“BIZNES REJALASHTIRISH”
fanidan
MA’RUZALAR MATNI
Qarshi-2020
Muallif - O.A.Amanov
I BOB. BOZOR IQTISODIYOTI VA BIZNES
Tayanch so’z va iboralar: bozor iqtisodiyoti, bozor iqtisodiyoti belgilari,
bozor munosabatlarini rivojlantiruvchi kuchlar, bozor iqtisodiyotiga o’tish
tamoyillari, tadbirkorlik va biznes, kichik biznes va tadbirkorlikning o’ziga xos
xususiyatlari, biznes reja ahamiyati va uning funktsiyalari.
1.1. Bozor iqtisodiyoti tushunchasi va uning belgilari
Hozirgi kunda har bir jamiyat a’zosining, ayniqsa tadbirkorlar oldida bozor
iqtisodiyoti qonuniyatlarini, uning O’zbekiston Respublikasida qanday amalga
oshirilayotganini, bu qonuniyatlarni ishlab chiqarishga tadbiq etishni, pirovard
natijada talab darajasida tovar ishlab chiqarishni va xizmat ko’rsatishni yo’lga
qo’yishning sirlarini bilib olish kabi dolzarb vazifalar ko’ndalang bo’lib turibdi.
Bozor iqtisodiyoti – tovar-pul munosabatlariga asoslangan va ularga xos
iqtisodiy qonunlar asosida boshqariladigan iqtisodiyot turidir.
Boshqacha qilib aytganda, yer yuzasidagi barcha rivojlangan mamlakatlarda
mavjud bo’lgan erkin tadbirkorlik xukmron joylarda iqtisodiyotning asosiy turi
hisoblangan, mustaqil iqtisodiy faoliyat asosida kishilarning ehtiyojlarini qondirish
uchun zarur tovar ishlab chiqarish hamda tovarlarning oldi-sotdisi sotuvchi bilan
xaridorlarning erkin, ixtiyoriy munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotdir.
Bozor iqtisodiyotining tub belgilari quyidagilardan iborat:
1. Iqtisodiy plyuralizm, ya’ni mulkchilik shakllarining va xo’jalik yuritishning
turli-tuman bo’lishidir. Bunda turli shakaldagi mulklar erkin, yonma-yon va
teng huquqli tarzda rivojlanadi. Xo’jalik yuritishning yakka tartibda, jamoa-
uyushmaga birikkan holda, sherikchilik-paychilik yoki aktsionerlik asosida o’z
mablag’iga yoki qarzga olingan mablag’larga tayanib ish yuritish kabi
shakllaridan keng foydalaniladi.
2. Bozor iqtisodiyoti –erkin iqtisodiyotdir. Bunda mulk egalarining to’la
mustaqilligi tushuniladi.
3. Bozor iqtisodiyoti sharoitida o’zaro munosabatlar manfaatlarni ko’zlagan holda
o’rnatiladi.
4. Bozor iqtisodiyotining yana bir belgisi-narxlarning liberallashuvi, ya’ni narx-
navoning erkin tashkil topishidir. Aksariyat tovar va xizmatlar narxlari
bozordagi talab va taklif nisbati asosida xaridor va sotuvchining kelishuviga
binoan yuzaga keladi.
5. Muhim belgilardan yana biri bu – raqobatdir. Zamonaviy bozor iqtisodiyotida,
birinchidan manfaatlar to’qnashib raqobat yuz bersa, ikkinchidan suhbatlar o’z
faoliyatini, binobarin manfaatlarni ham muvofiqlashtirishga intiladilar.
Bozor iqtisodiyoti sub’ektlari jumlasiga har xil shakldagi mulk resurslar
egalarini, firma, korxona, tadbirkorlarni, davlat mahkama va idoralari kiradi.
Iste’molchilar va ishlab chiqaruvchilar o’rtasida ishonchli raqobat mavjud bo’sagina
bunday oldi-sotdilar uzoq davom etadi va har ikkitomon ham manfaat topadi.
Shuning uchun raqobat to’g’ri va halol bo’lishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |