Aziz farzandlarim!
Xabaringiz bor, yaqinda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha Toshkent shahri namunasi yaratildi. Ushbu tajriba doirasida poytaxtimizda o‘tkazilgan “Yoshlar oyligi”da o‘g‘il-qizlarimizning muammolari, taklif va istaklari “mahallabay” o‘rganildi. Ularning yechimlari bo‘yicha manzilli dasturlar ishlab chiqildi.
Bu ezgu tashabbus mamlakatimiz bo‘ylab keng qanot yozdi. Shuningdek, barcha shahar va tumanlarda Yoshlar festivallari bo‘lib o‘tdi. Ko‘pchiligingiz ushbu tadbirlar doirasida qator vazirlar, hokimlar, bankirlar va boshqa mutasaddilar bilan ochiq muloqot qildingiz.
Men ham mazkur jarayonlarni televideniye orqali har kuni kuzatib bordim. Yoshlarimizning dolzarb masalalarni dadil ko‘tarib chiqishi, tashabbuslari va shijoati menga juda ma’qul bo‘ldi. Dunyoqarashi keng, jonkuyar, ilg‘or fikrli farzandlarimiz ko‘pligini ko‘rib, to‘g‘risi, nihoyatda quvondim.
Endi biz Toshkent shahri tajribasini butun mamlakat bo‘ylab keng joriy qilamiz. Bu borada Toshkent, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida allaqachon amaliy ishlar boshlab yuborilgan.
Yoshlarga doir siyosatimizni samarali amalga oshirish, ularning ijtimoiy muammolarini tizimli o‘rganish va muvofiqlashtirish vazifasi mutasaddi tashkilotlarga yuklatildi.
Bundan buyon viloyat, tuman va shahar hokimlari, vazirlar va boshqa mas’ul rahbarlar joylarda yoshlar bilan uchrashuvlarni doimiy ravishda tashkil etib boradilar. Hokimlar va sektor rahbarlari yoshlar muammolarini hal etishga qaratilgan amaliy “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqib, ijrosini ta’minlaydilar. Shu masala bo‘yicha har 6 oyda mahalliy kengashlarga hisobot beradilar va kelgusi yarim yillik uchun aniq rejalarni belgilab oladilar.
Savdo-sanoat palatasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda “Yoshlar: 1+1” dasturi doirasida palataning hududiy o‘quv markazlarida uyushmagan va ishsiz yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitishni tashkil etadi.
Kuni kecha Savdo-sanoat palatasi yig‘ilishida “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyili asosida 1 nafar tadbirkorga 1 nafardan ishsiz yoshlarni biriktirish yuzasidan xayrli tashabbus e’lon qilindi. Bu tashabbus ko‘plab tadbirkorlarimiz tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi.
Kelgusi yilda kamida 500 ming yoshga ish joyi yaratishi mumkin bo‘lgan ushbu harakatni biz ham albatta ma’qullaymiz.
“Hunarli kishi xor bo‘lmas”, deydi xalqimiz. Ammo keyingi paytlarda farzandlarimizning usta hunarmandlar qo‘lida kasb-hunar o‘rganishiga yetarli e’tibor bermay qo‘ydik. Vaholanki, ustoz ko‘rgan o‘g‘il-qizlarimiz domlasiga munosib bo‘lishga intiladi, hayotda ularning ko‘magi bilan o‘z o‘rnini topadi. Shu bois, hududlarda “ustoz-shogird” an’anasini yanada kuchaytirsak, o‘ylaymanki, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi.
Bu ezgu ishga jalb etiladigan hunarmand ustalarni Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan moddiy rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi. Bu muhim vazifalarni joylarda amalga oshirish uchun Savdo-sanoat palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari shaxsan mas’ul bo‘ladilar.
Barchangizga yaxshi ma’lumki, ayni paytda yurtimizda erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini tezkor rivojlantirish bo‘yicha yetarli tajriba to‘plandi. Endi, orttirgan tajribamiz asosida respublikamizning barcha shahar va tumanlarida “Yoshlar kichik sanoat zonalari” tashkil etiladi. Ushbu sanoat zonalarida yoshlar loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish uchun zarur bo‘ladigan barcha infratuzilma ob’ektlari joylashtiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |