O`zbekistonning eng go`zal va betakror makonlaridan biri bu Farg`ona vodiysidir. Iqlim sharoiti, geografik joylashuvi, tabiiy boyliklari kabi qator xislatlariga ko`ra Farg`ona qadimdan e'tibor qozonib kelgan



Download 24.25 Kb.
Sana11.01.2017
Hajmi24.25 Kb.
FARG`ONA

O`zbekistonning eng go`zal va betakror makonlaridan biri bu Farg`ona vodiysidir. Iqlim sharoiti, geografik joylashuvi, tabiiy boyliklari kabi qator xislatlariga ko`ra Farg`ona qadimdan e'tibor qozonib kelgan. Farg`onaning davlatchiligimiz tarixida tutgan o`z o`rni ham bor. Miloddan avvalgi II-I asrlarda bu yerda mintaqadagi ilk davlatchilik tizimlaridan biri mavjud bo`lgan. Albatta, uning asoslari ancha ilgariroq, kam deganda miloddan avvalgi 1-mingyillik o`rtalarida shakllana boshlaganiga shubha qilmasa ham bo`ladi.

Farg`ona mintahamizning eng qadimiy madaniy o`choqlaridan hisoblanadi. Chunonchi, taxminan miloddan avvalgi 2-mingyilliklardayoq bu yerda dehqonchilik madaniyati o`ta taraqqiy eta boshlagan. Dehqonchilik bilan yonma-yon chorvachilik, baliqchilik, hunarmandchilik (metallni qayta ishlash, kulolchilik, to`qimachilik) sohalari jiddiy ravishda yuksalib borgani arxeolog olimlar tomonidan tasdiqlangan. Mazkur faoliyat sohalarining rivoj topishi kishilar hayoti, xususan, turar joy masalasida ham o`z ta'siriga ega bo`lishi tabiiy. Shu sababdan ham ko`rsatilgan davrda mustahkam qo`rg`onlar qurish, borib-borib ularning shaharlarga aylanish jarayoni ham jiddiy ravishda kechgani ma'lum.

Qadimgi Farg`ona ahli kelib chiqishi masalasiga kelsak, yunon tarixchilari Sirdaryoning (Yaksart, Tanais) narigi tomonida (shimolida, yuqori oqimlarida) skiflar (saklar) yashaydilar deb, guvohlik berib ket-ganlar. Hamadondan topilgan qadimgi fors, elam, bobil tillaridagi yozuvlarda esa "So`g`diyonadan narida yashovchi saklar" haqida ma'lumot saqlangan. Diqqatga sazovor tomoni shu yerdaki, ba'zi bir yunonlik tarixchilar (Gekatey, Gerodot, Pliniy va boshqalar), hind olimi Panini (taxminan miloddan avvalgi V asr) asarlarida, pahlaviy yozuvida bitilgan "Bundaxshin"da parikani, pariani, prakanva va parkan etnik-geografik atamalari uchraydi. To shu kungacha mazkur atamalarning Farg`ona bilan bog`liqligini isbotlovchi yo inkor etuvchi biron-bir bekami ko`st ilmiy asos shakllanganicha yo`q, desak to`g`ri bo`ladi. Taajjublanarli joyi shundaki, Farg`ona haqida "Avesto"da biron so`z yo shunga ishora ham yo`q. Fikrimizcha, Farg`onaliklarning kelib chiqishi masalasida jiddiy xulosalarga turtki bo`lishga arzigulik manba sifatida miloddan avvalgi II-I asrlardagi Xitoy mualliflari asarlari xizmat qilishi mumkin. Miloddan avvalgi II asrning 20-yillarida Farg`ona, So`g`diyona, Baqtriyada safarda bo`lib, Turkistonning mazkur va boshqa qator viloyat-lari to`g`risida batafsil ma'lumotlar to`plagan xitoylik elchi Chjan Syan qoldirgan quyidagi guvohlikka e'tibor beraylik: "Davandan (Farg`onadan) g`arbga tomon Ansigacha (Parfiyagacha) bo`lgan ulkan hududda turli tillarda (lahjalarda) so`zlashsalarda, ammo urf-odatlari o`xshash va muo-malada bir-birlarini tushunadilar"'. Demak, ko`hna Farg`ona ahlining mamlakatimizning boshqa o`lkalari aholisi bilan etnik bog`liqligi masalasida hech shubha yo`q.

Xitoyliklar Farg`onani Davan (Ulug` Van) deb ataganlar. Bu vaqtda (ya'ni miloddan avvalgi II asrning ikkinchi yarmida) Farg`onada kam deganda 60000 oila, ya'ni 300000 kishi istiqomat qilgan. Mazkur raqamni keltirgan xitoylik muallif aftidan Farg`onada o`sha vaqtda mavjud aholi sonini nazarda tutmagan. Zero, boshqa bir ma'lumotda butun Farg`ona bo`ylab aholi soni bir necha yuz mingni tashkil etadi deyilsa, boshqa bir yerda Fargona lashkarining o`zi 60000 kishidan iboratligi aytilgan. Chunki bu davrda Davan (Farg`ona) siyosiy birligi tushunchasiga asli Farg`onadan kengroq hududni o`z ichiga olgan makon kirgan.

Farg`ona boshqaruvi tizimida hukmdor, uning ikki yordamchisi (vaziri) va oqsoqollar kengashi faoliyat ko`rsatganligi xitoy manbalaridan ma'lum. Yordamchilar asosan oliy hukmdorning qarindoshlari orasidan tayinlangan bo`lishi kerak. Ammo oqsoqollar kengashi esa mamlakat ijtimoiy, siyosiy va tashqi munosabatlarida faol ishtirok etish bilan bir qatorda oliy hukmdor faoliyati bilan bog`liq tadbirlarda qatnashish qudratiga ham ega bo`lgan. Urush ochish, sulh tuzish, yangi hukmdorni tayinlash, uni taxtdan mahrum etish kabi tadbirlarda oqsoqollar kengashi yetakchi o`rin tutganligini ko`rsatuvchi guvohliklar bir talay. Masalan, xitoyliklarning Farg`onaga tajovuzlari chog`ida oqsoqollar kengashi o`zaro sulh tuzish tarafdori bo`lib chiqadi va bunga erishadi ham. Yo bo`lmasa, xitoyliklar bosqini bilan bog`liq voqealar sababchisi deb topil-gan hukmdor Mug`uy oqsoqollar kengashi hukmi bilan qatl qilingan.

Farg`onaning ma'muriy bo`linishi haqida so`z ketganda, eng avvalo, xitoylik muallifning "Davanda (Farg`onada) yetmishga yaqin katta-kichik shaharlar mavjud, Davan va Daxya (Baqtriya) o`rtasida o`xshashliklar ko`p" kabi guvoqliklari diqqatni tortmay qolmaydi. Ma'lumki, Baqtriya "ming shahar" o`lkasi nomi bilan mashhur bo`lgan. Xitoylik elchi bu yerda bo`lgan chog`da geografik ma'nodagi Baqtriyada Toxariston siyosiy birligi hukm surardi. Xitoy manbalariga ko`ra esa Daxyada har bir shahar o`z hokimiga ega bo`lib, ular ustidan turuvchi oliy hukmdor bo`lmagan. Agar yuqorida eslatilgan "Davan va Daxya o`rtasidagi o`xshashliklar" Daxyadagi shaharlar tutgan mavqega ham daxldor bo`lsa, u holda Farg`onadagi shaharlar ham ma'lum ma'noda mustaqillikka ega bo`lgan. Yuqorida zikr etilgan oqsoqollar kengashi mana shu shaharlar namoyandalari ishtirokida tashkil etilib kelingan bo`lsa ajab emas.

Markaz (oliy hukmdor va oqsoqollar kengashi) va shaharlar o`rtasidagi munosabatlar xususida aniq fikr aytish mushkul. Shu bilan birga quyidagi ma'lumotga e'tibor beraylik. Oqsoqollar kengashi qarori bilan xitoylik elchilardan biri Fargona poytaxtidan sharqda joylashgan shaharlardan birida qatl etiladi. Boshqacha aytganda, kengash hukmi poytaxtdan tashqari shaharlarda ham ijro kuchiga ega bo`lgan.

Bir-ikki og`iz so`z Fargona qo`shini haqida. Yana o`sha xitoy manbalariga murojaat qilinsa, lashkar hammasi bo`lib 60000 kishidan iborat bo`lgan. Farg`onalik harbiylar ayniqsa ot ustida o`tirib, kamondan o`q otishning ustasi bo`lgan ekanlar. Ular nayzalardan ham foydalanganlar. Farg`onaliklar hayotida ot, ayniqsa ularning a'lo nasli bo`lmish arg`umoqlar alohida o`rin tutganini inobatga olib, lashkarning jangovor qismini otliqlar tashkil etgan, deb faraz qilish mumkin. Xorazmliklar asos solgan ot va chavandozni zirhga chulg`ash va dushman bilan yuzma-yuz kurashda kamondan mohirona foydalanish taktikasi far-g`onaliklar uchun ham yaxshi tanish bo`lganiga shubha yo`q. Bu taktika bilan xitoyliklar aynan Farg`onada tanishgan bo`lishlari kerak.

Farg`ona harbiylari mudofaa san'ati borasida ma'lum bir tajriba va salohiyatga ega bo`lganlar.

Chunonchi, mudofaani tashkil etishda shaharlar imkoniyatidan keng foydalanilgan. Masalan, poytaxt Ershi (qozirgi Marhamat qadimiy shaharning o`rni hisoblanadi) ichki va tashqi devorlar bilan o`ralgan.

Shaharning ichki qismida uzoq muddatga yetarli miqdorda oziq-ovqat saqlanuvchi omborlar va boshqa kerakli muassasalar bunyod etilgan.

Yuqorida biz Farg`onada miloddan avvalgi 2-mingyilliklardayoq dehqonchilik madaniyati yuksak darajada bo`lganligini aytib o`tgandik. Miloddan avvalgi II asr xususida esa Chjan Syan quyidagicha guvoqlik beradi: "Davanliklar (Farg`onaliklar) o`troq hayot kechiradilar, dehqonchilik bilan shug`ullanib, sholi va bug`doy yetishtiradilar"'. Kezi kelganda shuni ham ta'kidlash o`rinliki, Turkistonda sholichilikning keng o`rin tutganiga oid guvohlik eng qadimiy yozma manba "Avesto"da ham bor.

Mutaxassislar fikricha, taxminan shu davrda Farg`onada paxtachilik sohasi ham yo`lga qo`yilgan.

Farg`onada yetishtiriladigan uzum va beda o`simliklari xitoyliklar uchun yangilik bo`lgani ma'lum. Haqiqatan, Farg`onalik bog`bonlarning uzumchilik sohasidagi tajribalari yuqori hisoblanib, yetishtirilgan hosildan musallas tayyorlashni ham o`rniga qo`yganlar. Bu borada ularning salohiyatlari naqadar yuksak darajada bo`lganini shundan ham bilish mumkinki, hajmi bir necha tonnagacha bo`lgan mahsulotni bir necha o`n yil davomida saqlay olganlar.

Xitoyliklarni lol qoldirgan Farg`ona ajoyibotlaridan yana biri bu nasldor otlar - argqumoqlar edi.

Farg`ona arg`umoqlari qadr-qimmatini shundan ham bilsa bo`ladiki, xitoyliklar to Farg`ona bilan tanishgunlariga qadar Yettisuvda yashagan usunlarning otlariga havas bilan qarab, ularni uchar ot, deb ta'riflab kelgan ekanlar. Farg`ona arg`umoqlarini ko`rgach, mazkur ta'rifni bularga nisbatan ishlatib, usunlarning otlarini uzoq g`arb otlari, deb atay boshlagan ekanlar. Farg`ona otlari badanidan ter o`rniga qon chiqadi qabilidagi hayratomuz guvoqliklarni xitoy manbalarida tez-tez uchratish mumkin. Arg`umoqlar alohida parvarish ostida bo`lib, begona ko`zdan narida, masalan, Ershi shahrida saqlangan. Farg`onaliklar iloji boricha zotdor otlarni qo`ldan chiqarmaslikka, o`zga yurtlarga tarqalmasligiga intilganlar. Boshqacha aytganda, yurtimizda o`sha uzoq zamonlardayoq naslchilik ishlari bilan jiddiy va doimiy ravishda shug`ullanilgan.

Yuqorida zikr etilgan 70 shahardan faqat ikkitasining nomi bizga ma'lum. U ham bo`lsa xitoycha talaffuzdagisi: Ershi va Yu. Ershi Farg`ona markazi, hukmdor qarorgohi hisoblanib, ikki qator devor bilan o`ralgan. hukmdor saroyi aftidan shahar ichki qismida, tashqi qismida esa hunarmandchilik ustaxonalari, savdo rastalari joylashgan. Zikr etib o`tilgan oziq-ovqat, qurol-aslaha omborlari ham shaharning ichki qismidan o`rin olgan. Yu ham mustahkam devor bilan o`ralgan shahar bo`lgan. Ershi aholisi ilgaridan oqar suvlardan iste'mol qilib kelgan bo`lsa-da, xitoyliklar bosqini davrida bosqinchilar tomonidan daryo suvining bo`g`ib qo`yilishi natijasida shahar hududida quduq qazish ham rasm bo`lgan'.

Farg`onaning atrof o`lkalar bilan siyosiy aloqalariga nazar tashlansa, miloddan avvalgi 1-mingyillik o`rtalarida, ya'ni ahamoniylarning Turkistonga bostirib kirgan davrida Farg`onaning taqdiri xususida bir so`z aytish qiyin. Chunki bu borada ma'lumot yo`q. Demak, Farg`ona o`z mustaqilligini saqlab qolgan. Aleksandr istilosi yillari xususida ham Farg`onaga bog`liq aniq va lo`nda yozma ma'lumot yo`q. Shu bilan birga yunonlik tarixchilarning quyidagi ma'lumotlari qiziqish uyg`otmay qolmaydi. Aleksandr taxminan hozirgi Bekobod yaqinida Chekka Aleksandriya (Aleksandriya Esxata) nomini olgan harbiy istehkom-shaharchani bunyod etib, undan Sirdaryoning shimoli-sharqiy tomonlarida yashovchi skiflarga (saklar) qarshi foydalanmoqchi bo`lgan. Kvint Kursiy Rufning yozishicha, bu hol Tanaisning (Sirdaryoning) narigi (sharqiyq shimoliy) tomonida hukmronlik qilayotgan skiflar (saklar) podshohining achchig`ini chiqaradi va u o`z ukasi Kartazis, ya'ni Kartazni yunonliklarga qarshi yuborib, istehkomni buzib tashlashni buyuradi. O`zaro to`qnashuv oxir-oqibatda sulh bilan tugaydi. Biz urg`u bermoqchi bo`lgan masala saklardan 20 otliq elchilarining Aleksandr qarorgohiga kelishlari bilan bog`liq. Ularning yunonlik hukmdorga qarata aytgan so`zlariga e'tibor beraylik: "Bilginki, biz skiflarga (saklarga) shundayin ne'matlar ato etilgan: qo`sh, nayza, kamon va qadah... qadahlarda biz xudolar nomiga vino ichamiz". Qo`sh dehqonchilik, qadah, vino, uzumchilik ekanligini inobatga olsak, bular axir biz yuqorida ta'kidlagan Farg`ona hayotiga xos ko`rinishlar emasmi!? Agar bizning bu farazimiz to`g`ri bo`lsa, unda o`sha saklar (farg`onaliklar) elchilarining Aleksandrga bayon etgan quyidagi so`zlari e'tiborga molikdir: "Agar xudo sening tanangni ishtiyoqingga yarasha bichib yaratganida, sen (hatto) butun Yer yuziga (ham) sig`magan bo`larding; bir qo`ling bilan mashriqni tutsang, ikkinchisi bilan mag`ribga intilarding. Ularga yetish-gach sen albatta yaratganning nuri o`chog`ini bilishni ham xohlab qolarding... Sen bilmaysanmi. axir ulkan daraxt uzoq vaqt o`ssada, bir zumdayoq qo`porib tashlanadi... Biz hech kimga bosh egmaymiz, birovni itoat ettirishni (ham) xohlamaymiz, faqat o`zaro tenglar o`rtasidagina mustahkam do`stlik bo`lishi mumkin, o`zaro teng deb esa bir-birovlariga kuch ishlatmaganlarni aytish mumkin... Skiflar (saklar) quruq qasam ichib do`stlikka undayaptilar, deb o`ylama, ular uchun qasam sodiqlik garovidir. Siz yunonliklar ehtiyotkorlik yuzasidan ahdnoma imzo-laysizlar va bunda xudolarga ham iltijo qilasizlar. Sodiqlikni saqlash bizning dinu imonimizdir. Kim-ki insonni ardoqlamasa, u xudolarni aldagan bo`ladi..."'- Mazkur satrlar orqali qadimgi ajdodlarimiz dunyoqarashi, qadriyatlarini va ulardagi mavjud elchilik rasm-rusumlari xususida tegishli xulosalar chiqarib olishimiz mumkin.

Farg`onaning miloddan avvalgi 1-mingyillikning so`nggi asrlaridagi tashqi siyosiy aloqalarida Xitoy alohida o`rin tutgan. Aslida qadimdan Xuanxe daryosining o`rta oqimida asos topgan va miloddan avvalgi 1-mingyillikning so`nggi asrlarida shu voha chegarasida ichki siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy taraqqiyot va tashqi tajovuzlar (masalan, hunlar) ta'sirida yashab kelgan Xitoy davlati miloddan avalgi II asrda Xan sulo-lasi davrida g`arbga tomon intila boshlaydi. Bu esa o`z o`rnida xitoyliklarni o`zlaridan g`arbdagi xalqlar, jumladan, II asrning so`nggi choragida esa Farg`ona bilan keskin siyosiy-harbiy aloqalarga kirishishga olib keladi. Xitoyliklarning uzoq Xuanxe daryosi vohasidan Farg`onaga intilishlari sababini o`sha zamon xitoylik mualliflar shunday tushuntir-ganlar: Xan sulolasi hunlarga qarshi Farg`onaliklar bilan ittifoq tuzishga intilgan. Ammo bizningcha, aslida Xan sulolasi Turkistonning mazkur hududlarida o`z siyosiy ta'siriga ega bo`lish va bundan g`arbdagi mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy va, sharoit tug`ilsa, faol siyosiy munosabatlar olib borishda foydalanish maqsadida edi.



Taxminan miloddan avvalgi 129-128 yillari Farg`onaga Xitoy elchisi Chjan Syan keladi. Chjan Syanning asl maqsadi mintaqaning Baqtriya qismida hukmron yuechjilar bilan hunlarga qarshi ittifoq tuzish bo`lib, yo`l-yo`lakay Farg`onaga ham kirgan va shu tariqa birinchi bor bu o`lka bilan tanishgan. Farg`ona hukmdori uni yaxshi qabul qilib, ketar chog`ida unga yo`l ko`rsatuvchi aloqa (pochta) xizmatchilarini hamroh qilib beradi. Chjan Syan safarni tugatib Xitoyga qaytgach Xan sulolasi hukmdoriga o`z taassurotlari va ma'lumotlarini so`zlab beradi Chunonchi, u "agar ularni bo`ysundirish tadbiri eplansa, Xitoy mulkini (g`arbga tomon) yana qariyb 10 ming liga (taxminan 5.800 km) kengaytirish mumkin" deb alohida ta'kidlaydi'. Bundan ruhlangan hukmdor avvaliga g`arbiy o`lkalarga josuslarni yuborib, u yerlik hukmdorlarni o`zaro nizolashtirish tadbirlarini amalga oshirishni buyuradi. Keyinchalik bu tomonlarga, xususan Farg`onaga ham elchilar yuborib turadi. Shu o`rinda Xitoy elchisi Chi Linning Farg`onada bo`lishi diqqatga sazovordir. U kumush va oltindan yasalgan ko`plab ot haykalchalari bilan Farg`onaga kelib, evaziga arg`umoqlardan so`raydi. Oqsoqollar kengashi unga rad javobini bergach Chi Lin alamidan so`kina boshlaydi va oltin otni uloqtirib chiqib ketadi. Shu tariqa ikki tomon o`rtasiga sovuqchilik tushadi. Fikrimizcha, Xan sulolasining maqsadi ham xuddi shu bo`lib, Farg`onaga bostirib kirish uchun bahona kerak edi. Haqiqatan, miloddan avvalgi 104 yili 6000 otliq askar va bir necha o`n ming piyodadan iborat Xitoy lashkari Farg`ona vodiysida joylashgan Yu shahriga hujum qiladi. Mudofaachilarning mardonavor qarshiligiga qaramay, uzoq janglardan so`ng shahar dushman qo`liga o`tadi. Ammo, ko`plab askarlarini yo`qotgan och-nahor Xitoy lashkari orqaga qaytishga majbur bo`ladi. Aftidan, ular Farg`onaning asosiy qo`shini yetib kelib qolishidan cho`chigan bo`lsalar ham kerak. Taxminan xuddi shu yili xitoyliklarning 20 ming otliqdan iborat boshqa bir lashkari o`z sardori Sho Ye Xeu boshchiligida hunlarga taslim bo`ladi. Achchig`i chiqqan Xan sulolasi hukmdori nima qilib bo`lsa ham Farg`onaga harbiy yurishni davom ettirishni talab qiladi. Xitoyning Farg`onaga intilishi shu qadar kuchli bo`lganki, bu safargi yurishda 60 ming qo`shin, ularga xizmat qiluvchi 100 ming ho`kiz, 30 mingga yaqin ot, 10 minggacha xachir, eshak, tuya ishtirok etgan. Lashkarning turli qismlariga boshchilik qilish uchun 50 nafar yirik lashkarboshi tayinlangan. Harbiy yurishga shunchalik jiddiy tayyorgarlik ko`rilganki, Farg`ona poytaxti ahli oqar suvdan iste'mol qilishini oldindan bilgan xitoyliklar o`zlari bilan daryo suvini bo`g`ish bo`yicha ustalarni ham birga olib ketganlar. Xullas, xitoylik muallif tili bilan aytganda, bu safar (taxminan miloddan avvalgi 102-101 yili) "butun (O`rta) podshohlik (ya'ni Xitoy - A. 3.) junbushga kelgandi". Xitoy qo`shini avvaliga xalqning qattiq qarshiligiga to`qnash keladi. Og`ir janglardan so`ng Farg`onaliklar Ershi shahriga chekinadilar va shu tariqa shahar qamali boshlanadi. Xitoyliklar shaharni suv bilan ta'minlovchi daryoni bo`g`ib qo`yadilar. Poytaxt uzoq muddat suvsiz qolib, bu holat mudofaachilarga ta'sir qilmay qolmaydi.

Dushman tashqi devorni buzib, shahar hududiga kirganida ham himoyachilar ichki qal'ada turib urushni davom ettiraveradilar. Bu orada Farg`onaliklar quduq qazib suv bilan ta'minlanish masalasini ham hal qiladilar. Ikkinchi tomondan, Xorazm qo`shini (kangyuyliklar) Farg`onaliklarga yordamga kelgani haqida xabar tarqaladi. Shunda xitoyliklar sulh tuzish yo`liga kiradilar. Kelishuvga binoan ularga "bir necha arg`umoq va 3000 bosh o`rta va past zot toycha va biya" nasib etadi. Xitoyliklarning Farg`onaga uyushtirgan ikkinchi va so`nggi harbiy yurishi shu tariqa barbod bo`ladi.

Farg`onaning Xitoy bilan olib borgan savdo-iqtisodiy aloqalari ham qiziqish uyg`otmay qolmaydi.

Chjan Syan ilk bor Farg`onada bo`lib qaytgandan so`ng bu yurtga uzoq Xitoydan birin-ketin savdo karvonlari qatnay boshlaydi. Tabiiy ravishda ular xitoylik hunarmandlar ishlagan nafis buyumlarni keltirib, ularni Farg`ona ajoyibotlari, masalan, otlar, dehqonchilik mahsulotlariga ayirboshlashga harakat qilganlar. Chunonchi, Chjan Syanning uzum va beda o`simligi haqida o`z hukmdoriga yetkazgan ma'lumotidan so`ng oliy farmonga ko`ra shu ikki o`simlik ko`chati va urug`i elchilar, savdogarlar orqali Xitoyga olib ketiladi va hosildor yerlarda parvarish qilina boshlanadi. Shu tariqa xitoyliklar uzum va bedani o`zlari uchun kashf etganlar. Bartol'd fikriga qaraganda, taxminan shu davrda Farg`ona orqali xitoyliklar paxtachilik bilan ham ilk bor tanishganlar. Bu yerda paxta va uning qadimgi Xitoy ieroglifida pak qabilida ifodalanishi diqqatni tortmay qolmaydi. Ammo paxtachilik bilan rosmana shug`ullanishni xitoyliklar ancha keyin boshlaganlar. Umuman olganda, fargonaliklar savdo-sotiq ishlarida mohir hisoblanganlar. Miloddan avvalgi 1-mingyillikning so`ngti asrlarida shakllana boshlagan Buyuk Ipak yo`lining shimoliy yo`nalishi xuddi shu Farg`ona orqali o`tgani bejiz emas, albatta.



Azamat Ziyo. O`zbek davlatchiligi tarixi kitobidan.

Do'stlaringiz bilan baham:


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa