldi. 1923 yildan boshlab ish
yuritish tub millatlar tillarida olib boriladigan bo‘ldi.
Sovet tuzumi davridagi milliy rahbarlar ustida so‘z borar ekan, davlat va siyosat
arbobi Akmal Ikromov(1898-1938) faoliyati haqida to‘xtalib o‘tish muhimdir. A.Ikromov
sovet hokimiyatiga sodiqlik bilan xizmat qildi. Uning yer-suv islohoti va jamoalashtirish
xususida bildirgan fikrlari buning yorqin dalilidir. Yer-suv islohotini o`tkazishdan maqsad
nima degan savolga Akmal Ikromov: “yer bir guruh boylar to`dasi qo`lida to`planib
qoldi,...boy xo`jaliklarni tugatmasdan turib, paxtachilikni rivojlantirib bo`lmaydi” degan edi.
Shuningdek, u “18lar guruhi”, “inog‘omovchilik”ka qarshi chiqishlar qilib, ularni
millatchilikda ayblaydi va ularga qarshi kurash olib borishga chaqiradi. Afsuski, 20-
yillarning oxiri-30 yillarning o`rtalaridagi bir qator qatag‘onlar uchun Akmal Ikromov ham
javobgardir. Lekin mustabid tuzumning sodiq xizmatchisi bo`lgan Akmal Ikromov ham,
1938 yilda “xalq dushmani” sifatida otib tashlanadi.
Tadqiq qilinayotgan davrdagi davlat arboblaridan yana biri Yo‘ldosh
Oxunboboyevdir (1885-1943). U 1926-27 yillarda O‘zbekistonda yer-suv islohotini
o‘tkazish markaziy komissiyasi raisi sifatida ish olib borgan, Farg‘ona viloyati hamda
respublika qishloq xo‘jaligini tiklashda ishtirok etgan. Yo‘ldosh Oxunboboyev 1943 yilda
Toshkentda vafot etgan.
Tariximizda o‘zining o‘chmas izini qoldirgan buyuk siymo bu-Fayzulla Xo‘jayevdir
(1896-1938). 1920 yili inqilobchi Yosh buxoroliklar Turkiston markaziy byurosi rayisi,
1920-24 yillarda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi Nozirlar Kengashining rayisi
(shuningdek, Tashqi ishlar, Harbiy ishlar noziri) bo‘lib ishlagan.
Fayzulla Xo‘jayevning faoliyati nihoyatda murakkab siyosiy vaziyatda o‘tgan.
O‘zbekistonda yuz berayotgan o‘zgarishlardan qoniqmaganligini u o‘zining bir qancha
tanqidiy chiqishlarida bildiradi. Masalan, 1924 yildagi bolsheviklarning milliy-hududiy
chegaralanishiga qarshi o‘z fikrlarini ilgari surgan, “Buxoro inqilobi tarixiga doir” asarida
Fayzulla Xo‘jayev jadidchilikka xolis baho berishga harakat qilgan. Ushbu asardagi
jadidchilikning ijtimoiy mohiyatiga ijobiy munosabati va jadidchilikni ijtimoiy-inqilobiy
harakat sifatidagi qarashlari xato deb baholandi.
221
Fayzulla Xo‘jayev ham mustabid tuzumning qatag‘on qurbonlaridandir. U 1937 yil
Moskvada “xalq dushmani” sifatida qamoqqa olinib, 1938 yilda otib tashlangan.
20-30 yillarda ko‘zga ko‘ringan milliy yetakchi - Abdulla Rahimboyevdir (1896-
1938). Abdulla Rahimboyevning siyosiy faoliyati nihoyatda serqirra bo‘lib, mustabid tuzum
siyosatiga qarshi dadil chiqishlari buning yorqin ifodasidir. Masalan, u 1921 yilning
dekabrida bo‘lib o‘tgan RSFSR Sovetlarining IX qurultoyi minbaridan turib, Rossiya
hukumatiga ochiqdan-ochiq ”Turkistondagi sovetlarning jazolash siyosati har qanday
chegaralardan o‘tib tushdi. Farg‘ona viloyatidagi jazo otryadlari esa mutlaqo muxtor holatda,
hech kim bilan, partiya organlari bilan ham, sovet organlari bilan ham hisoblashmasdan, turli
shubhali shaxslarni xizmatga olib harakat qilmoqdalar” degan bayonot bilan chiqdi. Lekin
bunday tarzda sovetlar siyosatini tanqid qilish kechirilmas edi va 1922 yilda ishda yo‘l
qo‘yilgan “qo‘pol xatolari” uchun TASSR MIQ raisi A.Rahimboyev lavozimidan
chetlashtirildi. Biroq vaqt o‘tishi bilan Markaz unga “o‘z xatolarini tuzatish” imkonini beradi
va yana rahbarlik ishiga jalb qiladi.
A.Rahimboyev RKP(b) MQ O‘rta Osiyo byurosining a’zosi hamda TKP MQning
ma’sul kotibi sifatida milliy-hududiy chegaralanishni o‘tkazishning tepasida turdi. 1924
yilning fevralida u Buxoroga yuboriladi va bu yerdagi BXSR rahbar xodimlarining
kengashida milliy–hududiy chegaralanishi to‘g‘risida ma’ruza qildi. 1924 yilning 10 martida
Turkiston Kompartiyasi MQsi va Turkiston MIQ rahbar xodimlarining kengashida ham
ma’ruza qilib, Rahimboyev milliy-hududiy chegaralanishni “...nisbatan ma’qul tarzda,
og‘riqsiz usullar” bilan o‘tkazish kerakligini uqtirdi.
Abdulla Rahimboyevning qismati ham milliy yetakchilarniki kabi qatag‘on
to‘lqinlari avj olgan paytda hal qilindi. U 1938 yilda qurbon bo‘ldi.
I.Xidiraliyevning hayoti 1928 yilda fojeali tugaydi.
“Turkiston xalqlarining ildizi bir”,- degan g‘oya avloddan-avlodga o‘tib, milliy
yetakchilar, jamoat arboblari va milliy ziyolilar qarashlari hamda faoliyatlarida o‘z aksini
topib kelgan. Tarixan tarkib topgan uchta davlatni tugatib, o‘rniga yangi tuzilmalarni
vujudga keltirish markaz va o‘lkadagi bolshevistik rahbarlar tashabbusi bo‘ldi. 1920 yil
boshidayoq, Turkkomissiya Turkiston ASSRni bo‘lib tashlab, milliy til belgisiga qarab
muxtor respublikalar tashkil qilish masalasini qo‘ygan edi. Bu o‘sha yili iyun oyida RKP (b)
ning Turkistonga oid qabul qilgan hujjatlarida o‘z aksini topdi. Lenin Turkistonning
“O‘zbekiya, Qirg‘iziya, Turkmaniya” ga bo‘lingan xaritasini tuzish kerakligini uqtirdi. Bu
rejaning amalga oshishi qarshilik harakati tufayli bir oz kechikdi. Turkistonni milliy jihatdan
qayta chegaralash markaz va RKP(b) O‘rta Osiyo byurosi tomonidan ishlab chiqildi va 1924
yilda qat’iylik bilan amalga oshirildi.
1924-yilning 31 yanvarida RKP(b) MKning Tashkiliy byurosi Turkiston, Buxoro,
Xorazm respublikalarining milliy-hududiy chegaralanishi masalasini ko‘rib chiqdi va YA.E.
Rudzutakka mazkur respublikalarning ma’sul xodimlari bilan birgalikda bu g‘oyani amalda
qanday ro‘yobga chiqarish mumkinligini oldindan muhokama qilishni topshirdi. 1924
yilning fevralida esa Fayzulla Xo‘jayevning milliy chegaralanish masalasi bo‘yicha
tezislarida markazning turkiy xalqlarning ildizi birligini hisobga olmayotganligi, chegaralash
g‘oyalari o‘tmish istilochilari siyosatidan farq qilmayotganligi aytilgan edi. Turkiston,
Buxoro,Xorazm respublikalarida tashkiliy va tashviqot ishlari olib borilgandan so‘ng, 1924
yilning 11 oktyabrida RKP(b) Siyosiy byurosi O‘rta Osiyoni qaytadan bo‘lib chegaralash
haqida o‘zining so‘nggi qarorini qabul qiladi va 1924 yil 14 oktyabrda RSFSR BMIQ II
sessiyasi milliy chegaralanish haqidagi Turk MIQ qarorini tasdiqladi. Milliy chegaralanish
natijalariga ko‘ra, O‘rta Osiyoda O‘zbekiston va Turkmaniston Sovet Sotsialistik
Respublikalari, O‘zSSR tarkibida bo‘lgan Tojikiston Avtonom respublikasi, RSFSR
tarkibida Qoraqirg‘iz (Qirg‘iziston) va Qoraqalpog‘iston Avtonom viloyatlari tashkil topdi.
Sobiq Turkiston ASSRning qozoq viloyatlari esa, Qirg‘iziston (Qozog‘iston) ASSR
tarkibiga kiritildi.
222
Shu tariqa, 1924 yilning kuzida milliy-hududiy chegaralanish hukumat qarorlari bilan
qonuniy tarzda rasmiylashtirildi.
1925 yilning 13 fevralida O‘zSSR Sovetlarining Buxoroda ochilgan I-Umumo‘zbek
qurultoyida “O‘zbekiston SSR tuzilgani to‘g‘risida deklaratsiya” qabul qilindi. O‘zbekiston
SSR sovetlari MIQning raisi etib - Yo‘ldosh Oxunboboyev saylandi. O‘zbekiston XKS raisi
etib - Fayzulla Xo‘jayevni tasdiqladi. Tuzilgan O‘zbekiston SSRga tugatilgan Turkiston
ASSRdan Sirdaryo, Farg‘ona va Samarqand viloyatlarining katta qismi, Buxoro
respublikasidan uning markaziy va g‘arbiy qismi (Zarafshon, Qashqadaryo va Surxondaryo
vohalari), shuningdek Xorazm SSRdan Xorazm vohasi kirdi.
Milliy-chegaralanishdan so‘ng, O‘zbekiston sovetlarining I-qurultoyi (1925 yil 13-17
fevral) “O‘zbekiston SSRning tashkil topishi haqidagi Deklaratsiya”ni tasdiqlagach, Ittifoq
sovetlarining 3-qurultoyida (1925 yil,13 may) esa, O‘zbekiston Respublikasi SSSR tarkibiga
kiritildi. Shu tariqa, O‘zbekiston SSRning qonunan rasmiylashtirish jarayoni tugallandi.
O‘zbekiston SSR aholisining soni respublika tashkil etilishining dastlabki yillarida
3.963.285 kishini, ya’ni, O‘rta Osiyo aholisining deyarli yarmini-48,7 foizini tashkil etar edi.
1926 yilda o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha respublikada istiqomat qiluvchi
aholining tarkibi quyidagicha edi: o‘zbeklar -74,2%, tojiklar -7,8%, ruslar-5,6%, qozoqlar-
2,4%, qirg‘izlar-2,04%.
Turkiston o‘lkasini bo‘lib tashlash bilan sho‘rolar milliy davlatchiligimizning ming
yillik rivojlanish tarixiga putur yetkazdilar. Millatning bir qismi o‘z ota-bobolari yerida
yashab, mehnat qilsa-da, rasmiy ta’rifga ko‘ra, “oz sonli millat”ga aylanib qolgan edi.
Bolsheviklar andozasidagi milliy-hududiy chegaralanish O‘rta Osiyo xalqlari o‘rtasidagi
bo‘lajak millatlaro munosabatlarni keskinlashtirib turishi, favqulodda vaziyatlarda portlab,
turli nizolarga sabab bo‘lishi muqarrar edi. Yangi sovet respublikalarini “milliy
davlatchilikning tashkil etilganligi”, deb baholash xato bo‘lsa kerak. Zero, SSSR tarkibidagi
ushbu tuzilmalar Markaz ixtiyorida bo‘lib, ilgarigidek unga arzon xom ashyo yetkazib
berishga ixtisoslashtirilgan mustamlakalar bo‘lib qolaverdi.
1924-yilda milliy-hududiy chegaralanishi natijasida O‘rta Osiyo xaritasida ittifoqchi
respublikalar bilan birga muxtor tuzilmalar ham paydo bo‘ldi. Shular orasida
Qoraqalpog‘iston muxtor viloyati ham bor edi. Ushbu viloyat Qirg‘iziston (Qozog‘iston)
ASSR tarkibida bo‘lib, unga volostlardan iborat To‘rtko‘l, Chimboy, Xo‘jayli va Qo‘ng‘irot
okruglari kirdi. 1925 yil 12-19 fevralda viloyat markazi To‘rtko‘l shahrida bo‘lib o‘tgan
Qoraqalpog‘iston avtonom viloyati Sovetlarining birinchi qurultoyi “Qoraqalpog‘iston
avtonom viloyati tashkil topganligi to‘g‘risida Deklaratsiya” qabul qildi va “qoraqalpoq
milliy davlatchiligi” tashkil etilganligini qonuniy rasmiylashtirdi. Qoraqalpog‘iston avtonom
viloyati Ijroiya Qo‘mitasining raisi etib A. Qudaboyev saylandi. Qoraqalpog‘istonda
yashaydigan asosiy elatlar qoraqalpoqlar-38,5%, o‘zbeklar-28,7%, qozoqlar-28,6%dan
iborat edi.
Qoraqalpog‘iston Muxtor viloyati tashkil etilgandan so‘ng, sovetlar bu yerda ham
sotsialistik qurilishni avj oldirib yubordilar. Jumladan ovul va qishloqlarni sovetlashtirish
keng miqyosda olib borildi. Sovetlarga batrak va kambag‘allar saylanib, ularning
asosiylarini kommunist va komsomollar tashkil qildi. Mamlakatda vayron bo‘lgan
sanoatning turli sohalari, qishloq xo‘jaligi va sug‘orish ishlarini tiklash amalga oshirildi.
Qoraqalpog‘iston iqtisodiyotining taraqqiyoti bir tomonlama xususiyatga ega bo‘lib,
SSSRning markaziy mintaqalari sanoatini rivojlantirish ehtiyojlarini ta’minlashga qaratilgan
edi. Masalan, 1933 yilning 3 oktyabrida SSSR Yer ishlari Xalq Komissarligi
Qoraqalpog‘istonni mamlakatni beda urug‘i yetkazib beruvchi asosiy baza deb tan olgan edi.
Buning asosiy sababi mamlakat xalq xo‘jaligida ittifoqdosh respublikalar o‘rtasidagi mehnat
taqsimotida Qoraqalpog‘istonga oliy sifatli paxta, beda hamda baliq bilan ta’minlab turish
yuklatilganligida edi.
223
Muxtor viloyat sanoatining yetakchi tarmoqlarini paxta tozalash va baliq-konserva
zavodlari tashkil etar edi. Sanoatni yuksaltirish bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligining barcha
sohalarini rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratildi va bu yerga ko‘p miqdorda qishloq
xo‘jalik anjomlari keltirila boshlanib, boy va ruhoniylardan tortib olingan yerlar hisobiga
yersiz va kam yerli dehqonlar yer bilan ta’minlandi.
1930-yilda Qoraqalpoq muxtor viloyati RSFSR tarkibiga kiritildi.1932 yilning 20-
martida esa, SSSR MIQ Rayosati “Qoraqalpog‘iston avtonom viloyatini Avtonom Sovet
Sotsialistik Respublikasiga aylantirish va uni RSFSRga kirishi to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
O‘sha yilning may oyida avtonom respublika Sovetlarining I Ta’sis qurultoyi xukumatni
tuzdi. Unda QQASSR MIQ raisi etib, Koptleu Nurmuhamedov, Xalq Komissarlari Kengashi
raisi etib esa Qosim Avezovlar saylandilar.1936 yilda SSSRning yangi Konstitutsiyasi qabul
qilindi va unga ko‘ra QQASSRning O‘zbekiston SSR tarkibiga kirishi ko‘zda tutilgan edi.
Buning asosiy sababi, hududiy yaqinlik, yagona tarixga ega bo‘lganligi deb e’tirof etildi.
1937 yil 12 fevralda O‘zSSRning yangi Konstitutsiyasi qabul qilindi. O‘sha yilning 6
martida esa, QQASSRning yangi Konstitutsiyasi e’lon qilinadi. Qoraqalpog‘iston
O‘zbekiston tarkibida bo‘lganida, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik yanada
mustahkamlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |