Ko‘plab mamlakatlarning universitetlarida xalqaro dasturlar, grantlar sohibi sifatida taklif bilan qatnashib, ma’ruzalar qilganman.
Yangi o'quv yili oldidan Ichki ishlar vazirligi akademik litseylari mutasaddilari uchun poytaxtimizda o'quv yig'ini tashkil qilindi. Shu munosabat bilan IIV Akademiyasida ta'lim muassasalari o'rtasida hamkorlikni mustahkamlash va o'quv jarayonini takomillashtirish masalalariga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi. Unda Ichki ishlar vaziri o'rinbosari, general-mayor Aziz Ikromov akademik litseylar faoliyatini tahliliy sarhisob qildi.
Ta'kidlab o'tilganidek, mamlakatimiz ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar barcha sohalar qatori, ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlashda muhim poydevor bo'lmoqda. Bu borada respublikamizning barcha hududlarida IIV akademik litseylari faoliyatining yo'lga qo'yilgani mazkur yo'nalishdagi ishlarni tizimli tashkil etish imkonini bermoqda. Biroq mazkur ta'lim muassasalarining faoliyati o'rganilganda, o'quv jarayonini tashkil etish, yoshlarning bilim salohiyati, tanlagan kasbiga bo'lgan sadoqati va shijoatini kuchaytirish borasida bajarilishi lozim bo'lgan muhim vazifalar borligi ko'zga tashlanmoqda. Joylarda malakali pedagog mutaxassislarning yetishmasligi, kasbiy fanlarni chuqurlashtirish, o'quv jarayonini zarur adabiyotlar bilan ta'minlash, o'quvchilarni oliy ta'lim muassasalariga maqsadli tayyorlashga yetarli darajada e'tibor qaratilmayotgani ta'lim samaradorligiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.
Ma'lumki, akademik litseylarga amaliy-metodik yordam ko'rsatish va ular faoliyatini o'quv-metodik jihatdan muvofiqlashtirish borasida IIV Akademiyasiga bir qator vazifalar yuklatilgan. O'tgan davr mobaynida ta'lim muassasasi professor-o'qituvchilaridan iborat ishchi guruhi tomonidan akademik litseylarning zarur adabiyotlar bilan ta'minlanganlik holati o'rganilib, ta'lim-tarbiya sifatini oshirish bo'yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Natijada, akademik litseylar namunaviy o'quv rejasining kasbiy fanlar blokidagi 13 ta fan bo'yicha 15 nomdagi darslik tayyorlanib, hududlarga yuborildi.
Yig'ilishda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 28 iyuldagi “O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining umumiy o'rta va o'rta maxsus ta'lim muassasalarida o'quv jarayonini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida belilab berilgan ustuvor vazifalarga alohida to'xtalindi. Akademik litseylar rahbarlariga 2021/2022-o'quv yiliga munosib tayyorgarlik ko'rish, ta'lim jarayonini zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etish, pedagog kadrlarning malaka va kasbiy tajribasini uzluksiz oshirib borish, yoshlar bilan amalga oshirilayotgan ma'naviy-ma'rifiy ishlarni kuchaytirish, o'quvchilarning bilim salohiyatini yuksaltirish hamda oliy ta'lim muassasasiga o'qishga kirish uchun maqsadli tayyorlash bo'yicha aniq ko'rsatmalar berildi.
– Bugun jahonning aksariyat mamlakatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlari tizimida uzluksiz ta'lim samarali yo'lga qo'yilgan, – dedi IIV Akademiyasi boshlig'i, polkovnik Rustam Xatamov. – Mamlakatimiz ichki ishlar organlarini professional kadrlar bilan ta'minlash ta'lim jarayonini xalqaro standartlarga to'la javob beradigan yaxlit tizim asosida amalga oshirishni taqozo etadi. So'nggi yillarda qator qaror va farmonlar qabul qilinib, amaliyotga yangicha mexanizmlar joriy etilmoqda. Galdagi ustuvor vazifa o'qitishning samarali yondashuvlarini ommalashtirish orqali kadrlar tayyorlash sifatini oshirishdir.
Ishchan ruhda o'tgan yig'ilish davomida akademik litseylar faoliyatini uzluksiz monitoring qilib borish, o'quv muassasalarida o'zaro tajriba almashinuvini nazarda tutuvchi malaka oshirish kurslari va master-klass mashg'ulotlarini yo'lga qo'yish, akademik litseylar ilmiy salohiyatini yuksaltirish, o'quvchi yoshlarning kasbiy fazilatlarini mustahkamlashga qaratilgan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarning ta'sirchanligini oshirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Eslatib o'tamiz, uch kunlik o'quv yig'ini doirasida akademik litseylar vakillari dolzarb mavzudagi seminar-trening mashg'ulotlarida ishtirok etib, ta'limga innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq etayotgan o'quv muassasalarining ilg'or tajribalarini o'rganadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |