shubhalanish) paydo bo'lganki, ularni hal qilish uchun yaqin o'tmishni badiiy tadqiq yetishga
jazm qilgan. Biz Oybek o'tmishni atayin rasmiy nuqtai nazarga mos yaratgan, degan fikrdan
mutlaqo yiroqmiz. Aksincha, adib o'z ideali asosida ko'rilgan voqelikni «Qutlug' qon» badiiy
voqeligida haqqoniy aks ettirgan, uning vositasida yurtining taraqqiyot yo'lini badiiy tadqiq etgan
va shu asosda o'zining konsepsiyasini butlab olgan. Ya'ni yaqin o'tmishning badiiy tadqiqi asosida
Oybek oktyabrda tanlangan yo'l to'g'ri edi, degan xulosaga kelganki, natijada ruhiyatidagi
ziddiyatu chigalliklar barham topgan. Yurtining o'tmishiga yigirma yil yuksakligidan nazar solgan
Cho'lpon esa «Kecha va kunduz» romanida oktyabr inqilobining amalga oshishi ijtimoiy-tarixiy
zaruriyat emas, balki davr taloto'planning hosilasi ekanligini, xalqini chinakam saodatga elitishi
mumkin bo'lgan yo'l boshqa bo'lganligini o'zi uchun vana bir karra tasdiqlab oldi-da, o'zi
anglagan haqiqatni «yo'li bilan» o'quvchisiga yetkazishga intildi. Bundan anglashiladiki,
chinakam ijtimoiy-shaxsiy ehtiyoj mahsuli sifatida dunyoga kelgan roman badiiy voqeligini real
voqelikka zid, deyishlik maqbul emas. Zero, bunday da'vo bilan chiqqan holda ijodkor yaratgan
badiiy voqelikni real voqelikka emas, ko'proq o'zimiz o'z nuqtai nazarimizdan va o'zga ma'no
asosida ko'rgan voqelikka qiyoslagan bo'lib chiqamiz. Masalan, Cho'lpon va Oybek romanlarida
yaratilgan badiiy voqelik bir-biridan keskin farqlanadi, biroq har ikki adib uchun ham o'zi
yaratgan badiiy voqelik real voqelikdan-da realroq, buni tan olmaslik ijod va fikr erkinligini tan
olmaslikka olib keladi.Badiiy asar mazmunining spetsifik xususiyatlari haqida I.Sulton alohida
to'xtaladi. Bunda I.Sulton beshta xususiyatni alohida ajratib ko'rsatadi: salmoqdorlik,
haqqoniylik, universallik, originallik, ta'sirdorlik. Bularning hammasiga qo'shilgan holda,
bugungi kun ularning mohiyati haqidagi tasavurni biroz o'zgartirishni talab qiladi.Mazmunning
salmoqdorligi deyilganda uning muhimligi, umumbashariy muhimligi nazarda tutilmog'i lozim.
Ma'lumki, sho'ro davri adabiyotida mazmunning salmoqdorligi kommunistik g'oyalarga
nechog'li mos yoki mos emasligi bilan izohlangan va belgilangan. Ya'ni bu o'rinda ko'proq
mazmunning ijtimoiy salmoqdorligi e'tiborga olingan. Biroq bu xil yondashuvda individ taqdiri,
individning kechinmalari (badiiy umumlashma kuchidan qat'i nazar) salmoqdor hisoblanmasligi
xavfi tug'iladi. Shu tufayli ham sho'ro adabiyotshunosligida, masalan, shaxsiy kechinmalar
tasvirlangan «ko'ngil she'riyati» yoxud boshqa asarlarga past nazar bilan qaralgan. Demak, bu
xil yondoshuv vulgar sotsiologizmga yetaklashi tabiiy ko'rinadi. Mazmunning salmoqdorligi
uning
umumbashariy
qadriyatlarga
nechog'li
muvofiqligi
bilan
belgilanmog'i
kerak.Mazmunning hayotiyligi haqqoniylik bilan bog'liq ekanligi shubhasiz. Lekin bu o'rinda
haqqoniylikni baholash mezoni masalasini hal qilib olish zarur. Adabiyotshunosligimizda uzoq
yillar badiiy asar mazmunining haqqoniyligi reallikka qiyosan baholab kelindi. Natijada ko'plab
asarlar va ularning mualliflariga «hayotni buzib ko'rsatgan» qabilidagi ayblovlar qo'yildi.
Holbuki, badiiy reallikning o'z haqqoniyati bor bo'lib, bu haqqoniyat mavjud reallikdan kelib
chiqib emas, balki badiiy reallikning o'zidan kelib chiqib baholanishi lozim bo'ladi.Originallik
badiiy mazmunning muhim spetsifik xususiyatlaridan ekanligi shubhasiz. Biroq originallik
deyilganda, har bir asarda yangi bir masala ko'tarilishini emas, har bir ijodkorning individligi,
o'ziga xos qarashi, fikrlashi bilan bog'liq yangilikni tushunmoq lozimdir (ya'ni muhabbat o'zi
eski narsa, lekin har bir yurak uni o'zicha yangilaydi).Mazmunning universalligi badiiy
adabiyotning universal bilish vositasi — so'z bilan ish ko'rishi bilan izohlanadi. Badiiy
obrazning ko'p ma'noliligi, badiiy voqelik muallif tomonidan anglangan mohiyatning badiiy
modeli ekanligi va bu modelning muallif ko'rganidan o'zgacha hayotiy holatlarga ham ko'pincha
mos tushishi mazmunning universalligini ta'minlovchi omildir. Nihoyat, badiiy obrazning
emotsional va ratsional birlik ekanligi, badiiy asarda tasvir bilan birga hissiy munosabatning
mavjudligi mazmunning ta'sirdorligini ta'minlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: