www.ziyouz.com kutubxonasi
31
cho‘qinadigan butlar haqida yaxshi gaplarni aytganmishlar, bu sanamlar ulug‘ farishtalar
bo‘lib, ularning shafoatiga ikkilanmay umid bog'lash mumkin, deganmishlar. Bu gapdan
terisiga sig‘may quvonib ketgan mushriklar payg‘ambar alayhis-salom bilan birga sajda
qilishganmish. Bunday tuturiqsiz rivoyatni duch kelgan narsa haqida bilar-bilmas
aljirayveradigan befahm odamgina aytishi mumkin. Bu rivoyat butunlay yolg‘onligiga
aqliy va naqliy dalillar keltirib o‘tamiz. Bu hadis sanadi (ya’ni rivoyat qiluvchi vositasi) va
matni jihatdan ham poyma-poy. Qozi Iyoz "Shifo" nomli asarida bu hadisning sahih
hadislar kitobiga kiritilmaganini va biron muhaddis uni ishonchli sanad asosida zikr
etmaganini ta’kidlaydi. Hadisning matnidan kelib chiqsak, butlarni ayblab turib, ularni
madh etish mantiqqa zid. Rasululloh ham, sahobalar ham dinni hech qachon bunday
usul bilan targ‘ib etgan emas, sahobalarga bunday ayb qo‘yish aqlga ziddir. Mabodo
butlar maqtalsa, Najm surasining 23-oyatidagi: "Bu butlar faqat siz va ota-bobongiz
e’zozlagan quruq ismlardan boshqa narsa emas. Olloh buni isbotlash uchun hatto biron
dalil hujjat tushirgani ham yo‘q", deyilgan fikrdan keyin hamma narsa ostin-ustun bo‘lib
ketmaydimi? Bordi-yu, shunday hodisa yuz bergan taqdirda mushriklar rasululloh bilan
san-manga borgan paytlarida bu narsani olamga doston qilishmasmidi? Hech qanday
dalil-hujjati yo‘q ko‘r-ko‘rona tarsolik tufayli idroki susaygan mushriklar bunday qulay
imkoniyatni qo‘ldan boy berishadimi? Nafsilamrini aytganda, bu qiblaning
Baytulmuqaddasdan Ka’baga o‘zgartirilishidan kichik ish emas. Kofirlar qiblaning
o‘zgarishi xususida ham ancha-muncha shov-shuv ko‘tarishdi. Olloh taolo Baqara
surasining 142-oyatida: "Ba’zi ahmoq odamlar musulmon ko‘z tikib turgan qiblasidan
nega yuz o‘girishdi, deyishadi", deya bu kimsalarni ahmoq deb ataydi. Ashaddiy din
dushmani bo‘lmish eng johil mushrik ham nega o‘zing ayblagan xudolarimizni
maqtayapsan, deyishi turgan gap. Hatto qo‘liga qurol olib rasulullohga qarshi turganlari
ham biron marta bunday so‘z aytmagan.
Mazkur hikoyani naql etgan va uni Habashistondagi muhojirlarning qaytib kelishiga
sabab qilib ko‘rsatgan tarixchilar, hijrat vaqti rajab oyi, qaytishlari esa shavvol oyi, Van-
najm surasi esa ramazon oyida nozil bo‘lgan deyishadi. Dsmak, Van-najm surasining
tushishi bilan muxojirlarning qaytib kelishi oralig‘ida roppa-rosa bir oy vaqt o‘tgan.
Ma’lumki, u paytlarda Makkadan Habashistonga borib kelish uchun bir oy muddat kamlik
qilardi. Suvda kemalar qatnovi hozirgi taraqqiyot darajasida emas, qochib
ketayotganlarning musulmonchilikni qabul qilgan qurayshlar ekanini yetkazadigan
telegraf yo‘q edi. Bundan ushbu rivoyatni islomning ashaddiy dushmani, ko‘ngliga
kelganini o‘ylab-netib o‘tirmay valdirayveradigan kimsalar to‘qib chiqargan, degan
xulosani aytish mumkin.
Tuhmatchi kazzoblar bilan bizning oramizda adolatli hukm chiqaruvchi Olohning
muqaddas kitobi bor. Baqara surasida u nafsi va xohishiga qarab gapirmaydi, degan
oyat bor. Yuqoridagi fikrni payg‘ambar alayhis-salomning diliga shayton soldi, degan eng
qabih tuhmatdir. Rasululloh vahiyga shak keltiradigan gaplarni aytishlari sira mumkin
emas. Sajda borasida "Sahihul Buxoriy" da Abdulloh ibn Mas’udning rivoyati keltirilgan":
"Payg‘ambar alayhis-salom Van-najm surasini o‘qib, sajda qilgan edilar, birga nomoz
o‘qiyotganlarning hammasi u kishiga ergashdi, faqat bir kishi sajda qilmay, bir siqim
toshni olib peshonasiga bosdi-da, menga mana shuning o‘zi kifoya, dedi. Ko‘p o‘tmay
uning kofir holatida o‘ldirilganining guvohi bo‘ldim". Bu rivoyatdan payg'ambar alayhis-
salom bilan birga mushriklar ham sajda qilishgan ekan-da, degan xulosa chiqmaydi.
Aksincha, Abdulloh ibn Mas’ud aytgan odam islom diniga kirib, keyinchalik murtad
holatida o‘ldirilganligi anglashiladi. Bir guruh odam mushriklarning jabr-zulmlariga
chidolmay imoni zaiflik qilib, murtad bo‘lib ketishgan. Shundaylarning biri Ali ibn
Umayya ibn Xalaf edi.
Nurul yaqin. Muhammad Xuzariy
Do'stlaringiz bilan baham: |