O‘t oldirish tizimi quyidagicha ishlaydi. O‘t oldirish kaliti O‘OK ulanib, dvigatel ishlamay turgan holda tranzistor VT1 ning baza va emitter potensiallari teng bo‘lganligi tufayli, u yopiq bo‘ladi. VT1 tranzistor yopiq bo‘lganda VT2 tranzistor bazasining potensiali emitternikidan yuqori bo‘ladi va uning baza-emitter o‘tish joyidan quyidagi zanjir bo‘ylab boshqarish toki o‘ta boshlaydi: akkumulatorlar batareyasi AB ning musbat qutbi o‘t oldirish kaliti O‘OK kommutator drosseli Dr diod VD6 rezistorlar R5, R6 VT2 tranzistorning baza-emitter o‘tish joyi rezistorlar R10, R11 "massa" akkumulatorlar batareyasining manfiy qutbi. Boshqarish toki ta’sirida tranzistor VT2 ochiladi. VT2 tranzistorining ochilishi qo‘shma tranzistor VT3 - VT4 da ham boshqarish toki hosil bo‘lishiga va uni ochilishiga olib keladi. VT3-VT4 qo‘shma tranzistorning ochilishi bilan o‘t oldirish g‘altagining birlamchi zanjiri tok manbaiga ulanadi va undan I1 tok o‘ta boshlaydi: AB ning musbat qutbi O‘OK rezistorlar bloki (14.3729) o‘t oldirish g‘altagining birlamchi chulg‘ami VD7 diodi VT3-VT4 qo‘shma tranzistorning kollektor-emitter o‘tish joyi "massa" AB ning manfiy qutbi. Bunda o‘t oldirish g‘altagining magnit maydonida elektromagnit energiya to‘plana boshlaydi. Tirsakli val startor yordamida aylantirilganda magnitli elektr datchikda o‘zgaruvchi EYUK induksiyalanadi va u kommutatorning "D" qisqichiga uzatiladi. Datchik signali "D" qisqichdan VD1 diod va R1, S3 zanjir orqali VT1 tranzistorning bazasiga keladi. VD1 diod datchikning faqat musbat qutbli impulslarini o‘tkazadi. VT1 tranzistor bazasiga datchikdan kelgan musbat impuls ta’sirida baza potensiali emitternikiga nisbatan ortadi va tranzistordan boshqarish toki o‘ta boshlaydi: datchik chulg‘ami VD1 diod R1, S3 zanjircha - VT1 tranzistorning baza-emitter o‘tish joyi "massa" datchik chulg‘ami. Natijada VT1 tranzistor ochiladi va VT2 tranzistorning baza-emitter o‘tish joyini shuntlaydi va u yopiladi. VT2 tranzistorning yopilishi VT3-VT4 qo‘shma tranzistorning ham yopilishiga olib keladi, chunki uning baza toki zanjiri uziladi. VT3-VT4 qo‘shma tranzistorning yopilishi o‘t oldirish g‘altagining birlamchi chulg‘amidan o‘tayotgan tok I1 zanjirining keskin uzilishiga va ikkilamchi chulg‘amda yuqori kuchlanish induksiyalanishiga olib keladi va u taqsimlagich yordamida tegishli o‘t oldirish shamiga yetkaziladi. Keyingi daqiqada datchikdan kelayotgan musbat impuls yo‘qoladi, VT1 tranzistor yopiladi, VT2, VT3-VT4 tranzistorlar ochiladi va o‘t oldirish g‘altagining magnit maydonida yana elektromagnit energiya to‘plana boshlaydi. Bu jarayon davriy ravishda davom etadi.
13.3704 elektron kommutator tarkibiga, sxemaning ishlash sharoitlarini yaxshilash, uni himoya qilish vazifalarini bajaruvchi bir qator elementlar kiritilgan. Stabilitron VD5 va kondensator S7, VT1 tranzistor ochilganda o‘t oldirish g‘altagining birlamchi chulg‘amida induksiyalanadigan EYUK ta’sirida VT3-VT4 qo‘shma tranzistor kuyib qolishidan saqlaydi. VD3 diodi datchikdan kelgan impuls amplitudasini cheklab, VT1 tranzistorning baza-emitter o‘tish joyini kuyishdan saqlaydi. VD6 va VD7 diodlar sxemani tok manbaining teskari qutbli EYUK dan himoya qiladi. Kondensator C6 va rezistor R7 teskari aloqa zanjirini tashkil qilib, VT1 tranzistor ochilishini tezlatadi. C4, C5 kondensatorlar VT2, VT3-VT4 tranzistorlarini baza-emitter o‘tish joyini kuchlanishni keskin o‘sish hollardan himoya qilib, ularni barqaror ishlashini ta’minlaydi. Rezistor R12 va kondensator C8, VT3-VT4 tranzistor yopilishi jarayonida sarflanadigan quvvatni kamaytirib, uni ortiqcha qizib ketishdan saqlaydi. C1, C2 kondensatorlar va drossel Dr kommutator zanjiridagi kuchlanish pulsasiyasini kamaytiradi.
Stabilitronlar - VD2, VD4 va rezistorlar - R2, R3 dan tashkil topgan zanjir elektron kommutatorni tok manbai kuchlanishini belgilangan chegaraviy qiymatidan oshib ketishidan himoya qiladi. Tok manbai kuchlanishi 17-18 V ga ko‘tarilganda, VD2 stabilitron teshiladi va VT1 tranzistor bazasi tok manbaining musbat qutbiga ulanib qoladi va ochiladi. Natijada VT2, VT3-VT4 tranzistorlar yopiladi va dvigatel ishlashdan to‘xtaydi.
B116 belgili o‘t oldirish g‘altagi B114 g‘altagi kabi chulg‘amlari bir-biridan ajratilgan holda o‘raladi va undan asosan o‘ramlar soni bilan farqlanadi.
Datchik-taqsimlagich 24.3706 (3.31-rasm) elektron kommutator ishini boshqarish, yuqori kuchlanishni o‘t oldirish shamlariga belgilangan navbatda taqsimlash, o‘t oldirish daqiqasini dvigatel aylanishlar chastotasi va yuklamasiga ko‘ra rostlash va o‘t oldirishni ilgarilatish burchagining boshlang‘ich qiymatini o‘rnatish uchun xizmat qiladi. Datchik-taqsimlagichning aluminiydan quyilgan qobig‘i 3 ga ( 3.31-a rasm ) quyidagi asosiy qismlar joylashtirilgan: stator 13 va rotor 21 dan iborat generatorli magnitoelektr datchik, markazdan qochma rostlagich 16, vakuum rostlagich 6. Qobiqning pastki qismiga oktan-korrektor plastinasi 2 o‘rnashtirilgan bo‘lib, u o‘t oldirishning ilgarilatish burchagini boshlang‘ich qiymatini qo‘yish va datchik-taqsimlagichni dvigatelga mahkamlash uchun xizmat qiladi.
Datchik-taqsimlagich harakati val 18 ga o‘rnatilgan maxsus ilashish tishi 1 orqali amalga oshiriladi. Podshipnik 19, val 18 va tirgak podshipnigi 17 ni moylab turish uchun qobiqqa moydon 4 o‘rnatilgan.
Datchik rotori (3.31-b rasm) ikki tomonidan sakkiz qutbli magnit o‘tkaz-gichlar 25 va 27 bilan siqilgan halqasimon doimiy magnit 26 dan iborat. Rotor bronza vtulka 12 ga mahkamlab joylashtirilgan bo‘lib, vtulkaning yuqori qismiga taqsimlagich yugurdagi 11 o‘rnatiladi, pastki qismi esa markazdan qochma rostlagichning yetaklovchi plastinasiga mahkamlangan.
Datchik statori 13 biri-biriga parchin mixlar yordamida mahkamlangan sakkiz tishli plastinalar 22, 24 va ular orasiga joylashtirilgan chulg‘am 23 dan iborat bo‘lib, u tayanch 14 vositasida qo‘zg‘aluvchan plastinaga o‘rnatilgan. Qo‘zg‘aluvchan plastina esa zo‘ldirli podshipnik 15 ning ichki halqasiga presslab o‘rnatilgan bo‘lib u vakuum-rostlagichning tortqisi bilan sharnirli bog‘langan. Podshipnik 15 ning tashqi halqasi qobiq 3 ga qo‘zg‘almas qilib o‘rnashtirilgan.
Demak, markazdan qochma rostlagich o‘t oldirishning ilgarilatish burchagini vtulka 12 vositasida datchik rotorini statorga nisbatan burish hisobiga rostlasa, vakuum-rostlagich qo‘zg‘aluvchan plastina yordamida statorni rotorga nisbatan aylantirish hisobiga rostlaydi.
Uzgich-taqsimlagich qopqog‘i 7 ning ichki tomonidagi markaziy uyachaga yugurdak 11 ning elektrodi 10 bilan o‘t oldirish g‘altagidan kelgan yuqori kuchlanishli o‘tkazgichni bir-biriga ulaydigan qo‘zg‘aluvchan ko‘mir kontakt 8, chekkasidagi uyachalarga esa chiqarish elektrodlari 9 joylashtirilgan. Ko‘mir kontaktning qarshiligi 6-15 kOm chegarasida bo‘lib, u yuqori kuchlanishni o‘tkazish bilan birga radioxalaqitlarni bostiruvchi vazifasini ham bajaradi.
O‘t oldirishni ilgarilatish burchagining boshlang‘ich qiymatini o‘rnatish uchun datchik-taqsimlagichning rotori va statorida maxsus belgilar 20 qo‘yilgan.
O‘zDEUavto qo‘shma korxonasining Tiko, Damas rusumli avtomobillarida ham elektron o‘t oldirish tizimi qo‘llanilgan bo‘lib (3.32-rasm), unda magnitelektr datchik o‘rnatilgan. Taqsimlagich valiga o‘rnatilgan datchik rotori 10 aylanganda, induktiv qabul qilish chulg‘ami 8 da EYUK hosil bo‘ladi va u tranzistor kommutatori 9 ga uzatiladi. Tiko va Damas avtomobillarining o‘t oldirish tizimida po‘lat o‘zakli magnito‘tkazgichga ega bo‘lgan yopiq turdagi o‘t oldirish g‘altaklari ishlatilgan.
O‘t oldirish tizimi quyidagicha ishlaydi (3.33-rasm). Dvigatel ishga tushib magnitelektr datchik rotori aylana boshlaganda qabul qilish g‘altagida o‘zgaruvchan tok induksiya-lanadi, uning «+» qismi ta’sirida tranzistor VT da baza toki vujudga keladi va u ochilib, o‘t oldirish g‘altagining birlamchi chulg‘amidan tok o‘ta bosh-laydi. Keyingi daqiqada qabul g‘altagida induksiya-langan o‘zgaruvchi tokning «-» qismi ta’sirida tranzistor VT yopiladi va birlamchi tok zanjirini uzadi. Natijada, o‘t oldirish g‘altagida hosil bo‘lgan magnit maydon katta tezlik bilan yo‘qola boshlaydi va o‘t oldirish g‘altagining ikkilamchi chulg‘amida yuqori kuchlanish induksiyalanadi. Tiko, Damas avtomobillarida o‘t oldirishning ilgarilatish burchagi dvigatelning aylanishlar chastotasi va yuklamaga ko‘ra avtomatik tarzda rostlash markazdan qochma hamda vakuum rostlagichlar yordamida amalga oshiriladi. Bu mexanizmlarning tuzilishi va ishlash tartiboti yuqoridagi bo‘limlarda batafsil yoritilgan.
Energiya to‘planishi boshqariladigan o‘t oldirish tizimi Bu turdagi o‘t oldirish tizimida o‘t oldirish g‘altagida energiya to‘planishini boshqarish hisobiga o‘t oldirish tizimlarining avvalgi avlodlariga mansub bo‘lgan eng asosiy kamchilik- dvigatel tirsakli valining aylanishlar chastotasi ortishi bilan yuqori kuchlanish U2max ning kamayishini bartaraf qilish mumkin. Energiya to‘planishini boshqarishning asosiy mazmuni shundan iboratki, aylanishlar chastotasi o‘zgarishi bilan o‘t oldirish g‘altagigini birlamchi zanjir tarmog‘iga ulash, ya’ni undan I1 tokni o‘tish vaqti zarur chegarada boshqariladi.
3.34-rasmda to‘rt silindrli dvigatellarga (VAZ-2108, VAZ-2109) o‘rnatishga mo‘ljallangan o‘t oldirish g‘altagida energiya to‘planishi boshqarilinadigan o‘t oldirish tizimining tarkibiy sxemasi keltirilgan. Bu o‘t oldirish tizimi tarkibiga elektron kommutator 36.3734, datchik-taqsimlagich 40.3706 va 27.3705 belgili o‘t oldirish g‘altagi kiradi. Ushbu tizim elementlarida quvvat yo‘qotilishi 2-3 marta kamaytirilgan bo‘lib, bu o‘lchamlari kichik va ixcham bo‘lgan integral sxemali elektron kommutator ishlab chiqarish imkonini berdi. Xoll datchigi o‘rnatilgan o‘t oldirish tizimining uchqunli razryad energiyasi 50 mJ ga yetkazilgan (boshqa tizimlarda 20-30 mJ) va bu dvigatelni suyultirish darajasi katta bo‘lgan yonilg‘ida ishlatish imkonini berib, uni tejamliligini oshiradi. Ko‘rilayotgan o‘t oldirish tizimining bu afzalliklari o‘t oldirish g‘altagining magnit maydonida energiy to‘planish vaqtini dvigatel aylanishlar chastotasi va tok manbai kuchlanishi o‘zgarishiga bog‘liq ravishda rostlash hisobiga erishiladi.
Xoll effektiga asoslangan yarim o‘tkazgichli datchikning ishlash prinsipi yuqorida ko‘rib chiqildi (3.28; 3.29-rasmlarga qarang). Datchik - taqsimlagich 40.3706 ning vali aylanganda datchik "D" ning chiqish joyida to‘g‘ri burchakli signal paydo bo‘ladi va u kommutator I (36.3734) ning kirish joyiga uzatiladi.
Signal, elektromagnit energiya to‘planish vaqtini me’yorlash bloki II ning invertori "I" orqali integrator A1.2 ga keladi va undan chiqqan arra tishi shakliga ega bo‘lgan signal - kuchlanish komparatori A1.3 ga uzatiladi va unda tayanch kuchlanish Ut2 bilan taqqoslanadi. Agar integratordan chiqqan kuchlanish tayanch kuchlanishdan katta bo‘lsa, komparator A1.3 ning chiqish joyida ( d nuqta) musbat kuchlanishli signal shakllanadi (mantiqiy 1). Integratordan chiqqan kuchlanish tayanch kuchlanishdan kichik bo‘lgan holda komparatorning chiqish joyida kuchlanish bo‘lmaydi (mantiqiy 0). Signal komparator A1.3 dan chiqish bloki IV dagi tranzistor VT ishini boshqaruvchi mos tushish sxemasi I1 ga keladi. Komparator A1.3 mantiqiy 1 holdan mantiqiy 0 holatga o‘tish vaqtida mos tushish sxemasi tranzistor VT ni ochadi va o‘t oldirish g‘altagi O‘OG‘ ning birlamchi chulg‘ami L1 dan I1 tok o‘ta boshlaydi. Komparator A1.3 dan mos tushish sxemasi I1 ga mantiqiy 1 signal kelishi bilan tranzistor VT yopiladi, tok I1 zanjiri uziladi va o‘t oldirish g‘altagining ikkilamchi chulg‘ami L2 da yuqori kuchlanish induksiyalanadi.
I1 tok o‘t oldirish g‘altagidan o‘tish vaqtini zarur darajada me’yorlash, datchikning boshqaruvchi signaliga nisbatan chiqish tranzistori VT ulanishini kechiktirish hisobiga amalga oshiriladi. Bu kechiktirish kattaligi kondensator C1 da to‘planishi mumkin bo‘lgan eng katta kuchlanish va tayanch kuchlanishi Ut2 orasidagi farq bilan belgilanadi. Dvigatelning aylanishlar chastotasi qanchalik yuqori bo‘lsa, S1 kondensatordagi kuchlanish shuncha kam bo‘ladi va demak, energiyaning to‘plash vaqti kamayadi.
Magnitelektr energiya to‘plash vaqtini, tok manbai kuchlanishining o‘zgarishiga mos ravishda, tayanch kuchlanishi Ut2 ni o‘zgartirish yo‘li bilan rostlanadi. Birlamchi zanjirdagi tok qiymati kommutatorning V bloki yordamida cheklanadi. Birlamchi zanjirda tranzistor VT bilan ketma-ket ulangan qarshilik R4 dagi kuchlanish pasayishi undan o‘tayotgan tok I1 qiymatiga to‘g‘ri proporsional bo‘ladi. Bu kuchlanish komparator A1.4 ga uzatiladi va tayanch kuchlanish Ut3 bilan taqqoslanadi. Agar I1 tok belgilangan qiymatdan ( 8 - 9 A) yuqori bo‘lsa komparator A1.4 dan mantiqiy signal 1 mos tushish sxemasi I1 ga uzatiladi va I1 tranzistor VT ning emitter-kollektor o‘tish joyi qarshiligini oshiradi va tok I1 belgilangan qiymatgacha kamayadi. Blok VI, o‘t oldirish kaliti ulangan, ammo dvigatel ishga tushmagan holda chiqish tranzistori VT yopilib turishini ta’minlaydi. Blok III sxemani tok manbai kuchlanishi belgilangan qiymatdan ortib ketishdan saqlaydi.
Datchik-taqsimlagich 40.3706 (3.35-rasm) dvigatelga gorizontal holda joylashtiriladi. Datchik-taqsimlagich mufta 1 va val 2 orqali harakatni bevosita dvigatelning gaz taqsimlash validan oladi. Val 2 ning ikkinchi uchiga taqsimlagich yugurdagi 11 o‘rnatilgan. Datchik-taqsimlagich qopqog‘i 10 qobiq 5 ga uchta murvat 12 bilan mahkamlanib, uning yuqori kuchlanishli moslamalari qolgan qismidan to‘siq 9 bilan ajratilgan. Val 2 vtulka 3 va sharsimon vkladish 6 da aylanadi. Salnik 4 moyni qobiqning ichki qismiga o‘tishdan saqlaydi. Sharsimon vkladish qo‘zg‘almas plastina 8 ga o‘rnatirilgan. Vakuum-rostlagich tortqisi mahkamlangan qo‘zg‘aluvchan plastina 7, podshipnikning ichki halqasi bilan burilishi mumkin. Podshipnik tashqi halqasi bilan qo‘zg‘almas plastina 8 ga presslangan. Qo‘zg‘aluvchan plastinaga yarim o‘tkazgichli datchik 13 va uning magniti o‘rnatilgan. Datchikning tirqishida vtulka 15 ga o‘rnatilgan darchali rotor 14 aylanadi. O‘z navbatida vtulka 15, markazdan qochma rostlagich 16 ning yetaklovchi plastinasiga mahkamlab biriktirilgan. Shu tarzda markazdan qochma rostlagich ishlaganda uning yetaklovchi plastinasi, rotorni datchikka nisbatan buraydi, vakuum-rostlagich ishlaganda esa, qo‘zg‘aluvchan plastina datchik bilan birgalikda darchali rotorga nisbatan buraladi.