41-§. YASHASH UCHUN KURASH VA UNING TURLARI
Sizlar kundalik hayotda qoqio‘t, ituzum, uy pashshasi, baqalar va boshqa
hayvonlar, o‘simliklar o‘zidan ko‘p nasl qoldirishini kuzatgansizlar. Ko‘p
hollarda qoldirgan naslning barchasi voyaga yetmay nasl berishga ulgurmaydi.
Ularning ko‘pchiligi shaxsiy taraqqiyotning turli bosqichlarida nobud bo‘ladi.
Nobud bo‘lish sabablari har xil: oziqaning yetishmasligi, dushmanlarning
hujumi, ob-havoning noqulay kelishi. Binobarin, har bir tirik mavjudot yashash
uchun va nasl qoldirish uchun doimo kurashadi. Darvin yashash uchun kurash
iborasini keng ma’noda, ya’ni organizmlarning o‘zaro hamda anorganik
tabiatning noqulay sharoitlari orasidagi murakkab va xilma-xil munosabatlarini,
shuningdek, normal nasl qoldirish layoqatini tushungan.
Do'stlaringiz bilan baham: |