www.ziyouz.com kutubxonasi
9
O’tirganda, hojat chiqarayotganda, jimo’ paytida, xutba o’qilayotganda, esnayotgan
holatlarda zikr qilish makruh sanaladi. Ammo yo’lda va hammomda makruh emas.
Fasl: Zikrdan maqsad qalbning huzur olishidir. Kishi zokir bo’lishi uchun zikrga qiziqishi
va aytayotganlarining ma’nosini anglashi-tadabbur qilishi lozim. Qiroatda tadabbur
matlub bo’lganidek, zikrda ham matlubdir. Shuning uchun «La ilaha illalloh» kalimasini
cho’zib aytish ixtiyor qilingan. Chunki bunda tadabbur qilish imkoniyati bo’ladi.
Fasl: Kimning kunduzi yoki kechasida yo namozdan keyin yoxud boshqa bir paytda
zikrdan vazifasi bo’lsa, kechiktirmasdan ado qilish lozim. Agar vaqtida bajarishga
odatlansa, hech qachon o’tkazib yubormaydi. Ammo uni bajarishni yengil sanasa, zoe’
qilishni ham yengil sanaydi. Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi
vasallam: «Kim kunlik vazifasini ado etmasdan uxlab qolib, so’ng bomdod bilan
peshinning orasida o’qib olsa, go’yo kechasi o’qiganning savobi yoziladi», dedilar».
Imom Muslim rivoyatlari
Fasl: Gohida kishi zikr qilayotib, ba’zi sabablar bilan uni to’xtatishga majbur bo’lib
qoladi. Masalan, salom berilishi mumkin. Shunda alik olib, so’ng yana zikr qilinaveradi.
Biror kishi aksa ursa, «yarhamukalloh» deb qo’yiladi, keyin yana zikrida davom etadi.
Zikr qilinayotib, azon eshitilib qolsa, orada uning kalimalariga javob beriladi.
Shuningdek, biror munkar ishni ko’rsa, undan qaytaradi, biror yaxshi ishga da’vat qiladi.
So’ngra yana davom etadi.
Esnaganda va shu kabi hollarda zikrni to’xtatib turadi.
Fasl: Yaxshi bilingki, namoz yoki boshqa ibodat-amallarda mashru’ bo’lgan zikrlar vojib
yoki mustahab bo’lsa, o’zi eshitadigan qilib talaffuz etmasa, hisobga olinmaydi.
(Masalan, namozda qiroatini o’zi eshitadigan qilib o’qishi kerak, yo’qsa, qiroat qiroat
bo’lmaydi. – Tarjimon.)
Fasl: Kunduz va kechasidagi amallar to’g’risida imomlarimiz tomonidan nafis kitoblar
tasnif etilgan. Ularning eng yaxshisi Abu Abdurahmon Nasoiyning «Kunduzi va
kechasidagi amallar» nomli kitoblaridir. Bundan-da nafisrog’i va foydalirog’i Imom Abu
Bakr Ahmad ibn Muhammad ibn Ishoq Sunniyning «Kecha va kunduzgi amallar» nomli
risolalari. Men Ibn Sunniyning hamma kitoblarini shayximiz Abulbaqo Xolid ibn Yusuf ibn
Sa’d ibn Hasandan eshitdim. Bu zot esa, 602 hijriy sanada alloma Abul Yaman Zayd ibn
Hasan ibn Zayd ibn Hasan Kindiydan, u kishi shayx Abul Hasan Sa’dulxayr Muhammad
ibn Sahl Ansoriydan, u zot shayx Abu Muhammad Abdurahmon ibn Sa’d ibn Ahmad ibn
Hasan Duvniydan, u kishi Qozi Abu Nasr Ahmad ibn Husayn ibn Muhammad ibn Kassor
Daynuriydan, u zot shayx Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad ibn Ishoq Sunniydan
eshitganlar. Bu dalillarni keltirishimdan maqsad, inshaalloh, Ibn Sunniyning kitobini
o’quvchiga isbotlari bilan taqdim qilishdir. Gapni isboti bilan keltirish hadis imomlari
nazdida yaxshi amal. Bu kitobda jamiki zikr qilganlarim sahih rivoyatlar bo’lib,
alhamdulillah, muttasil eshitilib kelingandir. Bundan tashqari, yana beshta sahih
kitobdan ko’chirdim. Ular: «Sahihul Buxoriy», «Sahihul Muslim», «Sunani Abu Dovud»,
«Sunani Termiziy», «Sunani Nasoiy». Shuningdek, Imom Molikning «Muvatto’»
kitoblariga yoki Ahmad ibn Hanbalning va Abu Avonaning musnadlariga o’xshash yoki
Ibn Moja, Dora Qutniy, Bayhaqiyning sunanlariga o’xshash boshqa kitoblar ham bor.
Al-Azkor. Al-Faqih an-Navaviy
Do'stlaringiz bilan baham: |