7.8.9.10 Mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishning umumiy strategiyasini amalga oshirish doirasida qonun ustuvorligini ta'minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh qilish va bunda korrupsiya jinoyatiga qarshi kurashish yuzasidan qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida tarixan qisqa davr ichida mamlakatda qonuniylik va huquq-tartibotni ta'minlashning huquqiy asoslari shakllantirildi, korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali tizimi yaratildi. Eng avvalo, respublikamizda Birlashgan Millatlar Tashkiloti homiyligida qabul qilingan EKOSOS (BMTning iqtisodiy va ijtimoiy kengashi)ning Korrupsiyaga qarshi kurash rezolyutsiyasi (1995 y.), Davlat mansabdor shaxslarining xalqaro axloq kodeksi (1996 y.), Xalqaro tijorat tashkilotlarida korruptsiya va poraxo’rlikka qarshi kurash haqidagi deklaratsiya (1997 y.), Millatlararo uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash konvensiyasi (2000 y.) va boshqa xalqaro hujjatlarning qabul qilingani mazkur illatga qarshi kurashda muhim omil vazifasini o’tamoqda. Xalqaro hujjatlar ichida BMT Bosh Аssambleyasi tomonidan qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi konvensiya (2003 yil 31 oktyabr) asosiy xalqaro-huquqiy hujjat bo’lib, u ushbu jinoyatning mohiyatini to’liq ochib, unga qarshi kurash choralarini belgilab beradi. Barcha mamlakatlar korrupsiya illatini tag-tomiri bilan qo’porib tashlashda xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilayotgan bo’lsa-da, unga qarshi kurash har bir davlatning o’zida olib borilishi muhim ahamiyatga ega. Zero, yuqoridagi Konvensiya milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish yo’nalishlarini belgilab beradi. O’zbekiston bu borada qat'iy qadam tashlab bormoqda. Xususan, 1997 yilda qabul qilingan O’zbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik konsepsiyasida korrupsiya mamlakatning milliy xavfsizligiga tahdidlardan biri, deya e'tirof etildi. Shu maqsadda “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish Milliy dasturi” qabul qilinib, hayotga tatbiq etildi. Mamlakatimiz 2008 yil 7 iyulda BMTning yuqorida ko’rsatib o’tilgan Konvensiyasiga qo’shildi.
10. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2016 yil 14 oktyabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan va 24 noyabrda quyi palata tomonidan qabul qilingan hamda Oliy Majlis Senatining 8-sessiyasida ma'qullangan «Korrupsiyaga qarshi kurashish to’g’risida»gi qonun korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy munosabatlarni to’liq qonuniy tartibga solishga, davlat organlari, tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish orqali jamiyatda korrupsiyaning har qanday ko’rinishlariga toqat qilmaslik muhitini yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Qonunda korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari hamda bu boradagi davlat siyosatining muhim yo’nalishlari mustahkamlab qo’yilgan. Qonun fuqarolar huquq va erkinliklari himoya qilinishini ta'minlashning qo’shimcha huquqiy kafolatlarini yaratadi, xususiy mulk huquqiga g’ayriqonuniy tajovuzlarni, tadbirkorlik sub'ektlarining faoliyatiga asossiz aralashuvlarni cheklashga ko’maklashadi. Qonun 6 ta bob, 34 ta moddadan iborat bo’lib, unda korrupsiya; korrupsiyaga oid huquqbuzarlik; manfaatlar to’qnashuvi atamalari asosiy tushunchalar sifatida berilgan. Qonunda «korrupsiya» tushunchasi «shaxsning o’z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o’zga shaxslarning manfaatlarini ko’zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish» deya ta'riflangan. «Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik» deganda, «korruptsiya alomatlariga ega bo’lgan, sodir etilganligi uchun qonun hujjatlarida javobgarlik nazarda tutilgan qilmish»ni tushunish lozim. «Manfaatlar to’qnashuvi» «shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta'sir ko’rsatayotgan yoxud ta'sir ko’rsatishi mumkin bo’lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o’rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo’lgan vaziyat»dir. Ushbu qonun korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplarini ham belgilab bergan. Ular quyidagilardan iborat: qonuniylik; fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi; ochiqlik va shaffoflik; tizimlilik; davlat va fuqarolik jamiyatining hamkorligi; korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar ustuvorligi; javobgarlikning muqarrarligi.
Do'stlaringiz bilan baham: |