Glitserinli suvni tozalash usullari. Yog‘larni reaktivsiz gidrolizidan olingan glitserinli suv murakkab geterogen sistema bo‘lib, tarkibida har xil tabiatli aralashmalar, chin va kolloid eritmalar holida, hamda emulsiya ko‘rinishda bo‘ladi. Shu sababli bunday suvdan aralashmalarni ajratish bir qator asosiy texnologik jarayonlarni talab etadi: kolloid sistema barqarorligini buzish; lipidlarni glitserinli suv bilan hosil qilgan emulsiyani parchalash; lipidlarni, suvda eriydigan ionogen va noionogen birikmalarini yo‘qotish. Bu barcha jarayonlarni amalga oshirish uchun glitserinli suvni tozalashni bir necha usuli mavjud.
Tindirish, qaynatish va sovutish. Tindirish glitserinli suv va yog‘ kislotalari zichliklarining farqiga asoslangan: dastlab glitserinli suv ustiga yog‘ kislotalar ajraladi, keyin u yoki bu usul bilan ajratib olinadi. Glitserinli suvni qaynatish natijasida suv-yog‘ emulsiyasi buziladi, yog‘ kislotalari va neytral yog‘ ajraladi, so‘ngra tindirish orqali ular ajratib olinadi.
Glitserinli suvni sovutish undagi aralashmalarni eruvchanligini pasaytiradi. Natijada kristallizatsiya va qiyin eruvchan yog‘ kislotalar agregatlanishi sodir bo‘ladi. Hosil bo‘lgan moddalar tindirish yoki filtrlash orqali ajratib olinishi mumkin.
Glitserinli suvni kalsiy gidroksid bilan neytrallash. Bu usul asosida quyidagi kimyoviy reaksiya yotadi:
2 RCOOH + Ca(OH)2 RCOO)2Ca + 2H2O
Hosil bo‘lgan sovun o‘z yuzasiga rang beruvchi moddalar (karotinoidlar, xlorofillar va boshqalar) va boshqa hamroh moddalarni adsorbsiyalab oladi.
Neytrallash uchun kalsiy gidroksidning suvli suspenziyasidan (ohakli sutdan) foydalaniladi. Neytrallash jarayoni neytralizatorlarda bug‘, havo yoki mexanik aralashtirgich yordamida, 800C haroratda olib boriladi. Ishkor nazariy miqdorga nisbatan ortiqchasi bilan qo‘shiladi. Ishqorning ortiqcha miqdori titrlash usuli bilan topiladi: 25ml glitserinli suvga 0,01n li 3-5ml xlorid kislota eritmasi sarf bo‘lsa, bu ortiqcha ishqor miqdori kalsiy oksid hisobida 0,003-0,005% ga to‘g‘ri kelishini bildiradi.
Neytrallash jarayoni tugagach, mahsulot tindiriladi va kalsiyli sovun ajratiladi. Glitserinli suv esa aralashtiriladi va romli filtrlarda filtrlanadi.
Quyqadagi kalsiyli sovunni natriyli sovunga aylantirish uchun quyqaga Na2CO3 bilan ishlov beriladi. Jarayon quyidagi reaksiya asosida sodir bo‘ladi:
(RCOO)2Ca + Na2CO3 2RCOONa + Ca CO3
Usul, keng yoyilganiga qaramay, bir qator kamchiliklarga ega. Ma’lumki kalsiyli sovunning glitserinli suvda erishi yog‘ kislotalarinikidan yuqori. Bu esa usulning maqsadga muvofiq emasligini ko‘rsatadi.
Glitserinli suvda kalsiyli sovunning bo‘lishi distillyasiya paytida ko‘piklanishga olib keladi. Bundan tashqari ishqorli suv glitserinli suvning ishqoriyligini oshiradi. Natijada, glitserinli eritmaga ishlov bergandan keyin, unda kul va organik moddalar miqdori oshib ketadi.
Glitserinli suvni kalsiy gidroksid bilan neytrallashdan boshqa, alyuminiy sulfat va kislota bilan qayta ishlab, separatsiyalash bilan, hamda ion almashinish usuli bilan tozalash mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |