www.ziyouz.com kutubxonasi
238
Shaqiq Zohid aytadilar: "Agar bir kishining yomonligini zikr qilsang va unga rahming
kelmasa, o‘sha holda sen undan yomonroqsan. Agar yaxshi kishini zikr qilib, qalbingda
Allohga itoatning halovatini topmasang, yomon odamsan".
Molik ibn Anas aytadilar: "Iso alayhissalomning bunday deganlarini eshitdim: Allohning
zikridan boshqa kalomni ko‘paytirmanglar, qalblaring qattiq bo‘ladi. Qattiq qalb Allohdan
uzoq bo‘ladi, lekin bilmaysizlar. Birovlarning ayblariga arboblardek qaramanglar. Balki
o‘zlaringizni quldek bilib qaranglar. Odamlar ikki qismdir: Balolangan va kechirilgan.
Balolanganga rahm qilinglar, ofiyat uchun Allohga hamd aytinglar".
Abu Abdulloh Shomiydan rivoyat qilinadi: "Tovusning huzuriga kirishga ruxsat so‘radim.
Bir qari kishi chiqdi. "Siz Tovusmisiz?" deb so‘radim. "Yo‘q, men o‘g‘liman", dedi. "Agar
siz o‘g‘li bo‘lsangiz, u kishi qarib, aqli kamayib qolgandir", dedim. "Olimning aqli
kamaymaydi", deb javob qildi o‘g‘li. Keyin u kishining oldilariga kirdim. "So‘ra, lo‘nda
javob beraman", dedilar. "Qisqa aytsangiz, men ham qisqa aytaman", dedim. "Agar
xohlasang, – dedilar, – senga Tavrotni, Injilni, Furqonni uch kalimada jam qilib
beraman?" "Xohlayman", dedim. "Allohdan qo‘rq, Undan boshqadan Undan qo‘rqqandek
qo‘rqma; Undan umid qil va umiding Undan qo‘rqishingdan ustun bo‘lsin; boshqaga
o‘zing yaxshi ko‘rgan narsangni yaxshi ko‘r", deb aytdilar".
Ammor ibn Yosir (r.a.) aytadilar: "Kim uch narsani jam qilsa, imonning hammasini jam
etibdi: Kambag‘allikda infoq-ehson qilish, insofli bo‘lish va odamlar orasida salomni
yoyish".
Umar ibn Abdulaziz (rahmatullohi alayh) aytadilar: "Allohga sevimli ishlar uchtadir.
Birinchisi – o‘ch olishga qodir bo‘lgan vaqtda kechirish; ikkinchisi – g‘azabi kelganda
o‘zini bosish; uchinchisi – Allohning bandalariga yumshoqlik qilish, kim Allohning
bandalariga yumshoqlik qilsa, unga ham yumshoqlik qilinadi".
Hisham Hasandan rivoyat qiladilar: "Alloh taolo Odam alayhissalomga vahiy qildi: "Ey
Odam, to‘rt narsani o‘zing va zuryodlaring uchun jam qil. Bittasi Menga, bittasi o‘zingga,
bittasi sen va Mening oramda, bittasi sen va odamlar orasida. Men uchun bo‘lgani –
Menga ibodat qilib, boshqani sherik qilmasliging; o‘zing uchun bo‘lgani – amaling, seni u
bilan muhtoj bo‘lganingda mukofotlayman; Men bilan sening orangdagi – sening duo
qilishing, Mening qabul etishim; sen bilan odamlar orasidagi – ularga o‘zingga qanday
do‘st bo‘lishlarini xohlaganing kabi do‘st bo‘l". Alloh bilguvchiroqdir.
____________
Do'stlaringiz bilan baham: |