Giyohvandlik vositasi yoki psixotrop modda haq evaziga o‘tkazilgan hollarda jalb etish va o‘tkazish
jinoyatlarining jami mavjud bo‘lmaydi. Bunday o‘tkazish giyohvandlik vositasi yoki psixotrop moddalarni
iste’mol qilishga jalb etish bilan uzviy bog‘liq bo‘lmaydi. Bunga sabab shuki, birinchi qilmish g‘arazli
niyatda sodir etilgan bo‘lsa, ikkinchisida esa boylik orttirish maqsadi ko‘zlanadi.
Jinoyatning motiv va maqsadi o‘tkazuvchining giyohvandlik vositasi yoki psixotrop moddani realizatsiya
qilish va bundan moddiy naf olishni xohlashidan, ammo boshqa shaxsni ularni iste’mol qilishga jalb etilishini
istamasligidan iborat bo‘lgan aybning mazmunini belgilaydi. Biroq, agar qiziqtirish haq evaziga o‘tkazish
bilan birgalikda yuz bersa, unda aybdor jinoyatlar jami bilan javobgar bo‘ladi. Giyohvandlik vositalarini
boshqa shaxsga tekinga berish vaqtida uni bu vositalarni iste’mol qilishga ko‘ndirish yoki majburlash bir
paytga amalga oshirilganida ham qilmish jinoyatlar jami bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi.
Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilgan va ilgari
Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi XIX bobidagi yoki 127-moddada nazarda tutilgan jinoyatlardan birini
sodir etgan shaxs jinoyatning subyekti bo‘lganida, uning qilmishlarni jinoyat sodir etganligi uchun avval
hukm qilingani yoki hukm qilinmaganidan qat’iy nazar, Jinoyat kodeksining 274-moddasi, 2-qismi, «a»
bandi bo‘yicha kvalifikatsiya qilish kerak. Agar giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-idrokka, irodaga
ta’sir etuvchi boshqa moddalarni iste’mol qilishga jalb etish ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni
o‘tash joylarida amalga oshirilgan bo‘lsa, qilmishni Jinoyat kodeksining 274-moddasi, 2-qismi, «b» bandi
bilan kvalifikatsiya qilish lozim bo‘ladi.
Giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-idrokka ta’sir etuvchi boshqa moddalarni iste’mol qilishga
ikki yoki bundan ortiq shaxslarni jalb etish, bu bir vaqtda yoki birin-ketin sodir etilganidan qat’iy nazar,
Jinoyat kodeksining 274-moddasi, 2-qismi, «v» bandi bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi.
1. Тaqiqlangan o‘simliklarni qonunga xilof ravishda ekish va yetishtirish deganda nima tushuniladi? Bunday o‘simliklarga
nimalar kiradi? Jinoyat kodeksining 270-moddasida ko‘rsatilgan o‘rta va katta maydon deganda nima tushuniladi?
2. Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda egallash qanday yo‘llar bilan amalga oshiriladi?
Ushbu jinoyatning og‘ir oqibatlarini ko‘rsating.
3. Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda egallash deganda nima tushuniladi? Ushbu
tushuncha qaysi qilmishlar turini tashkil qiladi? Jinoyat kodeksining 273-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortishning
o‘ziga xos xususiyatlari.
4. Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda o‘tkazish deganda nima tushuniladi?
5. Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni iste’mol qilishga jalb etish deganda nima tushuniladi? Ushbu moddalarni
iste’mol qilishga moyillik nimalarda namoyon bo‘ladi? Buni amalga oshirishning qanday turlari bor?
6. Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarga nimalar kiradi? Shaxsning aql-idrokiga ta’sir etuvchi moddalarga nimalar
kiradi?
7. Jinoyat kodeksining 274-moddasida ko‘rsatilgan jinoiy javobgarlikning majburiy shartlarini ko‘rsating.
8. Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar ishlab chiqarish yoki ulardan foydalanish qoidalarini buzish nimalardan
iborat?
9. Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash,
egallash, saqlash va boshqa harakatlar nimalardan iborat?
Do'stlaringiz bilan baham: