4-mavzu. Arab xalifaligi davrida musiqa madaniyati
(VII-X asrlar)
VII asr boshida Arabiston yarim orollarida yirik Arab davlati tashkil topdi. Davlatning voha va shaharlar aholisi kam bo‘lgan va ularni bir-biridan Arabiston sahrosi ajratib turgan. U jug‘rofiy jihatdan qulay joylashgan bo‘lib qadimdan Sharq va G‘arbdagi turli mamlakatlar bilan iqtisodiy va madaniy aloqalar o‘rnatishga intilib kelgan. Atrofda bo‘layotgan barcha siyosiy voqealar arab xalqlari taqdiriga ta’sir etmay qolmadi. qadimdan qabila bo‘lib yashab kelayotgan arablar ittifoqi mustahkam emas edi. Ular goh birlashib, gohida esa parchalanib ketar edilar. Bu narsa arablar siyosati va diniy ta’limotida ham o‘z aksini topdi. Aholi orasida ko‘p xudolik – butparastlik urf edi (xususan Ka’bada 360-ta but haykali bo‘lib ularning eng yiriklari Xubal va Lut bo‘lgan).
Shunday bir vaziyatda Islom to‘g‘ri va yo‘lni ko‘rsatuvchi din sifatida yuzaga keldi. Islom – bu Alloh yagona deya itirof etib, unga bo‘ysunmoqlik va butun qalbi bilan unga ixlos qilmoqlik hamda Alloh buyurgan diniy e’tiqodga iymon keltirmoqlik demakdir. Islom «itoat», «bo‘ysunish» ma’nolarini bildiradi. Bu dinning asoschisi Muhammad payg‘ambar (570-632) makkalik Abdulloh degan kishining o‘g‘li bo‘lgan. Uning bobosi Abutolib quraysh qabilasining boshlig‘i bo‘lgan. «Payg‘ambari oxirzamon» ota-onadan juda erta yetim qolib, shu bobosining tarbiyasida ulg‘aydi.
Muhammad payg‘ambar ta’limotiga ergashganlarni “muslim” ya’ni «itoatkorlar» deb yuritilgan. O‘z payg‘ambarlik faoliyatini Muhammad Makkada boshlagan.
Ma’lumki, Makkada Ka’batulloh joylashgan bo‘lib diniy ta’limotga ko‘ra uni dastlab Odam Ato barpo etgandir. Keyinchalik esa «Ollohning uyi» deya nom olgan bu muqaddas dargohni Ibrohim payg‘ambar o‘g‘li Ismoil bilan birga kayta qurgan va birinchi Haj safarini uyushtirgan. Ka’baning ichida muqaddas tosh «Hajar-ul-asvad» o‘rnatilgan. Har yili bu muqaddas joyga millionlab musulmonlar ziyoratga keladilar.
Muhammad payg‘ambar muslim (musulmon)larning yagona Alloh oldida teng ekanliklarini, Yaratganning o‘zi har bandasiga rizq-nasiba ulashishini, jamiyatdagi adolatsizlikka qarshi jazo muqarrar va har bir kishi bu dunyodagi ishlariga ko‘ra taqdirlanishini, inson yolg‘iz Allohgagina e’tiqod qilishini targ‘ib qiladi. Bu ta’limot aholining barcha qatlamlari manfaatlariga mos bo‘lib, tez orada, dastlab shahar ahli ichida tarqala boshlaydi. Ammo yangi din tarafdorlarining ahvoli ularning e’tiqodlariga ko‘ra og‘irlashib borgandan so‘ng, bir qism musulmonlar Habashistonga, ba’zilari shimolga qarab ketishga majbur bo‘ldilar. Muhammad ham o‘ziga qarshi turgan quraysh qabilasi a’zolarining tazyiqu-ta’qibi kuchayib ketgan 622 yil 16 iyulida (ba’zi manbalarda 15 iyul deyiladi) o‘zining eng yaqin do‘sti, safdoshi Abu Bakr bilan Makkadan Madinaga kuchishga majbur bo‘ladi. Bu arab tilida «hijrat» deb atalib shu kundan boshlab musulmon olamida qabul qilingan hijriy yil boshlanadi (Hijriy yil hisobi 2 xil bo‘ladi: hijriy- qamariy, ya’ni oy hisobi bo‘yicha va hijriy-shamsiy, quyosh hisobi bo‘yicha).
Madinada Muhammad o‘z ta’limotini davom ettiradi. Bu shaharda shuhrat qozongan makkaliklar butparastlik g‘oyalariga qarshi ham harbiy, ham siyosiy zarba bera boshlaydilar.
Muhammad vafotidan so‘ng (632 yil) uning tomonidan tuzilgan ittifoq arab qabilalarini birlashtiruvchi yanada katta markazga aylandi. Madinadagi bu ittifoq boshida Ollohning noiblari, xalifalar turar edi. Sun’iy mazhabdagi musulmonlarda asosan dastlabki to‘rt xalifa alohida ahamiyatga ega. Bular – Abu Bakr (632-634), Umar (634-644), Usmon (644-656) va Hazrati Ali vakilligini tan olishgan.
Xalifalar yil sayin g‘oya va e’tiqod sifatida Islom ta’limotini takomillashtira bordilar. Ularning himmati bilan Madinada 114 suradan iborat «qur’oni Karim» tartib topdi. Xalifa Usmon davrida Muhammadning ta’lim va o‘gitlari 50 yil deganda yozuvga tushiriladi. Yana bir muqaddas kitob, bu Muhammad payg‘ambar hayoti, faoliyati va o‘gitlari haqidagi hadislardir. Hadislar to‘plami IX asrda vatandoshlarimiz Buxoriy va Muslim kabi muhaddislar tomonidan amalga oshirilgan.
VII asrning ikkinchi yarmidan boshlab Xalifalik tobora kengayib boradi va o‘z chegaralarini g‘arbu-sharq tomon uzaytirishga harakat qiladi. Yaqin va O‘rta Sharqning boy viloyatlari qo‘lga olinib, nihoyatda uyushgan va jangovar arab qo‘shini shiddat bilan harakatlarni boshlab yuboradi.
Arablar Amudaryodan shimolda joylashgan yerlarga “Movaraunnahr”, ya’ni, «ikki daryo oralig‘i yohud daryo ortidagi yerlar» deya nom berishgan. Hozirgi Afg‘oniston shimoli, Eronning shimoli-sharqiy qismi hamda Janubiy Turkmanistondan Amudaryoga qadar bo‘lgan hududlar esa Xuroson deb yuritilgan.
Arablarning Movaraunnahrga qarshi harbiy yurishlari o‘z maqsad va rejalari bilan ikki davrga bo‘linadi. Birinchi davrda xalifalik istilo etishni emas, balki harbiy jihatdan tayyorgarlik ko‘rish, mahalliy hukmdorlar kuch-qudratini sinash mavjud jug‘rofiy, harbiy, iqtisodiy siyosiy joylashuvni o‘rganish, kichik yurishlar orqali o‘ljalar orttirish rejasini amalga oshiradi.
Arablarning 705 yili qutayba ibn Muslim boshchiligida Balxni bosib olishi bilan ikkinchi asosiy harbiy harakati boshlanadi. Balxdan tashqari qutaybaga Chag‘oniyon, Shuman va Markaziy Osiyo janubidagi kichik viloyatlar bo‘ysunadi.
Shunday qilib, 10 yil davomida olib borilgan doimiy kurashlar natijasida Movaraunnahr xalifalik ixtiyoriga utadi.
Arablar o‘z hukmronligining siyosiy negizini mustahkamlash va uning barqarorligini ta’minlashda islom dinini keng yoyishga va uni targ‘ib qilishga katta e’tibor berdilar. Markazny Osiyo aholisi ichida e’tiqod qilinayotgan zardushtiylik, moniylik, buddizm, nasroniy va boshqa dinlar soxta deb e’lon qilindi.
Ayniqsa zardushtiylikka qarshi keskin kurash olib borildi. Bosib olingan yerlarda uning barcha ibodatxonalari o‘rniga masjidlar barpo etildi. Zardushtiy adabiyotlar, xususan diniy kitoblar, so‘g‘d tilidagi nomalar, xalq adabiyoti yo‘q qilindi.
O‘zaro tenglik va mustahkam e’tiqod dini bo‘lgan islomni birinchi
navbatda kambag‘allar qabul qila boshladilar. Aholining yuqori va o‘rta qatlamlari uni bir necha vaqt qabul qilmay turdilar. Arab bosqini shubhasiz, o‘lka xalqlarining madaniy-ma’rifiy yodgorliklariga qattiq ta’sir ko‘rsatdi. Ular shu paytgacha saqlab kelgan yozuvlari, madaniyatlari,adabiyoti va dini bilan bog‘liq obidalari tiklanib bo‘lmas darajada yo‘q qilindi.
Masalaning boshqa tomoni shundaki, Islom dinining ko‘p jihatdan afzalligi, axloq va intizom nuqtai nazaridan ommaviyligi xususiyati arablar bosib olgan mamlakatlar aholisi tomonidan uning tez orada qabul etilishiga sabab bo‘ldi. Uni pul va qilich bilan olib kelish mumkin emas edi. qachonki islom mohiyatiga etilgachgina unga rag‘bat va e’tiqod ham kuchayib boradi.
Maishiy hayot bobida, zakot masalasida qur’on va shariat ahkomlarining qoidalari mehnatkash aholi tomonidan tezda qabul qilindi. Alloh oldidagi tenglik esa dinning ahamiyatini kuchaytirar edi. Islomning xalqparvarlik ruhi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi. Zero islom ma’naviy bo‘shliqni tugatdi. I
Uning ahamiyati bilan istilochilar harakatini adashtirib yubormaslik kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |