www.ziyouz.com kutubxonasi
40
haqiqatan ham o‘lmaganligini bildi.
Shahar chiroqlarining shu’lasini u kechki soat o‘nlarga yaqin ko‘rdi. Shu’la avval oy osmonga
chiqishi oldidan paydo bo‘ladigan och pushti yog‘du kabi ko‘rindi. Keyin tobora zo‘rayib borayotgan
shamol sarbaland to‘lqinni quvayotgan okean bo‘lagi ortidan chiroqlar yaqqol ko‘zga tashlana
boshladi. U qayiqni shu chiroqlarga qarab boshqarar va endi ko‘p o‘tmay, tezda Golfstrimga kirib
olaman deb o‘ylardi.
«Xo‘-o‘sh, shu ekan endi,— deb o‘ylardi u.— Albatta, ular menga yana hujum qilishadi. Ammo
odam quruq qo‘l bilan qorong‘ida ularga qarshi nima ham qilishi mumkin o‘zi?»
Uning butui a’zoyi badani qaqshab, lo‘qillab og‘rir, tungi ayoz bo‘lsa, jarohatlar va zahmat
chekkan oyoq-qo‘llarining og‘rig‘ini zo‘raytirar edi. «Menga yana olishib o‘tirishga to‘g‘ri kelmas,
deb umid qilaman,— deb o‘yladi u.— Faqat boshqa jang qilmasam bo‘lgani!»
Biroq yarim kechada u akulalar bilan yana olishdi. Olishardi-yu, bundan endi hech qanday umid
yo‘qligini bilardi. Ular cholga bir gala bo‘lib hujum qilishdi, u bo‘lsa, faqat akula suzg‘ichlari suvda
qoldirayotgan yo‘l-yo‘l izlarni-yu, baliqni yulib-yulqish uchun tashlangan chog‘larida o‘zlaridan
chiqarayotgan shu’lalarnigina ko‘rardi, xolos. U to‘qmog‘i bilan akula kallalariga tushirar ekan,
qulog‘iga jag‘larning g‘ajir-gujuri chalinar, baliq pastdan turib yulqilangan paytlardaesa qayiqning
alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib, qarsillagani eshitilardi. U faqat eshitishi va tusmollab bilishi mumkin bo‘lgan
qandaydir ko‘zga ko‘rinmas joylarga jon-jahdi bilan to‘qmoq urardi. Qeyin to‘sindan to‘qmog‘i g‘oyib
bo‘lib qolganini sezdi.
U rumpelni joyidan sug‘urib oldi va uni ikki qo‘llab tutgancha, ustma-ust zarb urib, savalay ketdi.
Biroq akulalar endi tamomila qayiq burniga dovur kelib bo‘lishgan, goh birin-ketin, goh butun to‘da
bir bo‘lib baliqqa yopirilishar, dengizda oqarib ko‘ringan go‘shtlarni shilib olishardi; keyin yana o‘z
o‘ljalariga tashlanish uchun orqaga qaytishar edi.
Alohida akulalardan biri baliqning naq boshi oldiga suzib keldi va shunda chol endi hamma-
hammasi tamom bo‘lganini tushundi. U baliq boshining metin suyaklariga taqalib qolgan tishlarni
mo‘ljallab, akula tumshug‘iga rumpel bilan tushirdi. Bir urdi, ikki urdi, keyin yana, yana urdi.
Rumpelning qarsillab, ayi-lib tushganini ko‘rgach, u akulani majog‘i chiqqan sop bilan soldi. Chol
dastaning go‘shtga sanchilib kirgani-ni sezdi-yu, uning qirrasi o‘tkir ekanligini bilib, yana akulani
qulochkashlab urdi. Akula baliqni qo‘yib yuborib, o‘zini chetga oldi. Bu — hujumga kelgan akula
galasidan qolgan eng so‘nggi akula edi. Endi ularning yeydigan narsasi qolmagan edi.
Chol bazo‘r nafas olar, og‘zida allaqanday notanish maza sezardi. Maza chuchmalgina bo‘lib, mis
tamini berar, shuning uchunmi bir muddat chol qo‘rqib ketdi. Ammo tezda hammasi o‘tib ketdi. U
okeanga tupurib dedi:
— Yeb qollaring, galanos, teshib chiqsinu to‘ng‘iz qo‘plaring, ishqilib! Tushlaringga odam
o‘ldirganlaring kirib chiqsin.
Chol endi o‘zining uzil-kesil va batamom yengilganini bilardi. U quyruqqa qaytib kelib,
rumpelning singan bir bo‘lagi rul teshigiga kirib turganini ko‘rdi va boshqa iloj qolmagandan so‘ng
qayiqni u bilan ham boshqarish mumkinligini bildi.
Yelkalariga qopni yopib olgach, u qayiqni manzilga tomon to‘g‘rilab burdi. Endi qayiq yengilgina
yelib borar, chol bo‘lsa hech narsani o‘ylamas, hech narsani sezmas, his qilmas edi. Endi unga hamma
narsa bari bir bo‘lib qolgan, faqat qayiqni jonajon sohilga tezroq ham omon-eson yetkizsa bo‘lgani edi.
Tunda akulalar go‘yo stol ustida qolgan-qutgan salqit ovqatga o‘zini urgan ochofatlarday baliqning
g‘ajib tashlangan gavda suyagiga tashlanishdi. Chol ularga e’tibor bermadi. Uning endi o‘z qayig‘idan
bo‘lak hech narsaga qayrilib qaragisi kelmasdi. Chol faqat zil-zambil og‘irlikdan bo‘shagan qayiqning
erkin qushday yelib, suzayotganini his qilib borardi, xolos.
«Yaxshi qayiq,— deb o‘yladi u.— Rumpeli demasa, o‘zi bus-butun. Nima, yangi rumpel qo‘yish
qiyinmidi?» Chol iliq oqimga kirganini sezib turar, shunday qo‘z o‘ngida qirg‘oq bo‘yi
posyolkalarning chiroqlari miltillar edi. U o‘zining hozir qaerda turganligini bilardi; endi unga yetib
Ernest Xeminguey. Chol va dengiz (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |