bajarganligi ushbu jinoyat obyektiv tomonining zaruriy belgisi hisoblanadi.
Va nihoyat, qilmishni 172-modda
bilan kvalifikatsiya qilish uchun ko‘p miqdordagi mulk talon-taroj qilinishi, shikast yetkazilishi yoki nobud
qilinishi tarzidagi oqibatlarning ro‘y berganligi zarurdir.
Shaxsning harakatlarini tahlil qilinayotgan modda bo‘yicha kvalifikatsiya qilish uchun shaxsning mulkni
qo‘riqlash yuzasidan o‘z majburiyatlarini bajarishga vijdonsiz munosabatda bo‘lishi va uning talon-taroj
qilinishi, ko‘p miqdorda zarar yetkazilishi natijasida unga shikast yetkazilishi yoki uning nobud qilinishi
o‘rtasidagi sababiy bog‘lanish mavjudligini aniqlash zarur. Agar sababiy bog‘lanish bo‘lmasa, shaxsni
Jinoyat kodeksining 173-moddasi bo‘yicha javobgar qilib bo‘lmaydi.
O‘zganing mulkini qo‘riqlash vazifasini bajaruvchi shaxsga zo‘rlik ishlatilgan yoki yengib bo‘lmas kuch
(yong‘in, toshqin, zilzila, tabiiy ofat va h.k.) ta’siri ostiga tushib qolgan va shu munosabat bilan mulkni
qo‘riqlash yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajara olmagan hollarda zarar yetkazilganligi uchun
uning javobgar bo‘lishi mumkin emas.
Subyektiv tomondan jinoyat – jinoiy beparvolik yoki jinoiy o‘z-o‘ziga ishonish tarzidagi ehtiyotsizlikdan
sodir etiladi. Jinoyatning subyekti 16 yoshga to‘lgan, mulkni qo‘riqlash vazifalarini bajarayotgan shaxs
hisoblanadi.
Mansabdor shaxs mulkni muhofaza qilish bo‘yicha o‘z vazifalariga loqaydlik yoki vijdonsizlarcha
munosabatda bo‘lib, ularni bajarmasligi yoki lozim darajada bajarmasligi natijasida ko‘p miqdorda zarar
yetkazilgan bo‘lsa, ish holatlariga qarab uning qilmishi Jinoyat kodeksining 207-moddasi (mansabga
sovuqqonlik bilan qarash) yoki Jinoyat kodeksining 208-moddasi (hokimiyat harakatsizligi), deb
kvalifikatsiya qilinadi.
D. Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish
(Jinoyat kodeksining 173-moddasi)
Jinoyatning obyekti o‘zganing mulkidir. Ushbu jinoyat obyekti ko‘pincha bu ko‘chmas mulk (binolar,
inshootlar) bo‘lishi mumkin. Obyektiv tomondan jinoyat o‘zganing mulkini qasddan nobud qilish yoki unga
ancha miqdorda zarar yetkazishda ifodalanadi.
O‘zganing mulkini nobud qilish deganda, mulkning to‘la yaroqsiz holga keltirilishi, ya’ni mulkning
butunlay yaroqsiz holga keltirilishi va uni qaytadan tiklash va foydalanish imkoniyati bo‘lmasligi (portlatib
yuborilishi, suv bostirilishi, yoqib yuborilishi, buzib tashlanishi) tushuniladi. Mulk nobud qilinganida uni
ta’mirlash, ehtiyot qismlardan foydalanish va h.k. yo‘llar bilan mulkni qayta tiklash imkoniyati bo‘lmaydi.
Mulkka zarar yetkazish deganda, unga jinoyatkorona munosabat natijasida mulkning xo‘jalik
maqsadlarida foydalanish xususiyatlarini vaqtincha yoki qisman yo‘qotishi, ammo uni tiklab bo‘lishi va
undan kelajakda foydalanish mumkinligi tushuniladi. Bu jinoyat oqibatida mulkdorga ancha miqdorda, ya’ni
eng kam oylik ish haqining o‘ttiz barobaridan yuz barobarigacha bo‘lgan miqdorda zarar yetkazilgan bo‘lishi
kerak.
Mulkni qasddan nobud qilganligi yoki unga zarar yetkazganligi uchun shaxsni jinoiy javobgarlikka
tortishda sodir etilgan harakat va ko‘rilgan zarar o‘rtasidagi sababiy bog‘liqlikning mavjudligini aniqlash
zarur. Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish mulk nobud qilingan yoki unga zarar
yetkazilgan paytdan e’tiboran tamom bo‘lgan jinoyat, deb hisoblanadi.
Subyektiv tomondan jinoyat: to‘g‘ri qasd bilan sodir etiladi. Uni kvalifikatsiya qilish uchun jinoyatni
sodir etish motivi va maqsadining ahamiyati yo‘q. Jinoyatning subyekti 16 yoshga to‘lgan shaxs bo‘lishi
mumkin.
Agar mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish:
a) millatlararo yoki irqiy adovat yoxud
diniy taassublar zamirida;
b) atrofdagilar uchun
xavfli usulda;
d) ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa, aybdorning qilmishlari Jinoyat kodeksining
173-moddasi, 2-qismi bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi.
Mazkur jinoyat uchun jazoni og‘irlashtiruvchi holat – millatlararo yoki irqiy adovat yoxud diniy
taassublar zamirida sodir etilishi qasddan odam o‘ldirish qilmishi tahlil etilganida ko‘rib chiqilgan edi, shu
sababdan unga yana to‘xtalishni lozim topmadik.
Jinoyatni atrofdagilar uchun xavfli usulda sodir etish deganda, mol-mulkni nobud qilish yoki unga zarar
yetkazishga qaratilgan harakatlar (mulkni portlatish, suv bostirish va h.k. usullarni qo‘llash) natijasida, katta
tabiiy ofat va vayronalik yuz berishi xavfini keltirib chiqarish natijasida ko‘pchilikning sog‘lig‘i uchun xavfli
holatning vujudga kelishi tushuniladi. Aks holda, aybdorning mulkni nobud qilish yoki unga zarar
yetkazishga qaratilgan harakatlari atrofdagilar uchun xavfli usulda sodir etilgan, deb topilishi mumkin emas.
Masalan, jinoyatchi ovloq joyda jabrlanuvchining mashinasini yondirib yuboradi va bunda atrofdagilar uchun
xavfni vujudga keltirmaydi.
Jinoyat kodeksining 173-moddasi, 3-qismida:
a) xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsning yoki uning yaqin
qarindoshlarining mulkiga nisbatan;
b) uyushgan guruh va uning manfaatlarini ko‘zlab mulkni nobud qilganlik yoki zarar yetkazganlik uchun
javobgarlik nazarda tutiladi.
Bu holatlar O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustda qabul qilingan Qonuni bilan Jinoyat
kodeksining 173-moddasi: «Yetkazilgan moddiy zarar uch karra miqdorida qoplangan taqdirda, ozodlikdan
mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi», degan 4-qism bilan to‘ldirildi.
Do'stlaringiz bilan baham: