Yer soligʻi
Yer soligʻi
— yerdan foydalanganlik uchun davlatga majburiy toʻlanadigan soliq turi.
Iqtisodiy
mohiyati boʻyicha yer rentasini ifoda etadi. Yerga mulkchilikning paydo boʻlishi bilan yuzaga
kelgan. Jahondagi deyarli barcha mamlakatlarda davlat mulki hisoblanadigan yerdan
foydalanganlik va fuqarolar mulk yerlari uchun davlat byudjetiga toʻlanadi.
Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlarida, mil. 3-asrdan Sosoniylar davlatida joriy qilingan.
Keyingi
yerlarda zakot, xiroj, oʻlpon, tanob, ushr va b. nomlar bilan yuritilgan. Musulmon
mamlakatlarida yer maydoni birligidan pulda yoki yer sifati hamda suv bilan taʼminlanish
darajasiga qarab hosilning 1/4, 1/3, 1/2 qismi hajmida undirilgan. Oʻrta Osiyoda 8-asr
boshida arablar tomonidan joriy qilingan.
Hoz. Oʻzbekiston hududida 19-asr boshlaridagi xonliklarda Ye.s. asosan pul shaklida olingan.
Mas, Buxoro amirligida amir ixtiyorida mulk yerlari boʻlgan davlat (podsholik) yerlari amlok
yerlar deb atalgan, unga ekin ekkan dehqonlar Ye.s. — xiroj toʻlaganlar. Ye.s. ni yigʻuvchi
amlokdor deb atalgan. Xonlardan hadyaga olingan tanho yer egalari davlatga Ye.s. toʻlashdan
ozod boʻlgan.
Oʻzbekiston Respublikasida Ye.s.ni oʻz mulkida, egaligida va foydalanishida
yer uchastkalari
boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar toʻlaydilar. Ye.s.ga doir munosabatlar Oʻzbekiston
Respublikasining Soliq kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat
soliq qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan yoʻriqnomaga muvofiq tartibga solinadi.
E.s.ning stavkalari yer uchastkasining qaysi mintaqada joylashgani, sifati va suv bilan
taʼminlanishi hisobga olingan holda ishlab chiqiladi va Oʻzbekiston
Respublikasi Vazirlar
Mahkamasi tomonidan har yili inflyasiya darajasidan kelib chiqib, yer uchastkasining birligiga
(ga, m2) soʻm hisobida tasdiqlanadi. Noqishloq xoʻjaligi korxonalari,
muassasalari va
tashkilotlari uchun ularning qayerda joylashganligi, shahar va shaharchalarda hamda ularning
hududlarida infratuzilmalarning rivojlanganiga qarab boʻlingan mintaqalar boʻyicha har xil
stavkalar belgilanadi. Qishloq joylari uchun Ye.s. stavkalari sugʻoriladigan
va lalmi-yaylov
mintaqalari boʻyicha alohida belgilanadi. Qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari barcha
soliqlar oʻrniga (alkogol mahsulotlariga toʻlanadigan aksiz soligʻidan tashqari) yagona Ye.s.
toʻlaydilar.
Qishloq xoʻjalik korxonalarida yer asosiy vosita va yerlarning sifati alohida ahamiyatga ega
ekanligini hamda dehqonchilikning rivojlanish darajasini hisobga olib, sugʻoriladigan
yerlar
bonitet ballaridan kelib chiqib, 10 sinfga boʻlingan. Ye.s.ni hisoblashda bazaviy stavkalarga
hukumat tomonidan tasdiqlangan koʻpaytirish koeffitsiyentlari qoʻllaniladi. Har bir tuman
boʻyicha sugʻoriladi-g a n eng past sifatli yerlarga alohida bazaviy stavkalar belgilangan.
Mas, yagona yer soligʻi toʻlaydigan tovar ishlab chiqaruvchilar uchun sugʻoriladigan
yerlarda
1-sinfga mansub 1 ga uchun soliqning bazaviy stavkasi Parkent tumanida 986,4 soʻm,
Zangiota tumanida 1487,5 soʻm, Moʻynoq tumanida 668 soʻm qilib belgilangan. Ye.s.ni
hisoblashda shu tumanlarda bazaviy stavkalar 5-sinfga kiradigan yerlarga 4,57, 6-sinfga
kiradigan yerlarga 6,54, 10-sinfga kiradigan yerlarga 17,5 koeffitsiyentlariga koʻpaytiriladi
(2002). Sugʻorilmaydigan lalmi va yaylov yerlari yogʻingarchilik bilan taʼminlanganligini
hisobga olgan holda tekislik, adir, togʻ va togʻ oldi min-taqalariga boʻlinadi. Lalmi (mas,
Toshkent viloyatida 1,19—1,67 koeffitsiyentlari bilan har ga uchun 84,4 soʻmdan 167,5
soʻmgacha) va yaylov yerlarga (choʻl zonalari uchun 16—30 soʻm, 1,51—2,05 koeffitsiyentlari
bilan adir va togʻ oldi zonalari uchun 25—34,2 soʻm) ham alo-hida soliq stavkalari bor.
Qishloq xoʻjaligi korxonalari imoratlar egallagan (Toshkent viloyatida bazaviy stavka 13285,6
soʻm, koeffitsiyenta 20,44), zovurlar, yoʻllar (24,4 soʻm/ga) bilan band boʻlgan va boshqa
foydalanilmaydigan yerlari uchun ham Ye.s. ni toʻlaydilar.
Aholini ijtimoiy jihatdan
qoʻllabquvvatlash maqsadida jismoniy shaxslarga yer uchastkalarining joylashgan joyiga
qarab Ye.s. stavkalari 10—25 karra kam belgilanadi. Korxonalarning rivojlanishini
ragʻbatlantirish va aholini ijtimoiy jihatdan qoʻllabquvvatlash maqsadida ularning ayrim
guruhlariga davlat tomonidan Ye.s. boʻyicha imtiyozlar berilgan.
Yuridik va jismoniy shaxslar
Ye.s.ni qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda mahalliy byudjetga toʻlaydilar.
Arzit Latipov.
[1]
1.
OʻzME
. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu maqolada
boshqa til boʻlimlariga ishorat
yoʻq.
Siz ularni topib va ushbu maqolaga qoʻshib, loyihaga yordam berishingiz mumkin.
Manbalar