Eritma yoki erigan qotishma tarkibidan kristallar holatida qattiq fazani hosil qilish jarayoni kristallanish deb ataladi. Kristallanish jarayoni eritishning teskarisi hisoblanadi. Ikkala jarayon ham
qattiq faza-suyuqlik sistemasida yuz beradi. Kristallanish jarayoni odatda suvli eritmadagi kristallanishi
lozim bo׳lgan moddaning eruvchanligini kamaytirish orqali, ya’ni uning haroratini o׳zgartirish yoki
erituvchining bir qismini bug`latish yo׳li bilan amalga oshiriladi. Erigan qotishmalardan kristallarni
ajratib olish uchun esa ular sovitiladi.
Kristallanish jarayoni eritmadagi qattiq faza eruvchanligining o׳zgarishiga asoslangan. Harorat ortishi
bilan moddalarning eruvchanligi ko׳payib, ular yaxshi eruvchanlik xususiyatiga ega bo׳ladi. Harorat
ortishi bilan ba’zi moddalarning eruvchanligi kamayib ketadi va ular yomon eruvchan moddalar
hisoblanadi.
Berilgan haroratda eritmaning qattiq faza bilan muvozanat holatida bo׳lishi to׳yingan eritma deyiladi.
To׳yingan eritma tarkibidagi erigan moddaning miqdori eruvchanlik darajasini belgilaydi. Eruvchanlik
erigan moddaning va erituvchining xossalariga, haroratga hamda qo׳shimcha komponentlarning
borligiga bog`liq. To׳yingan eritma o׳z tarkibida imkoni boricha ko׳p miqdorda erigan modda ushlaydi.
Bu holatdagi eritma turg`un bo׳ladi.
O׳ta to׳yingan eritma esa o׳z tarkibida eruvchanlik xususiyatiga nisbatan ortiqcha miqdorda erigan
modda ushlaydi. Shu sababli o׳ta to׳yingan eritmalar turg`un bo׳lmaydi. Bunday eritmalardan ortiqcha
erigan moddalar kristall holida ajraladi, so׳ngra esa eritma yana to׳yingan holatga o׳tadi.
Eritmalarning o׳ta to׳yinish holatiga quyidagi usullar bilan erishish mumkin:
1) ochiq idishda erituvchining bir qismini bug`latish;
2) bug`latish qurilmasida qaynayotgan eritmadagi erituvchining bir qismini bug`latish;
3) eritmaga suvni o׳ziga tortuvchi moddalarni qo׳shish;
4) to׳yingan eritmani sovitish.
Sanoatda kristallanish jarayoni quyidagi bosqichlarda boradi:
1) kristallanish;
2) hosil bo׳lgan kristallarm eritmalardan ajratib olish;
3) kristallarni yuvish va quritish.
Kimyoviy texnologiyada kristallanish turli moddalarni toza holatda olish uchun keng qo׳llaniladi.
Oziq-ovqat sanoatida kristallanish jarayoni qand-shakar ishlab chiqarishda, glyukoza olishda, konditer
sanoatida va boshqa sohalarda ishlatiladi.
Kristallanish jarayoni moddalarni ajratishning boshqa usullariga nisbatan bir qator afzalliklarga ega:
1) energetik xarajatlari past, chunki moddalarning solishtirma suyulish issiqligi ularning bug`lanish
solishtirma issiqligiga nisbatan 6-8 marotaba kam bo׳ladi;
2) ish haroratlari past;
3) yaqin qaynovchi komponentli va azeotrop aralashmalarni ajratish imkoniyati mavjud;
4) erituvchilarni ishlatishga ehtiyoj yo׳q;
5) modda suyultirilgan holatdan kristall holatga o׳tganida katta termodinamik ajratish koeffitsiyentiga
ega bo׳lganligi sababli kristallanish yuqori samaradorlikka ega.