«Darhaqiqat, kimda-kim Allohdan qo‘rqib sabru qanoat qilsa, albatta Alloh
bunday chiroyli amallarni qiluvchi kishilarning ajru mukofotini zoe qilmas»
(Yusuf surasi, 90-oyat).
Ihyou ulumid-din (Qalb kitobi). Abu Homid G’azzoliy
www.ziyouz.com kutubxonasi
101
Junayd aytadilar: «Bir kun kechasi uyqum qochdi. O’z vazifamni qilgani turdim. Lekin
oldingi halovatni topa olmadim. Uxlashni xohladim. Ammo uxlay olmadim. O’tirdim va
o‘tirishga ham toqat qilolmadim. Tashqariga chiqdim. Bir kishi chakmonga o‘ralgan holda
yo‘lda xorlanib yotardi. Meni sezib: «Ey Abul Qosim, menga vaqt ajratsangiz», dedi.
Men: «Ey xo‘jam, kelishingizni va’dalashmagan edik», dedim. Shunda u kishi: «To‘g‘ri,
lekin Alloh azza va jalladan men uchun qalbingizni harakatlantirmog‘ini so‘radim», dedi.
Men u kishiga: «Batahqiq shunday bo‘ldi (ya’ni, uyqum qochib bezovtalandim). Menda
nima hojatingiz bor?» dedim. Shunda u kishi: «Nafsning kasalligi qachon tuzaladi?»
dedi. Men: «Agar nafs havosiga xilof bo‘lsa», dedim. Shunda u kishi nafslariga yuzlanib:
«Eshitib ol. Mana shunday deb senga yetti marta javob berdim. Sen esa faqat
Junayddan eshitaman, deb turib olding. Mana undan eshitding», dedi va jo‘nab ketdi.
Men u kishini tanimadim».
Yazid ur-Raqoshiy: «Dunyoda mendan sovuq suvni uzoq qilinglarki, shoyad undan
oxiratda mahrum bo‘lmasam», dedilar. Bir kishi Umar ibn Abdulazizga aytdi: «Qachon
gapirsam bo‘ladi?» U kishi: «Jim turishni xohlagan vaqtingda», dedilar. Yana: «Qachon
jim turay?» deb so‘radi haligi kishi. «So‘zlashni xohlagan vaqtingda», dedilar.
Ali roziyallohu anhu aytadilar: «Kim jannatga mushtoq bo‘lsa, dunyoda shahvatlardan
yuz o‘giradi». Molik ibn Dinor bozorlarda aylanib yurar ekanlar, agar u yerda ko‘ngillari
tusaydigan narsa ko‘rsalar, o‘z nafslariga: «Sabr qil, seni bulardan faqat mendan
ulug‘ligingdan man qilyapman», derdilar.
Demak, ulamolar va hukamolar oxiratning saodatiga faqat nafsni xohishidan qaytarish
hamda shahvatlarga xilof ish bilan yo‘l topish mumkinligiga ittifoq qilishgan. Bunga
iymon keltirish vojib. Ammo shahvatlarning qaysilarini tark qilish va qaysilarini tark
qilmaslik tafsilotini faqat oldin keltirib o‘tgan narsalarimizdan bilish mumkin.
Riyozatning foydasi va uning siri nafs qabrda bo‘lmaydigan narsalarning birortasidan
foydalanmay, faqatgina zarurat miqdoricha foydalanishidir. Yeyish-ichishdan, nikohdan,
libosdan, turar joydan va har bir kerakli narsalardan faqat hojat va zarurat miqdoricha
kifoyalanadigan bo‘ladi, chunki agar keragidan ortiqcha narsa bilan o‘zini foydalantirsa,
unga ulfat bo‘ladi, o‘rganib qoladi. Agar olamdan o‘tadigan bo‘lsa ham, o‘rganib qolgani
sababli dunyoga qaytishni orzu qiladi. Dunyoga qaytishni oxiratdan hech bir nasibasi
bo‘lmagan kishigina orzu qiladi. Bunday orzudan qutulish qalbning Allohning ma’rifati,
Uning muhabbati bilan mashg‘ul bo‘lmog‘i va U to‘g‘rida tafakkur qilmog‘i, Unga uzil-
kesil qaytmog‘i bilan bo‘ladi. Bunga esa Allohning yordami bilan erishiladi.
Dunyodan faqat zikr va fikr to‘siqlarini daf qiladigan narsalar uchun kifoyalaniladi. Kim
mana shuning haqiqatini qilishga qodir bo‘lmasa, unga yaqinlashsin. Bu to‘g‘rida ham
insonlar to‘rt xildirlar: avvalgisi - qalbi butkul Allohning zikriga g‘arq bo‘lgan kishi.
Bunday odam dunyoga faqat yashash zaruratlaridagina boqadi, xolos. U siddiqlardandir.
Bu martabaga uzoq vaqt riyozat qilish va juda uzoq muddat shahvatlaridan tiyilish bilan
yetgan.
Ikkinchisi - qalbi dunyoga g‘arq bo‘lgan, qalbida Alloh taolo uchun zikr qolmagan, faqat
nafsigina (ya’ni, faqat tilida) Allohni zikr qilgan kishi. Bunday odam qalbi bilan emas,
faqat tili bilan eslaydi, xolos. U halok bo‘lguvchilardandir.
Ihyou ulumid-din (Qalb kitobi). Abu Homid G’azzoliy
Do'stlaringiz bilan baham: |