Davlatga xoinlik qilish (Jinoyat kodeksining 157-moddasi).
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish (Jinoyat kodeksining 158-moddasi).
O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish (Jinoyat kodeksining 159-moddasi).
Josuslik (Jinoyat kodeksining 160-moddasi).
Qo‘poruvchilik (Jinoyat kodeksining 161-moddasi).
Davlat sirlarini oshkor qilish (Jinoyat kodeksining 162-moddasi).
Davlat siri yoki harbiy sir hisoblangan hujjatlarini yo‘qotish (Jinoyat kodeksining 163-moddasi).
A. Davlatga xoinlik qilish
(Jinoyat kodeksining 157-moddasi)
Davlatga xoinlik qilish O‘zbekiston Respublikasiga qarshi qaratilgan eng og‘ir qilmish bo‘lib, mazmunan
o‘z xalqiga sotqinlik qilishdir. Jinoyatning obyekti O‘zbekiston Respublikasining davlat suvereniteti, hududiy
daxlsizligi, xavfsizligi, mudofaa salohiyati yoki iqtisodiyotiga zarar yetkazishda ifodalanuvchi davlatning
tashqi xavfsizligi hisoblanadi.
Suverenitet deganda, davlatning o‘z hududida ustuvorligi va uning tashqi siyosiy faoliyat olib borishdagi
mustaqilligi tushuniladi. Davlatning hududiy daxlsizligi deganda, O‘zbekiston Respublikasining butunligi,
hududlari, chegaralarining bo‘linmasligi tushuniladi.
Mudofaa qobiliyati davlatning tashqaridan bo‘ladigan tajovuzni qaytarishga qaratilgan
iqtisodiy, harbiy
imkoniyati, ya’ni davlatning harbiy qudratidir. Davlat sirlari to‘g‘risidagi qonunda bayon qilingan davlat
sirlarini o‘z ichiga olgan ma’lumotlar davlatga xoinlik qilish jinoyatining predmeti hisoblanadi. Davlat
tomonidan qo‘riqlanadigan va maxsus ro‘yxatlar bilan cheklab qo‘yilgan o‘ta muhim, mutlaq maxfiy va
maxfiy harbiy, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va boshqa ma’lumotlar davlat sirlari hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining davlat sirlari: davlat, harbiy va xizmat sirlariga bo‘linadi.
Davlat siri – oshkor etilishi respublikaning harbiy iqtisodiy salohiyatiga salbiy ta’sir etishi natijasida
O‘zbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyati, davlat xavfsizligi, iqtisodiy va siyosiy manfaatlariga og‘ir
zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar.
Harbiy sir – oshkor qilinishi O‘zbekiston Respublikasi mudofaa qobiliyati, davlat xavfsizligi va qurolli
kuchlari uchun og‘ir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan harbiy ma’lumotlar.
Xizmat siri – oshkor qilinishi O‘zbekiston Respublikasi manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan
fan, texnika, ishlab chiqarish va boshqaruv sohalariga doir ma’lumotlar.
Obyektiv tomondan davlatga xoinlik qilish quyidagi shakllarda sodir etilishi mumkin:
1) dushman tomoniga o‘tish;
2) josuslik;
3) davlat sirlarini chet el davlatiga
yetkazish;
4) O‘zbekiston Respublikasiga qarshi dushmanlik faoliyati olib borishda chet el davlatiga yordam
ko‘rsatish.
Yuqoridagi sanalgan xoinona harakatlarning qat’iy ro‘yxatidir.
Dushman tomoniga o‘tish, ya’ni davlatga xoinlik qilishning bu shakli faqat urush davrida sodir etilishi
mumkin. Dushman tomoniga o‘tish jismonan (front chizig‘idan o‘tish) yoxud dushman bosib olgan hududda
u bilan hamkorlik qilishga rozilik berish tarzida sodir etilishi mumkin.
Davlatga xoinlik qilishning dushman tomoniga o‘tish shaklida front chizig‘idan o‘tilgan yoxud dushman
bilan hamkorlik qilishga rozilik berilgan paytdan e’tiboran tamom bo‘lgan, deb hisoblanadi. Agar shaxs
jangovar harakatlar paytida asirga
tushib qolsa, u jinoiy javobgarlikka tortilmaydi.
Josuslik davlat siri hisoblangan ma’lumotlarni chet el davlatiga, chet el tashkilotiga yoki ularning
josuslariga yetkazish, shuningdek yetkazish maqsadida o‘g‘irlash yoki yig‘ish. Basharti, josuslik chet el
fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs tomonidan sodir etilsa, aybdor shaxsning harakatlari 160-modda
(josuslik) bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi, josuslik O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi tomonidan sodir etilsa,
davlatga xoinlik qilish jinoyatining tarkibi bo‘lib, xoinlik, deb kvalifikatsiya qilinadi. Josuslik jinoyatining
tahliliga Jinoyat kodeksining 160-moddasi (josuslik)ni ko‘rib chiqishda yanada batafsil to‘xtalamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: