7.1. Harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi
jinoyatlar tushunchasi va turlari
Har qanday davlatning salohiyati uning mudofaa qudrati va harbiy salohiyati bilan bog‘liq. O‘zbekiston
Respublikasining mustaqillikka erishganidan so‘ng, uning har qanday salohiyati kabi harbiy sohasida ham
to‘liq islohotlar amalga oshirilib, harbiy qonun normalari ham qayta ishlandi. Harbiy kuchning qonuniy
asoslarini yaratish zarurati yana ayni chog‘da xalqaro munosabatlar tarkibidagi o‘zgarishlar, muvozanatlar
yangi tizimning shakllanishi keskinlik, mojarolarning yangi o‘choqlari paydo bo‘lishi, ekstremizm va
terrorchilik harakatlarining butun dunyo bo‘yicha faollashishi bilan ham bog‘liqdir. Shu tufayli ham yosh
mustaqil davlatning mudofaa qobiliyati va xavfsizligini mustahkamlash masalalari alohida ahamiyat kasb
etadi.
Mudofaa deganda, O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti, hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti
va xavfsizligini himoya qilishni ta’minlashning siyosiy, iqtisodiy, harbiy, ijtimoiy-huquqiy, axborot, tashkiliy
va boshqa tadbirlari majmuyi tushuniladi.
Harbiy jinoyatlar deganda, harbiy xizmatchilar tomonidan, shuningdek, harbiy yig‘inlar vaqtida harbiy
xizmatga majbur shaxslar tomonidan harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi sodir etilgan jinoyatlar
tushuniladi.
Harbiy xizmatni o‘tash tartibi qo‘shinlar hayoti va jangovar faoliyati jarayonida yuzaga keladigan
munosabatlar bo‘lib, ular qonunlar, harbiy qasamyod va nizomlarda belgilab qo‘yilgan. Ushbu hujjatlarda
harbiy xizmat fuqaroning konstitutsiyaviy burchi ekanligi, yakkaboshchilik va undan kelib chiqadigan tobe
shaxsning boshliqqa so‘zsiz itoat qilishi, ushbu munosabatlar subyektlari huquq va erkinliklarining aniq
belgilab qo‘yilishi kabi harbiy-huquqiy institut tamoyillari mustahkamlab qo‘yilgan.
Harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyat tushunchasi Jinoyat kodeksining 14-moddasida
ta’riflangan jinoyat umumiy tushunchasining bir turi bo‘lib, uning barcha belgilari, chunonchi ijtimoiy
xavflilik, ayblilik va qonun bilan taqiqlanganlik alomatlarini o‘zida mujassamlashtirgan. Harbiy xizmatni
o‘tash tartibiga qarshi jinoyatning ijtimoiy xavfliligi shaxs, jamiyat va davlatning jinoyat qonuni bilan
qo‘riqlanadigan manfaatlariga zarar yetkazilishida yoki zarar yetkazilishi xavfining tug‘ilishida ifodalanadi.
Sodir etilgan qilmish yetkazgan yoki yetkazishi mumkin bo‘lgan zarar ijtimoiy xavflilik darajasini
belgilovchi asosiy mezonlardan biridir. Ayrim qilmishlar qanday og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lganligidan
qat’iy nazar, harakat yoki harakatsizlik sodir etilgan paytdan boshlab ijtimoiy xavfli xususiyat kasb etadi.
Masalan, dezertirlik (Jinoyat kodeksining 288-moddasi) harbiy xizmatchi harbiy xizmatdan bo‘yin tovlash
maqsadida harbiy qism yoki xizmat joyini o‘zboshimchalik bilan tashlab ketgan paytdan boshlab ijtimoiy
xavfli qilmishga aylanadi. Boshqa qilmishlar qonunda ko‘rsatilgan oqibatlarga sabab bo‘lgan taqdirdagina
ijtimoiy xavfli qilmishga aylanishi mumkin. Qilmishni ijtimoiy xavfli va jinoiy, deb topish imkonini beruvchi
oqibatlarning ko‘rinishi va xususiyatlari qonunda har xil tavsiflanadi.
Ayrim hollarda qilmishning oqibatlari aniq belgilab qo‘yilgan. Masalan, sog‘liqqa yetkazilgan
shikastning og‘irligi jangovar, maxsus yoki transport mashinalarini boshqarish yoxud ulardan foydalanish
qoidalarini buzishni (Jinoyat kodeksining 298-moddasi) harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyat, deb
topish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Oqibatlar har xil bo‘lishi mumkin va ularni aniqlashtirish imkoniyati
bo‘lmagan hollarda qonunshunos umumiy ta’riflarni qo‘llaydi. Bunday hollarda oqibatlarning mavjudligi
yoki mavjud emasligini aniqlash muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, Jinoyat kodeksining 297-moddasi,
uchinchi qismida qonunshunos boshqa og‘ir oqibatlarni jinoyatning zaruriy belgisi, deb belgilagan.
Harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyatlarning subyektiv tomoni ayrim hollarda ijtimoiy xavfli
qilmishlardan kelib chiqadigan oqibatlarga nisbatan aybdorning ruhiy munosabati ehtiyotsizlikda namoyon
bo‘ladi. Ijtimoiy xavfli qilmish va uning oqibatiga nisbatan ruhiy munosabati murakkab ayb shaklida
ifodalanadi. Agar shaxsning qasddan jinoyat sodir etishi natijasida ehtiyotsizlik orqasida boshqa ijtimoiy
xavfli oqibatlar yuz bergan va shunday qilmishni qonun qattiqroq javobgarlik bilan bog‘lagan bo‘lsa, bunday
jinoyat qasddan sodir etilgan, deb topiladi.
Harbiy jinoyatlar qonunlari, asosan, muayyan huquqiy munosabatlarning hamda harbiy nizom
qoidalarining buzilganligi bilan bog‘lanadi:
1) maxsus jinoiy g‘ayriqonuniylik;
2) maxsus tajovuz obyekti – harbiy xizmatni o‘tashning belgilangan tartibi;
3) maxsus subyekt – harbiy xizmatchi yoki harbiy xizmatga majbur shaxs harbiy yig‘in vaqtida.
Ko‘rsatilgan alomatlarning birontasi ham bo‘lmasa, qilmish harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyat
sifatida qaralishi mumkin emas.
Jinoyat kodeksining yettinchi bo‘limida keltirilgan jinoyatlargina harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi
jinoyatlar, deb topilishi mumkin. Harbiy xizmatchilar tomonidan sodir etilgan Jinoyat kodeksining boshqa
bo‘limlarida nazarda tutilgan jinoyatlar harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyatlar qatoriga kirmaydi.
Harbiy xizmatni o‘tashning belgilangan tartibi, harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyatlarning
maxsus obyekti sifatida, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining
«Mudofaa to‘g‘risida»gi, «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston
Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining Davlat
chegarasi to‘g‘risida»gi Qonunlari, boshqa qonun hujjatlarining normalari, shuningdek, O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti tasdiqlagan Umumharbiy Nizomlar va ularga asosan beriladigan komandirlar va
boshliqlarning buyruqlari bilan mustahkamlab qo‘yilgan harbiy xizmat munosabatlari majmuyidan iborat.
Harbiy xizmat harbiy xizmatchilar o‘rtasida yuzaga keladigan munosabatlarning muayyan tartibidan
iboratdir. Muayyan toifaga mansub harbiy xizmatchilargina maxsus harbiy xizmat munosabatlarining
subyekti bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasida Qurolli Kuchlari, Ichki ishlar vazirligi ichki va qorovul qo‘shinlari, Milliy
xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda boshqa vazirlik, qo‘mita va idoralarning harbiy
bo‘linmalarida harbiy xizmatni o‘tayotgan fuqarolar harbiy xizmatchilar hisoblanadi. Harbiy xizmatga
birinchi marta chaqirilgan yoki ixtiyoriy ravishda (kontrakt bo‘yicha) kirgan fuqarolar O‘zbekiston
Respublikasi xalqi va Prezidentiga sodiqlik to‘g‘risida Harbiy qasamyod qabul qiladilar. Muqaddam Harbiy
qasamyod qabul qilmagan harbiy xizmatga majburlar harbiy yig‘inlarga jalb etilganlarida yoki safarbarlik
bo‘yicha chaqirilganlarida Harbiy qasamyod qabul qiladilar. Harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi
qaratilgan jinoyatlar subyekti, deb e’tirof etilishi uchun fuqaro, albatta, Harbiy qasamyod qabul qilgan
bo‘lishi shart. Harbiy qasamyod qabul qilmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari harbiy xizmatchi
hisoblanmaydi hamda ular harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi qaratilgan jinoyatlar subyekti bo‘lishi
mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasining «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi Qonuni 4-
moddasiga muvofiq, harbiy xizmatning quyidagi turlari joriy etiladi:
muddatli harbiy xizmat;
safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat;
kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat;
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida harbiy xizmatni o‘tagan rezervchilar xizmati.
Shu sababli harbiy xizmatchilar ofitserlar, praporshiklar va michmanlar, harbiy ta’lim muassasalarining
kursantlari, harbiy xizmatni shartnoma (kontrakt) bo‘yicha o‘tayotgan serjantlar va starshinalar, askarlar va
matroslarga; O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan, harbiy xizmatga chaqirilgan
ofitserlar, serjantlar, starshinalar, askarlar va matroslarga bo‘linadi.
Harbiy xizmatda bo‘lishning boshlanishi deb, harbiy xizmatga chaqirilgan chaqiriluvchilar hamda
zaxiradagi ofitserlar uchun – harbiy qismga jo‘nash maqsadida mudofaa ishlari organida hozir bo‘lgan kun;
kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirganlar uchun – harbiy xizmatni o‘tash to‘g‘risidagi kontrakt kuchga
kirgan kun; harbiy-ta’lim muassasalariga, shuningdek, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning o‘qish
harbiy xizmatga tenglashtirilgan ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan chaqiriluvchilar, harbiy xizmatga
majburlar uchun – tegishli ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilingan kun hisoblanadi. Harbiy xizmatdan
rezervga bo‘shatilishi yoki iste’foga chiqarilishi munosabati bilan harbiy qism komandirining buyrug‘iga
binoan shaxsiy tarkib ro‘yxatidan chiqarilgan kun harbiy xizmatchi uchun harbiy xizmatda bo‘lishning
tugashi hisoblanadi
1
.
Quyidagilar harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyat subyekti, deb topilishi mumkin emas:
1) 18 yoshga to‘lmay turib yoki 27 yoshga to‘lgandan keyin harbiy xizmatga chaqirilgan shaxslar.
2) O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lmagan, lekin yanglish tarzda O‘zbekiston Respublikasi
Qurolli Kuchlariga harbiy xizmatga chaqirilgan shaxslar. Bu qoida harbiy xizmatni faqat O‘zbekiston
Respublikasi fuqarosi o‘tashi mumkinligi mustahkamlab qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyasining 52-moddasidan kelib chiqadi;
3) muddatli harbiy xizmatga chaqirilishdan ozod etilgan, muddatli harbiy xizmatga chaqirilish muddati
kechiktirilgan yoxud muddatli harbiy xizmatga chaqirilishi mumkin bo‘lmagan shaxslar.
Jinoiy javobgarlikka tortilgan, shuningdek, sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib
tashlanmagan fuqarolar harbiy xizmatga chaqirilmaydilar.
4) jinoyat sodir etilgan vaqtda harbiy xizmat o‘tashning belgilangan muddatini o‘tab bo‘lgan shaxslar.
Jinoyat kodeksida harbiy jinoyatlar jinoyat obyektlariga ko‘ra, alohida guruhlashtirilgan holda
o‘rganiladi.
1. Bo‘ysunish va harbiy sha’nga rioya etish tartibiga qarshi jinoyatlar:
Bo‘ysunmaslik (Jinoyat kodeksining 279-moddasi).
Buyruqni bajarmaslik (Jinoyat kodeksining 280-moddasi).
Boshliqqa qarshilik ko‘rsatish yoki uni xizmat vazifalarini buzishga majbur qilish (Jinoyat kodeksining
281-moddasi).
Boshliqni qo‘rqitish (Jinoyat kodeksining 282-moddasi).
Badanga shikast yetkazish (Jinoyat kodeksining 283-moddasi).
Bo‘ysunuvchining o‘z boshlig‘ini yoki boshliqning o‘ziga bo‘ysinuvchini haqorat qilishi (Jinoyat
kodeksining 284-moddasi).
Bir-biriga tobe bo‘lmagan harbiy xizmatchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarga oid ustav qoidalarini
buzish (Jinoyat kodeksining 285-moddasi).
Marodyorlik (Jinoyat kodeksining 286-moddasi).
2. Harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyatlar:
Harbiy qism yoki xizmat joyini o‘zboshimchalik bilan tashlab ketish (Jinoyat kodeksining 287-
moddasi).
Dezertirlik (Jinoyat kodeksining 288-moddasi).
Halok bo‘layotgan harbiy kemani tashlab ketish (Jinoyat kodeksining 289-moddasi).
O‘zining biron a’zosini mayib qilish yo‘li bilan yoki boshqa usulda harbiy xizmatdan bo‘yin tovlash
(Jinoyat kodeksining 290-moddasi).
Qorovul xizmatini o‘tash qoidalarini buzish (Jinoyat kodeksining 291-moddasi).
Ichki xizmatni o‘tash yoki garnizonda patrullik qilish qoidalarini buzish (Jinoyat kodeksining 292-
moddasi).
Jangovar navbatchilikni o‘tash qoidalarini buzish (Jinoyat kodeksining 293-moddasi).
Chegara xizmatini o‘tash qoidalarini buzish (Jinoyat kodeksining 294-moddasi).
3. Harbiy mulkni saqlash yoki undan foydalanish tartibiga qarshi jinoyatlar:
Harbiy mulkni behuda sarflash, yo‘qotish yoki ishdan chiqarish (Jinoyat kodeksining 295-moddasi).
Harbiy mulkni nobud qilish yoki unga shikast yetkazish (Jinoyat kodeksining 296-moddasi).
Atrofdagilar uchun katta xavf manbayi bo‘lgan qurol-yaroq, shuningdek, modda va buyumlar bilan
muomalada bo‘lish qoidalarini buzish (Jinoyat kodeksining 297-moddasi).
Mashinalarni boshqarish yoki ulardan foydalanish qoidalarini buzish (Jinoyat kodeksining 298-
moddasi).
Uchish yoki uchishga tayyorgarlik ko‘rish qoidalarini buzish (Jinoyat kodeksining 299-moddasi).
Kemani boshqarish qoidalarini buzish (Jinoyat kodeksining 300-moddasi).
4. Harbiy mansabdorlik jinoyatlari:
Hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi
(Jinoyat kodeksining 301-moddasi).
Xizmatga sovuqqonlik bilan qarash (Jinoyat kodeksining 302-moddasi).
Do'stlaringiz bilan baham: |