O’zbeklar qachon “xalq” darajasiga ko’tarildi?
Kitoblarni varaqlar ekanmiz, bu savolga uch xil javob olamiz. Bular:
1924-yildagi chegaralashlar natijasida vujudga keldi;
XV-XVI asrlarda;
XI-XII asrlarda;
Kamoliddin Shamsiddinning nashrga ruhsat berilmagan “Zamonaviy tarixshunoslik muammolari” kitobida o’ta subyektiv ravishda tojik xalqini XX asr boshida sun’iy tazda tashkil etildi, mazmunidagi fikrlar mavjud va unda o’zbek xalqini ham chegaradosh davlatlarda XX asr boshlarida shakllangan degan g’oya mavjudligi aytiladi. Bu avvalo sovet tarixshunosligi zalolati oqibati desak xató bo’lmaydi. Bu fikrning xató ekanligini o’sha davrda Yakubovskiy o’z monografiyalarida, Tolstov o’z asarlarida bayon etganlar. Va bu jarayonning qadimroq tarixga ega ekanligini aytib o’tganlar.
Yana bir xatolik mavjudki, bu o’zbek xalqini hozirgi hududlarda ko’chmanchi ekanligi, ular Dashti Qipchoqdan XVI asrda Shayboniylar yetakchiliigida ko’chib kelganligi to’g’risida. Bunga raddiya sifatida Karim Shoniyozovning “O’zbek xalqining shakllanish jarayoni”ni ko’rsatish mumkin. Agar o’zbeklar hozirgi hududlarni istilo qilgach, shu yerda, shu asrda shakllangan deydigan bo’lsak, unda shayboniylar fathidan so’ng ikki daryo oralig’idagi xalqlar muqim joylarini tashlab chiqib ketgan bo’lishi kerak. Vaholanki, faqatgina bo’ysunishni istamagan ayrim qabilalargina chiqib ketgan, asosiy nufus joylarida muqim edi. Shuni ta’kidlash lozimki, Movaraunnahr va Xorazm hududlarida aholi shakllanish jarayoni nihoyasiga yetgan, ko’chmanchi o’zbeklardan hokimyat tufayli ularning nomi o’tgandi, xolos.
Ahmadali Asqarovning “O’zbek xalqinning etnogenezi va etnik tarixi” kitobining 12-13-betlarida o’zbek xalqining shakllanish jarayoni qachon nihoyaga yetganligi tog’risida fikr yuritiladi. Unda aytilishicha, “XI-XII asrlar etnik aralashuv va turklashish jarayoning eng jadallashgan davri bo’lib, aynan shu asrlarda Amudaryo va Sirdayo oralig’I hamda Xorazmda turkiyzabon aholining asosiy o’zagi shakllanadi. Keyinchalik bu xalq (etnos) o’zbek etnik nomini qabul qilgan, degan mazmunda O’rta Osiyo xalqlari etnogenezining asosiy ilmiy yo’nalishi belgilab olindi”. O’zbek etnosi shakllanish jarayoning yakunlanish davri sifatida ko’rsatilgan XI-XII asrlar ilk bor Yakubovskiy tomonidan ilgari surilganligi Karim Shoniyozovning “O’zbek xalqining shakllanish jarayoni”da ko’rish mumkin.
Xalqlarning tarixi ko’pincha o’z nomidan qadimroq bo’ladi. Bunga o’zbek va tojik etnoslarini misol bo’la oladi. Xulosa shuki, o’zbeklar alohida etnik birlik bo’lib XI-XII asrlarda shakllangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |