Mazkur jinoyatning obyekti jamoat xavfsizligi, jamoat tartibi, odamlarning hayoti, sog‘lig‘i, o‘zganing
mulki hisoblanadi.
Jinoyat obyektiv tomondan:
1) qurol yoki qurol sifatida foydalaniladigan boshqa narsalarni ishlatib yoxud ishlatish bilan qo‘rqitib
shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatish, qirg‘in solish, o‘t qo‘yish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish,
hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish orqali sodir etilgan
ommaviy tartibsizliklarda;
2) ommaviy tartibsizliklarda faol qatnashishda ifodalanadi.
Ommaviy tartibsizliklar uyushtirish deganda, shaxsning ommaviy tartibsizliklarni tayyorlashga qaratilgan
har qanday harakatini, masalan, ommaviy tartibsizliklar ishtirokchilarini tayyorlash, rahbariyat yadrosini
tashkil etish, reja tuzish, ommaviy tartibsizliklar uyushtiriladigan joyni va vaqtini tanlash, plakatlar, shiorlar,
varaqalar tayyorlash va h.k.larni tushunish zarur.
Ko‘rib chiqilayotgan modda dispozitsiyasiga muvofiq, ommaviy tartibsizliklar shaxsga nisbatan zo‘rlik
ishlatish, qirg‘in solish, o‘t qo‘yish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish, qurol yoki qurol sifatida
foydalaniladigan boshqa narsalarni ishlatib yoxud ishlatish bilan qo‘rqitib, hokimiyat vakiliga qarshilik
ko‘rsatish bilan birgalikda sodir etilishi lozim.
Shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatish deganda, jabrlangan shaxslarga nisbatan ham ruhiy, ham jismoniy
tazyiq o‘tkazilganligini tushunish zarur. Ruhiy zo‘rlik ishlatish o‘ldirish, sog‘lig‘iga shikast yetkazish,
mulkini nobud qilish yoxud unga shikast yetkazish bilan qo‘rqitishda ifodalanishi mumkin. Ommaviy
tartibsizliklarni sodir etish vaqtida ruhiy zo‘rlik ishlatishda aybdor bo‘lgan shaxslarning harakati faqat ko‘rib
chiqilayotgan modda bo‘yicha kvalifikatsiya
qilinadi, o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitganlik uchun
javobgarlik nazarda tutilgan modda bo‘yicha qo‘shimcha kvalifikatsiya qilish talab etilmaydi.
Jismoniy zo‘rlik ishlatish deganda, jabrlanuvchini kaltaklash, do‘pposlash, badanga yengil yoki o‘rtacha
og‘ir shikast yetkazishni tushunish zarur. Ommaviy tartibsizliklarni sodir etish vaqtidagi odam o‘ldirilgan
bo‘lsa, qilmish jinoyatlar jami bo‘yicha kvalifikatsiya qilinishi zarur.
Qirg‘in solish deganda, fuqarolarga nisbatan zo‘rlik ishlatilishini, moddiy boyliklar (transport, uylar,
inshootlar va h.k.) yakson qilinishini tushunish zarur. O‘t qo‘yish biron-bir mulkning, inshootning,
transportning yoki boshqa narsalarning yoqib yuborilishidir.
Mulkni nobud qilish deganda, uni batamom yaroqsiz holga, ya’ni mulkning ko‘zlangan maqsadda
foydalanib bo‘lmaydigan holga keltirilishini tushunish zarur.
Quroldan foydalanish deganda, vazifasidan kelib chiqib (jonli nishonni nobud qilish maqsadida o‘q otish,
inshootlar, uylar, transportni yakson qilish) quroldan bevosita foydalanilishini tushunish zarur. Qurollar o‘q
otuvchi yoki sovuq qurol bo‘lishi mumkin.
Qurol sifatida foydalaniladigan boshqa narsalar deganda, fizikaviy xususiyatlariga ko‘ra, ulardan
foydalanilganda shaxsga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday jismni tushunish kerak.
Ommaviy tartibsizliklarda faol qatnashish deganda, aybdor shaxslarning shaxsga nisbatan zo‘rlik
ishlatishi, qirg‘in solishi, o‘t qo‘yishi, mulkka shikast yetkazishi yoki uni nobud qilishi, qurol yoki qurol
sifatida foydalaniladigan boshqa narsalarni ishlatib, hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatishda bevosita
ishtirokini tushunish zarur.
Jinoyat tahlil etilayotgan modda dispozitsiyada nazarda tutilgan harakat sodir etilgan paytdan e’tiboran
tugallangan, deb hisoblanadi.
Subyektiv tomondan ushbu jinoyat qasddan sodir etiladi, sodir etilish motivi va ko‘zlangan maqsad
jinoyatning kvalifikatsiyasiga ta’sir etmaydi. Jinoyatning motivi millatchilik, hokimiyatni egallashga intilish,
g‘araz, bezorilik va h.k.lar bo‘lishi mumkin. Jinoyatning subyekti 16 yoshga to‘lgan, faqat ommaviy tartib-
sizliklarning tashkilotchilari va faol qatnashchilari hisoblanadi.
Ommaviy tartibsizliklarning boshqa qatnashchilari ommaviy tartibsizliklar vaqtida o‘zlari sodir etgan
jinoyatlar uchungina javob beradilar. Agar ommaviy tartibsizliklarning tashkilotchilari yoki faol
qatnashchilari 16 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, bu holda ular ommaviy tartibsizliklar vaqtida o‘zlari sodir etgan
muayyan jinoyatlari uchun, masalan, odam o‘ldirish, o‘zgalar mulkini nobud qilish, zo‘rlab nomusga
tekkanlik uchun javob berishlari kerak.