O‘zbekistonda oliy davlat vakillik organi — parlamentni shakllantirishda xalqaro tan olingan huquqiy tamoyillarga va rivojlangan davlatlar tajribasiga tayanildi.
„Parlament“ fransuzcha „parler“ — gapirmoq so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, rasmiy so‘zlashish joyi ma’nosini anglatadi.
Parlament davlatning oliy vakillik organi hisoblanadi va qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi.
O‘zbekiston mustaqilligi e’lon qilingan paytda 1990- yil fevralda saylangan qonun chiqaruvchi hokimiyat organi — Oliy Kengash faoliyat ko‘rsatdi.
O‘zbekiston demokratik islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish yo‘lidan borib, birdaniga Oliy Kengashni tarqatib yubormadi. U 1990—1994- yillarda qonun chiqaruvchi hokimiyat organi sifatida faoliyat ko‘rsatdi.
1993- yil 28- dekabrda bo‘lib o‘tgan Respublika Oliy Kengashining XIV sessiyasida „O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovlar to‘g‘risida“, 1994- yil 22- sentabrda bo‘lib o‘tgan XVI sessiyada „O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi to‘g‘risida“ Qonunlar qabul qilindi. Ularda qonunchilik sohasida tub islohotlarni amalga oshirish zaruriyati kun tartibiga qo‘yiladi. sobiq Ittifoq davridan qolgan bir qator qonun va me’yoriy hujjatlar hamon amalda bo‘lib, ular mazmun va mohiyati jihatidan yangilanayotgan davlat va jamiyat uchun mutlaqo mos kelmas edi, qo‘yilgan maqsadlarni amalga oshirishga monelik qilardi.har qanday mafkuraviy ta’sirdan xoli, xalqning o‘ziga xos tarixiy, axloqiy-ma’naviy qadriyatlariga mos keladigan adolatli, demokratik-huquqiy davlat qurish, taraqqiyotning bozor iqtisodiyotiga asoslangan yo‘lidan borish va fuqarolik jamiyatini shakllantirishga huquqiy asos bo‘ladigan yangi qonunlar yaratish zarur edi.
Bu borada rivojlangan mamlakatlar qonunchilik tajribasidan foydalanish lozim edi.
Oliy Majlis oliy davlat vakillik organi bo‘lib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi, hududiy saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida besh yil muddatga saylanadigan 250 nafar deputatdan iborat bo‘lishi belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va „O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi to‘g‘risida“ gi Qonunga muvofiq Oliy Majlisning mutlaq vakolatlari jumlasiga:
• O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qilish, unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;
• O‘zbekiston Respublikasining qonunlarini qabul qilish hamda ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;
• O‘zbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash va davlat strategik dasturlarini qabul qilish;
• ma’muriy-hududiy tuzilish masalalarini qonun yo‘li bilan tartibga solish, O‘zbekiston Respublikasining chegaralarini o‘zgartirish;
• boj, valuta va kredit ishlarini qonun yo‘li bilan tartibga solish;
• davlat budjetini qabul qilish va uning ijrosini nazorat etish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni joriy qilish;
• qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari tizi¬mini va vakolatlarini belgilash;
• xalqaro shartnomalarni va bitimlarni ratifikatsiya (tasdiqlash) va denonsatsiya (barvaqt to‘xtatish) qilish;
• Oliy Majlisga va mahalliy vakillik organlariga saylov tayinlash, Markaziy saylov komissiyasini tuzish;
• vakolati tugashi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylov kunini tayinlash;
• Konstitutsiyaviy, Oliy va Oliy xo‘jalik sudlarini saylash;
• Vazirlar Mahkamasi a’zolarini, Bosh prokuror va uning o‘rinbosarlarini tayinlash va lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi Prezident farmonlarini tasdiqlash hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish kiradi.
Saylov kunigacha 25 yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari parlamentga saylanish huquqiga egadirlar. Bunda ularning kelib chiqishi, ijtimoiy va moddiy ahvoli, irqiy va milliy mansubligi, jinsi, ma’lumoti, tili, dinga munosabati, faoliyat turi bo‘yicha hech qanday cheklashlarga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shu bilan birga, „Oliy Majlisga saylovlar to‘g‘risida“gi Qonunda belgilanganidek, sudlangan, saylov tayinlangan kungacha o‘tgan 5 yil mobaynida O‘zbekiston hududida yashamagan, harbiy ixtisosli, diniy xizmatchi fuqarolar deputatlikka nomzodlar ro‘yxatiga olinmaydilar.
Hokimiyatni taqsimlash tamoyilini amalda bajarish maqsadlaridan kelib chiqib, shu narsa belgilab qo‘yilganki, hukumat a’zolari, sudyalar, prokuratura organlarining mansabdor shaxslari, vazirlik idoralari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslari (viloyat, tuman, shahar hokimlari bundan mustasno) Oliy Majlis deputati bo‘la olmaydilar.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1994- yil sentabrda bo‘lib o‘tgan XVI sessiyasi 1994- yil 25- dekabr kuni Oliy Majlisga, viloyat, shahar va tuman kengashlariga saylovlar o‘tkazishga qaror qildi.
1994- yil 14—15- noyabrda Toshkentda Oliy Majlisga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari raislarining uch kunlik seminari bo‘lib o‘tdi. Seminarda respublikada saylov tizimini isloh qilish, saylovni muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish masalalari muhokama etildi
1995- yil 23—24- fevral kunlari Birinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi va to‘rt kishidan iborat Rais o‘rinbosarlari saylandi. E. H. Xalilov Oliy Majlis Raisi, B. I. Bugrov, B. A. Shodiyeva, A. Q. Qosimov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakili — Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi U. Ashirbekov Rais o‘rinbosarlari qilib saylandilar, sessiyada Mandat komissiyasi tuzildi.
O‘zbekiston parlamenti Birinchi sessiyada hokimiyat vakillikorganlaridan saylangan 120 kishidan iborat deputatlar blokini, 69 deputatdan tarkib topgan Xalq demokratik partiyasi fraksiyasini, 47 deputatni uyushtirgan „Adolat“ sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasini, 14 deputatdan iborat „Vatan taraqqiyoti“ partiyasi fraksiyasini ro‘yxatga oldi. Mazkur partiya fraksiyalari qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilishda faol qatnashdilar.
Shu tariqa, Oliy Majlis faoliyatida ko‘ppartiyaviylik tamoyili qaror topdi.
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISINING TUZILISHI (1995—2004- YILLAR) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi o‘zining shakllanishi, o‘z faoliyatini tashkil etish tartibotlari, ish yuritish mazmun-mohiyati bilan yangi, zamonaviy parlament bo‘lib, avvalgi Oliy Kengashdan butunlay farq qiladi
Mustaqillik yillarida Oliy Majlisning xalqaro parlamentlar bilan aloqalari o‘rnatildi va chuqurlashdi. O‘zbekiston Milliy parlamentida Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar bo‘yicha guruh tuzildi, respublikaning Parlamentlararo ittifoq, Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Parlament assambleyasi va Yevroparlament bilan aloqalari yo‘lga qo‘yildi.
Oliy Majlis „O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1996—1999- yillarga mo‘ljallangan faoliyat dasturi“ ni ishlab chiqdi va respublika parlamenti huzuridagi Amaldagi qonun huj¬jatlari monitoringi instituti tashkil etildi. Bu chora-tadbirlar Oliy Majlis faoliyatining barcha asosiy yo‘nalishlarini qamrab olishga, qonunchilikni yangi pog‘onaga ko‘tarishga ko‘maklashmoqda.
O‘zbekiston parlamentining birinchi sessiyasida ta’sis etilgan Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) instituti xalqaro amaliyotni o‘rganish asosida ishlab chiqilgan va Oliy Majlis Rayosati tomonidan tasdiqlangan Nizom asosida faoliyat olib boradi.
Oliy Majlis vakili huzurida 1995- yilda tuzilgan Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha maxsus komissiyasi faoliyat yuritdi.
Parlamentning sakkizinchi sessiyasida 1997- yil 24- aprelda qabul qilingan „Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida“ gi Qonun muhim hujjatlardan biri. U respublikada insonning shaxsiy huquq va erkinliklari, fuqarolarning ijtimoiy huquqlari himoya qilinishini huquqiy jihatdan ta’minlashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83- moddasida qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘lgan subyektlar aniq belgilab qo‘yilgan.
Qonunchilik tashabbusi huquqiga O‘zbekiston Res-publikasining Prezidenti, o‘z davlat hokimiyatining oliy organi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Oliy Majlis deputatlari, Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasining Konsti-tutsiyaviy Sudi, Oliy Sudi, Oliy xo‘jalik sudi va Bosh prokurori egadirlar. Qonunlar loyihalarini ko‘rib chiqish, tayyorlash jarayonida partiya fraksiyalari va deputatlar bloklari, Oliy Majlisning tegishli qo‘mita va komissiyalarining butun tarkibi faol qatnashadilar.
Parlament sessiyalariga tayyorgarlik ko‘rish qanday borayotganligi ommaviy axborot vositalari orqali muntazam yoritib boriladi.
Qonunlar loyihalarini nazariy va amaliy jihatdan mukammalroq, puxtaroq ishlab chiqish maqsadida ular haqida tegishli vazirliklar va idoralar, konsernlar, uyushmalar va mehnat jamoalarining xulosalari olinadi, xalqaro tashkilotlarning ekspertizasidan o‘tkaziladi.
Sessiya muhokamasiga kiritiladigan barcha qonun loyihalari bo‘yicha bildirilgan takliflar, fikr-mulohazalar, ekspert xulosalarini Oliy Majlis Raisi va uning o‘rinbosarlari huzurida tegishli qo‘mitalar, partiya fraksiyalari rahbarlari va ekspertlar ishtirokida puxta va atroflicha muhokama etish yo‘lga qo‘yildi. Qonun loyihasini tayyorlashga bunday yondashuv, ularning puxta va sifatli bo‘lishiga ijobiy ta’sir etmoqda.
Birinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 1995—1999- yillarda 15 ta sessiya o‘tkazdi. Sessiyalarda 10 ta kodeks, 2 ta milliy dastur, 145 qonun, 452 qaror qabul qilindi. Amaldagi qonunlarga jami 216 ta qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |