4-dars. UYUSHIQ VA AJRATILGAN BO‘LAKLAR
BO‘YICHA O‘TILGANLARNI TAKRORLASH
Topshiriq.
Gapni ko‘chiring, qaysi bo‘laklar uyushib kelayotganini
ayting.
Kimki adovat-u xusumat eksa, albatta, u tashvish-u
mashaqqat o‘radi. (Zamaxshariy)
10-mashq.
O‘z shahringiz (qishlog‘ingiz)da amalga oshirilayotgan
bunyodkorlik ishlari haqida suhbatlashing. Uyushiq bo‘laklar ishtirokida
og‘zaki gaplar tuzing.
11-mashq.
Matnni o‘qing, uyushiq bo‘laklar va ajratilgan bo‘laklarga
izoh bering.
Hamma ham do‘stlarini, yaqin kishilarini e’zozlaydi, ularning
ko‘p bo‘lishini istaydi. Ayniqsa, har bir odam o‘zining oqil, obro‘-
e’tiborli, iste’dodli, sadoqatli do‘stlari – safdoshlari bilan faxrlanadi,
ammo do‘stlik mezoni faqat shular bilan o‘lchanmaydi. Har bir
http://eduportal.uz
12
odamning do‘stlari oldida burch va mas’uliyatlari borki, ularni
ado etolmasa, do‘stlari uning do‘stligini e’tirof etmaydilar, tan
olmaydilar. Har bir odam do‘stlaridan shu burch va mas’uliyatlarini
ado etishni talab qiladi.
(M. Mahmudov)
12-mashq.
Gaplarni ko‘chiring, ajratilgan va uyushiq bo‘laklarni
aniqlang. «Buyuk ipak yo‘li» tushunchasi nimani anglatadi? Uning qayta
tiklanishi xalqimizga qanday naf keltiradi?
1. Xalqaro savdo yo‘li – Buyuk ipak yo‘li Temur va
Temuriylar davrida juda serqatnov bo‘lgan. (B. Ahmedov)
2. O‘zbekiston – ona diyor, bag‘ri to‘la hikmatdir. (Sayyor)
3. Turnalar arg‘imchog‘i g‘ira-shira osmon ortiga – bulutlar
bag‘riga singiydi. (X. Eshonqulov) 4. Endi sizlar – aziz onalar,
opa-singillar, yurt egalari, kelajak sohiblari yo‘lchi yulduz, mayoq
singari istiqbolimizni yoriting, aqlimizni peshlang, ongimizni
boyiting. (A.Muxtorov) 5. Insonni ehtiros emas, uning buyuk
bisoti – aqli, tafakkuri boshqarishi kerak. (E. Vohidov)
1. Uyushiq bo‘laklar deb qanday gap bo‘laklariga aytiladi?
2. Ajratilgan bo‘laklarga misollar keltiring.
3. Uyushiq bo‘laklar orasida qanday tinish belgilari ishlatiladi?
13-mashq.
Uyga vazifa.
Gaplarni ko‘chiring, uyushiq bo‘laklarni
aniqlab, ularni izohlang.
Bizning ayollar hazrat Navoiyning kulliyotini tokchalarga terib
qo‘yadilar, g‘avvos bo‘lib bu ummondan fikr gavharini teradilar.
Fuzuliy, Bedil va Mashrab devonini yostiqlari ostiga qo‘yib
uxlaydilar. Xirmon sayli, qovun sayli, gul bayrami, Mehrjon
bayrami, Navro‘z shodiyonalari she’rsiz, bahr-u bayt va o‘lanlarsiz
o‘tmagan. Piyolalar gardiga, belbog‘lar, dastro‘mollar hoshiyalariga
mehr-muhabbat, saodat baytlarini yozganlar, kashta qilib tikkanlar.
(Muzayyana Alaviya)
http://eduportal.uz
13
Do'stlaringiz bilan baham: |