1.3. Bozor munosabatlarini rivojlantirish sharoitida davlat va
moliya siyosatining iqtisodiy roli
Zamonaviy shart-sharoitlarda davlatning iqtisodiy roli mulkchilik
munosabatlari, tuzum vertikalini isloh qilish, institutsional o‗zgarishlarni
amalga oshirish va jamiyatda iqtisodiy samaradorlik hamda ijtimoiy
adolat o‗rtasida muvozanatga erishish hisoblanadi.
Davlatning iqtisodiy roli uni tartibga solish, qayta taqsimlash,
ijtimoiy va nazorat funksiyalarida namoyon bo‗ladi.
1. Tartibga solish funksiyasi shunga bog‗liqki:
a) davlatning yetakchi mavqeiga ega bo‗lgan sohalar mavjud
(masalan, mudofaa, ijtimoiy yordam va boshqalar);
b) davlat iqtisodiy siyosatini institutsional tizim orqali amalga
oshiradi;
d) davlat mulkdor sanaladi va iqtisodiyotning tadbirkorlik
sektoridagi turli tuzilmalar bilan o‗zaro munosabatga kirishadi. Tartibga
solish sohalariga tadbirkorlik faoliyati, davlat moliyasi, pul muomalasi,
naqdsiz hisoblashishlar, tashqi iqtisodiy faoliyat, valyuta kursi, iqtisodiy
xavfsizlik, ijtimoiy sektor kabilar kiritiladi.
2. Qayta taqsimlash funksiyasi.
Yaratilgan milliy daromad ishlab chiqaruvchilar va iste‘molchilar
o‗rtasida qayta taqsimlanish obyekti sanaladi. Ushbu funksiyani amalga
oshirish uchun davlatda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi vakolatlar va
boshqaruv predmetlari taqsimoti hal qiluvchi o‗rin tutadi. Bunday qayta
taqsimot mexanizmi sifatida soliq va byudjet tizimi xizmat qiladi.
3. Ijtimoiy funksiya. Davlat ijtimoiy adolat va ijtimoiy
farovonlikning muayyan darajasini qo‗llab-quvvatlaydi, kun kechirish
uchun zarur bo‗lgan narsalarning eng oz miqdorini, ish haqi o‗sishi va
mehnat mahsuldorligi mutanosibligini kafolatlaydi, aholi bandligini
ta‘minlaydi. Ushbu funksiyani amalga oshirish uchun davlatning
moliyaviy-iqtisodiy salohiyati hal qiluvchi rol o‗ynaydi. Mazkur
funksiyani amalga oshirish iqtisodiyotning ijtimoiy sektori talablarining
kengayishi bilan bog‗liq. Ijtimoiy transfertlar tizimi, respublika va
mahalliy darajada ijtimoiy rivojlantirish dasturlari, davlat minimal
ijtimoiy standartlarining davlat ijtimoiy muhofaza tizimi, manzilli
ijtimoiy yordam ushbu funksiyani amalga oshirish mexanizmi sifatida
xizmat qiladi.
4. Nazorat funksiyasi. Davlat jamiyatni ijtimoiy-iqtisodiy
rivojlantirish bo‗yicha mo‗ljallarni vujudga keltiradi, iqtisodiy va
ijtimoiy o‗sish parametrlarini belgilaydi, tadbirkorlik faoliyati shartlarini
aniqlaydi, uzoq muddatli, o‗rta muddatli va joriy iqtisodiy hamda
ijtimoiy dasturlarni shakllantiradi, ularning bajarilishi esa nazorat
obyekti bo‗lib xizmat qiladi. Mazkur funksiyaning amalga oshirilishi
davlat nazorati, jumladan, moliya organlari va institutsional tizimlar
orqali ta‘minlanadi. Ushbu funksiyani amalga oshirish mexanizmi turli
darajadagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan ko‗rsatkichlar va
mezonlar tizimi, sanksiyalar, rag‗batlar va imtiyozlar, jamiyatni
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalarini tanlash tizimi
hisoblanadi.
Davlatning iqtisodiy roli va funksiyalari moliya siyosati va
ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni tartibga solishning moliyaviy metodlarini
belgilab beradi.
Davlat moliyasi holati – iqtisodiy barqarorlik va ijtimoiy tizim
mukammalligining asosiy ko‗rsatkichlaridan biridir. Byudjetdan eng
muhim investitsiya dasturlari, ekologiya, mudofaa va boshqalarni
moliyalash ta‘minlanadi.
Davlat va mahalliy moliya quyidagi asosiy prinsiplarga
yo‗naltirilgan:
– qonunchilik va normativ baza birligi;
– oshkoralik va shaffoflik;
– vakolatlar va boshqaruv predmetlari chegaralarini belgilash;
– maqsadli yo‗nalganlik;
– ko‗zlangan maqsadlarni amalga oshirishga ilmiy yondashuv;
– tejamkorlik va ratsionallik;
–
moliyaviy
oqimlarning
markazlashgan
asosda
boshqariluvchanligi.
Maqsadlarga erishish rivojlanish strategiyasi bilan belgilanadi.
Moliyaviy strategiya iqtisodiyotning davlat va mahalliy sektorlari
tasarrufida bo‗lgan moddiy-texnik vositalar va moliyaviy resurslarni
qiymat bahosini balanslashtirilgan boshqarish imkoniyatini belgilab
beradi.
Iqtisodiyotni isloh qilishda moliya rolini belgilash alohida
ahamiyat kasb etib, bu uchta hal qiluvchi omilga olib kelishi mumkin:
1) iqtisodiy barqarorlik;
2) bozor o‗zgarishlariga moslashish;
3) investitsion faollikni rag‗batlantirish.
1. Makrodarajada iqtisodiy barqarorlik iqtisodiyotda umumiy
moliyaviy barqarorlik bilan chambarchas bog‗liq. Shuning uchun
makroiqtisodiy ko‗rsatkichlar monitoringi moliyaviy sohadagi haqiqiy
ahvolni aniqlash imkonini beradi. Makroiqtisodiy ko‗rsatkichlar orasida
byudjet defitsiti darajasi, byudjet ijrosi jarayoni, korxonalarning byudjet
va kontragentlar oldida qarzdorlik darajasi, inflyatsiya darajasi,
Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi, valyuta kursining
o‗zgarishi va boshqalar hal qiluvchi ahamiyatga ega. Moliyaviy
barqarorlik barqaror moliyalashtirish manbalari mavjudligi, kapital
bozoridan mablag‗ jalb qilish, ishlab chiqarishni kengaytirish va
iqtisodiyotning ijtimoiy sektorini rivojlantirish uchun resurslarni
to‗plash imkoniyati borligini anglatadi.
2. Bozor o‗zgarishlariga moliyaviy moslashish shunda namoyon
bo‗ladiki, davlat va korxonalar kreditor yoki qarz oluvchi sifatida
qatnashgan holda kapital bozorining to‗laqonli ishtirokchilari sanaladi.
Moliyani tashkil qilish bozordagi vaziyat o‗zgarishiga tez javob
qaytarish,
yangi
shart-sharoitga
moslashish,
muqobil
moliya
instrumentlaridan foydalanish, soliq va boshqa pul majburiyatlarini
bajarishga imkon beradi.
Moliyaviy moslashtirish uchun iqtisodiyotni isloh etish narxlarni
liberallashtirish, xususiylashtirish, ijtimoiy o‗zgarishlar, jahon tizimiga
integratsiyalashtirish kabilarni o‗z ichiga oladi.
Iqtisodiy munosabatlarni o‗zgartirish inflyatsiya va ishsizlikning
past darajasi, tashqi iqtisodiy muvozanat, qulay ekologik muhit va
yetarlicha yuqori turmush darajasiga asoslangan iqtisodiy o‗sishning
yangi turiga o‗tishni anglatadi. O‗zgartirish maqsadi – ijtimoiy
yo‗naltirilgan bozor iqtisodiyotini yaratishdir.
3. Davlat va har bir korxonaning investitsion faolligi iqtisodiy
o‗sishning natijasi va indikatori hisoblanadi. Moliya investitsiyalarni
jalb qilish, kapital bozori faoliyati uchun qulay shart-sharoitlarni
yaratishda hal qiluvchi rol o‗ynaydi. Investitsion faollikka nisbatan
strategik yo‗nalganlik tamoyili hal qiluvchi sanaladi va moliyaning
vazifasi uni amalga oshirishdan iborat.
Davlat moliya siyosati – makroiqtisodiy siyosat elementidir. Hozirgi
vaqtda davlat moliya siyosati moliyaviy-iqtisodiy inqiroz oqibatlarini
bartaraf
etish,
mamlakatdagi
ijtimoiy-iqtisodiy
vaziyatni
barqarorlashtirishga qaratilgan.
Moliya siyosati quyidagi yo‗nalishlarni o‗z ichiga oladi:
1) soliq siyosati;
2) byudjet siyosati;
3) pul-kredit siyosati;
4) institutsional o‗zgarishlar;
5) investitsiya siyosati;
6) ijtimoiy siyosat.
Moliya siyosatini amalga oshirish uchun quyidagilar zarur:
– ijtimoiy keskinlikni pasaytirish;
– davlat moliyasini takomillashtirish;
– bank sektorining normal faoliyatini tiklash;
– tovar va pul oqimlarining balanslashganligi;
– moliyaviy suiiste‘molliklar va korrupsiyani bartaraf etish.
Moliya siyosatining muhim tarkibiy qismi soliq siyosati hisoblanadi.
U davlat va bozor ishtirokchilari uchun maqbul bo‗lgan soliqqa tortish
shartlarini yaratishga yo‗naltirilgan bo‗lishi kerak, bu iqtisodiyotning
real sektoridagi moliyaviy ahvol yaxshilanishini ta‘minlaydi. Uning
asosiy vazifalari:
– soliq bazasini optimallashtirish, to‗lovsizlik darajasini pasaytirish
maqsadida soliq to‗g‗risidagi qonun hujjatlarini keng isloh etish;
– amaldagi soliq va bojxona imtiyozlarini qayta ko‗rib chiqish;
– yagona soliq to‗lovchi reestrini joriy qilish;
– soliq ma‘muriyatchiligini kuchaytirish;
– byudjetga va byudjetdan tashqari davlat fondlariga to‗lovlar
bo‗yicha penya va jarimalarni qayta tarkiblash.
Byudjet inqirozini bartaraf etish byudjet siyosatining eng muhim
vazifasidir. Ushbu sohadagi eng dolzarb vazifalar quyidagilardir:
– xizmat ko‗rsatish va tashqi qarzlarni to‗lash uchun eksport
bojlarini kiritish;
– davlat xarajatlarini tejash dasturlarini amalga oshirish;
– barcha daromadlar va byudjet mablag‗larini g‗aznachilik
organlari hisob raqamlariga markazlashtirish;
– optimallashtirish maqsadida maqsadli dasturlarni taftish qilish;
– spirtli ichimliklarni ishlab chiqarish va aylanmasida davlat
monopoliyasini ta‘minlash;
– byudjet tashkilotlari va boshqa byudjet mablag‗lari oluvchilarga
qarzdorlikni
qoplash
xarajatlarini
maqsadli
moliyalashtirish
mexanizmidan foydalangan holda hisob-kitoblarni amalga oshirish;
– davlat qarzlarini qayta tarkiblash;
– tashqi va ichki qarzlarni, ulardan foydalanish natijalarini
inventarizatsiya qilish.
Pul-kredit siyosatining eng muhim vazifasi bank inqirozini bartaraf
etish, bank tizimiga bo‗lgan ishonchni tiklash va aholining tashkiliy
jamg‗armalarini rag‗batlantirishdan iborat. Pul-kredit siyosatining
vazifalari:
– bank tizimini qayta tashkil etish;
– banklar tomonidan majburiy standartlarga rioya etilishini nazorat
qilish tartibini takomillashtirish;
– milliy valyutaning xorijiy valyutalarga nisbatan kursining
o‗zgarishini yumshatish;
– davlatning valyuta zaxiralarini to‗ldirish va kapitalning chet elga
chiqib ketishini kamaytirish;
– davlat fondini to‗ldirish uchun oltin zaxirasi sotib olishni
kuchaytirish;
– bojxona nazoratini kuchaytirish.
Davlat moliyaviy siyosatini amalga oshirishda davlatning asosiy
vazifalaridan kelib chiqqan institutsional islohotlar muhim rol o‗ynaydi.
Bunga quyidagilar kiradi:
– tashkilotlarning kechiktirilgan soliq qarzlarini kapitalizatsiya
qilish va ularni keyinchalik sotish natijasida davlat tomonidan aksiyalar
sotib olish;
– davlatga tegishli aksiyalar paketini ishonchli boshqarishga
o‗tkazish;
– ko‗chmas mulkni inventarizatsiya qilish va yagona mulk registrini
yaratish;
– tugallanmagan qurilish obyektlarining jalb etilishi;
– korxonalarni yagona mulkiy kompleks sifatida xususiylashtirish;
– yoqilg‗i-energetika kompleksi, temir yo‗l transporti, aloqa va uy-
joy-kommunal xizmatlarida raqobatni rivojlantirish va samaradorligini
oshirishga qaratilgan tarkibiy islohotlar;
– tabiiy monopoliya mahsuloti va xizmatlari uchun narx-navo
registratsiyasi va tizimini takomillashtirish; respublika va viloyat ijro
hokimiyat organlari o‗rtasida tabiiy monopoliyalarni tartibga solish
bo‗yicha vakolatlarni belgilash;
– xususiylashtirish loyihalarini, investitsiya dasturlarini, moliyaviy
oqimlarni, bankrotlikni, qarzlarni respublika byudjetiga to‗lashni
boshqarish va nazorat qilish bo‗yicha davlatning pozitsiyasini
mustahkamlash.
Davlat moliya siyosati ijtimoiy yo‗naltirilgan bo‗ladi. Ushbu
sohadagi vazifalarga quyidagilar kiradi:
– byudjet sohasi xodimlariga joriy ish haqini, harbiy
xizmatchilarning pul ta‘minoti va boshqa davlat ijtimoiy transfertlarini
to‗liq hajmda to‗lash, shuningdek, byudjetdan bu guruhlar bo‗yicha
qarzdorlikni qoplash grafigini bajarish;
– aholining kam ta‘minlangan qatlamlari daromadlarini
kompensatsiya
qilish,
jumladan,
pensiyalarni
differensial
indeksatsiyalash va byudjet sohasi xodimlari stavkalari va ish haqini
bosqichma-bosqich indeksatsiyalash mexanizmlarini ishlab chiqish;
– ishsizlik o‗sishini cheklash va bandlikni kengaytirish uchun shart-
sharoit yaratish;
– barqaror moliyalashtirish bilan ko‗p bosqichli pensiya tizimini
shakllantirishni ta‘minlovchi pensiya islohotlarini amalga oshirish;
pensiyani jamg‗arish orqali moliyalashtirish elementlarini joriy etish;
– davlat ko‗magining asosiy qismini aholining kam ta‘minlangan
qatlamlariga yo‗naltirgan holda ijtimoiy imtiyozlar va to‗lovlar tizimini
tartibga solish;
– majburiy migratsiyani tartibga solish.
Moliya siyosatini amalga oshirishda investitsion faoliyat muhim
o‗rin egallab, u quyidagilarni o‗z ichiga oladi:
– davlat investitsiya siyosatini moliyaviy ta‘minlash manbasi
sifatida rivojlantirish byudjeti rolini oshirish;
– aholi jamg‗armalarini tartibli jamg‗arish va investitsiyalash uchun
shart-sharoitlar yaratish;
– ipoteka kreditini rivojlantirish;
– to‗g‗ridan-to‗g‗ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish.
Moliya siyosati iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini rivojlantirish
istiqbollarini belgilab beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |